Toshkent-2200. Toshkent mahalla – ko‘ylarining ayrim tarixiy nomlari semantikasi


Post Views:
533

Poytaxtimizning tarixiy manzarasida asrlar osha qad ko‘targan son-sanoqsiz turarjoylar toponimiyasida o‘ziga xos beniyoz ma’noyu sifatlarni anglatuvchi turli fonetik shakllardagi atamalar qayd etiladi. Ularda nafaqat shahar va uning tevarak atrofi tabiati, xususan pastu balandliklardan iborat yer sathi yoki shaharliklarning obi hayot manbai anhoru sug‘orish tarmoqlari, balki shahar ma’muriy qismlarining ko‘rki bo‘lgan daha, mahalla-ko‘y, imoratu inshootlari va ularda o‘z in’ikosini jilolagan shaharsozlik madaniyatining umum tadrijiy darajoti ham beqiyos ma’noyu mazmunda ifodalanadi.

XIX asrda Toshkentda yashagan muarrix Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” (Toshkandning eng yangi tarixi) nomli kitobida yozilishicha, XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab shahar to‘rt daha (tuman)dan iborat mustaqil jumhuriyat asosida mahallalar kengashida saylangan oqsoqollar tomonidan boshqarilgan.

Dastlab shimoliy daha Qaffoli Shoshiy; janubiysi – Zangi ota; sharqiysi – Shayxontohur; va g‘arbiysi – Shayx Zayniddin nomlari bilan ta’rif etilsa-da, shahar ahli o‘rtasida ular aksariyat Sebzor, Beshog‘och, Shayxontohur va Ko‘kcha (Kohcha) deb yuritilgan.

Bu davrda Toshkentda shaharliklar tomonidan tan olinib saylangan hokimi mutlaq hali qaror topmagan edi. Shu boisdan shahar to‘rt mustaqil dahalarga ajratilib boshqarilgan. Har bir dahaning boshqaruv ma’muriyati jamoatchilik asosida saylangan oqsoqoli, qozisi, raisi, muftiysi, imomu so‘filardan iborat bo‘lgan.

Shahar mudofaasi, bozor, xususan narx-navo masalalari chor hokimlar tomonidan birgalikda hal etilgan. Shuning uchun ham bu davr Toshkent shahri tarixida “Chor hokimlik” nomi bilan shuhrat topgan.

Mazkur dahalar boshliqlari o‘rtasida, shubhasiz, bosh hukmdorlikni qo‘lga kiritish uchun o‘zaro kelishmovchiliklar va to‘qnashuvlar bo‘lib turgan. Nizolar keskinlashib, shaharni boshqarish esa daha oqsoqollari qo‘lidan-qo‘liga o‘tib turgan. Ko‘pincha Sebzor dahasi bilan Ko‘kcha dahasi birlashib, Shayxontohur dahasiga qarshi olishuv boshlagan. Bunday vaziyatlarda shayxontohurliklar bilan beshog‘ochliklar birlashgan. O‘zaro nizo keskinlashgan vaqtlarda shahar markazidan oqib o‘tadigan Labzak arig‘ining (hozir Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i) ikki tomoni kurash maydoniga aylangan. Shu boisdan Labzak suvining nomi shaharliklar orasida “Jangob” va mazkur suv tarmog‘ining ikki yoqasi esa “Jangoh”, ya’ni jang maydoni, bellashadigan qumloq, yalanglik nomi bilan dong chiqargan.

Muhammad Solihning ta’riflashicha, Chor hokimlik davrida Shayxontohur dahasida Yunusxo‘ja binni Hidoyatxo‘ja, Beshog‘och dahasida Doniyorxo‘ja, Ko‘kcha dahasida Ishoqxo‘ja va Sebzor dahasida Shohbek (Sherbek)lar hokimlik qilganlar. Har bir dahada o‘nlab mahalla, bir nechta masjid va madrasa, hammom va bozorlar bo‘lgan. Masalan, Sebzor dahasida 38 ta mahalla, 3 ta madrasa va 10 ta masjid qad ko‘targan. Sebzorliklar asosan etikdo‘zlik, bo‘yoqchi-nilchilik va bo‘zchilik bilan kun kechirishgan.

