Toshkent shahri tabiati (relyefi, geologik tuzilishi, iqlimi, gidrografiyasi, tuproqlari, o‘simliklari, hayvonot dunyosi)


Post Views:
2 015

Toshkent shahrining tabiati ko‘p jihatdan uning geografik o‘rni, yon-atrofi yer yuzasining tuzilishi bilan bog‘liq. Shahar Farbiy Tyanshanning Qorjontov, Ugom, Piskom, Ko‘ksuv va Chatqol tizmalari orasidan oqib chiqadigan Chirchiq daryosi vodiysining o‘rta qismida, daryoning o‘ng tomonidagi past-baland tog‘ oldi tekisligida joylashgan. Bu hudud o‘zining tabiiy geografik sharoitiga ko‘ra shimoliy yarimshardagi subtropik cho‘llar zonasining Turon tabiiy geografik provinsiyasi tarkibiga kiradi.

Relyefi. Toshkent relyefi, asosan, o‘rta pleystotsen (Toshkent sikli)da shakllangan past-baland to‘lqinsimon allyuvial-prolyuvial lyossli tekislikdan iborat bo‘lgan dastlabki yuzada hosil bo‘lgan. Bu yuza shimoli-sharqdan janubi-g‘arb tomonga nishab. Shahar relyefi ana shu dastlabki yuzaning Chirchiq daryosi o‘yib hosil qilgan vodiy va undan yuqori pleystotsen (Mirzacho‘l sikli)da hamda golotsen (Sirdaryo sikli)da hosil bo‘lgan terrasalar bilan tavsiflanadi.

Shaharning shimoli-g‘arbiy kattaroq qismida dastlabki yuza, ya’ni Chirchiq daryosining Toshkent siklida shakllangan yuzasi yaxshi saqlangan. Uning relyefida Qoraqamish, Bo‘zsuv, Salor kabi qad. kanallar hosil qilgan vodiylar va ularning tik jarliklardan iborat yonbag‘irlari ajralib turadi.

Shaharning janubi-sharqiy, ya’ni Shota Rustaveli ko‘chasidan janubi-sharqqa tomon, to Chirchiq daryosigacha bo‘lgan qismi esa, asosan, daryoning ikkinchi qayir usti va qisman uchinchi qayir usti terrasalarida joylashgan. Ushbu terrasalarning yuzasi nisbatan tekis bo‘lib, lyoss va lyossimon yotqiziqlardan tuzilgan. Uchinchi qayir usti terrasa ham Chirchiq o‘zaniga yaqinlashgan joylarda 15–20 m tik jarlik hosil qilib tushgan. Chirchiqning ikkinchi qayir usti terrasasi yuzasi tekis, maydoni keng bo‘lib, Salor kanalidan Chirchiq daryosi bo‘ylarigacha cho‘zilgan. Sergeli tumanining jan. qismi ham shu terrasada joylashgan. Shaharning eng baland joyi (515 m) uning shim.-sharqiy chekkasida, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «TTZ» avtobus bekati yaqinida, eng past joyi esa (380 m) Sergeli tumanida, Chirchiq daryosi sohilidadir. Shahar hududining o‘rtacha mutlaq bal. 447,5 m ga teng.

Geologik tuzilishi. Toshkent O‘rta Tyanshanning, asosan, gersin magmatizmi bilan tavsiflanadigan Chatqol-Qurama geologik zonasida joylashgan.

Shaharning geologik kesmasida ikkita katta qavatni yaqqol ajratish mumkin. Ostki qavat yoki fundament yuqori paleozoyga oid effuziv jinslardan tuzilgan bo‘lib, uning yuzasi 1,5–2,5 km chuqurlikda yotadi.

Shaharning shimoliy va janubiy qismlarida olib borilgan maxsus burg‘ilash natijasida fundament yuzasi 2300 m (Boshliq dahasi yaqinida) va 1390 m (Shreder nomidagi bog‘dorchilik ilmiy tekshirish instituti yaqinida) chuqurlikda uchraganligi ma’lum. Burmalangan fundament shimoli-sharqiy yo‘nalishdagi geologik yoriqlar va Qurama tizmalari yonbag‘irlarida yer yuzasiga chiqib yotadi. Paleozoy fundamentining ustki qatlamlari kuchli burmalangan metamorfik ohaktoshlar, tuflar, tufo-brekchiyalar va turli porfiritlardan iborat.

