TOBELANISH — tobe sintaktik munosabatda boʻlish; soʻz birikmasi yoki gap tarkibidagi soʻzlarning oʻzaro teng boʻlmagan, sintaktik jihatdan biri ikkinchisiga boʻysunuvchi munosabati. Sintaktik jihatdan biri ikkichisiga boʻysunadigan, biri ikkinchisiga tobe boʻlgan birliklar orasida tobe aloqa mavjud boʻladi. Tobe aloqada bir uzv ikkinchisiga nisbatan tobe, ikkinchisi esa unga nisbatan hokim vaziyatda boʻladi. Mac, aniqlovchi — aniqlanmish, toʻldiruvchi — kesim, ega — kesim aloqalari tobe aloqadir: goʻzal hayot, hunarni sevmoq, dalalar yashnamoqsa kabi. Ega — kesim munosabatida hokim qism, qolgan turdagi birikuvlarda esa tobe qism oldin keladi. Tobe aloqaning 3 xil turi bor: boshqaruv, moslashuv, bitishuv. Boshqaruv aloqasida tobe soʻz hokim soʻzning talabi bilan maʼlum grammatik shaklga kiradi, shu shakl orqali tobelanadi: bozorga bormoq, qalam bilan yozmoq. Moslashuv aloqasida tobe soʻz oʻz shaklini hokim soʻzning shakliga moslaydi, hokim soʻzning shakli oʻzgarishi bilan tobe soʻz ham unga moye holda shaklini oʻzgartiradi: men aytaman, sen aytasan; mening kitobim, uning kitobi kabi. Bitishuv aloqasida tobe soʻz hokim soʻzga grammatik shakl yordamida emas, balki tartib va ohang orqali bogʻlanadi: musaffo osmon, tez gapirmoq kabi.
Ad.: Oʻzbek tili grammatikasi, 2j., Sintaksis, Tobelanish, 1976.
Ilhom Madrahimov.