Toshkent-2200. Choch va So‘g‘d: savdo-iqtisodiy aloqalar tarixidan (ilk o‘rta asrlar davri misolida)


Post Views:
1 003

4 O‘rta Osiyoning Xitoy hamda Sharqiy Osiyo hududidagi boshqa davlatlar bilan qadimgi davrlardayoq vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalari ilk o‘rta asrlarda, ayniqsa, VI-VIII asrlarda o‘zining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Savdo – iqtisodiy aloqalar rivojida, eng avvalo, O‘rta Osiyoning rivojlangan hududlari – So‘g‘d va Choch mulkliklari muhim o‘rin egallaydi.

So‘g‘d – O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘ining qadimgi urbanizatsiyalashgan makoni hisoblanib, o‘z tarkibida Zarafshon daryosi yuqori va o‘rta oqimidagi dehqonchilik vohalarini ishg‘ol etgan Samarqand So‘g‘di, daryoning quyi oqimida, shimolda Qizilqum sahrosi va g‘arbda Amudaryoga qadar cho‘zilgan, yarim dashtliklar bilan chegaralangan Buxoro So‘g‘di, shuningdek, Qashqadaryo vohasida Janubiy So‘g‘d yerlarini tashkil etadi. Manbalarda mintaqaning mazkur davrdagi Sharq, xususan, Xitoy bilan savdoiqtisodiy aloqalarida So‘g‘diylarning faol ishtiroki ta’kidlab o‘tilgan. Jumladan, amerikalik xitoyshunos E. Shefer bu davrda Yevroosiyo karvon savdosi yo‘llarida tujjorlarning xalqaro so‘zlashuv tili So‘g‘diy bo‘lganligini ta’kidlaydi. Bu bejiz emas edi, chunki “… G‘arbda va Uzoq Sharqda taraqqiy etgan buyuk sivilizatsiyalar o‘rtasidagi har tomonlama (shu jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalar ham – A.A.) aloqalarning rivojlanishida O‘rta Osiyo aholisi – baqtriylar, parfiyaliklar, xorazmiylar va albatta, eng avvalo, So‘g‘diylar muhim o‘rin tutadilar”. Savdo-iqtisodiy aloqalarda So‘g‘d tujjorlari G‘arb va Sharqda ishlab chiqarilgan o‘z davrining eng xaridorgir mahsulotlari bilan bir qatorda mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan turli hunarmandchilik mahsulotlari bilan ham savdo-sotiq qilganlar. Zero, “…ular (So‘g‘diylar) Sharqiy Turkiston vohalari hamda Xitoy shaharlariga So‘g‘d sivilizatsiyasining ko‘plab madaniy yutuqlarini ham olib kelganlar, bu yerlarda o‘z tamaddunlarini yaratganlar”. Bular orasida paxta xomashyosidan tayyorlangan mahsulotlar bo‘lganligi shubhasiz. Chunki, “…V-VI asrlarda Sharqiy Turkiston va O‘rta Osiyo hududlarida katta maydonlarga g‘o‘za ekilgan. Markaziy Osiyoning paxta tolasi Xitoyda ham mashhur bo‘lgan”.

Mintaqaning mazkur davrdagi Sharq mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida ko‘chmanchi qabilalar bilan olib borilgan savdo-sotiq muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonda savdo-sotiqning eng qadimgi davrda shakllangan mahsulot ayriboshlash turi keng yoyilgan edi. Jumladan, mintaqaning shimoli-sharqiy sarhadlari bilan tutash hududlarda yashagan ko‘chmanchi qabilalar orasida So‘g‘d hunarmandlari tomonidan tayyorlangan, O‘rta Osiyoning kushon-sosoniy jamiyati ixtirosi bo‘lmish hayvon suyagi yoki shoxlari bilan bezatilgan murakkab shakldagi kamonlar, baland, oq rangli jun (kigiz) bosh kiyimlari xaridorgir bo‘lgan. O‘z navbatida, Xitoy manbalarida keltirilishicha, So‘g‘diylar ko‘chmanchi qabilalardan harbiy kiyim-kechakning atributi hisoblangan etiklarni ayriboshlaganlar. O‘troq aholi va chorvador qabilalar o‘rtasidagi yirik savdo-iqtisodiy aloqalar asosan O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy tumanlarida amalga oshirilgan. Bu aloqalarda Choch mulkligi alohida ahamiyatga ega edi.

