Toʻrtinchi adabiy tur bormi?

Adabiyotning hayotga munosabatida oʻziga xos qahramon tipi va uning alohida nutqi (til) ham vaqt va hajm bilan aloqador boʻlgan hodisa adabiy tur deyiladi.

Jahon adabiyoti nazariyasi xulosasiga koʻra adabiy turlar uchtadir, ular epos, lirika va dramaturgiyadir. Bu qarash Aristotel, Gegel, K. Byuxer, Belinskiy, Veselovskiy va boshqa nazariyotchilar tomonidan dalillangan. Ammo hozirgi matbuotimizda adabiy turlar toʻrtta, yangi aniqlangan toʻrtinchi adabiy tur paremiyadir. “Paremiya” – yunoncha, maqol, hikmatli soʻz, demakdir (“Oʻzbek tili va adabiyoti”, 1993,5-son; “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 2002,7–yun), deyishmoqda. Vaholanki, har bir adabiy tur uchta belgiga ega. Har biri: oʻziga xos qahramonga molik boʻlish, epos epik, lirika lirik, dramaturgiya dramatik qahramonga ega.

Lirikada “men” (biz) qahramondir, butun hayotjamiyat va tabiat shu “men” tilidan soʻzlanadi:

 

Dilrabo, bizga nechuk muncha azob,

Otash hajring necha qildi xarob.

 

Oʻzgalarga komronligʻlar qilib,

Men kabi shoʻridagʻa qahr-u itob. (Furqat. Dilrabo).

 

“Men” paremik janr deyilgan maqolda ham mavjud: Sinch uyim – tinch uyim. (“Oʻzbek xalq maqollari”, 2-tom, “Fan”, 1988,32-bet).

Bu jildda bunday maqollar 91 tadir.

Bunday hol oʻzbek xalq topishmoqlarida ham mavjud: Zil gilam, zil-zil gilam, Koʻtaray desam – ogʻir gilam. (Yer). (Topishmoqlar. T., “Adabiyot va sanʼat”, 1981,10-bet).

Mumtoz nazmdagi muammolarda ham shunday:

 

Tanimda dogʻlar uzra gʻamingki oʻrtadi dogʻ,

Koʻrundi oʻzgacha ul dogʻdin tanimgʻa farogʻ. (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. Yigirma tomlik, birinchi tom. T., “Fan”, 1987,670-bet).

 

Bundan fardlar ham mustasno emas:

 

Noz ila avval meni firifta qilding,

Emdiki, toptim firib – shifta qilding. (Oʻsha tom, 689-bet).

 

Abdulla Qahhorning “Yon daftardan” asariga kirgan mana bu aforizm “men” tilidan aytilgan: “Men partiyaning soldati emas, ongli aʼzosiman”. (Abdulla Qahhor. Yoshlar bilan suhbat. T., “Yosh gvardiya”, 1968,140-bet).

Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asari ham aforizmlar turkumidir. Ularda “men” va “biz” tilidan aytilgan aforizmlar ham bor:

“Menimcha, odamxoʻrlik bugun ham davom etyapti. Modomiki, yer yuzida urush balosi bor ekan, shuning oʻzi odamxoʻrlik”.

“Turmush sinovlariga biz kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning aybimiz uchun goʻdaklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak?” (Oʻ. Hoshimov. Saylanma. Umr savdosi. Ikki jildlik, ikkinchi jild, T., “Sharq”, 1998,673–674-betlar).

Bu aforizmlarning lirikligi “men” tilidan aytilganligida emas, balki ularda epik sujet (voqea) yoʻqligida hamdir.

“Men” qahramon boʻlgan sheʼrlarda bu hol belgilidir. Buni Navoiyning “Yorab ul oyinki el” gʻazalida ham koʻrish mumkin. Lekin belgisiz shakl ham bor. Bu hol Boburning “Qish garchi zamoni” ruboiysida uchraydi, yaʼni unda “men” yoʻq, yaʼni bu ruboiy lirik qahramoni belgisiz, buni maqol janrida ham koʻramiz.

Suvning ishi – oʻpirmoq. (Oʻzbek xalq maqollari. “Adabiyot va sanʼat”, 1989,70-bet).

Bunday xususiyatlar, rivojlanib boruvchi epik voqeasi boʻlmagan shakllar – aforizm, fard, muammo, topishmoqlarga ham xosdir. Chunki bunday asarlarni ham paremiya adabiy turiga mansub deb yanglish fikrlarni ilgari surilmoqda. Demak, bunday sheʼrlar lirika adabiy turiga tegishlidir.

Adabiy turning ikkinchi belgisi tilga bogʻliq. Eposda avtor rivoyasi, lirikada monologik, dramada dialogik nutq hukmron. Adabiy turning uchinchi belgisi hajm va vaqt bilan aloqador. Eposda keng, tashqi epik voqea hikoya qilinadi, lirikada oniy vaziyat kechiniladi, sheʼr qisqa boʻladi, dramada, boʻlgan voqea sahna orqali xuddi hozir roʻy berayotgandek koʻrsatiladi, bu adabiy tur harakat va tomoshaga suyanadi, ikki soatcha davom etadi.

Paremiya adabiy turi donishmandlikka tayanadi, deyilmoqda, afsuski, bu fazilat boshqa adabiy turlarga ham xos (masalan, Gulxaniy, Zarbul masal). Bu asar – epik, maqollar orqali fikrlanadi.

Xulosa shuki, paremiya deb atalgan toʻrtinchi adabiy tur adabiyotda mavjud emas, unga mansub deb qaralayotgan sheʼrlar, xuddi shu xildagi nasr-aforizm yo esse esa lirikaga kiradi. Chunki ularda rivojlanib boruvchi epik voqea yoʻq, “men” bor yo yoʻq. Belinskiy poyeziyaning turlariga oid asarida hikmatli soʻzlarni “epik” degan, ammo ularni “qadimgi” deb qaralgan, chunki

Belinskiy davrida “sinkretizm” atamasi hali kelib chiqmagan edi, “qadimgi” deganda, “sinkretizm”ni tushunilgan, chunki u davrda adabiy turlar va janrlar boʻlmagan, ular aralash holda yashagan.

 

Ummat TOʻYCHIYEV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sogʻlom avlod uchun” jurnali, 2010–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tortinchi-adabiy-tur-bormi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x