Tarjimashunoslik va tarjima nazariyasi hakida gap ketganda mazkur sohani nisbatan yosh fanlar qatoriga qoʻshadilar. Garchi tarjima amaliyoti minglab yillarlarni qamrab olsa-da, tarjimalarning ilk nazariyotchilari tarjimonlarning oʻzlari boʻlgan. Ular oʻz shaxsiy tajribalarini, shuningdek, kasbdoshlari faoliyatlarini umumlashtirish uchun tarjima tahlili bilan shugʻullangan.
Keyinchalik ayrim tarjimonlar “Tarjimaning meʼyoriy nazariyalarini” shakllantirishga intildilar va unda yaxshi tarjima nima-yu, yaxshi tarjimon kimligini belgilovchi qator talablarni bayon etganlar.
Bular quyidagilar edi:
Tarjimon oʻzi oʻgirayotgan matn mazmunini mukammal tushunishi lozim.
Qaysi tildan oʻgirayotgan boʻlsa, oʻsha tilni, shuningdek, matn oʻgiralayotgan tilni aʼlo darajada bilishi kerak. Soʻzma-soʻz tarjima qilish tendensiyasidan qochishi lozim, zero, bu usul asliyat mazmunini soxtalashtiradi va asliyat goʻzalligini yoʻqqa chiqaradi. Soʻzlarni toʻgʻri tanlash va oʻz oʻrniga toʻgʻri qoʻyish orqali oʻquvchida shunday taassurot qoldirish lozimki, toki asliyat “ohang”i tarjimaga koʻchsin.
Tarjimada soʻzning muqobillik darajasi, oʻrnida qoʻllanilganligi qanchalik ahamiyatli ekanligini uqtirish bilan birga asar nomining tarjimasi ham muhimligini aytib oʻtish joiz.
Darhaqiqat, asar nomi matn peshlavhasidir. Xoʻsh, u qanday funksiyalarni bajaradi? Asar nomi matnga oʻquvchi diqqatini qaratishi, unda qiziqish uygʻotishi, matnda nima yashiringanligini bilishga intilishini kuchaytirishi lozim. Shuningdek, u matnni muayyan tizimga soladi, matnni tushunarli, yengil fahmlanadigan boʻlaklarga boʻladi.
Maqsadga erishishning nolisoniy vositalari deganimizda, asar mazmunini aks ettiradigan mutanosib rasmlar (foto, illyustratsiya, dekorativ unsurlar) dan foydalanish va yoki, umuman, ulardan foydalanmay faqatgina asar nomini muqovaga chiqarish tushuniladi. Tasvirlar tushurilmagan taqdirda xarflarda ifodalangan obrazlar, imloning oʻziga xos xarakteri, oʻz tarixi va aniq funksiyasi borligi yodda tutilmogʻi lozim.
Tarjimon asarni asliyatga yaqinlashtirib oʻgirishga intiladi. Bu – bor gap. Uning yechimi asar nomining zaruriy funksiyalariga mos keladimi? Axir, asliyat matni kitobxon va muhit uchun yozilgan-ku!
Kitobxon minglab boshqa kitoblar orasidan oʻz kitobini topa bilsin. Agar bunga erishilmasa tarjimonning saʼyi-harakati behuda sarflangan boʻladi. U, tabiiyki, ketkizgan umriga achinadi.
Nomlar tarjimasi haqida professor Xurram Rahimovning “Bunga befarq qarab boʻlmaydi” nomli maqolasi eʼlon qilindi (OʻzAS 18 sentyabr 2015y). Olimimizning kuyinchakligi, sinchkovligi, asliyat maʼnosi haqidagi jonkuyarligi qoʻyilgan sarlavhadan ham maʼlum.
Maqola muallifining Mirkarim Osim, Ibrohim Gʻofurov, Abdulla Sher, Mirzaali Akbarov, Yoʻldosh Pardalarning asar nomi tarjimalariga xayrixohligiga biz ham qoʻshilamiz. Avstriyalik adib Frits Vyurtlening “Babur Der Tiger” – “Bobur – yoʻlbars” nomli asarini tarjimon “Andijon shahzodasi” deb oʻgirgani chindan ham Boburning shoir, olim, sarkarda, yirik davlat asoschisi, xullas, jahoniy maqomini qamrab olmagani oʻrinli koʻrsatilgan. Ammo hurmatli muallifimizning ayrim fikrlari, nazarimizda bahsli tuyuladi.