Choch – o‘troq aholi va ko‘chmanchi qabilalarning faol aloqalari zonasidagi qulay geografik arealda – Sirdaryoning o‘rta havzasi hududini ishg‘ol etgan bo‘lib, qadimgi davrlardanoq Markaziy Osiyo xalqlarining savdo-iqtisodiy va madaniy-etnik aloqalari rivojida o‘ziga xos “ko‘prik” vazifasini o‘tagan. Antik davr manbalariga e’tibor beradigan bo‘lsak, aynan Sirdaryoning o‘rta havzasi o‘troq aholi va chorvador ko‘chmanchi qabilalar o‘rtasidagi muayyan munosabatlar makoni bo‘lgan. Jumladan, Strabon, “Yaksart So‘g‘diy va ko‘chmanchilarni ajratib turadi” desa, Dionisiy Periegit esa “So‘g‘diyonadan so‘ng Yaksart oqimi bo‘ylab kamon bilan jang qiladigan, bexato otuvchi eng mohir kamonchilar bo‘lgan saklar yashaydilar” deb ma’lumot beradilar. Ushbu ma’lumotlarning o‘ziyoq Choch dasht ko‘chmanchilarining dehqonchilik vohalari aholisi bilan har tomonlama aloqalari juda qadimgi davrlarga borib taqalishini ifoda etadi. Bundan tashqari, Chochning Farg‘ona bilan ham o‘zaro aloqalari kuchli bo‘lgan. Bu hududlarda istiqomat qilgan ko‘chmanchi chorvadorlar mozor-qo‘rg‘onlarida ham dehqonchilik, ham chorvador qabilalarga oid turli ashyolarning uchrashi mil. avv. I ming yillik o‘rtalarida ular o‘rtasida o‘zaro mahsulot ayriboshlash savdosining rivoj topganligini tasdiqlaydi. Ayriboshlash savdosining rivojida “Dasht yo‘li” muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Tadqiqotchilarning fikricha, bu jarayonda ko‘chmanchi chorvador qabilalar teri, mo‘yna, jun va jun mahsulotlari hamda go‘sht-sut mahsulotlari evaziga o‘troq aholidan harbiy qurol-yarog‘ va ot anjomlari, gazlama va kiyim-kechak, zeb-ziynat buyumlari va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari ayriboshlaganlar. Geograflarning tadqiqotlariga ko‘ra, aynan Chochning ko‘chmanchi qabilalarga tutash hududlaridagi ko‘chmanchilar terini ishlov berilmagan holda olib kelar, keyin esa ular o‘troq aholi tomonidan qayta ishlanar edi.

Mazkur davr arafasida Markaziy Osiyoda sodir bo‘lgan ekologik inqiroz (mil.II-IV asrlar) Sirdaryoning o‘rta havzasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, umuman, urbanizatsiya jarayonlarida muhim bosqichni vujudga keltirdi. Bunday vaziyat asosiy xo‘jaligi chorvachilik bo‘lgan ko‘chmanchi qabilalarning sharqdan g‘arbiy hududlarga ommaviy ko‘chishiga sabab bo‘ladi, jumladan, Quyi Sirdaryo hududlaridagi qabilalar ham YUqori Sirdaryoga, undan esa g‘arbga – Zarafshon va Qashqadaryo vohalari yo‘nalishida ko‘chib o‘tadilar. Natijada milodiy III asrga kelib qadimgi yirik davlatlardan biri bo‘lgan Qang‘ inqirozga uchraydi va Qang‘ ittifoqi tarkibidan alohida mustaqil mulkliklar ajralib chiqadi. Aynan mana shu davrda O‘rta Sirdaryo havzasi tarixiy xaritasida Choch mulki va shu nomli poytaxt paydo bo‘ladi. Choch mulkligining taraqqiy topishida Markaziy Osiyoda ushbu davrda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ham asosiy o‘rin tutadi. Jumladan, Xitoy imperiyasining g‘arbiy hududlarda o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga bo‘lgan jiddiy intilishi G‘arb, xususan, O‘rta Osiyo bilan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida ham muhim omil bo‘ldi. Milodiy 121 yilda xunn qabilalari ustidan yirik g‘alabaga erishgach, imperiya G‘arbiy o‘lkalarni faol “o‘zlashtirish”ga kirishadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun Xitoy imperatorlari tomonidan G‘arbiy o‘lkalarga yiliga besh-olti, ba’zi yillarda o‘n martadan ko‘proq yirik (tarkibida bir necha yuz kishi) va kichik (yuzdan oshiq kishi) elchilik missiyalari yuborilgan. Shubhasiz, bu elchilik missiyalarining oldiga qo‘yilgan eng muhim vazifalardan biri – G‘arbiy o‘lkalar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat edi. Bu jarayon mintaqaning shimoli-sharqiy hududlari, ya’ni, dehqonchilik vohalari aholisi va chorvador qabilalar o‘rtasidagi eng muhim areal –Sirdaryo o‘rta oqimi havzasida “asosiy faoliyati dehqonchilik va chorvador qabilalarning savdo-iqtisodiy aloqalariga qaratilgan”, Choch mulkligi taraqqiyotida taraqqiyotida muhim omil bo‘ldi.

