Tahririyatdan: Yaqinda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga Rossiyaning Staromaytskiy rayonidagi Novikovskaya nomli maktabning beshinchi sinf oʻquvchilaridan hayajonli xat keldi. Bolalar oʻzlarining yurtdoshi boʻlgan yozuvchi A. Neverovning “Toshkent – non shahri” qissasi asosida yaratilgan shu nomdagi badiiy film, uning dunyoga kelishi tarixi, keyingi taqdiri va qahramonlarining qismati bilan juda qiziqishayotganliklarini yozishibdi.
Ha, haqiqatan ham ilhom va halol mehnat bilan yaratilgan asarning umri boqiy boʻladi. Ijodkor uchun bundan ortiqroq mukofot boʻlmasa kerak.
Biz mashhur “Toshkent – non shahri” filmining sahnalashtiruvchi operatori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Hotam Fayziyevga murojaat qilib, mazkur kartinaning suratga olish jarayoniga tegishli xotiralari bilan oʻrtoqlashishni iltimos qildik.
Oʻz esdaliklarini qunt bilan qogʻozga tushirib kelgan Hotam akaga minnatdorchilik bildiramiz.
* * *
1966 yilning oktyabr oyida “Toshkent – non shahri” filmi ustida ish boshlandi. Ssenariy yozuvchi Aleksandr Neverovning shu nomli qissasi asosida kinodramaturg Andrey Mixalkov-Konchalovskiy tomonidan yozilgandi.
Bu kartinada biz uchun eng muhimi – muallif qissasida tasvirlagan voqealar kechgan joylarni topish edi. A. Neverov oʻz qissasida 20-yillarda Volgaboʻyida kechgan ogʻir ocharchilik asoratlarini, ulkan mintaqa aholisining azob-uqubatlarini aks ettirgan edi.
Rassom E. Kalontarov ikkalamiz esa suratga olinadigan joylarni koʻzdan kechirish uchun Rossiyaning Orenburg, Kuybishev, Gorkiy, Saratov oblastlarida boʻldik. Qishloqlarda boʻlganimizda mahalliy aholi bilan suhbatlashdik, oʻsha voqealarga shohid boʻlganlarning hikoyalarini eshitdik. Qayerga bormaylik, qaysi uyga kirmaylik, mehmondoʻst ruslar bizni hech boʻlmasa qaynoq karam shoʻrvasiz qoʻyib yuborishmasdi.
Odamlar bilan dildan suhbatlar asnosida biz xalq boshiga tushgan kulfatlar, tirik qolish uchun odamlarga hamma narsani yeyishga majbur etgan mashʼum ocharchilik yillari haqida koʻproq va biri ikkinchisidan dahshatli maʼlumotlar ola boshladik. Biz bu yerda uylari derazalariga taxta qoqib tashlangan, kimsasiz qishloqlarni koʻrdik; oʻz umrinining yakunini sabr bilan kutayotgan yolgʻiz qariyalarga duch keldik. Ular hech kimga kerak emas edilar goʻyo. Ularga hech qanday yordam berolmasligimizni tushunib, qaygʻuga botardik.
Biz koʻp joylarni koʻrdik, suratga oldik va asta-sekinlik bilan oʻzimiz ish boshlagan mavzu ichiga kira boshladik.
Shu bilan suratga olinadigan joylarni koʻrishning birinchi bosqichi tugadi va biz Toshkentga qaytdik. Bu yerda rejissyorlik ssenariysi ustida ish boshladik.
Tasvirga tushirish joylari geografiyasi juda keng edi. Film voqealari Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston hududlarida boʻlib oʻtardi. Rejissyorlik ssenariysi tayyor boʻlganidan keyin suratga olishning tabiiy joylarini topish uchun ikkinchi bor ijodiy safarga chiqdik.
Bu safarda biz qahramonimiz Misha Dodonov oʻtgan yoʻllardan yurishga qaror qildik. Qish kelib qolganligi sababli safarimiz ancha murakkablashdi. Studiyadan biz kigiz etik – piyma va poʻstinlar oldik. Safarimiz chogʻida ular bizga juda asqotdi.
Filmda koʻp voqealar temir yoʻl bilan bogʻliq edi. Shu sababli biz oldindan mamlakatning barcha temir yoʻllarida yurish huquqini beradigan maxsus ruxsatnoma hujjatlarini oldik. Bu hujjatga asosan biz teplovozlar kabinalarida ham, yuk va yoʻlovchilar poyezdlarida ham yurishimiz mumkin edi.
Dastlab Aktyubinskda toʻxtadik. Bu yerda mehmonxonaga moslashtirilgan koʻhna fransuz vagonida yashashimizga toʻgʻri keldi. Aktyubinskda biz eski ikki oʻqli vagonlar va boʻsh temir yoʻl tarmoqlarini izladik. Omadimiz kelgan taqdirda shu yerning oʻzida qolgan obʼyektlarni tanlashimiz kerak edi. Afsuski, Aktyubinskda izlaganlarimizni topolmadik.
Bizning keyingi toʻxtash joyimiz Buzuluk stansiyasi boʻldi, bu yerdan qahramonimiz Misha Dodonov non shahri Toshkentga qarab yoʻl olardi. Bu yerda filmimiz uchun mos keladigan obʼyektlarni topishimizga juda ishonib turgandik. Axir Aleksandr Neverov oʻz qissasida aynan Buzulukni, uning odamlarini, qashshoq qishloqlarini qalamga olgandi.
Temir yoʻlni, vokzalni va yaqin-atrofdagi qishloqlarni diqqat bilan koʻzdan kechirib chiqdik. Oʻsha mashʼum ochlik yillarini boshlaridan oʻtkazgan keksalar bilan gaplashdik, ularning yogʻoch uylariga kirib koʻrdik.
Bizga alohida obʼyektlar maʼqul keldi, biroq barcha koʻrsatkichlari bilan bizni qanoatlantiradigan obʼyektlar majmuasini topolmadik. Guruhimiz tasvirga olish ishlarini xotirjam olib borishi mumkin boʻlgan boʻsh temir yoʻl tarmogʻi masalasida ham muammolar paydo boʻldi.
Bizga Aleksandrov Gayga borishni maslahat berishdi. U yerga poyezdlar kam qatnarkan, shu sababli bemalol suratga olish ishlarini olib borish mumkin ekan.
Aleksandrov Gayga yuk sostavi ketayotganini bilib qolgach, shosha-pisha endi yura boshlagan poyezdning vagoniga osilib chiqib oldik. Ammo tez orada bu ishimizdan afsuslandik. Vagon ichi iflos va juda sovuq edi. Muzday yelvizak ohak qoldiqlarini chang qilib koʻtarardi. Tez orada usti-boshimiz oppoq tus oldi, oʻzimiz Qorboboga oʻxshab qoldik. Bir-birimizga qarab kulardik: yuzlarimiz xuddi tegirmonchiniki dek edi.
