Tirik sayyoralar

Derazamdan tushgan tola nur

Somon yoʻli kabi tovlanur

 

* * *

 

Ey, men bilgan,

Bilmagan dunyo!

Zarradan to Koinot qadar,

Ham ayon, ham tilsimot qadar

Fikrat bovar qilmagan dunyo!

Men ham sendan

Bir kism boʻlib,

His, idrok, jon va jism boʻlib

Yaralibman, yashamoqdaman.

Oqar ekan tiriklik – daryo

Hayot bilan goh toʻlqin aro,

Xayol bilan goh qirgʻokdaman.

Kuylamoqning shavqi ham – yashash,

Oʻylamoqning zavqi ham – yashash,

Qay biri chin hayot – bilmasman,

Elga ochdim quchoqlarimni,

Yelga sochdim xush choqlarimni,

Lekin tungi qiynoqlarimni

Hech kimsaga hadya qilmasman.

1976

 

 

TIRIK SAYYORALAR

 

Derazamdan tushgan tola nur

Somon yoʻli kabi tovlanur.

 

Hayratki, shu tola nur aro

Ming-ming zarra kezar ovora.

Har bir zarra balki bir dunyo,

Ehtimol, bir oʻzga sayyora…

 

Koʻrib ne bor oʻz taqdirida,

Balki yashar ming-ming koinot.

Hech ajabmas, shular birida

Mavjud boʻlsa taraqqiy, hayot.

 

Inson-chi, doʻst topmoqni oʻylab

Tanholikdan bu tor dunyoda,

Yulduzlarga kemalar yoʻllab,

Jonzot izlar cheksiz fazoda.

 

Bordek yiroq turkumlar aro

Oʻzi kabi oqil bir xilqat,

Inson koʻkka boqar doimo,

Tintuv qilar osmonni faqat.

 

Ammo bilmas, qilmas tasavvur,

Xayoliga keltirmas bashar,

Oʻzga jonzot balki boʻlib nur,

Ohang boʻlib u bilan yashar.

 

Oʻzga hayot balki sokin tun

Kamishlarning shovillashidir.

Tongotarda balki lolagun

Shafaqlarning lovillashidir.

 

Hojat emas koʻkdan izlamoq,

Kemalarni qilmoq ovora.

Odamzodning oʻz qalbidayoq

Yashayotir oʻzga sayyora.

 

Fazolarning qay burchagiga

Fikri bilan yetadir inson,

Ammo ne bor oʻz yuragida –

Bilmay oʻtib ketadir inson.

 

U yashaydi tilsimlar aro,

Har kashfiyot yangi marradir.

Uning oʻzi sirli bir dunyo,

Dunyo esa faqat zarradir.

 

Derazamdan tushgan tola nur

Somon yoʻli kabi tovlanur.

1976

 

 

BIZLAR ISHLAYAPMIZ

 

– Gaping boʻlsa,

mendan toʻgʻricha soʻra,

Mikrofoningni qoʻy, muxbir ukajon!

Men uchun temirga soʻzlashdan koʻra,

Ertadan kechgacha yer chopgan oson.

Bizning ishimizni “saxovat” deding,

“Dala polvonlari” atading bizni.

Buncha balandparvoz soʻzlamas eding,

Bilsayding koʻnglimiz, odatimizni.

Bizga toʻgʻri kelmas “chavandoz” soʻzi,

“Jonbozlar” deganing erishroq bir oz.

“Zafar marrasini quchmoq” ne, oʻzi?

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Toʻgʻri,

Biz koʻplardan erta turamiz,

Boshqalardan koʻra yotamiz kechroq.

Yozu qish dalada “javlon uramiz” –

Sening soʻzing bilan aytganda –

Biroq,

 

Paxtakor kasbining shox-butogʻi yoʻq,

Faqat mehnatimiz sal oʻziga xos.

Qoʻl qadogʻi bor-u, ish adogʻi yoʻq.

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Kasbning oʻngʻayi yoʻq,

ishning osoni,

Bayt bor:

mashaqqatsiz boʻlmaydi hunar.

Kimning shirin boʻlsa agarda joni,

Har bir kasb koʻziga mushkul koʻrinar.

Tiriklik deganning oʻzi boʻlmaydi,

Rizq osmondan tushmas chekib yotsang nos.

Ozroq jon koyitsa, odam oʻlmaydi,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

“Bobodehqon” emas,

biz oddiy dehqon,

Shuning uchun gapning toʻrrisi maʼqul.

“Paxta ishqi” deding,

bu ishqmas, ishon,

Paxta jononamas, gul ham emas ul.

U peshona teri,

mashaqqat,

ozor,

Yelkadagi yuk u – bizlarga meros.

Asalari uchun “balli” na darkor? –

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Dala xayolingda balki sof havo,

Faqat tiniq suvdir,

Koʻm-koʻk maysa oʻt.

Yoʻq,

bunda

texnika, ilm bor,

kimyo,

Paxtazor ham bugun kattakon zavod.

Biz ham,

oʻylab koʻrsa,

rabochiy odam,

Engil moy,

koʻngilda motorga ixlos,

Lekin biz xursandmiz shunisiga ham,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Fan-ku, oʻz yoʻliga,

paxtaga tuygʻu,

Ilmi gʻayb degandek,

sezgi ham kerak.

Bir kun erta eksang, erta boʻlar-u,

Bir kun kech qadasang,

kech qolding, demak.

Temirchidan emas, dehqondan chiqqan

bu maqol:

temirni qizigʻida bos.

Koʻzimiz oʻrgangan,

yurak chiniqqan,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

“Chopiq gashti” deding,

eh, bu ne rohat,

Bilmoq boʻlsang, sezmoq boʻlsang, ne huzur,

Kun boʻyi demayman,

bir-ikki soat

Lolaqizgʻaldoqning oftobida tur.

Bu ish

“poʻlat otni magʻrur surish”mas,

Rost gapni aytaver,

Uyaltirmas rost.

Dalada chang yutish “javlon urish”mas,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Gazetda sheʼringni oʻqidim u kun,

Suvchi toʻgʻrisida bitibsan “ashʼor”.

Tasvirlabsan:

suvchi oppoq-oydin tun

Suv boʻyida yorin

kutar intizor.

Bir kecha koʻrsayding suvchi zahmatin,

Oyni handalakka qilmasding qiyos.

Tark etib sahargi uyqu lazzatin,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

“Ulkan majburiyat”,

“ahdu paymonlar” –

Dehqon soʻzimas, –

biz koʻkrak kermaymiz,

Hisob-kitoblidir bizning planlar,

Koʻzimiz yetmasa, vaʼda bermaymiz.

Har bir rejamizda

tajriba,

hayot,

Har soʻzimizda bor bir ilmiy asos.

Qilmoqda emasmiz

“afsona bunyod”,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Chigitning naviyu

Tuproq kuchidan

Togʻning qorigacha hisobda,

biroq

Tabiatda ish koʻp bizlar kutmagan,

Paxtaning doʻstidan dushmani koʻproq.

Qurt tushsa,

qoʻl bilan teramiz baʼzan,

Qaytadan ekamiz

doʻl ursa paqqos.

Talashib, kelishib

tabiat bilan,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Baʼzan yanglishamiz,

biz ham insonmiz,

Xato – tonnalarni nobud etadi.

Majlisdagi gaplar, misoli bigiz,

Suyak-suyaklardan oʻtib ketadi.

Chidaymiz.

