Toshkent-2200. Qadimgi Choch yodgorliklarida olib borilgan kimyoviy-texnologik va ta’mirlash ishlari tahlili


Post Views:
223

1966 yil 1 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti tarkibida maxsus ilmiy laboratoriya tashkil etildi. Unga respublikamizda ochilayotgan arxeologik yodgorliklarda topilayotgan noyob san’at asarlari, turli hunarmandchilik mahsulotlari va me’moriy yodgorliklarni tabiiy fan usullari yordamida o‘rganish, ularni ta’mirlash va saqlash usullarini yaratish va zaruriy amaliy ishlarni bajarish yuklatilgan edi. Mazkur maqola shu ilmiy laboratoriya, keyinroq (1970 yildan) O‘z FA Arxeologiya instituti bo‘limining ilmiy xodimlari tomonidan Toshkent shahrida olib borilgan ilmiy izlanishlar tahliliga bag‘ishlanadi. Bu markazning tashkil etilishi o‘sha davrlarda O‘zbekiston arxeologiyasida kuzatilayotgan keng ko‘lamli qazilma ishlari, yirik arxeologik kashfiyotlar bilan bog‘liq edi. Bular qatoriga Qadimgi Quva shahristonida ochilgan budda ibodatxonasi, u yerda topilgan odam va ot haykallari, keramika va shishasozlik ustaxonalari, noyob va nafis idishlar, ayniqsa, Samarqandning qadimgi o‘rni – Afrosiyobda to‘rt devorida turli tarixiy voqyea va lavhalar tasvirlangan hokim saroyini kiritish mumkin.

Laboratoriya xodimlarining bu vaqtdagi vazifalaridan biri – bu qisqa vaqt ichida jahon restavratsiya talablariga to‘la-to‘kis javob beradigan qadimgi obidalarni ta’mirlash va saqlash usullarini yaratish edi. Bu sohadagi ishlar ilk bor 1967-1969 yillarda Toshkent temir yo‘l vokzali yaqinidagi VII asrga mansub bo‘lgan Ming-O‘rik qasrining turarjoy xonalari devorlariga chizilgan geometrik bezak nusxalarini qotirish usullaridan boshlandi. Bu yerda bir qancha kimyoviy moddalarni (preparat K4, PBMA va PBMK-5 sopolimerini) bezak tushirilgan maydonlarga shimdirish orqali ularni ta’mirlash talablariga javob berish masalasi o‘rganildi, ayrim maydonlardan namunalar olindi, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa yodgorliklarida olingan sinov natijalari asosida ta’mirlashning yangi usuli yaratildi [Abdurazzakov A.A., Zaynutdinov S.S. Sposob pokrыtiya poristыx poverxnostey. A.s. № 212410 ot 13.XII.1967]. Uni qo‘llash natijasida qadimgi san’at asarlariga kimyoviy moddalarning chuqur singishi sababli ancha yuqori qattiqlikka, bo‘yoqlar yorqinligi va rangining asl holatini saqlab qolishga va tashqi muhitni buzuvchi omillarga chidamliligi ta’minlandi.

Ta’mirlash sohasidagi yirik muammolardan yana biri – bu respublikamiz hududida ochilayotgan loydan bunyod etilgan arxeologik yodgorliklarni saqlash usullarini yaratish va shu yo‘l orqali ularni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish edi. Ma’lumki, respublikamiz viloyatlarida 5391 ta arxeologik yodgorlik mavjud bo‘lib, ularni yer ostidan ochilishi asta–sekin yemirilib yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelar edi. Shu sababli bu masala hech kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanardi. Bu sohadagi ilmiy izlanishlar laboratoriya sharoitida olingan natijalarni dala sharoitida sinashdan iborat bo‘ldi. Bunday amaliy ishlarni respublikamizning turli viloyatlarida iqlim sharoitlari har xil bo‘lganligi sababli ma’lum yodgorliklarni tanlab olib o‘sha yerlarda o‘tkazishga qaror qilindi. Bunday izlanishlar 1979-1980 yillarda Toshkent viloyati Toshkent abraziv zavodi yaqinidagi Oqtepa yodgorligida boshlab yuborildi.