Bir necha soatdan keyin sostav qandaydir bekatda toʻxtadi. Vaqtni yoʻqotmasdan, teplovoz tomon chopdik. Mashinistlarga ruxsatnomalarimizni koʻrsatib, teplovozga chiqib oldik.
Avvaliga mashinistlar bizning tashqi koʻrinishimizga ajablanib, hayron boʻlib qarashdi. Nihoyat buning sababini bilishgach, darhol bizni kabinaga oʻtqazishdi va qaynoq choy bilan siylashdi. Tez orada badanlarimizga issiq yugurdi, oʻzimizni tetik his qila boshladik.
Teplovozdan hamma tomon yaxshi koʻrinib turardi. Yoʻl boʻyi biz oʻzimizga maʼqul joy qidirib har tomonga alanglab keldik.
Kechga yaqin Aleksandrov Gayga yetib keldik. Mahalliy rahbariyat bilan muloqotda boʻlgach, bizning talablarimiz bu yerda ado etilmasligini tushundik.
Tunni vokzalda oʻtkazib, ertalab orqaga qaytdik. Bizni temiryoʻlchilar uchun jihozlangan vagonga joylashtirishdi. Vagon yuk sostaviga tirkalgan edi.
Vagonda yotish mumkin boʻlgan polkalar bor edi. Qattiq sovuq tufayli vagonning butun oynalarini qirov va muz qoplagandi.
Qidiruvlar bizni Penza bekatiga olib keldi. Chor-atrof oppoq qor bilan qoplangan edi. Buyurtma taksida oʻzimizga mos qishloqni izlab Penza oblasti rayonlarini aylana boshladik. Qalin yoqqan qor, oʻtib boʻlmas yoʻllar va qahraton sovuq ishimizni qiyinlashtirardi.
Shunday kunlarning birida Emanuel Kalontarov oʻzini yomon his qildi. U burni va quloqlarini sovuqqa oldirib qoʻygandi. Kalontarovni shifoxonaga yotqizishga majbur boʻldik, oʻzimiz esa obʼyektlarni qidirishni davom ettirdik.
Penza bekatida bizga temir yoʻl tarmogʻi boʻylab Nijnee-Lomovo shaharchasiga borishni taklif etishdi.
Rassomimizni shifoxonada yolgʻiz qoldirib ketishga koʻnglimiz chopmay turdi. Shifokorlar Kalontarov yana bir necha kun muolaja olishi lozim deb aytishdi. Men Emanuelning yaqinda birdan oʻziga maʼqul kelgan qandaydir manzarani koʻrib qolib, quvonchdan qiyqirib yuborgancha qiyalikdan chopib kelayotgan mahali qor uyumi ichidagi chuqurlikka tushib ketganini esladim. Oʻshanda uni arang qalin qor qatlami tagidan sugʻurib olgandik. Tarashaday qotib qolgan, faqat tishlari takillayotgan shoʻrlik Kalontarov oyogʻida tik turolmasdi. Uni qizdiradigan narsaning oʻzi yoʻq edi. Guruhimizdagi kelishuvga koʻra oʻzimiz bir gramm ham ichmasdik, yonimizda ham spirtli ichimlik olib yurmasdik.
Penzadan biz Nijnee-Lomovoga yoʻl oldik. Shaharcha moʻjazgina edi. Shaharcha rahbariyati bilan uchrashib, oʻz maqsadimizni bayon qildik. Ular rus yozuvchisining tilga tushgan asari boʻyicha film olayotganimizdan juda mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Bizni bir kolxoz raisi bilan tanishtirishdi. Uning ismini eslab qolmaganimdan afsusdaman. Rais juda ajoyib odam ekan. Bizga bunday havoda u yoqlarga mashinalarda borib boʻlmasligini tushuntirishdi va otlarga tirkalgan katta-katta chanalarda yoʻlga tushishni taklif etishdi.
Qalin poʻstinlarga oʻralib olgan koʻyi qishloqlardan biriga yoʻl oldik. Aniq yoʻlning oʻzi yoʻq edi, qalin qorda uzoq yurdik. Qahraton sovuq. Koʻzlarimizga qadar bekitib, oʻranib-chirmanib olganmiz. Atrofda faqat oppoq rang. Qor tagidan telefon simyogʻochlarining uchlari arang koʻrinib turadi.
Nihoyat omad biz tomonga yuz burdi. Birinchi duch kelgan qishloqning oʻziyoq bizning tasavurimizdagi qishloqqa mos kelardi. Biz uzoq izlagan, ammo sira topolmagan shamol tegirmoni ham bu yerda bor edi. Eng hayratlanarlisi, qishloqda yogʻochdan bunyod qilingan cherkov ham saqlab qolingandi.
Biz yengil nafas oldik. Axir uzoq vaqt, azoblanib izlaganlarimiz oldimizdan chiqib turgandi-da. Qishloqni ham, tegirmonni ham, cherkovni ham va hattoki boʻsh temir yoʻl tarmogʻini ham topgandik.
Shaharchadagi kichkina mehmonxonada suratga olish guruhini joylashtirsa boʻlardi. Shaharcha bozorida esa oʻsha paytlari ham oʻzbeklar turli-tuman mevalarni sotib oʻtirishardi.
Biz turli kulbalarga kirdik, ularning egalari bilan suhbatlashdik, turmush tarzi bilan tanishdik, suratga olish uchun koʻchalarni tanladik.
Qishloqlarda asosan keksa chol-kampirlar istiqomat qilishardi. Yoshlarning hammasi shaharga ketib qolgan. Koʻplab kulbalarda hatto oddiygina elektr toki ham yoʻq edi.
Elektr tokining yoʻqligi tasvirga olish guruhimiz ishiga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin edi. Axir texnikamiz bevosita tok bilan ishlardi-da. Demak biz bu yerga tok ishlab chiqaradigan uskuna bilan kelishimiz kerak boʻladi.
Kolxoz raisi bilan yozda uchrashishga kelishib oldik va Penzaga qaytdik. Bu yerda bizni koʻzlarida yosh bilan rassomimiz Emanuel Kalontarov quchoq ochib kutib oldi.
Rossiyada naturani tanlab boʻlganimizdan keyin biz Qozogʻistonga yoʻl oldik.
* * *
Turkiston shahriga yaqinlasharkanmiz, vagon oynasidan qadimiy shahar xarobalarini koʻrdik va mashinada shu yerga borishga qaror qildik.