Beshog‘och dahasi 32 ta mahalladan iborat bo‘lib, unda 3 ta madrasa va 68 masjid faoliyat ko‘rsatgan. Beshog‘och dahasi bog‘u rog‘lari, egarchi hunarmandlari, “qizil ish” (ot yopunchig‘i) tikuvchilar va g‘ishtchilari bilan shuhrat topgan. Shayxontohur dahasida 48 ta mahalla, 6 ta masjidu 3 ta madrasa bo‘lib, aholisi egarchilik va bo‘zchilik bilan shug‘ullangan. Ko‘kcha dahasida 31 ta mahalla, 3 ta madrasa, 51 ta masjid bo‘lgan. Ko‘kchaliklar ko‘nchilik va etikdo‘zlik bilan hayot kechirishgan.

Bu davrda Toshkentning to‘rt dahasi 12 ta darvozali mudofaa devori bilan ihota qilingan. Ular Qiyot, Turk, O‘zbek, Qang‘li, Beshog‘och, Taxtapul, Qorasaroy, Chig‘atoy, Su’boniyon (Sag‘bon), Ko‘kcha, Kamondaron va Qatag‘on kabi nomlar bilan yuritilgan.

Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, har bir darvozani qo‘riqlash va unda posbonlik qilish ayrim qabilalar zimmasiga topshirilgan.

Asrlar osha shahar maydonining kengayishi oqibatida darvozalarni o‘rni siljib, hatto soni ham, nomi ham o‘zgarib turgan. Toshkent shahrining so‘nggi devori XIX asr boshlarida beklar begi hokimligi davrida qayta tiklanib, uning tevarak – atrofi bo‘ylab Ko‘ymas, Qo‘qon, Qoshg‘ar, Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag‘bon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Kamolon, Beshog‘och kabi nomlar bilan ifodalangan darvozalar o‘rnatilgan. Turli tomonlarda joylashgan shahar, el-yurt va muzofotlardan Toshkentga tashrif buyurgan savdogaru elchi, darveshu musofirlar kabi kelib ketuvchilar, har bir darvozadan shahar markazi – bozor tomon yo‘nalgan. Ko‘cha-ko‘ylar orqali shaharga kirib borgan. Shaharning markaziy bozori Eski Jo‘va (aslida-Isko Jo‘ba), ya’ni yuqori katta (jahon) bozori deb yuritilgan.

Mazkur savdo-sotiq maskani betaraf sershovqin o‘zaro muloqot makoni bo‘lib, shahar dahalarining tala-to‘palon olishuv va kurashlari vaqtida ham qizg‘in savdo davom eta bergan. Ko‘cha-ko‘ylar tutashgan chorrahalar guzar deb yuritilgan. Guzarlar mahalla-ko‘ylarning gavjum markazi hisoblangan. Chunki chorraha guzarlarida mahalladoshlarning kundalik ehtiyojiga xizmat qiladigan nonvoyxona, baqqollik, qassob do‘koni, masjid, choyxona, hovuz, sartaroshxona, yamoqchilik do‘koni kabi korxonalar, ba’zilarida esa hatto mo‘rcha (hammom) ham joylashgan.

