DO`STLARGA ULASHING:
NIYAT
Magar kelganda ham qiyomat qoyim,
Yor bo‘lsin yigitga niyati doim.
Tabarruk keksaning gapin eshitdim,
Boshing toshdan bo‘lsin, derdi, iloyim.
Dilovar dardida tortdim uzangi,
Men kim deb ado-yu, kimdir adoyim.
Gohida safardosh bo‘ldim g‘animga,
Sodiq do‘st topolmay qaytganda royim.
Boshimga chiqdi goh poyim to‘zoni,
Ulug‘lar qoshida goh bo‘ldi joyim.
Qismat qahr bilan yo‘lim poyladi,
Agarchi, baxt menga boqdi muloyim.
1982
Abdulla Oripov
BARAKAGA TO’LSIN UYINGIZ
Onalar, opalar, singillar,
Muborak bo‘lsin bu to‘yingiz.
O’zbekcha aytganda, har doim
Barakaga to‘lsin uyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Shodlikka jo‘r bo‘lsin kuyingiz.
Faqat bolalarning baxtini o‘ylab,
Kechar bo‘lsin ezgu o‘yingiz.
Onalar, opalar, singillar,
Hayotning shavqini tuyingiz.
Vatanni jondan ham ortiqroq,
Allohim qadarli suyingiz.
Onalar, opalar, singillar,
She’rimni faxrga yo‘yingiz.
Bir do‘stim degandi so‘nggi dam,
Onamning yoniga qo‘yingiz…
1996
Abdulla Oripov
AYTGIN SHUKRLAR
Dumaloq shu boshdan bo‘lmasang judo,
Ikki oyoq bilan yiroq ketgaysan.
O’lmagan qulim, deb siylasa xudo,
Jambulning yoshiga balkim yetgaysan.
Tap-taqir kallangda qozondek dastor,
Avliyo misoli ayri soqoling.
Nabira, abira tegrangda qator,
Sandiqda bisoting, qo‘rangda moling.
O’tgan hayotingdan mutloq bexabar,
Piyri badavlat deb yozar muxbirlar.
Shundayin dovonga yetolsang magar,
Aytaber Allohga cheksiz shukrlar.
1998
Abdulla Oripov
Sizga tilaklarim bir jahon bo‘lsin,
Boshingiz oftobli osmon bo‘lsin.
Kunduzning g‘aroyib chog‘idir oqshom,
Saodat birla u nurafshon bo‘lsin.
Abdulla Oripov
Oqqush misol parvozlarga shaylangan
Ertakdagi malikaga aylangan
Sultoniga kelin bo`lib saylangan
Singiljonim qutlay bugun to`yingiz
Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.
Oq atirgulsiz tong chog`i ochilgan
Chimildiqqa uforlari sochilgan
Chehrasida oftob kulgan oy kulgan
Shaloladan tiniq orzu o`yingiz
Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.
Siz tursangiz yashnab turfa libosda
Tovlanasiz tovusday har nafasda
Qo`shni qizlar termulishar havasda
Chaman bo`lar yurgan ko`cha kuyingiz
Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.
Bir kun kelgay jannatlardan sadolar
Momolardan meros sirli navolar
Go`zallikni yo`rgaklagan bahorlar
Gulbahorlar qutlar beshik to`yingiz
Ostonasi tillo bo`lsin uyingiz.
Kelinchak oy kelinchak
Kuyov bag`ri belanchak
Kelinchak oy kelinchak
Kuyov bag`ri belanchak.
TILAK
Har kimning ham sochlariga oq tushsin,
Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin.
Har kimning ham quvvat ketib belidan,
Qo`llariga aso — bir tayoq tushsin.
Imoni sof, yuzga kirib yorug` yuz,
To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin.
Jismiga so`nggi safar oldidan
O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin…
Muhammad Yusuf
TILAK
Yurtim,
Seni yashartirib yashasam,
Mehrim unsa har bir maysa, giyohda.
Qancha suysam,
Qancha kuysam shuncha kam,
Shuncha kamdir, shuncha kamdir, shuncha kam.
Yurtim,
Ko‘zim!
Yoshing artsam, yashartsam,
Vola bo‘lib qolsam, volang o‘zim ham.
Seni suyib, quchog‘imga aylab jo
Ko‘zing bo‘lib ko‘zin-ga nur qo‘sholsam.
O‘zing bo‘lsam,
O‘zim bo‘lsang, o‘zlashib,
Bir dil bo‘lsak,
Bitta dilday yashasak.
Va sevishsak, sevishsalar shu qadar,
Muhabbatga ishqqa do‘nsa Kelajak.
Xayolarga do‘nib qolsa havolar,
Xayolarni qona-qona simirsak.
Telbalanib bizning dalli navolar
Osmonlarda uchib yursa havolab.
Ezgulikka aylansa huv bulutlar,
Jolam bo‘lib armonlaring yuvsalar.
Quyosh misol charaqlasa umidlar,
Umidlarda unsa shirin bo‘salar.
Dunyo,
Seni yashartirib yashasam…
Abdunabi Boyqo’ziyev