Otadan qolgan mol emas,

Oʻz mulkimiz uchun

barcha ehtiros.

Gap bor:

ot tepkisin ot koʻtarar, bas,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Terimni aytmayman,

ortiqchadir gap,

Kuzda kelsang, oʻzing koʻrasan, ukam.

Raislar uyiga bormas haftalab,

Yigirma toʻrt soat

sekretarga kam.

Terim ham mashaqqat,

ham quvonch,

tashvish,

Paxta doim birdek

ochilmas qiygʻos.

Bari bir,

terim ham oʻzimizning ish,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Har bir mashaqqatning

rohati ham bor,

Har koʻshish bir quvonch

hadya etadi.

Koʻpkarida otni qamchilab bir bor

“Hayt” desang, gʻuboring chiqib ketadi.

Turmushimiz koʻrib turibsan, mana,

Ketmas davlatimiz – feʼlimizga mos.

Bunga bois,

takror aytaman yana:

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Ha, biz ishlayapmiz,

chunki bu mehnat

Oʻzbek shuhratiga shuhrat qoʻshadi.

Yurtning gʻaznasiga

bizning barakat

Jaraq-jaraq oltin boʻlib tushadi.

Olamda bormi hech

bunaqa farah!

Lekin yashayapmiz beayyuhannos.

Hayot – jannat emas,

ish – emas doʻzax,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

 

Kamimiz yoʻq,

uyga kelganda mehmon,

Bitta qoʻy soʻyishga yetar qurbimiz.

Faqat tilagimiz – el boʻlsin omon,

Omon boʻlsin doim

ota yurtimiz.

Senga aytadigan gapim shu,

ukam:

Jimjima gapni qoʻy,

toʻgʻrisini yoz.

Toki koʻrsin,

bilsin,

anglasin olam,

Bizlar ishlayapmiz,

Bu – mehnat, xolos.

1975–1976

 

 

OTA TILAGI

 

Taajjub, deyman-u yoqa tutaman,

Murgʻak bola edim kecha-ku oʻzim.

Bugun qarabsizki, men ham otaman,

Mening ham oʻgʻlim bor – umid yulduzim.

 

Qalbim urmakda shu mushtdek yurakda,

Yangidan oʻsmakda kichkina jismim.

Demakki, hayotim davom etmakda,

Demakki, olamda qolmakda ismim.

 

Nima bor men uchun uningdek aziz? –

Arzir bir soʻziga jon fido etsam.

Jahonda nimaki boʻlsa eng laziz,

Faqat uning uchun muhayyo etsam.

 

Kiprigiga zarra qoʻnmasa qaygʻu,

Baxti komil boʻlsa, tolei bekam.

Koʻrsa men koʻrmagan shodliklarni u,

Yetsa men yetmagan niyatlarga ham.

 

Ammo u bir umr boʻlmay oshino

Tiriklik deganning zahmat, dardiga,

Bila olarmikin nadir bu dunyo,

Yeta olarmikin hayot qadriga?!

 

Oʻgʻlim, ey, umidim bogʻida nihol,

Yorugʻ peshonangni oʻpib silayman.

Shu aziz boshingga eng nurli xayol,

Qalbingga eng toza hislar tilayman.

 

Ulgʻayarsan, yigit boʻlarsan bir kun,

Ortda qolar yoshlik, oʻyin, ermaklar.

Olamni yelkada koʻtarmoq uchun

Dunyoga keladi, bilsang, erkaklar.

 

Ertangi kuningni oʻylab shu paytdan

Borliqni quvonchim bilan oʻrayman.

Seni menga bergan bu tabiatdan

Sening yuragingga olov soʻrayman.

 

Mayli, mushkul boʻlsin sen tanlagan yoʻl,

Tole ham, mayliga, kelmasin oson.

Faqat odam qadrin bilar odam boʻl,

Boʻl inson dardini bilguvchi inson!..

1976

 

 

ZANGORI ShUʼLALAR

 

Sokin kuz oylari shaharda

Naqadar soʻlimdir kechalar.

Qandaydir sehr bor qamarda,

Koʻk bilan soʻzlashar koʻchalar.

 

Men oʻsha sehrni his etib,

Sukunat bagʻrida kezaman.

Yulduzlar ertagin eshitib,

Oʻzimni koʻklarda sezaman.

 

Hammayoq osuda, osuda,

Koʻchada koʻrinmas bir jonzot.

Goʻyoki odamlar uyquda,

Goʻyoki borlikda yoʻq hayot.

 

Holbuki, koʻchalar charogʻon.

Holbuki, darchalar sochar nur.

Uygʻokdir har dil, har xonadon,

Bedordir xayolu tasavvur.

 

Oqadir odamlar koʻziga

“Zangori ekran”ning shuʼlasi.

Barchani band etmish oʻziga

Boʻrining quyonni quvlashi.

 

Koʻchada sukunat, sukunat,

Uylarda hayajon, hayajon.

Oʻn olti qismli uqubat

Asabni arralar beomon.

 

Tugamas kattalar bardoshi,

Goʻdaklar qaramas ovqatga.

Oʻq tegib yiqilar qoʻrboshi,

Shtirlits chap berar ofatga.

 

Bir yigit oʻzganing bagʻridan

Qaytgan yor labini soʻradi.

Oʻtishib qoʻgʻirchoq bahridan,

Bu holni qizchalar koʻradi.

 

Har kun shu,

Biz oqshom choʻkkandan

Bu jodu qoshiga choʻkamiz.

Tuygʻular oqadi ekrandan,

Kulamiz, koʻzyoshlar toʻkamiz.

 

Men bugun dunyoning yuziga

Bir qarab qoʻymoqni istadim.

Ariqlar, gullarning oʻziga

Termulib toʻymoqni istadim.

 

Yelkamga yulduzlar yogʻadir.

Borlikda bir ajib tarovat.

Falaqdan koʻksimga oqadir

Bir salqin, bir totli halovat.

 

Men tanho kezaman koʻchada,

Sukunat oʻziga chorlaydi.

Borliq jim,

Har bitta darchada

Zangori shuʼlalar porlaydi.

1976

 

 

ISTAK

 

Ismi ne ul qushnikim,

na jismi bor, na joni bor,

Izla, top, ne bogʻkim ul,

na haddi, na poyoni bor.

 

Soy nekim ul, boʻlgʻay unda

na qaroru, na kanor,

Suv ne ul, qonmoqning unga

na iloj, imkoni bor.

 

Togʻ nadirkim, choʻqqisini

hech kishi zabt etmagan,

Tirmashib yotquvchi elning

na sanoq, na soni bor.

 

Argʻumoq nekim, uning bor

na jilov, na jabdugʻi,

Andalib nekim, uning

har dilda bir oshyoni bor.

 

Komronlik unga yetmak,

etmagan armon bilan

Kim, muvashshax bitdi Erkin,

Koʻnglida armoni bor.

1976

 

 

ONA TILIM OʻLMAYDI

 

Notiq dedi:

“Taqdir shul,

Bu jahoniy iroda.

Tillar yoʻqolur butkul,

Bir til qolur dunyoda”.

 

“Ey voiz, pastga tushgin,

Bu gap chiqdi qayerdan!”

Navoiy bilan Pushkin

Turib keldi qabrdan.

 

Kim dargʻazab,

Kim hayron,

Chiqib keldilar qator:

Dante, Shiller va Bayron,

Firdavsiy, Balzak, Tagor.