Shaharda boʻlganimizda ajoyib joylarni koʻrdik va kattagina obʼyektni shu yerda tasvirga olishni, Qozogʻistonda yuz beradigan sahnalarning qolgan qismini esa Toshkentdan 30-40 chaqirim uzoqlikdagi “Darvoza” bekatida suratga tushirishni rejalashtirdik. U yerda ham boʻsh temir yoʻl tarmogʻi bor edi.
Toshkentdagi sahnalar uchun poytaxtimiz biqinida joylashgan kolxoz uzumzori tanlangandi.
Shu bilan tabiiy joylarni tanlash boʻyicha davom etgan uzoq va mashaqqatli mehnatimiz tugadi.
Maʼlumki, suratga olish guruhining ishi, tashvishi, yelib-yugurishi – hamma-hammasi aktyor uchun. Tomoshabin ekranda aktyorni, uning ijrosini koʻradi. Shu sababli kinofilm yaratishda aktyorlarni tanlash juda muhim bosqich hisoblanadi. Aktyorlarni izlash bilan ikkinchi rejissyorlar va ularning aktyorlar boʻyicha assistentlari shugʻullanishadi.
“Toshkent – non shahri” kartinasida rus millatiga mansub personajlar koʻplab uchrashi bois ikkinchi rejissyorlikka “Mosfilm”dan rus aktyorlarini yaxshi biladigan Konstantin Starostin taklif etildi. Oʻzbek aktyorlari bilan esa bizning ikkinchi rejissyorimiz Eson Karimov shugʻullandi.
Aktyorlik sinovlari uchun “Mosfilm” pavilonlaridan birida yogʻoch uyning bir qismi qurilib, unda rus aktyorlari sinab koʻrildi.
Dodonovning onasi roliga kinoda dastlabki qadamlarini qoʻyayotgan aktrisa Valentina Talizina sinab koʻrildi.
Erkaklar rollariga Moskva va Leningrad teatrlari hamda “Kinoaktyor” studiyasi aktyorlari sinab koʻrildi.
Aktyorlik sinovlari yaxshi natijalar berdi va filmga A. Susnin, Ye. Gurov, V. Kolpakov, R. Kurkina, N. Arinbosarova, N. Timofeev, S. Chekan, L. Kalyujnaya va boshqa qator isteʼdodli aktyorlar jalb etildi.
Bolalar rollari ijrochilarini topish esa ancha qiyin kechdi. “Mosfilm”ga ham juda koʻplab bolalarni olib kelishdi. Lekin ular orasida bizga kerak boʻladigan darajada salohiyatli, bosh rolni ijro etadigan bola chiqmadi. Biz vahimaga tushib qoldik.
Shunda kimdir yaqinda bolalar uchun moʻljallangan filmda suratga tushgan bolakay Volodya Vorobeyni eslab qoldi. U Permda yashardi. Volodyani darhol Moskvaga chaqirishga qaror qildik.
Tez orada bolakay buvisi hamrohligida “Mosfilm”da paydo boʻldi. Sh. Abbosovga ham, guruhimizga ham u darrov maʼqul keldi. Bolakayning yurishidan, gapirishidan qishloqda oʻsganligi koʻrinib turardi. Yoshi ham bizga toʻgʻri kelardi.
Volodya ishtirokidagi kinosinovlar juda muvaffaqiyatli oʻtdi. Biz yengil nafas oldik.
Seryoja roli ijrochisini topish esa yanada qiyinroq kechdi. Rossiya oblastlarida qidiruvni davom ettirishga qaror qildik. Kuybishev (hozirgi Samara)ni tanladik. U yerda pavilonli kinostudiya bor edi.
Bizning ikkinchi rejissyorlarimiz va assistentlarimiz oblastning maktablarida, internetlarida, bolalar havaskorlik toʻgaraklarida Seryoja roliga mos bolakayni izlashga tushishdi. Bu orada Shuhrat Abbosov ikkalamiz suratga olinadigan tabiiy joylar – natura qidirib oblastni aylanib chiqa boshladik.
Yigirmanchi yillar ocharchiligi Volgaboʻyi rayonlarida boshlangan va Kuybishev shahri hamda uning yon-atrofidagi qishloqlarga qattiq taʼsir koʻrsatgan. Och odamlar olomoni Oʻrta Osiyoga non izlab yoʻlga chiqdi. Ularning koʻpchiligi Qozogʻistonning soʻngsiz choʻllarida oʻlib ketdi. Ammo manzilga yetib kelganlarga ham oson boʻlmadi. Xuddi oʻsha paytlari Toshkentda mayda oʻgʻrilik paydo boʻldi. Agar avvallari kichik doʻkonlarning egalari oʻz doʻkonlarini bemalol ochib qoldirib ketadigan boʻlishsa, endi eshiklarga mustahkam qulf oʻrnatishga oʻtishdi. Oʻzbeklar oʻz bolalarini “samarska (samaralik) kelayapti” deb qoʻrqitadigan boʻlishdi.
Ammo har qancha ogʻirlik va mashaqqatlarga qaramasdan, Toshkent xalqi Rossiyaning ocharchilik hukm surayotgan mintaqalaridan kelgan bechora odamlarga joy berdi, ularning qornini toʻydirdi.
Kuybishev shahrida boʻlganimizda Shuhrat Abbosov bilan oʻlkashunoslik muzeyiga kirdik. Kelishimizdan asosiy maqsadimizni bilganidan keyin muzey direktori bizga Volgaboʻyidagi ocharchilikning dahshatli manzaralari aks etgan noyob suratlarni koʻrsata boshladi. Bu fotosuratlar meni larzaga soldi…
Muzey direktorining ruxsati bilan men bu fotosuratlarni rasmga tushirib oldim. Bu suratlar filmimiz uchun dekoratsiya, libos va eskizlar yaratayotgan rassomlarimizga juda qoʻl keldi. Afsuski, vaqt oʻtishi bilan bu suratlar yoʻqolib ketdi.
To biz suratga olinadigan joylarni tanlab, muzey materiallarini oʻrganib chiqqunimizga qadar rejissyorlik guruhi kinosinov uchun bolalarni tanlab boʻlgandi.
Yaxshi, isteʼdodli bolalar saralab olinganligi koʻrinib turardi. Kinosinovlarni kinostudiya pavilonida oʻtkazdik. Sinov natijalariga koʻra bolalar ichida Volodya Kudenkov ismlisi eng yaxshi deb topildi. Filmda u Misha Dodonov bilan birga Toshkentga otlangan doʻsti Seryoja rolini ijro etdi.
Biz mahalliy aktyorlar bilan kinosinovlarni davom ettirish uchun Toshkentga qaytib keldik.
Oʻzbek aktyorlari bizga yaxshi tanish boʻlishsa-da, ular ichidan eng yaxshilarini qunt bilan sinov oʻtkazibgina tanlab oldik.