Ustki qavat, asosan, mezozoy va kaynozoy eralariga oid g‘ovak jinslardan tuzilgandir. Paleozoy fundamentining qisman nuragan yuzasida nomuvofiq holda mezozoy yotqiziqlari, asosan, bo‘r davrining dengiz yotqiziqlari gil, qum, qumtosh va konglomeratlari joylashgan. Ularning umumiy qalinligi 600–800 m atrofida. Ushbu yotqiziqlar orasida kuchli bosimli termal suvlar uchraydi. Shu jumladan Toshkent mineral suvi havzasi ham bo‘r davrining gil va alevrolit aralashgan qum-shag‘alli senoman qatlamlarida, yer yuzasidan 800–2100 m chuqurlikda joylashgan.

Kaynozoy erasining paleogen davri dengiz yotqiziqlari qumtosh, ohaktosh, gil va konglomeratlardan iborat bo‘lib, ularning umumiy qalinligi 120–130 m atrofida. Ularning ustida neogen davriga mansub bo‘lgan qizg‘ish kontinental yotqiziqlar, ya’ni mergel, alevrolit, qumtosh va konglomeratlar yotadi.

Shahar hududidagi eng yosh geologik yotqiziqlar to‘rtlamchi davrga oid bo‘lib, ular to‘rtta eroziya-akkumulyatsiya sikllari davomida shakllangan. Ularning umumiy qalinligi 300 m dan ortiq bo‘lgan eng ostki qatlamlari alevrit, gravelit, konglomerat, qattiq toshsimon lyoss («shox») va lyosslardan tuzilgan bo‘lib, nanay eroziya-akkumulyatsiya siklida (Q1) yotqizilgan. Ularning ustida umumiy qalinligi 100 m dan ortiq bo‘lgan, toshkent eroziya-akkumulyatsiya sikli (Q2)da yotqizilgan shag‘al, konglomerat va lyoss jinslari uchraydi. Lyoss yotqiziqlarining qalinligi 60–70 m, Yangiyo‘l sh. yaqinida esa 90 m dan oshadi. Mirzacho‘l eroziya-akkumulyatsiya sikli (Q3)da hosil bo‘lgan qatlamlar ham osti shag‘al, usti lyossimon jinslar bilan tavsiflanadi. Ularning umumiy qalinligi 45–50 m atrofida. Sirdaryo eroziya-akkumulyatsiya sikli (Q4)da shakllangan yotqiziqlar esa, asosan, Chirchiq daryosining qayir qismi va birinchi, ikkinchi qayir usti terrasalarini hosil qilgan. Ular tabiiy qum, shag‘allardan iborat bo‘lib, qurilish xom ashyosi sifatida foydalaniladi. Toshkent sikliga oid lyoss va lyossimon yotqiziqlar esa g‘isht ishlab chiqarishda yaxshi xom-ashyodir.

Iqlimi. Shahar iqlimi kontinentaldir, qishi sovuq, yozi esa issiq va quruq bo‘ladi. Iqlim elementlarining tavsifini meteorologiya st-yasi ma’lumotlarining tahlilidan olish mumkin.

Toshkent serquyosh shaharlardan. Quyosh nur sochib turadigan vaqt yiliga o‘rtacha 2870 soatni tashkil qiladi. Yil davomida esa 110 soatdan (dekabrda) 390 soatgacha (iyulda) o‘zgaradi. Quyoshsiz kunlar bir yilda o‘rtacha 36 kun. O‘rtacha yillik havo harorati esa 13,8 gradusga teng. Toshkent ob-havosi yozda issiq va barqarordir. Yilning eng issiq oyi – iyul, o‘rtacha havo harorati 27 gradus. Yozgi havo haroratining eng yuqori ko‘rsatkichi 44,6 gradusga teng bo‘lib, 1997 yil kuzatilgan. Qish ob-havosi nisbatan beqaror va o‘zgaruvchan. Eng sovuq oy – yanvardagi o‘rtacha havo harorati –0,6 gradusga teng, eng past havo harorati esa –29,5 gradusga (1930–1931) teng.