 

“Vaʼzingni qoʻy, birodar,

Sen aytganing boʻlmaydi”.

Barcha dedi barobar:

“Ona tilim oʻlmaydi”.

 

– Hey, bu qanday aqida! –

Qoʻlida tabarruk jom,

Goʻzal forsiy haqida

Ruboiy aytdi Xayyom.

 

Ehtirosli, otashdil

Beranje soʻrdi nolon:

– Nahotki, farangi til

Yoʻqolgusi bir zamon!

 

Neruda, Lorka turdi

Servantesning yoniga:

 – Kim qasd etib tigʻ urdi

Ona tilim joniga!

 

Fuzuliy yondi:

– Ozar

Tili guldek soʻlmaydi.

Barcha dedi barobar:

“Ona tilimoʻlmaydi”.

 

Kamalakdek rango-rang

Boʻlsin deb sanʼat, tillar,

Asrlarcha qildik jang,

Armon qildik ming yillar.

 

Beqadr boʻlsa, nahot,

Tillardagi tarovat!

Yoʻqoldi bu kun, hayhot,

Qabrlarda halovat!

 

“Faust” yondi gurillab,

“Xamsa” oʻtga tutashdi.

Bir sado jahon boʻylab

Taraldi, togʻlar oshdi.

 

Bu sado yangrar hamon,

Sira ado boʻlmaydi.

Olam aytar:

Hech qachon

Ona tilim oʻlmaydi!

1976

 

 

TILAK

 

Saxiylikni odat qilgan boʻlsa kim,

Elga sochgan boʻlsa borini doim,

Himmati bor boʻla turib, ilohim,

Qoʻlidan davlati ketmasin uning.

 

Kim umrida sira bilmagan tinim,

Mehnatsiz bir lahza turolmagan jim,

Gʻayrati bor boʻla turib, ilohim,

Belidan quvvati ketmasin uning.

 

Bir ishga qasd qilib shoir yo olim,

Xayol surib – keyin ne boʻlur holim –

Qudrati bor boʻla turib, ilohim,

Dilidan jurʼati ketmasin uning.

1976

 

 

TANGRI VA YAMOQCHI

 

Yamoqchi tangriga derkan tinmayin:

– Ey xudo!

Menga ham bir qayrilib boq!

Chorigʻing soʻkilsa, tikib berayin,

Kavushing teshilsa,

Solayin yamoq.

 

Tangri debdi bir kun:

– Ol boqiy umr,

Farishta boʻlursan!

– Ey, qoʻy, kerakmas!

Umr berma menga, ber ozroq koʻmir,

Ustiga bir chetan

Yantoq boʻlsa, bas.

 

Tangri debdi:

– Tun-kun sajdalar qilib

Shungamidi chekkan nolayu ohing?

Nima qilar eding menga sigʻinib,

Asli

Aravakash ekan

Ilohing.

1976

 

 

YOSH ShOIRLARGA

 

“Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…”

Hamid GʻULOM

 

Katta shoirlarga qilmangiz havas,

Sizga havas qilsin katta shoirlar.

Chunki sheʼr baxtiga ustozlar emas,

Muyassar boʻladi koʻproq shogirdlar.

 

Hali yoshsiz,

Hali sheʼringiz gʻoʻra,

Elning nazaridan hali yiroqsiz,

Lekin yurtga mashhur shoirdan koʻra,

Bilingki, yuz chandon siz shoirroqsiz.

 

Sheʼr sizga havasdir,

Hali emas ish.

Siz, sheʼrga sidqidil koʻngil berganlar.

Ov chogʻi oʻzini qilmay namoyish,

Panada boʻladi doim merganlar.

 

Tanholik – shoirga dil ehtiyoji,

Xayolga oshnolik – buyuk baxtingiz.

Qoʻngach boshingizga shuhrat gultoji,

Tashbeh izlamoqqa qolmas vaqtingiz.

 

U payt koʻp boʻladi hamdamu joʻra,

Obroʻ, martabada yuksak boʻlasiz.

Siz unda daftaru qalamdan koʻra,

Majlislarga koʻproq kerak boʻlasiz.

 

Qayerga bormangiz, ana shoir, deb

El kuzatar har bir qadamingizni,

Siz inson qalbini oʻrganmoq qolib,

Oʻrgana boshlaydi odamlar sizni.

 

Bir kun omadingiz kelsa ne ajab,

(Omad degani ham bor-ku dunyoda)

Donishmand odamlar aytar:

Bu ne gap,

Nahot, shunday odam yursa piyoda!

 

Amaldor boʻlasiz,

Kursingiz baland,

Xizmatingiz qilar mashina har kun.

Tongda olib ketib magʻzingiz bilan,

Poʻchogʻingiz tashlab ketar kechqurun.

 

Bir marta tushgansiz elning koʻziga,

Endi koʻzdan nari ketmaysiz bir dam.

Faxriy aʼzo qilar sizni oʻziga

Kalamushtutarlar jamiyati ham.

 

Beorom qushlardek siz uchib-qoʻnib,

Hayʼatdan hayʼatga parvoz etasiz.

Tunlar sheʼr qalamin ohista yoʻnib,

Ertangi majlisga doklad bitasiz.

 

Sizda har narsa bor,

Yoʻq sizda yoʻgʻi,

Yetgansiz, har qalay, tilagingizga.

Lekin yozilmagan sheʼrlarning choʻgʻi

Kul boʻlib toʻkilar yuragingizga.

 

Bir kun tongda

Oppoq sochingiz tarab,

Dilingiz shogirdlik vaqtin qoʻmsaydi.

Aytasiz havaskor oʻsmirga qarab:

“Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi…”

 

Katta shoirlarga siz qilmang havas,

Sizga havas qilsin katta shoirlar.

Chunki sheʼr baxtiga ustozlar emas,

Muyassar boʻladi koʻproq shogirdlar.

1977

 

 

BONG URING

 

Bong uring,

hammani

uygʻoting,

Bong uring,

shaharu

qishloqda.

Hayajon

koʻtaring,

toʻp oting,

Oʻt ketdi,

hammayoq

yonmoqda,

Ovozlar

boricha

baqiring,

Odamlar!

Yo hayot,

yo mamot!

Sim qoqing!

Nol birni

chaqiring:

Yongʻin, deng,

kerak, deng,

tez najot!

Dod soling,

ne kechar

holimiz,

Alamdan

jonimiz

qiynoqda.

Olamda

topilmas

molimiz –

Vaqtimiz

yonmoqda,

yonmoqda.

Oʻrmonlar

yonsa-ku

chopamiz,

Tinmaymiz,

oʻrtansa

xirmonlar.

Chorani

qayerdan

topamiz

Umrga

oʻt ketsa,

insonlar!

U yonar,

biz majlis

qilamiz,

Tamaki

tutuni

dimoqda.

Shu tutun

ichida,

bilamiz,

Baxtimiz

yonmoqda,

yonmoqda.

Bir yonda

biz topib

ulgurmay

Ming-minglab

savolga

javoblar.

Hatto biz

varaqlab

ham koʻrmay,

Javonda

yonmoqda

kitoblar.

Kechagi

ayshdan bosh

zirillab,

Oʻrinda

yotibmiz,

bir yoqda

Stolning

ustida,

gurillab,

Ijodu

kashfiyot

yonmoqda.

Raygazda

eshikka

bitilgan:

“Bir uchqun –

dahshatning

sababi!”

Shu yerda

portlashga

etilgan,

Yonmoqda

insonning

asabi.