Arxeologik qazishlardan ayon bo‘lishicha, ilk binokorlik, ya’ni dastlabki ramziy shaharsozlik madaniyati hozirgi O‘zbekiston hududida miloddan avvalgi ikki ming yillikning ikkinchi choragidan to mazkur mil. avv. birinchi ming yillikning oxirgi choragi davomida shakllangan. Mazkur tarixiy bosqichda garchi katta-kichik ilk “shaharcha” sifatidagi maskanlar qad ko‘targan bo‘lsa-da, ammo qadimgi yerli aholi tilida “shahar” shaklida talaffuz etiladigan so‘z, ya’ni turdosh joy nomining o‘zi ham hali paydo bo‘lgan emasdi. Bunday umum turdosh atama “Maskat”, ya’ni katta turarjoy, yoki “dimas” – katta qishlov joy. Shuningdek, “pirmast”, ya’ni katta devor yoki qo‘rg‘on va qal’a ma’nolarini anglatuvchi shakllarda ifoda etilgan. Shu boisdan yozma manbalarda qadimgi davrda Samarqand va Marg‘ilon shaharlari Maskat, Toshkent (Toshkat) esa Toshqo‘rg‘on yoki Toshqala ba’zan Ko‘yimas, ya’ni katta mahalla nomlari bilan tilga olinishi tarixan ayni haqiqiy manzarani namoyish etadi.

Qadimiy ko‘hna shaharlar: Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz (Kesh) va Marg‘ilon (Marg‘inon)larning tarixiy topografiyalarini qiyoslashdan ayon bo‘lishicha, barcha yirik shaharlarda mahalla-ko‘yu ko‘chalar, turarjoylaru ustaxonalar, bozoru rastalar, ibodatxonalaru madrasalar bilan bir qatorda shahar hokimiyati uchun maxsus qarorgoh (imorat)lar ham qad ko‘targan. Shahar hayotini boshqaruvchi hukmdorning saroyi bino qilingach, tarixiy maskat – katta qishloq aholi istiqomat qiladigan oddiy umum turarjoy ma’nosini yo‘qotib, hukmdor shoh qaror topgan, ya’ni turadigan “baland joy” mazmunidagi “shahriston”, ya’ni shoh>o‘r>iston shaklidagi atama bilan yuritilib ketgan. Mazkur tarixiy atama ma’lum hududiy boshqaruv tuzumi, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy hayotning markazi kabi tushunchalarni umumlashtirgan turdosh nom bo‘lsa-da, biroq har bir shaharning geografik o‘rni, xo‘jaligi, kasb-hunari va ma’naviy hayotining o‘ziga xosligi, hatto ayrim sifatlari bilan ham, nihoyatda, sermazmun beqiyos toponimlar bilan ifodalangan.

Tarixiy jarayonlardan ayon bo‘lishicha, dehqonchilik va chorvachilik xo‘jaliklaridan hunarmandchilik alohida mustaqil kasb-hunar tarzida ajralgach, shahriston sahnida, Xivaning Ichanqal’asidek qismida ko‘yu-ko‘chalar asosida mahalla-ko‘ylar shakllangan. Chunki mazkur shahriston ko‘ylarida azaldan hunar ahli yashab, ustaxonalari muhim qaror topgan. Shu boisdan o‘rta asrlargacha (IV-VIII) shaharlarning shahriston qismidan o‘tkazilgan ko‘y, ko‘cha yoki guzarlari bir xil talaffuzda, ya’ni bir shaklda ko‘y deb yuritilgan. So‘ngra VIII asr boshlarida, arab tiliga tarjima etilib, “mahalla”, ya’ni o‘zbekcha “joy” va “o‘rin” ma’nolarini anglatuvchi atama bilan atalib ketgan. Shahar maydonini kengayishi bilan mahalla, ko‘y va ko‘chalarning soni ham, nomlanishi ham ortib borgan. Bunday ma’no jihatdan sinonimik nomlar – mahalla-ko‘y shaklida o‘zbek tilining noyob qadimgi qadriyati sifatida hamon, keksalarimiz iborasida qo‘llanilib kelmoqda.