Taniqli aktyorlardan Hikmat Latipov, Javlon Hamroyevlarni oldik. Oʻzbek bolakayi Rahim rolini ijro etadigan aktyorni uzoq izladik. Rejissyorlik guruhi saʼy-harakatlari bilan nihoyatda qobiliyatli bola boʻlgan Baxtiyor Nabiyev topildi.
Aprel oyining boshlarida suratga olishni boshladik. Tasvirga tushirishning birinchi obʼyekti sifatida biz Toshkent yaqinidagi kolxoz uzumzorini tanladik.
Bu obʼyektda Hikmat Latipov, Nurxon aka Eshmuhamedov, Javlon Hamroyev va Volodya Vorobey suratga tushishlari kerak edi.
Aktyorlarga mos liboslar tanladik. Dodonov uchun ust-bosh topish ancha qiyin kechdi. Qahramonimizning tashqi koʻrinishi unchalik oʻxshamayotgan edi. Bolakayning xoʻb olis yoʻllardan, koʻp mashaqqatlar va azoblar tortib kelganini taʼkidlab koʻrsatib turuvchi gʻijim, kir-chir, yirtiq-yamoq kamzul kerak edi. Bizni kartinamizning ikkinchi rejissyori Eson Karimov qutqardi – u qaydandir aynan shunday kamzul topib keldi.
Birinchi kadrlarimizni tasvirga tushirish uchun butun guruhimiz bilan kolxoz uzumzoriga keldik. Biroq suratga olish maydonchasida Volodya Vorobey ham, uning buvisi ham yoʻq edi. Ular tezlikda yetib kelishini aytib, bizni tinchlantirishdi.
Suratga olish texnikasini joy-joyiga qoʻyib chiqdik, mizansahnani aniqladik va kadrni oʻrnatdik. Odatda aktyorlarni charchatib qoʻymaslik uchun ularning oʻrniga dublyorlardan foydalanilardi. Dublyorlar bilan kadr va mizansahnalar aniqlanadi, chiroq oʻrnatiladi, suratga olish kamerasining harakat maromi solishtiriladi va hokazo.
Mana, suratga olish uchun hammasi tayyor boʻldi. Hatto ob-havo ham bizga koʻmak berayotganday edi – quyosh charaqlab turardi. Bor-yoʻgʻi bolakayni kadrga olib kirish va “Motor!” deya buyruq berish qolgandi, xolos.
Biroq… Volodya Vorobeydan darak yoʻq edi. Uni hech kim olib kelolmadi. Oʻsha paytlari telefon aloqasi hali taraqqiy etmagan. Shu sababli zudlikda Toshkent bilan gaplashishning ham hech qanday iloji yoʻq edi.
Guruhimiz aʼzolari asabiylasha boshlashdi. Boshqa lavhani ham suratga ololmasdik. Chunki barcha kadrlarda Volodya Vorobey boʻlishi kerak edi-da.
Kun boʻyi besamara kutib oʻtirganimizdan keyin noiloj orqaga, Toshkentga qaytdik. Oʻzimiz boʻlsa bolakayning sogʻligʻidan xavotirda edik.
Shaharga kelgan zahoti Volodya ham, buvisi ham sogʻ-salomat ekanligidan xabar topdik. Bolakayning suratga olish maydonchasiga bormaganligiga sabab esa – mehnatiga toʻlanadigan haq masalasi edi. Buvi bilan nabira smetadagiga qaraganda ancha koʻp gonorar talab qilishdi.
Oʻshanda menga ularning bu qiligʻi yulgʻichlik va gʻayriaxloqiy harakat boʻlib koʻrindi. Juda jahlim chiqib ketdi va Volodya Vorobey oʻrniga Kudenkovni bosh rolda suratga olishni taklif etdim. Yana bir necha kishi mening bu fikrimni maʼqulladi.
Lekin Shuhrat Abbosov bu haqda hattoki eshitishni ham istamadi. U bosh rolda faqat Vorobeyni koʻrardi. Boshqa bola uni mutlaqo qoniqtirmasdi.
U paytlari bozor munosabatlari haqida mamlakatimizda gap ham boʻlishi mumkin emas edi. Biz aniq belgilangan maoshga qanoat qilib ishlardik va savdolashishni, oʻzimizga koʻproq pul talab qilishni tasavvur ham etolmasdik. Ehtimol oʻsha paytlari bolakay bilan uning buvisi kino sanʼatida hozirgi bozor munosabatlarining urugʻlarini ekishgandir. Albatta, bu hazil.
Ammo oʻshanda ular yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, oʻzlarining moddiy ahvollarini yaxshilashga harakat qilgandilar.
Savdolashish davom etarkan, guruhimiz bir necha kun mobaynida suratga olishga chiqolmadi.
Vorobeylar oilasi va “Oʻzbekfilm” oʻrtasidagi savdolashish oila foydasiga hal boʻldi. Kayfiyati koʻtarilib ketgan bolakay suratga tushishga roziligini bildirdi.
Guruh butun tarkibi bilan suratga olish maydoniga yetib keldi. Ammo oʻsha kuni havo aynib qoldi. Koʻkda yengil bulutlar paydo boʻldi…
Kunning ikkinchi yarmida osmon bulutlardan xalos boʻladi, quyosh chiqadi degan umidda suratga olish kunini bekor qilmagan holda kameralarni oʻrnatib, aktyorlar bilan sahnalarni mashq qilishni boshlab yubordik.
Biz vaqti-vaqti bilan osmonga ilinj bilan termulib, bulutlarning tarqalib ketishini kutardik. Lekin umidlarimiz sira roʻyobga chiqay demasdi. Bulutlar tarqalmay turardi. Kun dim. “Qilt” etgan shabada yoʻq. Osmonning biz “sut” deb ataydigan koʻrinishi esa guruhimizni qoniqtirmasdi.
Oʻsha kuni havo yaxshi tomonga oʻzgarmadi. Kechgacha kutib oʻtirgach, noiloj studiyaga qaytdik.
Bu hol bir haftadan koʻproq davom etdi. Guruhimiz ochiq kunni kutgan holda har kuni ishonch bilan suratga olish maydoniga chiqardi. Ammo…
Nihoyat bir haftadan soʻng osmon artilgan shishaday tiniqlashdi, jilmayib quyosh chiqib keldi va biz ishlashni boshladik.
Kadrni tasvirga tushirarkanmiz, rejissyorimiz Shuhrat Abbosov kartina qahramonini tanlashda yanglishmaganiga ishonch hosil qila bordik. Volodya Vorobey oʻz rolini oʻta ishonchli tarzda talqin etardi. Biz yosh aktyorning har bir soʻziga, har bir xatti-harakatiga ishonardik. Buni koʻrib, kayfiyatimiz koʻtarilib ketdi. Film yaxshi chiqishiga ishonch paydo boʻldi.