Kechalar,

koʻchalar

charogʻon,

Yozuvlar

elektron

chiroqda.

Oʻt bilan

oʻynashmang,

oʻt yomon,

Aslida

bu dunyo

yonmoqda.

Biz esa

qilurmiz

tomosha,

Gʻov qoʻymay

yongʻinning

yoʻliga.

Kim berib

qoʻyibdi

beparvo

Gugurtni

bolalar

qoʻliga.

Bong uring,

hammani

chaqiring,

Bong uring,

shaharu

qishlokda.

Ovozlar

boricha

baqiring,

Oʻt ketdi,

hammayoq

yonmoqda.

Odamlar,

uyqudan

uygʻoning,

Shoshiling,

qidiring

tez najot.

Jon kuysin,

qalb yonsin,

siz yoning,

To yonib

ketmasin

bu hayot.

1977

 

 

YOLGʻIZLIK ISTAGI

 

“Meni yolgʻiz qoʻying, doʻstlarim,

Charchaganman, orom olayin.

Bugun menga kerakmas hech kim,

Oʻzim bilan yolgʻiz qolayin.

 

Istamayman,

bezovta qilmang,

Mensiz oʻtsin buguncha gurung.

Bir kungina qoshimga kelmang,

Bir kungina chaqirmay turing.

 

Toliqqanman tekkundek jonga

Ulfat, toʻyu tomoshalardan.

Charchaganman, meni mehmonga

Chaqirguvchi oshinolardan.

 

Kerak emas menga bu farah,

Bu kun menga kerakmas sharob.

Doʻstlar aro koʻtarib qadah,

Sheʼr oʻqish ham men uchun azob.

 

Qoʻying, bugun qolay gashtakdan,

Boʻlolmasman siz bilan birga.

Bari bir men yayrab yuraqdan,

Kulolmasman siz bilan birga.

 

Bugun menga sukunat kerak,

Sukunatki, yoʻklik qadar tinch.

Faqat jimlik tilaydi yurak,

Sizdan bugun birgina oʻtinch:

 

Yolgʻiz qoʻying meni, doʻstlarim,

Charchaganman, orom olayin.

Bugun menga kerakmas hech kim,

Oʻzim bilan yolgʻiz qolayin”.

 

Ey doʻstlarim, bir zamon kelib,

Shunday soʻzlar uchsa labimdan,

Siz ishonmang soddalik qilib,

Chiqqan boʻlmas bu soʻz qalbimdan.

 

Yur, deng meni oʻshanday damda,

Quloq solmang, soʻzlarim yolgʻon.

Yolvorsam-da, faryod qilsam-da,

Yolgʻiz qoʻymang meni hech qachon.

 

Toki hech vaqt eshikka tanho

Termulmasin maʼyus koʻzlarim.

Mayli, meni oʻldiring, ammo

Yolgʻiz qoʻymang sira, doʻstlarim.

1977

 

 

TOGʻ LOCHINI

 

Togʻ lochini koʻkda tanho

Parvoz etardi,

Qanotlari ogʻushida

Begʻubor osmon.

Yolgʻizlikda kunlar bir xil

Sokin oʻtardi,

Tong yulduzin koʻrib qoldi

Bir kun nogahon.

 

Zuhro porlab turar edi

Shundoq yonida,

Sor lochinning oʻzi kabi

Oʻychan va yakka.

Koʻrdi-yu bir sirli otash

Chaqnab qonida

Yetaman deb uchib ketdi

Tiklab falakka.

 

Uchib ketdi, pastda qoldi

Oʻrmonlar, togʻlar,

Yoʻlga yoygan paxtalardek

Bulutlar qoldi,

Uchaberdi soat sayin

Yerdan yirogʻlab,

Moviylikka choʻmib olam

Koʻzdan yoʻqoldi.

 

U bilmasdi, poyoni yoʻq

Bu tubsiz osmon,

Yulduzlarga yetmoq uchun

Umri yetmagay.

Ona lochin aytgan edi

Unga bir zamon:

Intil faqat, intilish hech

Zoye ketmagay.

 

U quvonar: hayotimga

Yor boʻldi maʼno,

Qanotimga qudrat kirdi,

Nurlandi koʻzim.

Qayda eding meni qoʻyib

Falaqda tanho,

Qayda eding shu paytgacha,

Mening yulduzim.

 

Uchaberdi, uchaberdi,

Toldi qanoti,

Zuhro hamon qarshisida

Turardi porlab.

Kuchi bitdi, tamom boʻldi

Oxir saboti,

Qurquragan ovoz bilan

Yirladi zorlab.

 

Koʻkni tutib faryod chikdi

Oshiq yurakdan,

Samolarda soʻng bor yoyib

Ulkan qulochin,

Oh dedi-yu, qulab tushdi

Toqi falaqdan,

Parchalandi tik choʻqqiga

Urilib lochin.

 

Shundan buyon tong yulduzi

Gʻamgin va yolgʻiz,

Shundan buyon togʻ ortidan

Koʻtarganda bosh,

Choʻqqi uzra toʻxtamrqni

Tark etmas hargiz,

Koʻzlarida qalqib turar

Doim tomchi yosh.

1977

 

 

TEMIRTAN DAHOLAR

 

Akademik Vosil QOBULOVga

 

Bu – kibernetika instituti,

Sehru moʻjizalar mamlakatidir.

Muzaffar, barkamol tafakkur yurti,

Temirtan daholar saltanatidir.

 

Bu yerda fikrlash tezligi nurday,

Mana bu – koʻrimsiz poʻlat jomadon –

Biz birni ikkiga qoʻshib ulgurmay,

Milliardni milliardga zarb qilur oson.

 

Fikrat qutisida koinot siri,

Burjlar nurlanadi temir dahodan.

Yer qaʼriga shuʼla yuborsa biri,

Toʻlqinlar tutadi biri fazodan.

 

Mana bu chambarak “Kaissa-9”

“ChS-7” bilan shaxmat suradi.

Manov sandiq esa uch kundan buyon

Boʻlajak shaharga reja quradi.

 

Bu – rassom, oʻynatib neylon koʻzlarin,

Suratlar chizadi, rangin, jimjima.

Bu gʻoʻla – tarjimon, chulchut soʻzlarin

Qayta chulchutchaga qilar tarjima.

 

Temirtan daholar ishlar shu yoʻsin,

Shovqin yoʻq, janjal yoʻq – toʻlqin – ishora.

Ulkan temir taxta – shift boʻyi ustun

Ular mehnatini qilar idora.

 

Bu yurtda reja bor, ish bor, gʻayrat bor,

Temirlar hordiq kun qilmaslar talab.

Dushanba boshlari ogʻrimas nahor,

Kechikib kelmaslar ishga ertalab.

 

Bunda tama qilmas hech kimdoʻstidan,

Bu yurtda boʻlmaydi fitna, gʻiybatlar.

Hech qachon “K-14” “D-5” ustidan

“B-3”ga yozmaydi yumaloq xatlar.

 

Temirlar yurtida majlisbozlik yoʻq,

Soatlab maʼruza aytmaydi hech kim.

Asablar torini uzmas tahqir – oʻq,

Hech kimsa yiqilmas koʻksin ushlab jim.

 

Har kimoʻz qudratin odil baholar,

Kasbdoshi yoʻliga qoʻymaydi tuzoq.

Chunki ular faqat – temir daholar,

Insoniy dahodan hali koʻp uzoq.