Toshkentning 22 asrlik o‘tmishi davomida kechgan shiddatli tarixiy jarayonlar oqibatida mazkur ko‘hna shahrimizning o‘tmish geografiyasi ham, topografiyasi ham, hatto uning dastlabki nomlanishi ham deyarli o‘zgarib ketgan bo‘lsa-da, biroq keyinchalik hozirgi Toshkent shahri hududida shakllangan mahalla-ko‘ylar, binoyu inshootlar, ilmgohlaru ziyoratgohlarning atamalarida uzoq va yaqin o‘tmishning tarixiy manzarasi ma’lum darajada o‘z ifodasini saqlab qolgan. Masalan, XX asr boshlarida ayrim ma’lumotlar bo‘yicha Toshkent shahrida hammasi bo‘lib 281 mahalla, 180 mavze, 283 masjid, 26 madrasa bo‘lgan. Hozirgi vaqtda Respublikamiz shaharlarida o‘n mingdan ortiq, poytaxtda esa 474 ta mahalla mavjud. Shahar bo‘ylab uch mingga yaqin ko‘cha-ko‘ylar tarmoq otgan.

O‘tmishda Toshkentning to‘rt dahasi chegaralari ularni uzunasi yoki ko‘ndalang kesib o‘tgan markaziy ko‘yu ko‘chalari bo‘ylab belgilangan. Mahallalar esa guzarlari bilan ajralib turgan. Mahalla guzarlari orqali yo‘nalgan ko‘chayu ko‘ylar bo‘ylab qator imoratu inshootlar, masjidu madrasalar qad ko‘targan, ba’zan esa ayrim maydonlar ham yastangan. Toshkent shahri va atrofida qayd etilgan toponomiya xilma-xil va nihoyatda, mikro toponimlarga boydir. Masalan, XX asr boshlarida shaharda 500 tagacha hovuz, 1500 bozoru rastalar, 5000 ga yaqin do‘kon, 40 ta qabriston, qariyb 200 bog‘ hovli-mavzelar bo‘lgan.

Shahar mahalla-ko‘ylari nomlanishi jihatidan nihoyatda qurama. Ular tizimida turk-o‘zbek, sug‘d, fors-tojik, ba’zan o‘zbek-mo‘g‘ul, turk-tojik, arab-forsiy birikmalar asosida shakllangan urbonim, gidronim, oronim va etnonimlar qayd etiladi. Masalan, ko‘cha-ko‘ylarning ayrim tarixiy nomlarida shahar tabiiy manzarasi aks etgan: Arpapoya, Bo‘rijar, Bo‘z, Jarko‘cha, Zax, Labzak, Pastak, Sariko‘l, Toshariq, Xadra, SHo‘rtepa, O‘rko‘cha, Chuqurqishloq, Chuqursoy, O‘rtato‘qay, Yalang‘och, Registon, Qumloq, Changalzor, Ingichka qo‘riq Qurqavat (Qo‘riq rabot) kabi atamalar umum turdosh nomlar asosida shakllangan oronimlardir.

Toshkentning suv manbalarini anglatuvchi gidronimlarning aksariyati, garchi o‘zbek va turkiy so‘zlar asosida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, ammo ular tizimida arabiy, forstojik va ayrim mo‘g‘ulcha birikma atamali gidrotoponimlar ham shakllangan. Masalan, Bo‘zariq, Damariq, Darxon (Tarxon) ariq, Yo‘lariq, Labzakariq, Mozorariq, Nishabariq, Tersariq, Toshariq (Tagitosh), Changalariq, Quvur (Qubur) ariq va boshqalar shular jumlasidandir.

Shahar toponimiyasida kasb-hunar atamalari bilan yuritilgan mahalla-ko‘y va mavzelar alohida o‘ringa ega. Ularning kattagina qismi arabiy, fors-tojik atamalar asosida shakllangan. Ular asosan bozor, hunarmandchilik rastalari hamda turli xil ustaxonalar joylashgan mahalla-ko‘y nomlari sirasiga oiddir. Masalan, Attorlik, Bazzozlik, Dehrez (Daroz), Zargarlik, Ko‘nchilik, Mahsido‘z, Misgarlik, Nonvoyguzar, Parchabof, Tabibko‘cha, Taqachi, Temirchi, Chilangar, Egarchi, O‘qchi va Xizmatchi kabi toponimlarda shahar hunarmandchiligi va uning turli sohalari hamda joylashgan manzillari yaqqol ifoda etiladi.

