“Toʻlqinlar tugʻyonin kuzatasan jim”

Umrim chorbogʻi

 

Umrim chorbogʻiga sizni chorladim,

Shoyadki, sayridan topsangiz huzur.

Guli xushnud etsa, hosil murodim,

Tikani ranjitsa, tutasiz maʼzur.

 

Chorbogʻim jilosi, qalbim qoʻridan,

Dardimning rangi bor har yaprogʻida.

Nabotot yashnarkan quyosh nuridan

Chaqmoq zarbini ham tuyar gohida.

 

Kuldan xoli emas yalligʻlangan choʻgʻ,

Koʻpikdan xolimas toʻlqinlangan suv.

Armon tosh otmagan biror orzu yoʻq,

Ishq yoʻqdir hijrondan ichmagan ogʻu.

 

Gullarim ranglari bir tusda emas,

Baqamti tovlanar qora bilan oq.

Zavqu gʻam yashaydi hamrohu payvast,

Qadrini teng bilar visolu firoq.

 

Shu bois, chorbogʻim bagʻrida kezib,

Koʻnglingiz toʻlmayin boʻlsangiz arzdor.

Aybimni hayotning boʻyniga yozib,

Samandar Vohidni hisoblang qarzdor.

 

Sakkizlik

 

Olisda orzuday yonar chiroqlar,

Qaydadir chirildoq kuylar jonsarak.

Yellar – tun qalbidan koʻchgan titroqlar,

Yulduzlar samoda uchirar varrak.

 

Oyning nigohida bir maʼyus maʼno,

Ufqlar ortiga boqadi sergak.

Mening izmimdagi tun quchgan dunyo,

Quyoshga sogʻ-omon yetishi kerak.

 

Sardoba

 

Sahroning bagʻrida horgʻin moʻysafid

Mudrab oʻtirganday qurib chordona,

Sardoba turibdi qilgancha sukut,

Davron diqqatidan sabil, ordona.

 

Quyosh otashini sochar beomon,

Sabrini etmoqchi boʻlar jizgʻanak.

Sardoba sabotdan tutib soyabon,

Bardoshdan – yelpigʻich,

Buzmaydi pinak.

 

Karvon qoʻngʻirogʻin sadolarini

Sogʻingan gʻishtlari aylanib koʻzga,

Chanqoq yoʻlovchilar duolarini

Tinglash orzusida boqar olisga.

 

Bahorda jamlagan yomgʻir suvini

Tubiga yashirib sahro zabtidan,

Muzdek asrash bilan oʻtadi kuni,

Oʻzi sargʻaysada garmsel taftidan.

 

Huv, yiroq-yiroqda barxanlar oshib –

Ufqqa ulangan yoʻldan beparvo

Avtolar oʻtadi oʻq kabi uchib,

Sardoba tomonga boqmasdan qiyo.

 

Shoshqin yoʻlovchilar ishi yoʻq zarra

Ilhaqu intizor sardoba bilan,

U tomon chopishmas tashna, hansirab,

Qoʻlda meshu choydish, oftoba bilan.

 

Lekin bu holdan u oʻkinmas, zero,

Sezadi, oʻzgargan zamona zayli –

Azaliy xizmatin unutmas, aslo,

Susaymas serob suv jamlamoq mayli.

 

Yozu qish qahriga chidaydi tamkin,

Bahorda yana suv yigʻa boshlaydi.

U faqat umiddan topadi taskin,

Umid uni oʻzligida ushlaydi.

 

Choʻqqidagi tosh

 

Bu toshni tosh dema,

Koʻpni koʻrgan u.

Bu toshni tosh desang,

Koʻngli choʻkadi.

Quyoshga hamsoya maskan qurgan u,

Qoyalar boshidan pastga boqadi.

 

Girdida archalar necha qirilib,

Necha qad rostlagan –

Bariga guvoh.

Xazonsiz umridan yotar kerilib,

Nuramas –

Tuymagach qalbida gunoh.

 

Qani,

Tosh demoqqa bir sabab top-chi?

 

Ey, mehri munavvarim

 

Dil mahrami, dilbarim,

Ey, sanovbar, sarvarim.

Gumonlarni parchalab,

Kel, mehri munavvarim.

 

Dil gʻunchasi soʻldi-ku,

Kosai sabr toʻldi-ku.

Armonlar ummonida

Umidlar gʻarq boʻldi-ku.

 

Xayolimda visoling,

Oʻshal qoshi hiloling.

Lolalarga rang bergan

Goʻzal ruxsori oling.

 

Hiding esar gulzordan,

Kulging sasi anhordan,

Ammo, oʻzing topolmay,

Jon uzarman ozordan.

 

Dil mahrami, dilbarim,

Toleimga sarvarim.

Vaslingga ayla vosil,

Ey, ishqi munavvarim.

 

Bu daryo

 

Daryo sohilida xayollarga band

Toʻlqinlar tugʻyonin kuzatasan jim.

Baayni nigohin uzmay falakdan

Yulduzga aylanib qolgan munajjim.

 

Bu tugʻyon titratib tuygʻularingni

Quyar tomiringga shiddatidan qon.

Daryoga qoʻshilib, ufqdan nari –

Oʻtmoqqa topgandek boʻlasan imkon.

 

Oʻzingni sezasan, koʻqda koʻrinmay

Olamni kuzatgan farishtaga teng.

Jonlanib jismingda pajmurda ruhing,

Qalbing taftishiga shimaradi yeng.

 

Agʻdarib-toʻntarib qalbing sandigʻin,

Dunyo tashvishlarin itqitar chetga.

Yoʻqlikka choʻktirib armon, anduhin,

Bezdirgan hayotni sevdirar qayta.

 

Gulku gul,

Sohilda ungan tikan ham

Toʻtiyo koʻrinar birdan koʻzingga.

Oʻzingda koʻrasan oʻzgacha odam,

Oʻzing koʻzgu boʻlgan kabi oʻzingga.

 

Sezasan daryoda ilohiy sehr,

Nafasin nasimi yoyar nafosat.

Mavjida mujassam mushk anbar mehr –

Seni ogʻushiga olgani fursat –

 

Maqsad manziliga toparsan soʻqmoq,

Sirin ocha boshlar tosh yongʻoq hayot.

Sipqor bu daryodan, “Zam-zam”day sipqor,

Ruhparvar bu daryo – adabiyot.

 

Samandar VOHIDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–10

https://saviya.uz/ijod/nazm/tolqinlar-tugyonin-kuzatasan-jim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x