 

Ne ajab, ular ham oʻrgansa bir kun,

Kim bilsin, olimlar balki tuymishlar.

Odamzod nafasi tegmasin uchun

Ularni shishaga solib, qoʻymishlar.

 

Temirlarga yotdir oʻkinch va koʻz yosh,

Dunyo mojarosi ularga abas.

Bizning nizolarga bermaslar bardosh,

Chunki ular – temir, odamlar emas.

1977

 

 

ZAMIN SAYYORASI

 

– Ey zamin!

Bitmayin ne ishing qolgan?

Betinim aylanib joning halakdir.

– Soʻrma,

Men shoʻrlikni shu kuyga solgan –

Tiriklik ishidir,

Charxi falakdir.

Men na quyoshdirman,

Na oltin qoziq,

Oʻltirsam falakning koshonasida.

Peshonamga azal shu ekan yoziq,

Dastyorman samovat korxonasida.

Boshligʻim oftobdir,

Parvona boʻlib

Yil boʻyi aylanmoq turmushim erur.

Bu ham yetmaganday,

Kunda oʻgrilib

Borimni koʻrsatib turmogʻim zarur.

Koʻk toʻla sayyora,

Bu past, u baland,

Uzoq-yaqin yulduz undan ham bisyor.

Murosa qilaman har biri bilan,

Barining koʻnglini topmogʻim dushvor.

Mana, misol – Bahrom,

Yaʼni, qattol Mars,

Koʻzlarida yonar jangari chaqin.

Bilaman,

Undan hech yaxshilik chiqmas,

Ammo qoʻrqqanimdan yuraman yaqin.

Tijorat eliga –

Atorid posbon,

Xabardor boʻlurman undan ham sergak.

Yashirib ne qildim,

Oʻzingga ayon,

Savdo ahlidan ham oshnalar kerak.

Zuhalni ziyorat qilurman har kun, –

Hosil sayyorasi – doʻst boʻlmay nega?

U menga kerakdir

Tiriklik uchun,

Toʻrt milliard bolam bor,

Osonmas menga.

Chaqmoq qilichini doim oʻqtalib,

Guldirab tursa ham

Mushtariy badkor,

Bahorda foydasi tegib qolar deb,

Kuzda salom berib qoʻyaman bir bor.

Yurak oʻynogʻidan

Xastaman, doʻstim,

Koʻksimu yelkamga qoʻyganman muzlar.

Yana men shoʻrlikka oʻqtalar mushtin

Uzoq-yaqindagi dumlik yulduzlar.

Hayotim shu –

Chopmoq

Tinmay bir nafas,

Halqa ichidagi olmaxon misol.

Yil emas,

Asrmas,

Ming yil ham emas,

Mangulik nimadir –

qilmaysan xayol!

Sen esang besh kunlik

Qisqa umringda

Chekkan zahmatingga qilasan figʻon.

Mening turmushimni oʻylab koʻrgin-da,

Shukur qil,

Boqiymas umring, ey inson.

1977

 

 

“OQSOQOL”

 

Uni hamma birdek

Derdi “oqsoqol”,

Garchi soch-soqoli oq emas edi,

Ilmu donishda ham toq emas edi,

Biroq hamma birdek

derdi “oqsoqol”.

 

Chogʻroq boʻyli edi

“Oqsoqol” oʻzi,

Qaddida salobat bor edi lekin.

Yonib turar edi koʻkimtir koʻzi,

Sokin gapirardi,

Yurardi sekin.

 

Uni hurmat qilar edi odamlar,

(Agar hurmat boʻlsa qoʻrquvning oti),

Undan najot tilar edi odamlar,

Elga kerak edi uning “najoti”.

 

Chunki “oqsoqol”da noyob fazilat –

Qahr, beshafqatlik, zugʻum bor edi.

U payt zarur edi balki bu xislat,

El qattiqqoʻllikka balki zor edi.

 

Urushning oxirgi yilin eslayman,

Biz sahardan nonga navbat olardik.

Bola edik,

Uyqu elitib baʼzan,

Devorga suyanib uxlab qolardik.

 

Doʻkon ochilganda

Jon kirib bizga,

Yelkalardan oshib intilar edik.

Navbat uzun edi, boʻyimiz qisqa,

Non kam,

Xaloyiq koʻp,

Ne qilar edik?

 

Shunda yetib kelar edi “oqsoqol”,

Qoʻlida oʻynatib tol xivichini.

Tartibga kelardi odamlar darhol,

Oʻshanda bilganman

Qoʻrquv kuchini.

 

Bolalar, kattalar jim, itoatkor,

Bir safga tizilib turar edi tek.

“Oqsoqol” tartibni koʻrardi bir bor,

Aylanardi parad qabul qilgandek.

 

Soʻngra,

Qoʻllarini tiqib kamarga,

Qora olomondan qilgandek hazar,

Tepalikda turib pastdagilarga

Gʻazab, nafrat bilan tashlardi nazar.

 

U xipchini bilan

Qilsa ishora,

Navbat bilan har kim oladi haqin.

Safdan chiqsa bormi biror bechora,

Beizn doʻkonga kelsami yaqin,

Och qolishi tayin edi oʻsha kun,

“Oqsoqol” ayovsiz edi shu qadar.

 

Men hayron boʻlardim,

Ajab, ne uchun

Shu mushuk koʻzlikka tobe odamlar?

Axir ularniki doʻkondagi non,

Tartib bilan borib olsalar netar?

“Oqsoqol”ga emas,

Bosabru imon

Qalblariga quloq solsalar netar?

 

U zamon ochligu muhtojlik dardi

Qilib qoʻygan edi qomatlarni dol.

Balki shuning uchun ular chidardi,

Balki zarur edi u payt “oqsoqol”.

 

Mana yillar oʻtdi,

“Oqsoqol” bugun

Avvalgi izzatu mavqeda emas.

Qarib soch-soqoli oqargan butun,

Lekin bugun hech kim “oqsoqol” demas.

 

U baʼzan kechqurun,

Baʼzan ertalab

Non doʻkon yonida oʻltirar uzoq.

Oʻtgan-ketganlarning ortidan qarab,

Koʻkimtir koʻzlari moʻltirar uzoq.

 

Bu nigoh maʼnosi

Elga noayon,

Balki shukronadir, poqdir tilagi.

Balki

Xotiriga kelar u zamon,

Oʻsha tol xivichni qoʻmsar yuragi.

 

Koʻziga koʻrinar

Balki shu tobda

Navbat kutib turgan ojiz bandalar.

U mudrab oʻltirar,

Yangrar atrofda

Shodon qoʻshiqlaru

quvnoq xandalar.

1977

 

 

ARMON

 

Kecha kerak boʻlding,

Bolalik chogʻim!

Senga qoʻl uzatdim,

Yoʻq,

Yetolmadim.

Oshkora gʻirromlik qildi

Oʻrtogʻim, –

Men: bor, oʻynamayman,

Deb ketolmadim…

1977

 

 

IXLOS

 

Na martaba, na boyligi bor edi uning,

Yiroq edi maishatu ayol dunyosi.

Koʻchasiga kirmagandi oʻyin-kulguning,

Jindek joni bor edi-yu, katta ixlosi.

 

Ixlos edi unga olam, unga saodat,

Gʻaznalarga berib boʻlmas mulki bebaho.

Ul yigitni taqdir azal, qodir tabiat

Ohanglarning dunyosiga qilgandi oshno.