Bu yodgorlik ilk o‘rta asrlar yirik qal’alik qo‘rg‘onlaridan bo‘lib, u V-VIII asrlarga mansub hashamatli binolar, ibodatxona va xo‘jalik inshootlaridan iborat bo‘lgan. Burchaklarida donjon-minoralari bo‘lib, ular aylanma yo‘laklar bilan birlashtirilgan. Asosiy ishlar aylanma yo‘laklar va uchta xo‘jalik binolari – donxonalarda olib borilgan. Hamma xonalarning tushib ketgan devorlari va ayrim tokchalar qayta tiklanib TDI 65:35 monomerini ksiloldagi eritmasi sepib chiqildi. Devorlarga quyosh nurlari yaxshi tushib turganligi sababli qotirish jarayoni yaxshi kechdi. 1979 yili hammasi bo‘lib 25 kv.m maydon kimyoviy qotirildi. Shu yili tajriba maydoni yanada kengaytirildi. Donxonalarning tashqi xonalari devori uch qismga bo‘lib chiqildi va ularda don amaliyotida qo‘llanilib kelinayotgan uchta qotirish usullari sinovdan o‘tkazildi. Birinchi maydonga–TDI 65:35 ksilolli eritmasi, ikkinchisiga etilsilikatga gidroliz spirti va xlor kislotasi qo‘shilgan (65:34:1 nisbatlarda) Iroq va Italiya mutaxassislari taklif etgan tarkib va uchinchisiga–suyuq shisha eritmasi. 1980 yili sinov maydonlari qayta ko‘zdan kechirildi. YUqoridagi ikki tarkib bir qishning o‘zidayoq batamom buzilib, to‘kilib ketgan bo‘lsa, TDI 65:35 bilan ishlov berilgan devorlar ancha yaxshi saqlangan va bu usulni ancha samaradorligi aniqlangan. Shu sababdan tajriba ishlari yanada keng maydonda davom ettirildi. Eski va yangi ochilgan xonalarda tushib ketgan joylar qayta tiklanib ularning usti va ayniqsa, devorlarning taroqsimon qirralari qaytadan tiklanib, somonli loylar bilan suvab chiqildi.

Tiklangan donxonaning shimoliy devorida tajriba ishlari davom ettirilib, qotiruvchi tarkiblarni ishlov berishning yangi tartiblari va usullari sinovdan o‘tkazildi. Ular ichida quyidagi variantlar mavjud:

1. TDI 65:35 trimerli eritmasining 65 foizli atseton eritmasiga 5 foiz katalizator-trietilamin qo‘shib shimdirilganda devor sathi yuqori qattiqlikka erishishi ma’lum bo‘ldi, lekin rangini biroz qorayishi aniqlandi;

2. TDI 65:35 trimerini o‘zining monomerida yoritish orqali yuqori qattiqlikka va rangini anchagina ochilishiga erishilgan bo‘lsa-da baribir devorlar sarg‘ishroq ko‘rinishga ega. Bu variant ta’mirlash ishlarining zaharlik darajasini ancha kamayishiga olib keldi;

3. Devorning qolgan qismi ilgarigi variant – TDI 65:35 monomerini ksiloldagi eritmasi bilan shimdirib chiqildi. Buning natijasida qiyosiy o‘rganish imkoniyati tug‘ildi.