Toshkent havosining o‘rtacha yillik nisbiy namligi 58% bo‘lib, qish oylarida 73–74% dan yozda 40–44% gacha o‘zgaradi. Eng past nisbiy namlik 5% ga teng bo‘lib, 1938 yil noyabrda va 1961 yil fev.da kuzatilgan. Yoz oylarida havodagi nisbiy namlik miqdori kunduzlari kam hollarda 80% dan ortadi va havo dim bo‘ladi. Masalan, 1970 yilning 21 iyulida havo harorati 19,6° bo‘lganda nisbiy namlikning 90% ga yetgani aniqlangan.

Toshkent atmosfera yog‘inlarining o‘rtacha yillik miqdori 423,4 mm ga teng. Ammo bundan ko‘p ham, oz ham bo‘lishi mumkin. Masalan, 1969 yilda 802,5 mm va 1916 yilda 206,2 mm yog‘in yoqqani kuzatilgan. Atmosfera yog‘inlari miqdori yil davomida ham notekis taqsimlangan. Yillik yog‘inning kattaroq qismi (305 mm) yilning sovuq qismiga (oktyabr–mart), kichik qismi (119,4 mm) esa yilning iliq qismiga (aprel–sentyabr) to‘g‘ri keladi. Yillik yog‘inning 41% dan ortiqrog‘i bahorda, qolgan qismi esa qishda (36%), kuzda (18%) va yozda (5%) yog‘adi. T.da atmosfera yog‘inlarining katta qismi (66%) yomg‘ir tarzida, 11% qismi qor tarzida va 23% qismi qor-yomg‘ir aralash holda tushadi. Qishda qor qoplamining o‘rtacha balandligi 14 sm bo‘lsa-da, ayrim vaqtlarda 20–50 sm ga ham yetishi mumkin. Qor qoplamining maksimal bal. (54 sm) 1969 yil 31 yanvarda kuzatilgan. Toshkent bo‘yicha 1900–2006 yillardagi o‘rtacha yillik havo harorati 0,018 gradusga, qish faslidagi o‘rtacha havo harorati esa 0,024 gradusga ortganligi, shuningdek, yillik yog‘in miqdori ham 60 mm ga ortganligi ma’lum bo‘ldi.

Shaharning geografik o‘rni va yer yuzasining tuzilishiga bog‘liq holda yozgi (iyul) shamollarning asosiy qismi shimoldan (20%), shimoli-g‘arbdan (19%) va shimoli-sharqdan esadi. Qishda (yanvar) esa, asosan, shimoli-sharqiy (30%) hamda sharqiy (20%) shamollar esadi.

Gidrografiyasi. Toshkent shahrining gidrografiyasi bir qator sun’iy kanallar va ariqlardan shakllangan. Ular shaharning sug‘orish tizimini tashkil qiladi. Bo‘zsuv, Quyi Bo‘zsuv, Kaykovus, Qoraqamish, Salor, Bo‘rijar, Anhor, Qorasuv kabi yirik kanallar ancha qad. hisoblanadi. Ularning ko‘pchiligi lyoss qatlamlarini o‘yib, chuqur kan’onsimon vodiylar va ularda 2 tagacha kichik terrasalar hosil qilgan. Kanallarning umumiy yo‘nalishi shim.-sharqdan jan.-g‘arb tomon bo‘lib, hududning umumiy nishabi yo‘nilishiga mos keladi va suvning tabiiy oqimidan foydalaniladi. Shahar hududini kesib o‘tgan kanal va yirik ariqlarning aksariyati ham sug‘orish uchun, ham qaytgan suvlarni, jala tarzida yoqqan yomg‘ir yoki erigan qor suvlarini chiqib ketishiga xizmat qiladi. Ulardan eng kattasi – Bo‘zsuv kanali. Qolgan kanallarning aksariyati Bo‘zsuv kanalidan suv oladi. Hammasi bo‘lib 23 ming gektar yerni sug‘orishda foydalaniladigan kanallarning 37 tasi birinchi tartiblidir. Ularning umumiy uzunligi 126,3 km. Qolgan 56 tasi esa ikkinchi tartibli kanallar. Shahar hududida sun’iy ko‘llar ham barpo qilingan. O‘zbekiston milliy bog‘idagi (9 gektar), Fafur Fulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi (4 gektar), «O‘zekspomarkaz» dam olish zonasidagi ko‘llar shular jumlasidan. Kanal va ko‘llar atrofi yozning jazirama issiq kunlarida o‘ziga xos mikroiqlimga ega bo‘lib, aholi dam olishiga qulay maskanlardir.

