1937-yilning oktabr oyida Toshkent shahar Frunze tuman (hozirgi Yakkasaroy tumani) markaziy kutubxonasi Kirov nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi (hozirgi Z. M. Bobur nomidagi bogʻ) hududidagi general-gubernator Kropatkinning dala hovlisida 10000 birlikdagi kitob fondi bilan tashkil etilgan.
Kutubxonaning birinchi direktori Lev Yakovlevich Estrin edi. 1957-yili direktor lavozimiga Antonina Kornilovna Garmash tayinlanadi va u 1970-yilga qadar kutubxonani boshqaradi, undan soʻng 1973-yilgacha Railya Shamsutdinovna Davletcharova rahbarlik qiladi. 1972-yil sentabrda kutubxonaga “Bilim” shahar markaziy kutubxonasi maqomi beriladi, kitob fondi 48619 birlikka ega edi. Direktor etib Raisa Alekseevna Fedorina tayinlanib, 1975-yilga qadar faoliyat yuritgan.
1975-yil sentabrdan 1979-yilgacha Zinaida Sergeevna Morozova, 1979-yildan 1983-yilgacha Vera Anatolevna Sklyar, keyin Agrafena Borisovna Tyan 1993-yilgacha, Feruza Anvarovna Yunusova 1993-yil aprelidan 2008-yil mart oyigacha, undan soʻng esa Svetlana Gennadevna Ribkina rahbarlik qilishdi.
1977-yili markazlashtirilgan tizimga oʻtilgandan soʻng, markaziy kutubxona 2 ta tuman – 6 ta kutubxonasi bilan Sergeli tumani, 5 ta filial kutubxonalari bilan Yakkasaroy tumanini birlashtirdi. 11 ta kutubxonalar tarmogʻini birlashtirgan markaziy kutubxona 1994-yilga qadar faoliyat yuritdi. 1977-yilda kitob fondi jami 88706 birlikni tashkil etgan.
1985-yil yozida “Bilim” MKning bir qismi – direksiya, buxgalteriya, komplektlash va adabiyotlarga ishlov berish, uslubiybibliografiya boʻlimi, yagona kitob fondini tashkil etish va foydalanish boʻlimi Chilonzor dahasining 12-uyiga koʻchib oʻtdi. 1994-yil yanvaridan MKTni qayta tashkil etish munosabati bilan 5 ta kattalar va 1 ta bolalar kutubxonasi ajralib, MBKT har bir tumanda alohida tashkil topdi. Aholining kattalar va bolalar guruhiga xizmat koʻrsatgan bu tizim 1998-yilgacha ish olib bordi. Oʻzining maqomiga koʻra, “Bilim” MK 2006-yil 20-martga qadar shaharning 106 ta kutubxonasi uchun uslubiy markaz vazifasini bajarib kelgan. 2006-yil 20-iyunda qabul qilingan Prezidentimizning 381-sonli Qarori asosida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi ommaviy markaziy kutubxona Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tasarrufidagi Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markaziga aylantirildi.
Hozirgi kunda kutubxonaning fondi 100000 dan ortiq kitoblar, gazeta, jurnallardan iborat. Shundan 10000 tasini oʻzbek tilidagi adabiyotlar egallaydi. Kutubxona 6 ming kitobxonga bir yilda 60000 dan ortiq adabiyot bilan axborot-kutubxona xizmati koʻrsatadi.
Zuhra Berdiyeva
“Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/toshkent-shahar-bilim-axborot-kutubxona-markazi/