1983-1984 yillarda Oqtepadagi tajriba ishlari yanada kengaytirildi. Oldingi qotirilgan devorlar holati sinchiklab o‘rganilib chiqilgandan keyin yangi xonalarda, asosan, eski variantlar va bir qator yangi qotirish usullari o‘rganildi. Devor yuzlarini saqlanishi qoniqarli darajada bo‘lmay, ko‘pgina joylarida uqalanib, to‘kilib ketayotgan qatlamlar mavjudligi uchun tajriba ishlari asosan ikki variantda olib borildi. Birinchisida, devor yuzlariga avval 5 foizli glitserinning suvdagi eritmasi va ma’lum vaqt o‘tgandan keyin 30 foizli diizotsianatning M-ksiloldagi eritmasi va 1 foiz katalizator qo‘shib shimdirildi. Ikkinchisida esa, buning teskarisi – avval devorlarga 30 foizli toluilendiizotsianatning M-ksiloldagi eritmasi va katalizator aralashmasi va so‘ngra 5 foizli glitserinning suvdagi eritmasi berilgan. Tajribalar birinchi variantni ancha afzalliklarini-qattiqligi, ranglarni o‘zgarmasligi va chidamliligi qoniqarli darajada ekanligini ko‘rsatdi. Lekin, ikkinchi variantda devor yuzlarida ochroq rangdagi dog‘lar paydo bo‘lib, yodgorlik ko‘rinishini ancha o‘zgartirdi va shu sababli uni amaliyotga tavsiya etilmadi. Shunday qilib, 85 kv.m. maydonda olib borilgan ta’mirlash ishlari 5 yildan keyin kuzatilganda ochiq havoda, turli ob-havo sharoitida turganiga qaramay, devorlar turg‘unligi, rangi, dog‘lar, tuzdan yemirilgan maydonlar, mikroorganizmlarning salbiy ta’sirlari ko‘rinmadi. Shunday qilib, 1979-1980 va 1983-1984 yillarda Oqtepa shahristoni qal’asida 600 kv.m. dan ortiq maydondagi qadimgi devorlar kimyoviy qotirildi va ular ustida nazorat davom ettirilmoqda.

Bu yillarda loyli arxeologik yodgorliklarni qotirish orqali saqlab qolishning yangi usullarini yaratish va takomillashtirish ishlari davom ettirildi, xususan 2,4 toluilendiizotsianat va uni izomerlaridan bo‘lgan TDI 65:35 sinovdan o‘tkazilib yaxshi natijalar olindi. Model namunalarda–lyossli kubiklarda va eritmalarda reaksiya mexanizmlari va hosil bo‘luvchi mahsulotlar infraqizil spektroskopiya usulida o‘rganildi. Olib borilgan kompleks tahlillar shuni isbotladiki, loyli arxeologik yodgorliklarni qotirishda aromatik diizotsianatlardan foydalanganda, qadimgi devorlarda ularning dimerli, trimerli va boshqa polimerlari hosil bo‘lib, tarkibida uretanli, mochevinli, biuretli va allofenatli guruhlari yuzaga keldi.

Qotirilgan materiallar tarkibidagi mavjud bo‘lgan namlik miqdoriga qarab ozod izotsianat guruhlariga ega bo‘ldi. Bu guruhlar devor g‘ovakliklarida to‘planadi. Havo harorati, quyosh nurlari va tashqi ob-havo omillari ta’sirida ularning o‘zaro birikishi va polimer hosil qilishi davom etib, qattiqlashish darajasi yanada o‘sishi aniqlandi. Buning natijasida mustahkam xemo, nur va yorug‘lik, namlik hamda bakteriyalarga chidamli, Markaziy Osiyo iqlimiga bardosh bera oladigan kompozitsiyalar hosil bo‘ladi.

Turli vositalar yordamida qotirilgan loyli namunalarni issiqlik va namlikka bo‘lgan chidamliligini o‘rganishga bag‘ishlangan tajribalar diizotsianat monomerlarining uchta vakili – GMD, P-102 va TDI 65:35 yordamida olingan qotiruvchi moddalarni 25-250°S da 1 oydan 4 oygacha chidamli ekanligi va ularni tashqi ko‘rinishida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilmaganligini ko‘rsatdi. Qotirilgan namunalarni 60°S haroratda va 60 foizli havoni nisbiy namligidan 1440 soat ushlanganda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganligi aniqlandi. Qotirilgan kubiklarni maxsus presslarda mustahkamlik (siqishga chidamlilik) darajasi o‘rganilganda ularning hammasida yuqoridagi sharoitlarda (60°S – temperatura va 60 foiz – havo namligi) 100 soat ushlangandan keyin dastlabki ko‘rsatkichga qaraganda, anchagina yuqorilashganligi ma’lum bo‘ldi. Shu vositalar yordamida qotirilgan namunalarni sovuqqa chidamlilik darajasi – 15 sikl va tuzlar eritmasida ushlanganda – 160 sutkaga bemalol bardosh bera olishi aniqlandi.