Tuproqlari. Toshkent o‘zining geografik o‘rniga ko‘ra, bo‘z tuproqlar zonasida joylashgan. Shaharning katta qismi – Chirchiq daryosining to‘rtinchi va uchinchi qayir usti terrasalarida joylashgan qismi tipik bo‘z tuproqlar bilan tavsiflanadi. Bu tuproq insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida kuchli o‘zgargan. Antropogen yotqiziqlarning qalinligi har yerda har xil. Relyefga bog‘liq holda 4–6 m dan 10–12 m gacha, ayrim joylarda 20 m gacha yetadi. Chirchiq daryosining birinchi va ikkinchi qayir usti terrasalarida esa o‘tloq va sug‘oriladigan o‘tloq tuproqlar tarqalgan.

O‘simliklari. Toshkent geobotanik jihatdan efemer va efemeroid o‘simliklar bilan tavsiflanadigan adir mintaqasida joylashgan. Bu minataqaga xos bo‘lgan tabiiy o‘simliklar – rang, qo‘ng‘irbosh, qoqio‘t, mayinshuvoq, qo‘ypechak, mingbosh, karrak, qo‘ziquloq, lolaqizg‘aldoq, chitir, kelinsupurgi, oqshuvoq, arpag‘on, ajriq, yovvoyi beda kabilar kanal va ariq bo‘ylarida, yo‘llarning chekkalarida, tepalik va jarliklarning yonbag‘irlarida uchrab turadi. Shaharnig o‘simlik qoplami asosini madaniy va manzarali o‘simliklar tashkil etadi. Mevali daraxtlardan olma, nok, gilos, olcha, o‘rik, balx tuti, shotut, shaftoli, xurmo, olxo‘ri, uzum, anjir, yong‘oq, anor va boshqalar tarqalgan. Manzarali daraxt va buta o‘simliklaridan 200 xilga yaqini ma’lum. Ko‘p uchraydiganlari archa, akatsiya, zarang, qayrag‘och, eman, chinor, jasmin, savr, tobulg‘i, majnuntol kabilardir. Turli o‘lka va mamlakatlardan keltirib ekilgan noyob o‘simliklardan qo‘ng‘ir eman, lola daraxti, magnoliya, amerika shumtoli, ginkgo biloba, shamshod, tuya, soxta kashtan va boshqalarni sanab o‘tish mumkin. Atirgul, rayhon, gultojixo‘roz, qizil hamda targ‘il lolalar, arg‘ivongul, ko‘zagul kabilar ham manzarali o‘simliklardan.

Hayvonot dunyosi. Shahar hududida 200 xilga yaqin umurtqali hayvonlar, shu jumladan 20 tur sutemizuvchi (uy sichqoni, kalamush, shahar chekkalarida esa sariq yumronqoziq, ko‘rsichqon, dala sichqoni, tulki, bo‘rsiq va boshqalar), qushlarning 170 xili (musicha, chumchuq, jiblajibon, mayna, zag‘izg‘on, qorashaqshaq, qora uzunqanot va h.k.), sudralib yuruvchilarning 12 xili (turkiston gekkoni, cho‘l ilonquyruq, ildam kaltakesakcha, suvilon, chiporilon, sariqilon va b.), amfibiyalarning 2 xili (ko‘k qurbaqa va ko‘l baqasi) uchraydi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-shahri-tabiati-relyefi-geologik-tuzilishi-iqlimi-gidrografiyasi-tuproqlari-o-simliklari-hayvonot-dunyosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x