Tekinga beriladigan yer

Oʻzimizning Ziyodjon ukamiz avval amal, keyin mashina kursisiga oʻtirdi-yu, rang-roʻyi oʻzgardi, yuziga qon yugurdi.

Yoʻlda piyoda ketayotgan hamqishloqlariga parvo ham qilmay, mashina magnitofonini baralla qoʻyib oʻtib ketadi. Ha, mayli buyursin, yumshoq kresloda oʻzimizning ukalar boʻlgani yaxshi-da.

Kecha shu ukamizni yoʻqlashga otlandim. Axir, oʻzimizning kadr, begonani yoʻqlagandan koʻra. Yoʻlga chiqarkanman, onam qoʻlimga xalta tutqazdi: “Olib bor, har holda ular ham tushlik qiladi”.

Katta yoʻlda avtobus kutib tursam, Mamat togʻa kelib qoldi. Salom-alikdan soʻng, avtobusga birga chiqdik. Qayoqqa ketayotganimni obdan surishtirib qolsa deng. Shu biror joyga ketayotganimda, birov “yoʻl boʻlsin?” deb soʻrasa, juda xunobim oshib ketadi.

– Ziyodjonni oldiga ketyapman, – dedim, esnagan kishi boʻlib, tushunolmaydigan ohangda.

– I-e, oʻzi u jiyan nima ish qilyapti, qachon qarasa, uni togʻa, buni doda deydi. Mashina minib yurganidan biror katta joydami deyman, – dedi Mamat togʻayam, darrov soʻzimni tushunib.

– Ha-a, shaharda, yer boʻlishadigan joyda ishlayaptimi-yey, qandaydir katta joyda, xullas. Oʻzidan soʻraganimda, kelgan odamlarga tekinga yer beramiz, degandi.

– Yer soʻragani ketyapsanmi oldiga?

Savoli gʻururimni qitiqlab oʻtdi. Yer soʻrab ketayotganimni aytgim kelmadi.

– Yoʻq, yer kerakmas, uni koʻrib, bir yoʻqlab kelmoqchiman. Shunchaki salom-alik yuzasidan, – dedim qovogʻimni solib. Nima qilarkan-a, birovning ishiga aralashib. Yana tiqilinch avtobusda, ogʻzini burnim tagiga olib kelib gapirgani-chi…

Indamay, oynadan koʻchaga qarab ketdim. Talay yoʻl yurib, nihoyat shaharga kirib keldik. Mamat togʻa qachon tushib qolganini bilmay qolibman. Xafa qilib qoʻydimmikan, deb vijdonim ham ancha qiynaldi. Bekatda tushib qoldim-da, katta-katta binolar orasidan ichkariladim. Ziyodjon ukamizning ishxonasini hech topolmayman. Qoʻlimdagi xalta ham ogʻirlik qila boshladi. Qarasam, uzoqda oʻzimizning tanish “Jiguli”. Quvonib mashina tarafga yurdim. Omadimni qarangki, Ziyodjonning oʻzi ham kelib qoldi. Kiyimlari chang.

– Ha, aka, assalomu alaykum, nima qilib yuribsiz?

– Ziyodjon ukam, seni bir koʻrib ketay, degandim. Shunga keldim. Mana bu xaltani ol. Qoʻlim toliqib ketdi-ku.

– Kech tushganda uyga borardim. Qishloqdan shahargacha qiynalib kelmasangiz. Nima gap, aka, tinchlikmi oʻzi?

– Tinchlik, ukam, tinchlik. Toʻgʻrisini aytsam, bir paytlar kelgan odamlarga bepul yer beradigan joyda ishlayapman, deganding. Shu bizga ham ozgina yer kerak-da. Shunga…

Ogʻzimdan chiqqan gapni qaytib olishning iloji boʻlganda oʻsha zahoti qaytarib olardim. Ishongan ukamiz, ustimdan kulgandek, nima deydi, deng?

– Aka, men shaharda goʻrkov boʻlib ishlayman. Bu yerdan sizga yer berolmayman. Siz qishloq goʻrkovidan soʻraysiz…

 

Doniyor QURBONXOʻJAYEV

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/tekinga-beriladigan-er/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x