Toshkent muzeylari


Post Views:
11 202

MUZEYLAR – 1917 yilgacha Toshkentdagi birinchi va yagona muzey Toshkent muzeyi bo‘lgan. 1917 yildan keyin turli ixtisosdagi keng ekspozitsiyalarga ega bo‘lgan Muzeylar tashkil etila boshlagan. 1918 yil knyaz N.Romanov saroyida uning musodara qilingan kolleksiyasi asosida Badiiy muzey (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at muzeyi), 1921 yil Eski shahar muzeyi, 1926 yil O‘zbek Eski shahar muzeyi tashkil qilingan. Madaniy taraqqiyot yangi Muzeylar tashkil qilish va mavjud Muzeylarni qayta jihozlash zarurligini taqozo etgan. O‘rta Osiyo muzeyining geologiya, zoologiya, botanika va antropologiya bo‘limlari, qishloq xo‘jaligi muzeyi va hayvonot bog‘i Tabiat muzeyiga aylantirildi. Respublika ko‘rgazmalari negizida Politexnika muzeyi (1933), Amaliy san’at muzeyi (1937; 1937–91 yillarda Amaliy san’at asarlari doimiy ko‘rgazmasi) tashkil qilindi; Adabiyot muzeyi tuzildi.

1940 yilda Toshkent Muzeylarida 500 mingga yaqin eksponat bo‘lgan, muzeylarga kiruvchilar soni 300 mingga yaqin kishini tashkil etgan. 2-jahon urushi yillarida Markaziy tarix muzeyi, O‘zbekiston san’at muzeyi va Adabiyot muzeyi – Tarix, madaniyat va san’at muzeyiga, Politexnika muzeyi Tabiat muzeyiga birlashtirildi. 40-yillar o‘rtalaridan Muzey qurilishida yangi bosqich boshlandi. 1945 yil rus yosh tomoshabinlar teatri eski binosida joylashgan Davlat san’at muzeyi mustaqil muzeyga aylandi. 1972 yil O‘zbekiston kino san’ati muzeyi, 1973 yil O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash muzeyi, 1975 yil Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari tarixi muzeyi tashkil etildi. 1988 yil Antiqa va zargarlik buyumlari muzeyi ochildi. 60–80-yillarda H.Abdullayev, M.Ashrafiy, S.Borodin, Oybek, Fafur Fulom, O‘.Tansiqboyev, Abdulla Qahhor uy-muzeylari va Yu.Fuchik, S.Yesenin muzeylari, Tamaraxonim liboslari doimiy ko‘rgazmasi va boshqalarga asos solindi.

Toshkentda 29 ta muzey bo‘lib, ularda 113127 eksponat saqlanadi; har yili Muzeylarga o‘rtacha 1,5 mln. ga yaqin kishi kiradi (2008). Toshkentdagi yirik davlat muzeylari: O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari markaziy muzeyi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, O‘zbek liboslari galereyasi va boshqalar. Muzeylar ilmiy asarlar, qo‘llanmalar va kataloglar nashr etadi. O‘zbekiston xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi, planetariy muzey tipidagi muassasalar tipiga kiradi. Toshkent korxonalari, muassasalari va o‘quv yurtlarida tashkil qilingan Muzeylar davlat muzey tarmoqlarini to‘ldiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2008 yil 12 sentyabrda «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Qonunda «Milliy muzey fondi», «Milliy muzey fondining davlat katalogi», «Muzey», «Muzey ashyosi», «Muzey kolleksiyasi», «Saqlash», «E’lon qilish» kabi tushunchalarga batafsil izoh berilgan. Ushbu hujjat Muzeylar faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, ularni muzey ashyolari bilan boyitishga zamin yaratdi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-muzeylari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x