 

Sahar chogʻi shabnamlardan tinglar edi kuy,

Shafaqlardan yuragiga oqardi qoʻshiq.

Vujudida tuman cholgʻu qilar edi toʻy,

Million-million taronaga borligʻi toʻliq.

 

Junun toʻla koʻzlarida yonardi har vaqt

Bizga – oddiy bandalarga noayon shuur…

Bu olamning evaziga qodir tabiat

Bergan edi yuragiga olamcha surur.

 

U bastakor emas, faqat ixlosmand edi,

Bir ohanglar piri edi yigitga ham pir.

Ixlos bilan koʻksi doim sarbaland edi,

Gʻoyibona mehri unga eng aʼlo taqdir.

 

Oʻshal ustoz fikri bilan nafas olardi,

Oʻshal pirga baxsh etgandi tamoman oʻzin.

Qoʻshiqlarin tinglab tunda uxlab qolardi,

Qoʻshiqlarin tinglab tongda ochardi koʻzin.

 

Kunlar oʻtib, yigitchaga tor keldi qishloq,

Yelkasiga toʻnni tashlab chiqdi safarga.

Qanot boʻldi pok niyatu ezgu ishtiyoq,

Maʼsumlikning farishtasi uchdi shaharga.

 

Shahar uni gullar tutib qabul qilmadi,

Hatto kutib olmadi eng ulugʻ bastakor.

Ammo yigit kamtar edi, xafa boʻlmadi,

Oʻzi ulugʻ pir oldida yoʻl oldi nahor.

 

Ammo sokin uxlar edi bu mahal ustoz,

Kuni bilan majlislarda toʻkilgan jismi.

Muxlisiga quchoq ochib chiqmadi peshvoz,

Soʻramadi, qayerdan u, kimu, ne ismi.

 

Kechroq keling, dedi faqat, yopdi eshikni,

Soʻng ne dedi – boʻlmay qoldi yigitcha ogoh.

U koʻrmoqchi boʻlgan edi tirik Qoʻshiqni…

Buyuk tangri qulab tushdi arshidan nogoh.

 

Bir daqiqa tosh haykalga aylandi muxlis,

Nahotki, shul musiqaning piri sarvari.

Nahot, unga jondan ortiq, umridan aziz

Taronalar shul yurakning boʻlsa samari.

 

Nahot, ular tongotarning mevasi emas,

Nahot, bedor emas subhi saboh bastakor.

Unga buyuk orzu edi, umrlik havas,

Qoʻshiq boʻlib kirmoq ustoz qoshiga nahor.

 

Yigit qaytdi orzulari yoshdek toʻkilib,

Barbod boʻldi qalbidagi buyuk ehtiros.

Tasodifiy bir holatning qurboni boʻlib

Soʻndi u kun pok yurakda buyuk bir ixlos.

 

Soʻyla, nega bunday qilding, shafqatsiz falak,

Nega qilding oʻshal mudhish holatni paydo?

Nega yerda uchrashdilar bu ikki malak,

Nega suhbat qurmadilar fazolar aro?

 

Yorugʻ yulduz koʻkka chiqmay yoʻqoldi beiz,

Ulkan daho zavol topdi boʻlmay namoyon.

Bir qotillik sodir boʻldi tongda mislsiz,

Tanho buyuk bastakordan ayrildi jahon.

 

Na martaba, na boyligi bor edi uning…

1977

 

 

MAQBARADAGI YOZUVLAR

 

I

 

U, dunyoga kelib, tashvishning

Orqasidan yelib-yugurdi.

Na soʻngiga yetoldi ishning,

Na dunyoni anglab ulgurdi.

Oxir bir kun,

Aqli toʻlgach, u

Oʻz jonining qadriga yetdi.

Bor-ey, deya qoʻl siltadiyu

Bu dunyoni tashladi-ketdi.

 

II

 

U, oromni suyaman, derdi,

Tinchim buzgan – dushman, derdi u.

Oʻngga boqib: tuyaman, derdi,

Chapga boqib: qushman, derdi u.

U olamdan oʻtmadi yashab,

Oshab oʻtdi faqat oshini.

U oʻlmadi,

Qavmiga oʻxshab

Qumga tiqib yotar boshini.

1977

 

 

TAAJJUB

 

Bolalar onasining

uxlatishidan choʻchib,

Kechqurun uyga kelmay

qochib yurgani kabi,

Ertalab turolmasdan

shirin uyqudan kechib,

Koʻrpasini boshiga

tortib turgani kabi,

Yozning issiq kunida

anhor boʻyida turib,

Tusholmagan kabi biz

muzdek suvga dafʼatan,

Soʻng esa oromijon

suvning rohatin koʻrib,

Qaytib chiqishni sira

istamagandek badan,

Odamzod ham yoʻqlikdan

borliqqa kelish chogʻi

Chinqirib bu dunyoni

koʻtaradi boshiga.

Lekin dahshat tuyular

oʻz asliga qaytmogʻi,

Faryod chekar olamni

koʻmgudek koʻz yoshiga.

1977

 

 

OTDOSHLARIMGA

 

Ismlarning tarixi uzoq,

Ismlarda asrlik qismat.

Ular bari orzudek porloq,

Pokizadir bamisli niyat.

 

Farzand asli umr davomi,

Tiriklikka egizak armon.

Armon bilan bolalar nomi

Nurxon boʻldi, boʻldi Shodmon.

 

Oʻgʻlon koʻrib qildilar tilak,

Omon boʻlsin ofatdan bu bosh,

Balolarni yogʻdirsa falak,

Ismi kabi boʻlsin Temir, Tosh.

 

Chaqaloqni yoʻrgakka tugib,

“Yana holva”, deganda doya,

Ota, endi oʻgʻil kerak, deb

Qiziga nom qoʻydi: Kifoya.

 

Oʻgʻil boʻlsa – yurt koʻksi baland,

Oʻgʻil tutar ketmonu oʻq-yoy…

Oʻgʻil bola orzusi bilan

Qizlar nomi boʻldi Oʻgʻiloy.

 

Ona farzand koʻrib toʻrtovlon,

Qaro yerga bersa toʻrttasin,

Tugʻilganda beshinchi oʻgʻlon

Umid bilan degan “Toʻxtasin”.

 

Boʻlib taqdir qahridan malul,

Chekib falak jabridan ozor,

Farzandlarga nom qoʻydilar, qul –

Abduqahhor va Abdujabbor.

 

Zora tole belgisi boʻlsa,

Zora boʻlsa omad rivoji,

Bola qizil dogʻlik tugʻilsa,

Atadilar baxt uchun Toji.

 

Necha yuz ming avloddan qolgan

Armonli bu dunyoda yashar –

Farzandlarga haq Tilab olgan

Umrboqiy, Umruzoq bashar.

 

Bu kun yangi olam barobar

Nomlarda ham yangicha maʼno.

Toʻrt yigitning birisi Anvar,

Beshta qizning birisi Raʼno.

 

Boqib Erkin nomli oʻgʻlonga

Koʻkka yetar sevinchdan boshim.

Qadam qoʻysam qay xonadonga

Roʻparamdan chiqar otdoshim.

 

Otdoshlarim,

Toleimizga

Shunday ism baxtu koʻrkimiz,

Egiz boʻldi, esh boʻldi bizga,

Ham eʼtiqod boʻldi erkimiz.

 

Nom qoʻydilar bizga otalar

Erkin koʻrmoq boʻlib dunyoni.