* * *
Penza oblastining Nijnee-Lomovo shaharchasida kartinamizning koʻplab obʼyektlari jamlangan edi. Biz qish payti kelganimizda natura uchun tanlab olgan joylarimizga bordik.
Volgaboʻyi temir yoʻli rahbariyati tomonidan Nijnee-Lomovoga eski koʻrinishdagi vagonlarni yuborishga buyruq berildi.
Mehmonxonaga joylashganimizdan keyin Abbosov, Kalontarov, kartina direktori va men tasvirga tushirish uchun tanlab olingan qishloqqa yoʻl oldik.
Oldingi kartinalarimizda ham bolalar ishtirok etganligi sababli, ular bilan ishlash borasida anchagina tajriba orttirib ulgurgandik.
Lekin “Dodonovlar hovlisi” obʼyektini suratga olarkanmiz, kutilmaganda yosh bolalarning favqulodda oʻjarligi va injiqligiga duch keldik.
Guruhimiz aʼzolaridan kimdir ularga toki oʻyinchoqlar berishmaguncha rejissyor amakining aytganlarini qilmanglar deb shivirlab qoʻygan ekan. Fedka bilan Yashka rolini ijro etayotgan bolakaylardan goh biri yigʻlaydi, injiqlik qiladi, “kinoga tushmayman” deydi, goh ikkinchisi. Rejissyorning har qancha yalinib-yolvorishlari ham ularga kor qilmadi.
Bizning hovlilardan farqli ravishda, bu qishloqda hovlilar har kuni supurib-sidirilmaydi. Quyosh koʻkka koʻtarilganidan soʻng barg va oʻt-oʻlanlar bilan qoplangan hovlidan qoʻlansa is tarala boshladi. Maʼlum boʻlishicha, yupqa oʻt-oʻlanlar qatlami tagiga choʻchqa axlati tashlangan ekan. Odamning koʻnglini aynitib yuboradigan darajada badboʻy hid shundan kelayotgan edi. Lekin har qanday sharoitda ham biz ishlashimiz kerak edi. Maʼmurlarimiz shaharga, bolalarga oʻyinchoq olib kelishga ketishdi. Bolalar esa hamon yigʻlar va bizlarning iltimoslarimizga parvo ham qilishmasdi.
Tez orada oʻyinchoqlar keldi. Buni koʻrgan bolakaylar birdan quvonib ketishdi va rejissyorning aytganlarini bajara boshlashdi. Lavha katta qiyinchiliklar bilan suratga olinib boʻlindi.
Oʻsha yoz ob-havo tinmay oʻzgarib turdi. Guruhimiz tez-tez birdan yogʻib qoladigan yomgʻir tagida qolardi, shundan soʻng loyga aylangan yoʻllardan arang oʻtib, suratga olish joyiga ming mashaqqatlar bilan yetib kelardik. Biz soatlab osmonga termulib, uning ochilib ketishini kutardik. Bu esa filmni suratga olish muddatini choʻzardi.
Men har qanday ob-havoda suratga ololmasdim, bu kartina uslubini buzgan boʻlardi. Mening birinchi navbatdagi vazifam tabiiy fakturalarni, kayfiyatni, yoritishning oʻziga xosliklarini ekranda ifoda etib berish edi.
Keyinchalik esa ne-ne mashaqqatlar, ne-ne azob-uqubatlar bilan olingan kadrlarning hammasi ham filmimizga kiritilmadi.
* * *
Temir yoʻl bilan bogʻliq epizodlarni suratga olish juda katta mushkulliklar tugʻdirardi. Zero unda 20-yillar kiyim-boshini kiyib olgan katta miqdordagi ommaviy sahna ishitrokchilari hamda koʻhna vagon, parovoz ishtirok etardi.
Kunlarning birida temir yoʻl bekatiga eski vagonlar tirkalgan sostavni olib kirishdi.
Koʻp sonli ommaviy sahna ishtirokchilari toʻplanishdi. Ular kiyintirilgach, vagonlar tomiga joylashtirildi. Vagonlar derazlari va zinalarida ham odamlar oʻtirishardi. Ularga turli-tuman qoplar, xaltalar, chamadonlar va boshqa rekvizitlarni tarqatishdi.
Ssenariy boʻyicha sostav rus dalasi ichidan ketishi kerak edi. Shu sababli sostav bekatdan bir necha kilometr nariga olib chiqildi. Haqiqiy rus dalasi boshlandi.
Vagonlar tomlarida oʻtirgan odamlarni hamda yoʻlovchilar bilan liq toʻla holda ketayotgan poyezdning umumiy koʻrinishini suratga oldik. Tasvirga tushirish ishlari anchayin silliq kechardi, sostav doimiy harakatda boʻlgani uchun yoʻlovchilar ham hech qayoqqa ketib qolishmasdi. Quyosh yorqin nur sochib turardi. Qilayotgan ishimizdan oʻzimiz ham mamnun edik. Oxirgi kadr – parovoz quvurini suratga olish qolgandi, xolos.
Men bilan assistentim parovozga chiqdik, kamerani oʻrnatdik va qora tutun burqsib turgan quvurni tasvirga ola boshladik. Men mashinistdan qora tutunni koʻpaytirishni iltimos qildim. Kadrni suratga olarkanman, mashinistlarning birdan vahimaga tushib baqir-chaqir qila boshlashganini eshitdim. Men apparatdan nigohimni uzdim va ularga qaradim. Quyuq qora tutun ularni bizdan toʻsib turardi. Mashinistlar jon-jahdlari bilan qoʻllarini silkitganlaricha oldinga ishora qilishardi. Men shu tomonga qaradim va birdan dahshatga tushdim. Temir izlarga koʻndalang tortilgan elektr simi shiddat bilan yaqinlashib kelardi. Birdan oʻtirib qoldim va xuddi shu soniyada elektr simi xuddi oʻtkir pichoqday kinoaapparat oʻrnatilgan shtativning yuqori qismini kesib oʻtdi va ularni dalaga uloqtirib yubordi.
Agar bir lahzaga ushlanib qolganimda edi, shubhasiz, mening boshim ham dalaga otilib tushgan kinoapparat va shtativning yuqori qismi yonida boʻlardi.
Oʻzimni yomon his qildim. Butun vujudim dir-dir titrardi.
Bir necha yuz metr yurgandan keyingina poyezd toʻxtadi. Tasvirga olish apparatini koʻtarib kelishdi.
Tushlik payti boʻldi. Sostav bekatga qaytib keldi. Hammani guruh maʼmuriyati tashkil etgan taomlar bilan mehmon qila boshlashdi.