Qadimdan Toshkent jahon bozori karvon yo‘llarining chorrahasida joylashgani tufayli ichki va tashqi savdo bozorida muhim o‘ringa ega bo‘lgan. “Tarixi jadidayi Toshkand” nomli kitobning muallifi Muhammad Solihxo‘ja Registon maydonida yastangan Eski Jo‘va nomli bozorning shaharni asosiy savdo markazi sifatida ta’riflab, “uning do‘kon-rastalari Chorsudagi qandolatpazlik do‘konigacha davom etadi. Ramazon oyida bu yerda kechasi ham bozor bo‘ladi” u “bozori shab” deb yuritilganini ta’kidlaydi. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Toshkentda bozor rastalarining soni 1.500 taga yetgan. Ular ro‘yxatidagi Attorlik, Bazzozlik, Bandak (paranji) bozori, Do‘ppibozor, Ipakbozor, Kalavabozor, Ketmonbozor, Mayizbozor, Moshfurushlik, Sabzibozor, So‘kfurush, Tuzbozor, Unbozor, Kovushbozor, Ko‘rpabozor, Guruchbozor, Kappon (ulgurji) bozor, Bedabozor, Boltabozor, Bulg‘orbozor (teri), Bo‘yrabozor, Gulbozor, Ko‘mirbozor, Nosvoybozor, Paxtabozor, Pichoqbozor, Sandiqbozor, Sahhobbozor, Somonbozor, Xodabozor, Tamakibozor, Tovoqbozor, Chinnibozor, Etikbozor, Yuganbozor, Qandaloqbozor, Qassobbozor, Qozoqbozor, Qulfbozor, Qo‘ybozor, G‘o‘zabozor, Qaymoqbozor kabi atamalar Toshkent tarixda ichki va tashqi savdo munosabatlarda har tomonlama keng rivoj topib, jahon savdosida o‘z o‘rni bilan shuhrat topganligidan dalolat beradi.

Toshkent shahrining toponimiyasining ma’lum bir qismi xalq, elat, qabila, urug‘– aymoq yoki ularning ayrim guruh va to‘plari nomlari bilan bog‘liq etnourbonimlar bilan ifodalangan. Ularning aksariyati mahalla-ko‘y, ko‘cha va darvozalari atamalari qatorida qayd etiladi. Bunday nufuzli nomlar O‘zbak, Tojik, Turk, Qashqar mahallalari yoki Eron, Juhudrasta, Qozoqbozor, Qirg‘izko‘prik, shuningdek, Yobu, Kaltatoy, Qiyot, Mo‘g‘ol, Mo‘g‘ulcha, Turktepa, No‘g‘oyqo‘rg‘on, No‘g‘oyto‘pi, Chimboy, Chig‘atoy, Chuvalachi, Qang‘li (Qani), Qoramurt kabi shakllarda tilga olinadi.