Mangu Erkin boʻlsin dedilar

Farzandlarning yuragi, joni.

 

Erkin boʻlsin hayot va mehnat,

Erkin boʻlsin muhabbat, ijod.

Yayrab oʻssin farzandim,

Faqat –

El gʻamidan boʻlmasin ozod.

 

Qalbi kurash shavqiga toʻlsin,

Oshno boʻlsin unga tugʻyonlar.

Erk yoʻlida fidoyi boʻlsin

Erkin nomin olgan oʻgʻlonlar…

1977

 

 

QALAMHAQI VA OYLIK

 

– Shoir, nega koʻnmasdan

Sheʼrdan kelgan boylikka,

Ertayu kech tinmasdan

Ishlayapsan oylikka?

 

– Chunki oylik hamxona

Yordek sodiq oshnodir.

Qalamhaqi – jonona

Qizlardek bevafodir.

1977

 

 

UCH BAYT

 

* * *

 

Agar doʻsting bilan

teng koʻrsang baham,

Shodlik teng koʻpayar,

teng boʻlinar gʻam.

 

* * *

 

Soʻzlaganda oqil

dilingga jo qil,

Ammo oʻz dardingga

oʻzing davo qil.

 

* * *

 

Qoʻrquvning koʻzi katta,

Yuragi kichik boʻlur,

Qoʻrquv zoʻr kelgan yurtda

Arslonlar kuchuk boʻlur.

1977

 

 

BOLALAR

 

Sizlar – ota,

Biz – bola bu kun,

Bizdan – salom, sizlardan – alik.

Ammo erish tuyular nechun

Endi sizga bizning bolalik!

Siz ham, axir, bola boʻlgansiz,

Koʻzingizda porlagan hayrat.

Oʻynagansiz, shoʻxlik qilgansiz,

Qalbingizni qiynagan gʻayrat.

Ayting,

Yo siz gohi-gohida

Qoidani buzmaganmisiz?

Tirmashib yo oʻrik shoxiga,

Koʻk gʻoʻralar uzmaganmisiz?

Oʻzboshimcha nomini olib,

Choʻmilmaganmisiz anhorda?

Yalangoyoq, toʻgʻri yoʻl qolib,

Yurmaganmisiz hech devorda?

Sizlar – ota,

Biz – bola bu kun,

Sizdan hay-hay, bizdan – toʻpolon.

Nega sizga har narsa mumkin,

Nega bizga har ish katagʻon?

Chiqirlaydi devorda soat,

Sekundlarni qiladi hisob.

Sizga uning borligi – rohat,

Bizga uning sirligi – azob.

Magnitofon sizlarga – kerak,

Qoʻndirmoqni istamaysiz gard.

Bizlar uni ochib koʻrmasak,

Dilimizdan tarqamaydi dard.

Toshoynaga koptokni ursa,

Sinarmi yo sinmasmi – qiziq.

Oshpichoqni tuproqqa suqsa,

Unarmi yo unmasmi – qiziq.

Bizlar bu kun koni xatoning,

Ne ish qilsak, bari ziyondir.

Xatolarsiz lekin dunyoning

Butunligi oʻzi gumondir.

Sizlar – ota,

Biz – bola bu kun,

Bizdan – salom, sizlardan – alik,

Bizni hadeb tergaysiz nechun,

Oʻzingizda yoʻqmi bolalik?

Ishonasiz gohi ertakka:

Bir marta tan berib qoʻyinglar, –

Oʻxshab ketar bizning ermakka

Siz oʻynagan baʼzi oʻyinlar…

Biz gohida shokolad uchun

Yashirmaymiz, boʻlamiz ayyor.

Axir, siz ham shon-shuhrat uchun

Nimalarga boʻlmaysiz tayyor?

Bizlar danak talashsak bogʻda

Xipchin olib quvasiz bizni.

Sizlar amal talashgan chogʻda

Kim turgʻizar burchakka sizni?

Sizlar – ota,

Bizlar – bolamiz,

Oʻzgarishda deydilar olam.

Bir kun sizga yetib olamiz,

Bolalikka qaytasiz siz ham.

Oshno boʻlar sizga xayolot,

Bizga esa…

Biz – oilalik…

Bolalik – bu asli kamolot,

Kamoli umr esa – bolalik.

1977

 

 

ARUZ VA BARMOQ

 

Ikki sheʼr

Daftarning ikki betida,

Bir yonda – aruziy,

Bir yonda – barmoq.

Dastxat bir,

Imzo bir sheʼrlar ketida,

Lek, ajab,

Hamisha qilurlar nifoq.

Aruziy barmoqni

Toʻpori, deydi,

Sen pastsan, men sendan –

Yuqori deydi.

Barmoq uni koʻhna –

Xarobasan, der,

Parvozlar asrida

Arobasan der.

Men esam

Oʻtmishu kelajak aro

Oʻrta yoʻlda qolgan bechoradirman.

Ular yuragimda

Qilsa mojaro,

Kelishtirmoq bilan ovoradirman.

1977

 

 

TANDIR XAQIDA ERTAK

 

Moʻjaz hovli,

Pastgina devol,

Pastakkina tandiri bilan:

Yashar edi kichkina bir chol

Kichkina bir kampiri bilan.

Yashardilar kamtar va halol,

Osoyishta taqdiri bilan.

Pichoq charxlar ermak uchun chol,

Kampiri band xamiri bilan.

Nafaqa bor,

Chol-kampir mamnun,

Daraxt ham bor – bir tup olucha.

Lekin shu tor hovlidan bir kun

Oʻtar boʻldi kattakon koʻcha.

Ular bu gap tarqagan kundan

Mungʻayishib soʻlib qoldilar.

Bamisoli ini buzilgan

Musichadek boʻlib qoldilar.

Oʻz boshidan kechirgan bilar,

Oʻylab koʻring, osonmas, axir,

Shu hovlida turgan edilar

Naq oltmish yil chol bilan kampir.

Ular bunda koʻrdi goʻshanga,

Ikki oʻgʻil boqdilar oʻktam.

Kuzatdilar ikkovin jangga,

Qaytgani yoʻq ammo biri ham.

Mana,

Uy ham buzilar endi,

Tan berdilar yana taqdirga.

Faqat ular oʻrgangan edi

Parcha yerga, pastak tandirga.

Boshqarmaga qatnamadi chol,

Raysovetga yurmadi kampir.

Peshonada borini alhol

Yurt qatori koʻrarmiz, axir.

Ne qilardik,

Koʻpga kelgan toʻy,

Nolish bizga yarashiq ishmas,

Tegar axir bizga ham bir uy,

Koʻcha-koʻyga haydab qoʻyishmas.

Shunday boʻldi,

Berdilar uy ham,

Koʻchirdilar koʻrsatib hurmat.

Biram yorugʻ,

Ozoda, shinam,

Hammadan ham… birinchi qavat!

Kampir cholni chimchilab kulsa,

Xush keladi cholga qiligʻi.

Bir jumrakdan sovuq suv kelsa,

Bir joʻmrakdan kelar iligʻi.

Oppoq vanna,

Gazxona… rohat,

Hatto poʻchoq tashlashga paqir…

Hamma narsa joyida,

Faqat…

Faqat bunda yoʻq ekan tandir.

Busiz ular bir kun turolmas,

Tatimaydi bersa jahonni,

Chol qurmagʻur orziga olmas

Gaz oʻchokda pishirgan nonni.