Mening esa hech narsa yegim kelmasdi. Suratga olish payti bostirib kelgan ajal vahimasi hali butunlay oʻtib ketmagan edi.
Ommaviy sahna ishtirokchilari ishtaha bilan ovqatlanishardi. Guruh aʼzolarining tashvishlari yetarli edi, shuning uchun men bilan deyarli hech kimning ishi yoʻq edi.
Men ovqatlanayotgan odamlarga qarardim va agar men bilan fojia roʻy berganda ham bular hech narsa boʻlmaganday xotirjam oʻtirib, bemalol ovqatni tanovul qilaverisharmidi, degan oʻylarga bordim.
Shu kuni men boshqa suratga ololmadim.
Ertasi kuni esa tasvirga tushirish ishlari yana davom etdi.
* * *
Bir kuni kechqurun men temir yoʻl bekatiga borib, u kechasi qanday yoritilishini koʻrmoqchi boʻldim.
Mehmonxonadan stansiyagacha bir necha kilometr kelardi. Kechqurunlari salqin edi, shu sababli ustimga toʻn kiyib oldim.
Bekatga torgina asfalt yoʻl olib chiqardi. Yoʻl oʻrtasida ketib borardim. Atrof jim-jit. Yoʻlda mashinalar ham, aravalar ham uchramadi. Biror tirik jon yoʻqday edi. Borliq oʻlik sukunat ogʻushida. Stansiyaga qadar hali uzoq edi. Shoshilmasdan ketib borardim. Vaqtim bemalol edi.
Kutilmaganda shovqin-suron va jangovar hayqiriqlar bilan yoʻlga uzun tayoq-toʻqmoqlar bilan qurollangan ikki guruh yigitlar otilib chiqishdi. Men qoʻrqib ketdim. Yashirinishning ham iloji yoʻq edi. Yigitlar “Ur ablahlarni!” deya baqir-chaqir qilganlaricha devorday jipslashib bir-birlariga tashlanishdi. Men ularning orasida qoldim. Endi tamom boʻldim, degan oʻyga bordim. Boshimga tushadigan zarbani kuta boshladim. Jang esa avjiga chiqqan edi. Yigitlar bir-birlarini ayamay savalashar, atrofni oh-voy, soʻkishlar, ingroqlar tutib ketgandi. Men qochib qolib, qoʻrqoq degan nom orttirishdan or qilgancha hamon kaltaklashayotganlar orasidan oʻtib borardim. Nimagadir u tomon ham, bu tomon ham menga teginmadi. Hatto mening ruslar uchun xos boʻlmagan choponim ham ularning eʼtiborini tortmadi. Men urishayotganlarni xavfsirab aylanib oʻtgancha oldinga yurishda davom etdim. Nogahon yengila boshlagan guruhdagi yigitlar qochishga tushishdi. Gʻolib tomon esa ularni butunlay magʻlub etish uchun qochayotganlarning ortidan chopdi.
Men bilan hech kimning ishi boʻlmadi. Aftidan, har kimning oʻz dushmani bor edi.
Temir yoʻl bekatiga eson-omon yetib olgach, tungi yoritish qanday tashkil etilganligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Suratga olish uchun qulay nuqtalarni izlab koʻrgach, ortga tinchgina, hech bir sarguzashtsiz qaytdim.
“Bekat” obʼyekti juda katta edi va suratga olish ishlari kun-tun davom etishi kerak edi. Bu obʼyektda koʻplab aktyorlar, ommaviy sahnalar ishtirokchilari bilan bir qatorda bir nechta poyezd sostavlari ham tasvirga tushirilardi. Koʻplab kadrlar harakatda olinardi. Bularning barisi bizdan aniq oʻylangan, puxta rejalangan ishni talab etardi.
Bu kadrlar aktyorlarning, ommaviy sahna ishtirokchilarining, poyezdga xizmat koʻrsatayotgan temiryoʻlchilarning, suratga olish kamerasi harakatining, yorugʻlik va pirotexnikaning oʻzaro mutanosiblikda ishlashini taqozo etardi. Suratga olish ishlari kuchli zoʻriqishda kechdi – bolalar ham, katta yoshli aktyorlar ham oʻz rollarini jon dillari bilan berilib ijro etishdi. Eng qiyin vazifa Kudenkov zimmasiga tushdi. Uning ketayotgan poyezd orqasidan quvib yetishini bir necha dublda oldik.
Suratga olish tugagandan keyin guruhimizni tanib boʻlmay qoldi – parovoz trubasidan chiqqan qurumdan ularning hammasi qop-qorayib ketgandi.
Koʻp obʼyektlarni suratga oldik, lekin hali suratga olinmagani koʻproq edi.
* * *
Ogʻir, asabiylashish va zoʻriqishlarga boy ish rejissyorimiz Shuhrat Abbosovning sogʻligʻiga taʼsir etdi va u kasal boʻlib qoldi. Kinoekspeditsiyani zudlikda orqaga qaytarish va epizodlarning qolgan qismlarini Toshkentga koʻchirish masalasi koʻndalang turib qoldi. Shuning uchun Toshkentda tasvirga tushirish imkoniyati boʻlmagan kadrlarni bu yerda oshigʻich tarzda suratga olib boʻlishimiz kerak edi.
Toshkent bizni chidab boʻlmas darajada issiq bilan qarshi oldi.
Kartinaning yarmidan koʻprogʻini tasvirga tushirishimiz kerak edi. Biron joyga chiqib yoki pavilonda suratga tushirishni boshlagunimizga qadar Toshkentdagi natura obʼyektlarida ishlab turishni rejalashtirdik.
Eski shahar sahnalari obʼyektlari Eski Joʻva bozoridan unchalik uzoq boʻlmagan joydan topildi. Bu yerda tosh toʻshalgan koʻcha, eski oʻzbek uylari hamda yarim vayrona holidagi machit saqlanib qolgan edi.
Ochlik va charchoqdan tinka-madori qurigan Mishka beixtiyor sotuvchi ayolning nonini olib qoʻyib, shosha-pisha yeya boshlashi sahnasini suratga oldik. Jahli chiqib ketgan ayol yordam soʻrab baqiradi va bolani kaltaklaydi. Bolalar qochib qolishadi. Ularning ortidan olomon chopadi. Bolalarni militsioner tutib oladi.
Eski Toshkentni Misha Dodonovning nigohida koʻrsatishga qaror qildik. Tutun burqsib turgan kaboblar, savatlardagi qaynoq nonlar, paranji yopingan ayollar, uyum-uyum qovun-tarvuzlar, moʻl-koʻl meva va sabzavotlardan uning boshi aylanib ketishi kerak edi. Mishani favqulodda tor va qiyshiq koʻchalar, uzun chopon va doʻppi kiygan erkaklar, paranjili ayollar hayratga solishi aniq edi. Bu epizodni suratga olayotganimizda kadrning oʻtkir kompozitsion tuzilishiga, dinamikali harakatlarga va kontrast yoritilishga rioya etdik. Gʻazabga mingan olomondan qochib ketayotgan bolalarni tasvirga olish uchun qoʻl kamerasini yelkamga qoʻygancha bolalar ortidan chopishga majbur boʻldim.