Bunday etnourbonimlarning aksariyati Toshkentning eski shahar qismi atrofida qayd etilgan. Bunday tarixiy topografik manzara, shubhasiz, avvalo o‘rta asrlarda, qator turkiy qabilalarni o‘troqlashib, Toshkentdek bag‘rikeng shahar atrofida joylashganidan dalolat bersa, qolaversa o‘troq shaharliklar bunday jangovar qo‘shimcha kuchdan mudofaa maqsadida foydalanganlar. Shahar darvozalarining nomlanishidan ayon bo‘lishicha, ularga darvozalarda posbonlik qilish topshirilgan. Masalan, Ko‘yimas darvozasini qiyot qabilasi himoya qilgan. Qiyotliklar Anhor suvining o‘ng sohilida, hozirgi Mustaqillik maydoni ro‘parasida joylashgan shu nomdagi mahallada yashaganlar. Ko‘kcha Yobu, Chig‘atoy (Qo‘shchi Ota) darvozasini muhofazasi chig‘atoyliklar zimmasiga yuklatilgan. Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, Qorasaroy, Beshog‘och va Kamolon (Kamondoron) darvozalari ham mazkur nomlardagi urug‘ va qabilalar nomlari bilan yuritilgan. Bunday shakllardagi etnourbonimlar Toshkentda nafaqat o‘troq hunarmand va chorvador aholi qorishib hayot kechirganidan, balki u chegaradosh qo‘shni mamlakat aholisi bilan ham o‘zaro savdo va madaniy aloqada bo‘lganidan dalolat beradi. Shu boisdan bo‘lsa kerak uning mahallako‘y va ko‘chalari o‘zbek va turkiy atamalar qatorida fors-tojik, arabiy, ba’zan ikki tildagi qo‘shaloq birikma so‘zli nomlar ham uchraydi. Masalan, Deroz (Degrez) – cho‘yangar, ya’ni cho‘yandan qozon, omoch tishi, uzangi, havvoncha (kelicha), o‘g‘ir kabi asbobuskuna va buyumlar yasovchi; Mergancha (mo‘g‘ulcha) sarboz, o‘qchilar mahallasi; Bo‘rjar toshqin o‘pirgan jarlik; Do‘mvirobod aslida Damgirrabot yo‘ldagi dam oladigan qo‘noq; Parchabon atlas va kimxob to‘quvchilik; Posira bevatan, yalangoyoq korranda; Sag‘bon bozor ahli; Xadri adirlik; Eski Jo‘va aslida Isko Jo‘ba yuqori, ya’ni Katta bozor demakdir.

Shuningdek, Qoryog‘di urbonimi qor yog‘ishini anglatmaydi. Hatto u xalqimiz tomonidan xotira kuni tarzida o‘tkaziladigan an’anaviy urf “qor yog‘di” motam marosimiga ham hech qanday aloqasi yo‘qdir.

Mazkur atama arabcha “Qariya” va fors-tojikcha “ di” shakllaridagi qishloq ma’nosini anglatuvchi ikki tildagi birikmali sinonimik urbonimdir. Shunga o‘xshash Qurvaqavot atamasi ham aslida Quruqravot, ya’ni Quruq dashtdagi ravot yoki qo‘noq ma’nosini anglatgan.

Xullas, yigirma ikki asrlik o‘tmishda sodir bo‘lgan ulkan tarixiy jarayonlar oqibatida ilk bor qad ko‘targan Toshkent shahri hududining tarixiy geografiyasi, xususan topografiyasi bilan bir qatorda uning Choch, Chochkat, Shosh, Madinat-ush-Shosh deb yuritilgan qadimiy nomlari ham o‘zgarib, tarix sahifalarida qoldirilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, ko‘hna shaharning poydevori asoslarida yangidan barpo etilgan Binkat, ya’ni Toshkentning nihoyatda boy va serqirra toponimiyasida shahar tarixining hayotiy manzarasining jilosi ma’lum darajada saqlanib qolgan. Uning mahalla-ko‘ylari urbonimi, gidronimi, etnotoponimi va oronimlarida na faqat toshkentlik ajdodlarning tili, ijtimoiy, maishiy va ma’naviy hayotining ayrim muhim jihatlari, balki ularning ichki va tashqi dunyo bilan olib borgan serqatnov o‘zaro munosabatlarining aniq izlari ham o‘z in’ikosini topgan.

A.R. Muhammadjonov

Manba:

Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009    

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-toshkent-mahalla-ko-ylarining-ayrim-tarixiy-nomlari-semantikasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x