“Tomga qoʻngan bulutlar…”

Mititaka Yamada

 

TONG MANZARASI

Oltin qoʻngʻiz ivirlab,

Nozik qadam bosadi.

Nozli shamol shivirlab

Chorrahada esadi.

Har oʻtkinchi bariga,

Yenglariga ilashib…

Vaqt oʻtmoqda talashib…

Yangrab Shubert maqomi

Tong qoʻyniga oqadi.

Goʻyo tuman chulgʻagan

Olisni uygʻotadi.

Goʻyo tongning yuziga

Kuydan shuʼla purkaydi.

Goʻyo ufq labiga

Qizil boʻyoq surkaydi…

Yoʻl chetida mizgʻigan

Koʻm-koʻk, koʻm-koʻk – har yaproq

Goʻyo tong moʻjizasin

Koʻrmagandek hech bir choq

Hayron qolib koʻzini

Katta-katta ochadi.

Qushlar esa saldan soʻng

Shahar boʻylab uchadi.

Ammo shamol bulutning

Soqolini qirmoqda.

Bulut esa yolvorib

Unga izoh bermoqda:

“Quyosh yuzin toʻsmayman,

Chiqaversin bemalol…”

Yupqa kumush oq parda

Ufq betin oʻraydi.

Tomga qoʻngan bulutlar

Asta-asta eriydi.

Bulut – hurlik yalovi,

Yuksaklarda bilmas gʻov.

Boʻron uni parchalab

Tashlagandir beayov.

Endi oʻsha parchalar

Yer betiga qoʻnmoqda.

Naqshi koʻcha-koʻylarni

Bezab, porlab yonmoqda.

Goʻyo kafan boʻlib u

Sonsiz halok boʻlganlar,

Joni tirik qolganlar

Jasadini oʻraydi,

Oh-dodini oʻraydi…

Rahming kelsin, ey, davr!

Demak, yaqin fursatda

Koʻz yoshimni quritsang,

Koʻngil kular albatta!

 

DARYODAGI YILTILLAGAN YOʻL

Kumush boʻlib tovlanar bu yoʻl,

Chor atrofi tiniq, koʻm-koʻk suv.

Gar istasang, mayli, sayyoh boʻl,

Nur toʻshalgan bu yoʻllar suluv.

Suv ostidan tinglaysan har kun

Goho yigʻi, goh kulgi – nido,

Goh soyalar suhbatin sekin,

Goh quloqni yorgudek sado.

O, yorilib ketdimi daryo, –

Keldi oʻgʻlim tovushi, evoh!

… Suv ostida yashil yoʻllar bor,

Bu yoʻllarda qumlar hayajon

Zavqli qoʻshiq aytadi bedor…

Nahot kirdi soyalarga jon?

Nahot ular tirigu, hayot

Kamalaklar nurida oʻynar?

Suvdek moviy koʻzlari yonar?

Nahot buning bari xayolot?

Oq bulutlar – oppoq kaptarlar,

Vayronalar ustidan osha –

Uchishingiz qanday tomosha!..

 

Shuhrat tarjimalari

 

ziyouz.uz

https://saviya.uz/ijod/nazm/tomga-qongan-bulutlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x