1984 yili Toshkent shahridagi Shoshtepa yodgorligida ham ta’mirlash-qotirish tajribalari olib borildi. Bu yodgorlik Toshkent viloyatida yashagan qadimgi o‘troq qabilalar tomonidan qurilgan qarorgohlardan bo‘lib, mil.avv. II-I asrlarga mansub edi. Oldingi yil tajribalarini e’tiborga olib bunday qotirish ishlari 100 kv.m maydonda – yodgorlikni sharqiy qismida – arki a’loni tashqi devorida o‘tkazildi. Buning uchun avval 5 foizli dietilenglikolning suvli eritmasi va ma’lum vaqt o‘tgandan keyin toluilendiizotsianatni 65:35 izomeriga trietilamin katalizatorini qo‘shib shimdirildi. Bu ob’yekt 1988 yili qayta kuzatilganda natijalar a’lo darajada ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bunday tajribalar Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Qanqa shahristonida ham olib borilgan. U yerda xomg‘ishtdan qurilgan peshtoqli yo‘lakli binolarning ochilishi munosabati bilan peshtoqlarni ta’mirlab qotirish ishlari olib borildi. Bunday konservatsiya 30 foizli TDI 65:35 monomeriga 70 foiz ksilol va katalizator-trietilamin qo‘shilgan eritmani shimdirish orqali amalga oshirildi. Bulardan tashqari bu jarayon boshqa joydagi 10 kv.m maydonda TDI 65:35 va 5 foizli turli spirtlar va katalizatorlar yordamida amalga oshirildi. Bulardan tashqari shu yodgorlikda topilgan va jiddiy buzilishlarga uchragan mehrob ham ta’mirdan chiqarildi. Uni qotirishda laboratoriyada yaratilgan kimyoviy usullardan keng foydalanildi.

Shunday qilib, Toshkent vohasi yodgorliklarida olib borilgan ilmiy-tajribalar katta muammolarni hal qilishga yo‘l ochdi va dunyoda ilk bor loydan qurilgan qadimgi inshootlarning saqlash usullarini yaratish imkonini berdi [Abdurazzakov A.A. i dr. Sposob zakrepleniya poristogo materiala. A.s. № 325822 ot 12.X.1971; Abdurazzakov A.A. i dr. Sposob zakrepleniya drevnix poristыx materialov. A.s. № 938526 ot 23.II. 1982; Abdurazzakov A.A. i dr. Sposob zakrepleniya drevnix poristыx materialov. A.s. № 1330952 ot 15.IV. 1987; Abdurazzakov A.A. i dr. Sposob zakrepleniya drevnix poristыx materialov. A.s. № 1580780 ot 22.III.1990].

Yirik inshootlarda olingan natijalar arxeologik topilmalarni saqlab qolishda ham keng qo‘llanildi. Bunday amaliy ishlar 1987 yilda Toshkent vohasi Shoxjuvartepa binolari ichida yotgan XI-XII asrlar loydan ishlangan qirqma bezak taxtachalarini saqlab qolishda foydalanilgan. Ular, asosan, och qizil va ko‘kish kulrang loylardan ishlangan bo‘lib, yuzlariga o‘simliksimon, geometrik va epigrafik ko‘rinishdagi naqshlar tushirilgan. Loylar kimyoviy tahlil qilinganda ular bir xil tarkibli ekanligi va och qizil rang esa bino ichida yong‘in sodir bo‘lganligini ma’lum qildi. Bu taxtachalarni qotirishda asosan TDI 65:35 monomeriga glitserin va katalizatortrietilamin qo‘shilgan eritmalar shimdirilgan. Teskari tomoniga laboratoriyada PBMA polimerini 20 foizli eritmasi doka bilan yopishtirilgan.

