Toshkent tuproqqo‘rg‘oni


Post Views:
31

TOSHKENT TUPROQQO‘RG‘ONI – Anhor kanalining chap sohilida, shahar qal’a devorining Qo‘ymas (Qatag‘on) darvozasi tashqarisi (hozirgi O‘zbekiston ko‘chasi yoni)dagi tepalikda 1865 yil barpo qilingan. Bu tepalikda ilk o‘rta asrlarda qurilgan Qo‘ymas istehkomi bo‘lgan, uning qoldiqlari keyinchalik Tali Qo‘ymas, ya’ni Qo‘ymastepa deb atalgan. 1865 yil iyunda Toshkent chor Rossiyasining general Chernyayev boshchiligidagi qo‘shinlari tomonidan bosib olingach, bu tepalikda harbiy qal’a qurishga kirishilgan. Qal’aning tarhi olti burchakli bo‘lib, baland tuproq ko‘tarmalari bilan o‘ralgan, burchaklarida mustahkam bastion (burj)lari bo‘lgan. Ko‘tarmalarning ayrim joylariga g‘ishtdan devorlar ishlanib o‘t ochish uchun shinaklar qilingan. Ichki qismida 6 piyodalar rotasi uchun kazarmalar, ofitserlar uchun bino, lazaret (150 o‘rinli), o‘q-dori, kiyim-bosh va oziq-ovqat omborxonasi va porox uchun yerto‘la qurilgan. Asosiy kirish yo‘li (sharqiy darvoza) g‘ishtdan hashamdor ishlangan. Keyinchalik tuproqqo‘rg‘on tashqarisida remontxona, aslahaxona va piyoda askarlar bataloni uchun 2 kazarma qurilgan. Toshkentda yevropalik aholi uchun Yangi shaharning qurilishi shu tuproqqo‘rg‘onni bunyod etishdan boshlandi. Toshkentlik tarixchi Muhammad Solihxo‘ja Toshkent tuproqqo‘rg‘oni qurilishining bevosita guvohi bo‘lgan va o‘zining «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida yozib qoldirgan. Qal’ani Beklarbegi o‘rdasi bilan (O‘rdaga o‘sha yili avgust oyida Chernyayev o‘z otryadi bilan joylashib olgan) bog‘lovchi dastlabki ko‘cha (keyinchalik Abdulla To‘qay ko‘chasi) barpo etildi. Qal’a yaqinida yegulik narsalar sotiladigan bozorcha ham ochildi. Qal’ani Rossiya bilan bog‘lovchi yo‘l asosan Qorasaroy darvozasi orqali o‘tardi. Tuproqqo‘rg‘on yaqinida, hoz. Mustaqillik maydonida gubernator saroyi – «Oq uy» qurildi. Toshkent tuproqqo‘rg‘oni oldin samoderjaviyening, undan keyin bolshevizmning tayanch timsoli bo‘lgan. Tepalikda joylashgan qal’a Eski shahar ustidan nazorat qilib turish va ayni vaqtda mustamlakachilar yashaydigan Yangi shaharni qo‘riqlab turish imkonini bergan. 1867–83 yillarda Toshkent tuproqqo‘rg‘onidan har kuni soat 12 da to‘p otilgan. 1917 yil 1 noyabrda Toshkent tuproqqo‘rg‘onida sho‘ro hokimiyatining bayrog‘i o‘rnatildi. Hozir Toshkent tuproqqo‘rg‘oni o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohi binolar majmuasi joylashgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-tuproqqo-rg-oni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x