* * *
Biz Toshkentda suratga olish ishlarini davom ettirayotgan paytimizda maʼmuriy guruh bizga temir yoʻl bilan bogʻliq katta obʼyektni tayyorlab qoʻygandi.
Temir yoʻl bilan bogʻliq epizodlarni suratga olish katta tayyorgarlikni hamda bu jarayonga bogʻliq barcha tarmoqlarning oʻzaro mutanosib ishlashini taqozo etadi.
Qozogʻiston temir yoʻlining “Darvoza” bekatida bizga temir yoʻlning poyezdlar juda kam oʻtadigan uchastkasini ajratib berishdi. Bu tarmoq qandaydir zavod bilan bogʻlangan boʻlib, kuniga ikki-uch marta yuk poyezdi oʻtib qolardi, xolos.
Guruhimiz bilan “Darvoza” bekatiga yetib keldik va bizga ajratilgan eski poyezd vagonlariga joylashdik. “Darvoza”da boshqa biron mehmonxona, hattoki risoladagiday oshxona ham yoʻq edi.
Birinchi kecha juda yomon oʻtdi. Tez-tez yonimizdan oʻtib turgan poyezdlar shovqinidan uxlayotganlar dahshat ichida sakrab oʻrinlaridan turib ketishardi. Goʻyo qarshi tarafdan kelayotgan poyezd relslardan chiqib ketib, bizning vagonlarga uriladigandek edi. Buning ustiga nimagadir bekatga yaqinlashib kelayotgan poyezdlar albatta quloqni batang qilar darajada chinqirib gudok berardi.
Oradan bir necha kun oʻtgandan keyin ham baribir bu sharoitga koʻnikolmadik va norozilik bildirib, oʻzimizga boshqa joy talab qildik. Guruh maʼmuriyati vokzal binosidan bir nechta xona topdi. U yerga grimchilarni va Saule rolini ijro etayotgan yosh aktrisa Natalya Arinbosarovani joyladik.
Bizga esa bekat hovlisida palatka taklif etildi. Bu besh-olti oʻrinlik palatkalarda kishi oʻzini xotirjamroq sezardi. Lekin bu uzoqqa choʻzilmadi. Oqshomlarning birida qattiq shamol koʻtarildi va palatkalarimizni qulatib-yirtib tashladi. Bu hol bir necha marotaba takrorlandi.
Bunday maishiy muammolarga qaramasdan, suratga olish ishlari oʻz maromida davom etardi.
Yoz oʻrtasi edi. Kunlar benihoya isib ketgan. Biz suratga olayotgan joyda quyoshning qaynoq nuridan yashirinish uchun loaqal bittagina daraxt ham yoʻq edi.
“Poyezd” obʼyektini suratga olardik.
Epizod kattagina edi. Uni suratga olish murakkab va xavfli edi.
Quyosh otashidan vagonlarning tunuka tomlari shu qadar qizib ketgandiki, istak tugʻilgan taqdirda u yerda bemalol tuxum qovurib olsa boʻlardi.
Guruhimiz ogʻir kinoapparatlari bilan vagon tomiga joylashdi. Harakatdagi poyezdda suratga olish kerak edi. Hech qanday muhofaza vositalari yoʻq. Ayniqsa bolalarni suratga olayotganda biz oʻzimizni ham, ularni ham xatarga qoʻyayotgandik. Bolalar vagonning qaynab turgan tomida yalang oyoqda chopishlari, tiz bukib turishlari, qoʻllarini tomga tekkizishlari lozim boʻlardi. Bolalar ogʻriqdan yigʻlashardi, ammo ularning bunday holati bizga kerak edi. Bu ularga oʻz rollarini haqqoniy va ishonchli oʻynashlariga yordam berardi. Biz toʻxtamasdan suratga olaverdik.
Epizod taʼsirchanligini kuchaytirish maqsadida biz tez-tez suratga olish nuqtalari va rakurslarini oʻzgartirib turardik.
Harakatdagi poyezdning bir vagonidan boshqa vagoniga sakrab oʻtayotgan aktyorlarni suratga olish texnik jihatdan juda qiyin edi. Quyi nuqtadan tasvirga tushirish uchun men poyezd vagonlari orasiga bogʻlangan osma kajavaga joylashib oldim. Ozgina noaniqlik roʻy bergan taqdirda men kinokameram bilan birgalikda pastga, shiddat bilan oʻtib borayotgan relslar ustiga qulab tushishim mumkin edi.
Ammo biz tavakkalsiz taʼsirchan kadrlarni suratga ololmasligimizni yaxshi bilardik, shu sababli bunday ishlarga ongli ravishda oʻz ixtiyorimiz bilan qoʻl urardik.
* * *
Shunday kunlarning birida bizning oldimizga studiya direktori Abdulahad Abdullayev keldi.
“Qozoq choʻli” epizodidan kadrni suratga olayotgandik. Bu lavhada Misha Dodonov ketib borayotgan poyezdning oxirgi vagoniga bir amallab osilib olishi kerak edi. Poyezd ortidan yugurarkan, u yirtiq chiptakavushlaridan ayrilar va eng soʻnggi lahzada vagon zinasining quyi pallasidan ushlab qolardi. Shunda Mishaning yalangʻoch oyoqlari yerda sudralib, oʻtkir toshlarga urilardi.
Bu kadrni bir necha nuqtadan suratga oldik. Bolakayning oyogʻi oʻtkir toshlarga urilib qonab ketayotganini koʻrgan direktor bir necha marotaba suratga olishni toʻxtatmoqchi boʻldi, lekin ulgurolmadi. Kadr tasvirga tushirildi va hammasi yaxshi tugadi.
Biz tez-tez chiroyli kadrni suratga olish uchun tavakkal qilib turardik. Shunday voqealar ham boʻldiki, qiyshiq relslar sababli parovoz izdan chiqib ketdi. Bir safar esa shunday parovoz bizning – tasvirga olib turganlarning ustimizga qulab ketishiga sal qoldi.
Toshkentdan “Darvoza”ga joʻnab ketishimiz oldidan juda chiroyli saksovul omborini topgandik. Unga dekoratsiya ishlatib, ajoyib manzara paydo etsa boʻlardi.