Sirdaryo o‘rta oqimi havzasida “asosiy faoliyati dehqonchilik va chorvador qabilalarning savdo-iqtisodiy aloqalariga qaratilgan”, Choch mulkligi taraqqiyotida taraqqiyotida muhim omil bo‘ldi. Sirdaryoning o‘rta oqimi havzasi, shuningdek, uning o‘ng irmoqlari – Chirchiq va Ohangaron vohalari uch tomondan o‘ziga xos, taqasimon shaklda osmono‘par Tyanshan tog‘ining g‘arbiy tizmalari – Chotqol, Qurama hamda Qurama tizmasining Sirdaryoga qadar cho‘zilgan tarmog‘i Qoramozor tog‘lari bilan o‘ralgan. Geografik jihatdan Farg‘ona va Talas vohalariga o‘tish uchun juda qulay dovonlarga ega bo‘lgan Choch tog‘ yonbag‘irlari nafaqat yirik, balki kichik tuyoqli chorva mollari, balki zotdor otlar yetishtirish uchun ham ancha qulay bo‘lgan. Milodiy III asrdan e’tiboran Sirdaryo vodiysiga tutash bo‘lgan tekislik va tog‘oldi hududlarida yangi yerlar, shuningdek, Ohangaron vohasining janubiy hududlari ham faol o‘zlashtiriladi. Bu esa chorvador aholi o‘rtasida o‘troq turmush tarziga o‘tish kuchayganligidan dalolat beradi. Hududda urbanizatsiya jarayonlarining kuchayishi o‘z navbatida shahar va shahar tipidagi yirik hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlarining vujudga kelishiga olib keldi. Jumladan, Ohangaron vohasi bu davrda Chochning iqtisodiy okrugi hisoblanib, vohaning turli hududlaridan ko‘plab foydali qazilmalar – Lashkarak kon hududida – kumush, Qizilolmada – oltin, Ko‘krelda – mis, Shovgazda – temir xomashyosi qazib olingan. Bundan tashqari maxsus, metallni qayta ishlash markazlari – Tunkat (Iloq), Tuqkat (Qulota), hozirgi Angren shahri yaqinida Nomsiztepa, Qo‘rg‘ontepa va Kindiktepa kabi yirik ishlab chiqarish va savdo-sotiq manzillari rivoj topadi. Shuningdek, Choch tog‘laridan Sharq mamlakatlarida “baxt va g‘alabalarga yordam beruvchi” hamda “ko‘z tegishidan, yovuz ruhlar g‘azabidan, turli zaharli hasharotlar va ilon-chayonlardan asrovchi tumor” sifatida yuqori qadrlangan firuza (xitoy manbalarida “se-se”) toshi ko‘plab qazib olingan. Tadqiqotchilar fikricha, firuza qazib olingan asosiy kon Qoramozor tog‘ining shimoliy qismida, Ungurlisoyning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan, bundan tashqari Iloq hududida ham bir necha – Oqtepa, Gulduran, Firuzakon kabi uncha katta bo‘lmagan konlardan ham yuqori sifatli firuza qazib olingan. Firuza Chochning nafaqat Sharq mamlakatlari bilan olib borilgan savdo-sotiqda, balki, So‘g‘d shaharlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarida ham asosiy mahsulotlardan biri bo‘lgan. Jumladan, Yerqo‘rg‘on shahri ibodatxonasi xarobalarida (mil. III-V asrlar qatlami) olib borilgan tadqiqotlar vaqtida topilgan oltin taqinchoq qismi(kulon)ni aynan, firuza toshi bezab turganligi aniqlangan.