Boshqarmaga arzga bordi chol,

Raysovetga qatnadi kampir.

“Qanday kechar tandirsiz ahvol,

Uy kerakmas bizga betandir”.

Boshqarmada yelka qisdilar,

Raysovetda boʻldilar hayron.

Jilkontorda shartta kesdilar:

“Yoʻq, boʻlmaydi tandirga imkon”.

“Hech bir yerga qoʻndirib boʻlmas

Gap shu, – dedi JEKning rahbari. –

Hamma ruxsat bersa ham, koʻnmas

Oʻt uchirish tashkilotlari.

Boshda hech kim qilmagan xayol,

Proyektga qoʻshmagan, axir…”

Sabablarni tushunmadi chol,

Dalillarga koʻnmadi kampir.

Ikkovin ham tegdi tishiga

“Ammo”, “Lekin”, “Ha”, “Albatta”lar.

Xullas kalom, tandir ishiga

Aralashdi oxir kattalar.

Boshqarmada dedilar mumkin,

JEKdagilar topdilar tadbir.

Baland uyning yonida bir kun

Chol-kampirga qurdilar tandir.

Qoʻshnilar ham qarab turmadi,

Kim risht tergan,

Kimdir qorgan loy…

Tushmadi ham JEKning hurmati,

Topildi ham tandirga mos joy.

Tandir bitdi

Va oʻsha-oʻsha

Tong yorishar chogʻida har kun

Osmon boʻyi tomlardan osha

Koʻkka oʻrlar ingichka tutun.

Oʻsha-oʻsha, bizga beshikdan

Tanish xush boʻy taralar har yon.

Tongda har bir ochiq eshikdan

Rizkdek kirar bir juft issiq non.

Shunday yashar –

Sokin, bezavol

Pastakkina tandiri bilan

Katta uyda kichkina bir chol

Kichkina bir kampiri bilan.

1977

 

 

KUZATISH

 

Sheʼrlarim, bolajonlarim,

Qora-qura polaponlarim,

Jo qilayin sizni jonimga,

Chugʻurlashib keling yonimga.

Egningizga qarayin bu kun,

Sizni yuvib-tarayin bu kun.

Otlantiray olis safarga,

Olisdagi oydin shaharga.

Yetar endi taralla etmoq,

Yetar endi koʻcha changitmoq.

Qiling endi fikringizni jam,

Fursat yetdi quyulmoqqa ham.

Ertangizni oʻylayin endi,

Tahsil uchun yoʻllayin endi.

Sizga berib tarbiya, taʼlim,

Til oʻrgatsin dono muallim.

Sheʼrlarim, polaponlarim,

Chagʻir-chugʻur qaqajonlarim,

Ust-boshingiz tuzatarkanman,

Olis yurtga kuzatarkanman,

Sizga boqqan yoshli koʻzim bor,

Yoʻl oldidan aytar soʻzim bor:

Sizga berdim umrimni barcha,

Har biringiz dilimdan parcha.

Ardoqladim har biringizni

Mehrim berib oʻstirdim sizni.

Goh erkalab, goh qiynab, lekin

Turgʻizoldim oyoqqa sekin.

Sal toʻpori, bir oz beboshroq,

Lek oʻsdingiz yolgʻondan yiroq.

Koʻmganim yoʻq sizni ziynatga,

Oshno qildim samimiyatga.

Yoqavayron, betarosh, paxmoq,

Lekin boʻldi yuragingiz oq.

Oʻrgatoldim ozroq ilmga,

Til oʻrgatdim – ona tilimga.

Sizga xalqim urfu odatin

Tanishtirdim, singdirdim kam-kam –

Toki qiling elning xizmatin

Toʻylarda ham, taʼziyada ham.

Ochiq koʻngil va dilbar boʻling,

Shoh, gadoga barobar boʻling,

Boshingizga kelsa ham qilich,

Qaytmang, dedim, haqiqatdan hech.

Sheʼrlarim, bolajonlarim,

Serjanjal, sertoʻpolonlarim,

Sizni yoʻllab hayot yoʻliga,

Qardoshimning beray qoʻliga.

Ul qardoshning ismi tarjimon.

Unga ayon oshkoru nihon.

Fikri epchil, chaqqon qoʻllari,

Sizni boshlab kengliklar sari

Oʻz tilida soʻzlatur biyron.

Bugun sizga yana bir qarab,

Oʻsiq paxmoq sochingiz tarab,

Yurak toʻla hayajonlarim,

Xayr deyman, jonajonlarim.

Omon borib, qayting salomat,

Lekin doʻstim oldida faqat

Uyaltirmang, bolajonlarim!

Tiyrak boʻling, ozoda boʻling,

Kamtar boʻling va sodda boʻling.

Boʻlsangiz ham otash va olov,

Boʻlmang ortiq sarkash va asov.

Qiynamangiz uni mendayin,

Qochib yurmang tutqich bermayin.

Siz doʻstimga quloq solingiz.

Til oʻrganib, taʼlim olingiz.

Ne istasa yoʻq demang aslo,

Faqat oʻzni unutmang ammo,

Mening sheʼrim boʻlib qolingiz.

Oʻzga ruhga berilib ketmang,

Maskov borib kerilib ketmang.

Yodingizda boʻlsin bul zamin,

Kezib oʻzga soʻzlar olamin,

Chiqib oʻtkir, dono qalamdan,

Qaramangiz yerga balanddan.

Siz, tarjimon,

Ey muhtaramzot!

Sheʼrlarimga berguvchi qanot!

Bir-bir yoʻnib tarashlaguvchi,

Olamsari yoʻl boshlaguvchi,

Baxsh etguvchi yangi bir hayot!

Mana sizga, polaponlarim,

Har biri naq bir jahonlarim,

Tanlab oling – keragi sizga,

Qay birini chertib olsangiz, –

Eti sizga, suyagi bizga.

Iltimosim, ularga faqat

Boʻlmagaysiz ortiq beshafqat.

Soddaligin ayb etib kulmang,

Koʻp ichida xijolat qilmang.

Toʻgʻrilangu yurish-turishin,

Oʻzgartirmang turish-turmushin.

Oʻz feʼliga xosligi qolsin,

Oʻz eliga mosligi qolsin.

Toʻgʻri soʻzlik darsin oʻtgan dam

Unutmasin qochirimni ham.

Magʻrur qilgan chorida xitob,

Yoʻqolmasin sharqona odob.

Boʻlsin demam toʻnli, yaktakli,

Boʻlsin demam, doʻppi, telpakli,

Bu kun oʻzga vaqt, oʻzga odat,

Zamonaviy kiydiring, faqat –

Faqat boʻlsin oʻzbek yurakli.

Sheʼrlarim, bolajonlarim,

Qora-qura polaponlarim,

Yoʻllaringiz boʻlsin charogʻon,

Xayr endi, sogʻ boʻling, omon!

1977

 

 

“SADOQAT”

 

Xotin der: Qoʻrqaman, bir zamon erim

Degan: – Egri yursang joning olaman.

Oʻttiz yil yashadik oʻshandan beri,

Har kun bir oʻlimdan omon qolaman.

1977

 

 

SODDALIK

 

Yigit aytar: Jonon, sevar yorim boʻl,

Ardoqlab boshimda olib yuraman.

Jonon aytar, durust, gapingiz maʼqul,

Erimdan maslahat soʻrab koʻraman.

 

Erkin VOHIDOV

 

Sheʼr dunyosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nazm/tirik-sayyoralar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x