Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi


Post Views:
189

TOSHKENT ARXEOLOGIYA EKSPEDITSIYASI, O‘zbekiston FA Arxeologiya institutining Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi – Toshkent hududida arxeologik qazishmalar va kuzatuvlar olib boruvchi ilmiy xodimlar jamoasi. Akademik Ya.G‘.G‘ulomov tashabbusi bilan «Toshkent otryadi» nomida 1967 yil tuzilgan. Toshkent zilzilasi (1966)dan so‘ng shaharda qurilish ishlari avj olgach, bu otryad (rahbarlari – tarix fanlari nomzodlari V.A.Bulatova, 1967–68, 1971–74; M.T.Aminjonova, 1969–70; M.I.Filanovich, 1974 yildan) keng ko‘lamda tadqiqot ishlarini boshlab yubordi. Otryad tarkibiga turli yillarda E.V.Rtveladze, O‘.I.Islomov, M.R.Qosimov, I.Ahrorov, Sh.R.Pidayev, O.A.Papaxristu, J.Ilyosov, L.S.Baratova, J.Mirzaahmedov, G.I.Bogomolov, Q.Alimov, O‘.Alimov, M.R.Tixonin, S.Savchuk-Qurbonov, Sh.T.Odilov, T.Belyayeva, N.P.Stolyarova, Ye.Usova, T.Grechkina, Em.Vulfert, G.I.Potapova kirgan. Otryad, asosan, shahardagi barcha qurilish maydonlarida arxeologik kuzatish va tadqiqot ishlari olib borishni boshlagan. 1978 yil otryad doimiy faoliyat yurituvchi ekspeditsiyaga aylantirilib, uning tarkibiga arxeologlardan tashqari, Toshkentdagi ilmiy tashkilotlarning arxeologiyaga yaqin sohalar mutaxassislari ham jalb qilindi. Arxeologik izlanishlar bilan bir qatorda numizmatika (E.V. Rtveladze, T.Yernazarova), paleoantropologiya va Chochdagi etno-genetik jarayonlar (T.Q.Xo‘jayev), geomorfologiya (G.F.Tetyuxin, U.Abdunazarov), paleozoologiya (T.N.Xudoyberdiyev), paleotuproq va paleoiqlim (T.Kazakova) sohasidagi tadqiqotlar Toshkent atrofida kishilik jamiyati rivojining dastlabki bosqichini o‘rganish bilan birga qo‘shib olib borildi. Toshkent arxeologiya ekspediyasining qazishma va arxeologik kuzatishlari natijasida Toshkent shahar madaniyati yoshini aniqlash va shahar rivojining qadimgi bosqichlarini tiklash imkonini beruvchi materiallar majmui jamlandi. Shuningdek, qadimda va o‘rta asrlarda ekologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan Choch aholisi xo‘jaligini aks ettiruvchi materiallar to‘plandi. Toshkentdagi yodgorliklarning arxeologik stratigrafiyasini o‘rganish fanning ayrim munozarali masalalariga aniqlik kiritdi, ya’ni Burganli va Qovunchi madaniyatlarining aniq davrlari belgilandi; Chochning qadimgi va o‘rta asrlardagi poytaxtlari, bu mintaqaning tarixiy topografiyasi, iqtisodiyoti va aholisining g‘oyaviy dunyoqarashlarini o‘rganishga oid faktik materiallar to‘plandi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-arxeologiya-ekspeditsiyasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x