Ta’mirlash laboratoriyasining ilmiy yo‘nalishidan yana biri – arxeologiya qazilma ishlari davrida topilgan qadimgi va o‘rta asr topilmalarining kimyoviy-texnologik jihatlarini o‘rganish bo‘ldi. Bu sohada yerostidan topilgan metall, keramika va shishadan ishlangan hunarmandchilik mahsulotlari va ishlab chiqarish qoldiqlari o‘rganildi. Olingan natijalar Toshkent vohasining shishasozlik sohasida alohida o‘rni borligini aniqladi. Bu yerda shisha munchoqlar mil. avv. II – milodiy I asrlarda uchragan bo‘lsada ishlab chiqarish ilk o‘rta asrlarda (VI-VIII aa.) yo‘lga qo‘yilganligi va o‘rta asrlarda juda keng tarqalganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rta asr shishalari vohaning 30 dan ortiq yodgorliklarida topilganligi, mo‘g‘ul istilosi davrida biroz inqirozga uchrasa-da bu hunar milodiy XVI-XVII asrlargacha muttasil rivojlanib borganligi aniqlandi. Vohaning 9 ta yodgorligida topilgan 79 ta shisha namunalarini o‘rganish orqali VII-VIII asrlardan to XIV-XVI asrlargacha 6 ta kimyoviy tarkibli shisha mahsulotlar tarqalgan bo‘lib, ularning asosiy qismi (61 tasi) bitta guruhga – 6 tasi kimyoviy oksidli tarkibga mansub ekanligi aniqlandi. Olingan bu ma’lumotlar Toshkent vohasini Markaziy Osiyoning yirik shishasozlik markazlaridan biri ekanligidan darak beradi [Abdurazakov A.A. Medieval Glasses from the Tashkent Oasis Journal of Glass Studies, New-York, USA, 1969. Voc.XI. Pp. 31-36; Abdurazakov A.A. Drevniye i srednevekovыye steklyannыye izdeliya iz gorodov i seleniy Tashkentskogo oazisa // Goroda Sentralnoy Azii na VSHP. TD. Samarkand. S. 8-9].

Bunday tadqiqotlar me’moriy yodgorliklar ashyolari ustida ham olib borildi. Jumladan viloyatda joylashgan Zangiota maqbarasi ( XV a.)ning va Qozog‘iston hududining Jambul shahridagi Oysha Bibi (XII a.) yodgorliklari bezak taxtachalari va ularning yuzlaridagi sir-glazurlar tahlil etildi.

Laboratoriya ish faoliyatida amaliy ishlar–topilmalarni saqlab qolish va ta’mirlash katta o‘rin egallaydi. 1968 yili 250 dan ortiq tangalar, yirik bronza idishlar va Qanqa shahristonida topilgan mis muhrlar kimyoviy usullarda tozalanib muzeylarga topshirildi. Bunday ishlar hajmi keyingi yillarda yanada kengaytirildi.

Shunday qilib, Toshkent vohasi yodgorliklarida ta’mirlash sohasida qiziqarli va sermazmun tadqiqotlar olib borilgan va amaliyotga joriy etilgan.

A.A. Abdurazzoqov

Analiz ximiko-texnologicheskix i restavratsionnыx rabot, provedennыx na pamyatnikax Drevnego Chacha

V statye izlagayutsya rezultatы ximiko-analiticheskix i restavratsionnыx rabot, provedennыx spetsialnoy laboratoriyey, organizovannoy v 1966 godu v sostave Instituta istorii i arxeologii AN RUz, a zatem stavshey v 1970 godu Otdelom restavratsii Instituta arxeologii AN RUz.

A. Abdurazzaqov

Analysis of chemical-technological and restoration works, conducted on the sites of Ancient Chach

The article presents the results of chemical-analytical and restoration works, conducted by special laboratory, established in 1966 as a part of the Institute of History and Archaeology of the Academy of Sciences of Uzbekistan, which later, in 1970, became the Department of Restoration of the Institute of Archaeology of the Academy of Sciences of Uzbekistan.

Manba:

Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-qadimgi-choch-yodgorliklarida-olib-borilgan-kimyoviytexnologik-va-ta-mirlash-ishlari-tahlili/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x