Xulosa qilib aytganda, ilk o‘rta asrlar davriga kelib Choch mulkligi o‘z taraqqiyotining yuqori bosqichiga ko‘tariladi, poytaxt yirik hunarmandchilik va savdosotiq markaziga aylanadi. Chochning xalqaro karvon savdosi chorrahasida joylashganligi mulklikning birinchi navbatda, Sharq mamlakatlarining g‘arbiy o‘lkalar bilan olib boriladigan savdo-iqtisodiy aloqalarda faol ishtirok etishini ta’minladi. Milodiy III-IV asrlardayoq Sharqiy Turkiston hududlarida o‘z savdo koloniyalariga ega bo‘lgan So‘g‘d tujjorlari bilan birgalikda chochliklar ham qizg‘in savdo-iqtisodiy aloqalar olib boradilar. Xususan, “Eski So‘g‘d xatlari”ga ko‘ra “Chochliklar (miqdoriga ko‘ra – A.A.) Samarqand va Buxoro savdogarlaridan keyingi uchinchi o‘rinni egallaydilar”. Turk xoqonligi va So‘g‘d yuqori tabaqasining mushtarak manfaatlari So‘g‘d tujjorlarining sharqiy yo‘nalishdagi savdo-iqtisodiy aloqalarda yetakchi o‘rinni egallashiga zamin yaratgan edi. Bu aloqalarda faol ishtirok etgan Choch va chochliklar So‘g‘d sivilizatsiyasining Uzoq Sharq mamlakatlariga keng yoyilishida munosib o‘rin egallaydi.

A.R. Abduqayumov

Чач и Согд: из истории торгово-экономических отношений

В статье рассматривается развитие ремесла и торгово-экономических связей Чача с Согдом. Определяется роль Чача в международных торгово-экономических связях и распространении согдийской цивилизации на Востоке в раннем средневековье.

A.R. Abdukayumov

Chach and Sogd: trade-economical realitions in yearly middle ages

The article considers the problem of development craftsmanship and trading-economical realitions of Chach with Sogd, also mean of Chach in the international trading-economical realitions and transformation of Sogdian civilization.

Foydalanilgan adabiyotlar:

Шефер Э. Золотые персики Самарканда. Книга о чужеземных диковинах в империи Тан. М.: ГРВЛ, 1981.

Ртвеладзе  Э.В. Самарканд на Великом шелковом пути // Самарқанд шаҳрининг умумбашарий маданий тараққиёт тарихида тутган ўрни. Халқаро илмий-амалий анжуман материаллари. Тошкент-Самарқанд, 2007.

Musayev  N. O‘rta Osiyoda dehqonchilik madaniyati va agrar munosabatlar tarixidan. Toshkent, 2005.

Korobkova G.F. Drevniy i srednevekovыy Samarkand na Velikom shelkovom puti // Samarqand shahrining umumbashariy madaniy taraqqiyot tarixida tutgan o‘rni. Toshkent-Samarqand, 2007.

Страбон. География в XII книгах. М.,1964. Т.XI.

Древние авторы о Средней Азии (VI в. до н.э.-VI в. н.э.). Ташкент, 1940.

Горбунова Н.Г. Роль традиционных путей передвижения скотоводческих племен и сезонных перекочевок в сложении торговых путей в древности // Формирование и развитие трасс Великого шелкового пути в Центральной Азии в древности и средневековье. Тезисы докладов международного семинара ЮНЕСКО. Ташкент, 1990.

Qadimgi O‘rta Osiyo tarixidan lavhalar. Toshkent, 2008.

Смирнова О.И. Очерки из истории Согда. М.: Наука, 1970.

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Ч.II. Алматы, 1998.

Беруни Абу Райхан. Собрание  сведений  для  познания  драгоценностей  (Минералогия).  Пер.  и  прим. прим. Беленицкого А.М. Л., 1963.

Семенов А.А. Из области воззрений мусульман Средней Азии на качество и значение некоторых благородных камней и минералов // Мир Ислама. Вып.1.СПб., 1912. №3.

Буряков Ю.Ф. Горное дело и металлургия средневекового Илака V – начала XIII в. М.,1973.

Сулейманов Р.Х. Древний Нахшаб. Проблемы цивилизации Узбекистана VII в. до н.э. – VII в. н.э. Самарканд; Ташкент, 2000.

HennIng W. Mitteliranisch der Orientalistik.1. Abteilung.4. Band. Iranistik. Leiden; Koeln, 1958.

Abduqayumov A.R. So‘g‘d shaharlarida pul xo‘jaligi va tovar-pul munosabatlari // O‘zMU xabarlari, 2008. 2-son.

Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-choch-va-so-g-d-savdo-iqtisodiy-aloqalar-tarixidan-ilk-o-rta-asrlar-davri-misolida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x