Rassom omborni yogʻoch toʻsiq va kuzatuv minorasi bilan oʻrab, katta ish qildi. Saksovul taxlanib, katta-katta uyumlar hosil etilgandi. Yerga qora koʻmir changi sepilgandi.
Bu sahnada Dunayev Misha bilan Rahimni yogʻoch omborga olib kelishi kerak edi. Bu yerda esa bir necha ayol va juldurvoqi bolalar istar-istamasdan oʻtinlarni bir joydan boshqa joyga tashirdilar. Vaziyatni baholagach, Rahim askar bilan mashgʻul boʻldi. Uning qarshisida raqs tushgancha Rahim aldab-suldab askarning kartoshkasini olib qoʻydi. Mishka esa halol mehnatkash sifatida oʻtin tashishga kirishdi.
Otashin quyosh va koʻmir changi aktyorlarga ham, guruhga ham ishlashga xalaqit berardi. Bolalar juda charchashdi. Nastenka rolini ijro etgan aktrisa jon dili bilan, juda ishonchli oʻynadi. Unga qarashning oʻzi ham qoʻrqinchli edi. Suratga olib boʻlganimizdan keyin uning oʻziga kelishiga, butun tanasini qoplab olgan qora koʻmir qurumidan tozalanib olishiga ancha vaqt ketdi. Keyinchalik bu kadr naturalistik kadr sifatida filmdan olib tashlandi.
Tez va koʻp suratga olardik. Afsuski, suratga olingan kadrlarning bir qismi filmning yakunlovchi variantiga kirmay qoldi.
* * *
Biz ssenariy hajmi katta ekanligini, suratga olingan material bizga ruxsat etilgan tasma metrlaridan koʻproq boʻlishini bilardik. Lekin oʻzimizni toʻxtatib qololmasdik. Oʻzimiz ishlayotgan materialga jon-jahdimiz bilan berilib ketgandik, uni yaxshi koʻrib qolgandik. U oʻz jozibasi bilan bizni charchoq bilmay ishlashga majbur etardi.
Turkistonda suratga olishni rejalashtirgan kattagina obʼyektimiz qolgandi. Tasvirga tushirish obʼyekti sifatida Turkiston shahridan uncha uzoqda boʻlmagan qadimiy qalʼa xarobalarini tanlagandik. U yerda juda baland tuproq devorlar saqlanib qolgandi. Mahalliy hudud va qalʼaning landshafti oʻzining ibtidoiyligi bilan katta taassurot qoldirardi.
Bizning qahramonlarimiz bu muhitga tabiiy ravishda singishib ketib, yaxlitlikni tashkil qilardilar.
Bu sahnada bir guruh odamlarning poyezdni kutib oʻtirmasdan, Toshkentga qarab piyoda yoʻlga tushishga qaror qilganliklari koʻrsatiladi. Ularga Misha Dodonov va Rahim ham qoʻshilishadi. Ular quyosh ayovsiz kuydirib tashlagan qozoq yerlaridan oʻtishadi. Keksa bobo Dodonovga bugʻdoyni qanday ekish va moʻl hosil olish yoʻllarini oʻrgatadi. Ular Toshkent va Toshkent zamini haqida orzu qilishadi.
Qalʼaning quyosh nurlari ostida koʻzni qamashtirguday chaqnab turgan qaynoq oq tomlari va koʻhna tuproq devorlar bagʻrida bu soʻzlar hech qachon amalga oshmaydigan orzuday yangrardi. Butun atrof-muhit bor-yoʻq istaklari non shahri Toshkentga yetib olish boʻlgan bir siqim odamlarni gʻanimlarcha ezib turardi.
Turkistonda oxirgi kadrlarni suratga olgandik, shu bilan tasvirga tushirish davri yakuniga yetdi. Guruhimiz Toshkentga qaytdi.
Keyingi bosqich boshlandi – kartinani montaj qilish va ovoz berish. Bu ishlar bir necha oy vaqtimizni oldi.
Oʻsha yillari rus tiliga eʼtibor kuchliroq edi, shu sababli bizning filmimizga ham rus tilida ovoz berildi.
* * *
Kinostudiya badiiy kengashi va kinostudiyada ishlaydigan koʻp sonli qiziquvchilar uchun film katta zalda namoyish qilindi. Rejalashtirilgan bir yarim soat oʻrniga film ikki soatu yigirma daqiqa davom etdi.
Film tugagandan keyin birdan zalga sukunat choʻkdi. Ilk tomoshabinlarimiz esankirab qolishgan edi.
“Oʻzbekfilm” badiiy kengashi faoliyatida ilgari uchramagan voqea roʻy berdi. Badiiy kengash raisi film muhokamasini keyingi kunga qoldirishni taklif etdi. Zero filmda koʻp bahsli oʻrinlar boʻlib, ularni yuqorida turuvchi rahbarlar bilan maslahatlashib olish kerak edi.
Keyinroq rejissyor Shuhrat Abbosovga bosim oʻtkazish boshlandi. Moskvada filmni bir seriyaga qadar qisqartirishni talab qilishdi. Qarshilik koʻrsatish yordam bermadi. Bizni qoʻllab-quvvatlovchilar ham boʻlmadi. Kartinaning besh qismini qisqartirib tashlab, oʻn qismini qoldirishdi. Asablari qaqshab ketgan Sh. Abbosov kasal boʻlib qoldi va yurak xuruji bilan shifoxonaga tushdi.
Kartinaning toʻliq variantli nusxasini zudlikda yoʻq qilishdi… Ammo hozircha negativ saqlanib turardi.
Men studiya direktori Abdulahad Abdullayev huzuriga kirib, kartinaning toʻliq koʻrinishidan yana bir nusxa tayyorlab berishlarini iltimos qildim. Men uni kelajak uchun, tomoshabinlarning yangi avlodi uchun asrab qoʻymoqchi edim.
Abdullayev juda aqlli va jurʼatli rahbar edi. U darhol oʻrinbosari Qayum Abdurahmonovni chaqirib, unga kartinaning toʻliq koʻrinishdagi nusxasini tayyorlab berish vazifasini topshirdi. Men buning uchun Abdulahad Abdullayevdan bir umr minnatdorman, u kishining yorqin xotirasi hamisha qalbimda.
“Toshkent – non shahri” filmi kinotetrlarga chiqarilib, katta muvaffaqiyat qozonganidan keyin Shuhrat Abbosov bilan meni Davlat mukofotiga tavsiya etishdi. Ammo mukofotni boshqalar olishdi.
Kartina oʻz hayoti bilan yashab kelmoqda. Odamlar haligacha bu filmni eslashadi.
Hotam FAYZIYEV,
“Toshkent – non shahri” filmining sahnalashtiruvchi operatori,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi
“Yoshlik”, 2010 yil, 2-son
https://saviya.uz/ijod/toshkent-non-shahri/