Post Views:
721
TOSHKENT DEKLARATSIYASI (1999) – Afg‘onistondagi ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etishning asosiy tamoyillari haqidagi deklaratsiya. 1999 yil 19 iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha «6+2» guruhining navbatdagi anjumani chog‘ida imzolangan. Prezident Islom karimov tashabbusi bilan tuzilgan «6+2» guruhiga Afg‘oniston bilan chegaradosh 6 davlat – Eron, Xitoy, pokiston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston, shuningdek, AQSH va Rossiya kiradi. «6+2» guruhi anjumanlariga BMT shafe’lik qilib kelmoqda. Toshkent deklaratsiyasi muqaddima va 13 banddan iborat, 1–3-bandlarida Afg‘onistondagi mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilish mumkin emasligi, mamlakat barqarorligi uchun siyosiy muzokaralar boshlanishiga da’vat etilib, afg‘on diyoriga qurol yetkazib berishning oldini olish zarurligi ta’kidlangan. Toshkent deklaratsiyasining 7–8-bandlarida mamlakatdagi qaltis vaziyatning sabablari, xalqaro terrorizm va ularning tashkilotchilariga Afg‘onistonda boshpana berishni va terrorchilarni o‘qitishni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar belgilangan. Toshkent deklaratsiyasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lida zalvorli qadam bo‘ldi.
2008 yil 3 aprelda Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO (Yevroatlantika hamkorlik kengashi) sammitida Islom Karimov bugungi real voqyelikni inobatga olgan holda va muzokaralar jarayonida NATO vakolatxonasi ham albatta ishtirok etishini nazarda tutib, «6+2» muloqot guruhini «6+3» guruhiga aylantirish maqsadga muvofiq ekanini alohida ta’kidladi. Bu taklif jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-deklaratsiyasi-1999-yil-2/