Taniqli tarjimon Nizom Komilov Erix Mariya Remarkning qator romanlarini oʻzbekchalashtirib, nemis patsifist yozuvchisining ijodiy merosini oʻzbek kitobxonlari mulkiga aylantirgan. Yoshlar hayoti orqali aks ettirilgan urushning dahshatli manzaralari talotoʻpida asar qahramoni “Essizgina yoshligim” deyishiga ishonasan.
Tarjimon Hafiza Qoʻchqorova Jenni Erpenbekning “Heimsuchung” – “Makon istab” romani tarjimasi haqida Xurram Rahimov: “Muallifning badiiy niyatini tuzatishga urinish bor”, deb hisoblaydi. “Heimsuchung” bilan “Heimsuche” oʻrtasidagi semantik farqni tarjimonga uqtirishga harakat qiladi. Nazarimizda, soʻzning lugʻaviy maʼnosi bilan chegaralanish ham unchalik mantiqli emas. Qolaversa, roman ichki varagʻida nemis ijodkori Georg Byuxnerning: “Bu olamda bitta joyni koʻplab insonlar egallashi mumkin, biridan keyin boshqasi, chunki kunlarning hech adogʻi yoʻq, dunyo esa koʻhna”, degan gapi yoki shoir Fridrix Xyolderlinning:
Yoshligim oʻtgan oʻrmonlar
Kun kelib bagʻringizga qaytgan chogʻimda
Vaʼda berasizmi yana bir bora
Xotirjamlik tuhfa etmoqqa,
– degan satrlari, shuningdek, “Makon topding deguncha ajal keladi”, degan arab maqolini muallif epigraf sifatida keltirgani ham kitob nomiga ishora emasmi? Tarjimonning muallif bilan bir necha oy mobaynida Germaniyada hamkorlik qilganini ham eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi.
Asar sarlavhasiga qaytadigan boʻlsak, azal-azaldan dunyodagi barcha narsalar juft yaratilgan: osmon va yer, kecha va kunduz, yaxshi va yomon va hokazo. Tilimizda “bir kam dunyo” degan ibora bor. “Osmonsiz zamin” deyishimizda ham ana shu kemtiklikka ishora bor. “Der Himmel auf Erden” iborasi Langenshaydt lugʻatida sharhlanishicha “oʻta maʼqul va manzur hayot” degani. Agar shu iboraga “Kein” inkorini qoʻysak “osmonsiz zamin” deb oʻgiriladi (erning ustida osmon yoʻq deb emas).
Yaqinda Boboxon Muhammad Sharif tarjimasida bosilgan Garsia Markesning hikoyalar toʻplami sarlavhasi eʼtiborimni tortdi. Kitob “Ulugʻ onaning janozasi” deb atalibdi. Barcha xalqlarda marhumni soʻnggi yoʻlga kuzatish marosimlari mavjud. Ammo sarlavhadagi “janoza” soʻzi Lotin Amerikasi voqeligini ifodalagan asarda qoʻllanilishi joizmi? Mayit va cherkov, monastir va madrasa, janoza va pominka vazifasi jihatidan oʻxshashlikka ega boʻlsa-da, kitobxon tasavvurini chalkashtiradi-ku!
Tarjimadagi personajlar ismlari, joy nomlarining yozilishi va talaffuzidagi har xillik ham eʼtiborimizdan chetda qolmasligi kerak. Tarjimaga qoʻl urgan ijodkor borki, bu muammoni chetlab oʻtolmaydi. Tabiiyki, bu masalada matn qaysi tildan oʻgirilayotgani ham muhim. Matnlar asliyatdan oʻgirilsa, tarjimon oʻzi tarjima qilayotgan til imkoniyatlaridan kelib chiqib yondashadi.
“Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur” jurnallari, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi” gazetalari chin maʼnoda tarjima minbarlariga aylangan, desak yanglishmaymiz. Yil davomida bu nashrlar yuzlab mashhur va manzur asarlarni taqdim etib, oʻquvchilarning maʼnaviy dunyosini kengaytirish va chuqurlashtirishga hissa qoʻshdi.
Shu oʻrinda muayyan asarni asliyatdan oʻgirishda til bilishning oʻzi kifoya qilmaydi, tarjimaga qoʻl urgan kishi isteʼdod egasi, asliyat muallifi bilan boʻylashishga intilgan ijodkor boʻlishi zarurligini taʼkidlamaslikning iloji yoʻq.
Darhaqiqat, asliyatdan qilingan tarjimalar, nemischaga oʻgirilgan bevosita tarjimalarni kuzatib, koʻngil toʻlmay qoladigan oʻrinlar bor. Soʻzni his etmaslik, tagmaʼnolarni anglamaslik, muallif aytmoqchi boʻlgan fikrni boshqacha talqinlarini koʻrib, adabiyotga ixlos, mehr, isteʼdod naqadar zarurligiga ishonch hosil qilasan kishi.
Taniqli shoir Abdulla Sher hozirgi globallashuv jarayonlari sharoitida, milliy va jahon adabiyotidagi umumbashariy qadriyatlarga uygʻun boʻlgan mumtoz namunalar haqida bir yoqlama fikr yuritib boʻlmasligiga eʼtiborimizni qaratadi: “Ularni oʻgirishda, albatta, tarjima estetikasi va tarjimonlarning badiiy estetik didi katta ahamiyatga ega”. Shuningdek, tarjimon shoirona qalb egasi boʻlishi barobarida bilimli, sinchkov oʻquvchi sifatida oʻzi tarjima qilayotgan matnni obdon bilishi lozim. Bunda, avvalo asliyatdagi oʻzak nima, unda nima yetakchi ekaniga eʼtibor qilishi shart: mazmunmi, ohangmi, timsolmi? Tarjima bu muallif bilan ijodiy musobaqadir”.
Taniqli tarjimonlarimiz Amir Fayzulla, Yanglish Egamova, Mirzaali Akbarovlarning maqola va suhbatlari tarjimonlar ish jarayonida duch kelgan muammolar va ularning yechimlariga bagʻishlangan tavsiyalarga boyligi bilan qiymatga ega.
Tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinovning adabiy nashrlar va ilmiy toʻplamlarda bildirgan fikrlari eʼtiborga loyiq: “Tarjimaga hozir eʼtibor katta. Oʻz milliy qobigʻi ichida taraqqiy etish mumkin boʻlgan davrlar oʻtib ketdi. Ilgari asosiy manba milliy adabiyot, badiiy tarjimlar esa unga qoʻshimcha boʻladigan boʻlsa, endi biz olayotgan axborotning koʻpchiligi tarjima mahsuloti boʻlib qoldi. Sof milliy mahsulotning nisbati oʻzgardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bir qancha oliy oʻquv yurtlarida tarjima guruhlari, tarjima fakultetlari ochilgan. Ammo bir narsani anglatish qiyin boʻlayapti, baʼzi mutasaddilar shu guruhda yo shu fakultetda tahsil olayotganlar badiiy tarjima qilishlari kerak, degan fikrda. Filologiya fakultetini bitirgan odam yozuvchi yoki shoir boʻlavermaydi-ku. Badiiy asarlarni tarjima qilish uchun talabada ijod iqtidori boʻlishi shart”.
Chunki mutarjim ham ijodkor. Ijod ahliga esa vazifa va burchlarni “oʻquvchilar qoidasi”dagi kabi sanab koʻrsatish, uqtirish xato. Abdulla Qahhor “Halqimizning tili uchida turgan gapni topib aytsam”, deganida yozuvchilar oldidagi asosiy vazifani ifoda qilgan”, – deb taʼkidlaydi tarjimashunos. Shundan kelib chiqilsa, mutarjimning doimiy vazifasi – odamlarga eng kerakli, badiiy saviyani yuksaltiradigan asarlarni topib oʻzbekchalashtirishdan iborat.
OʻzMU dotsenti Bahodir Ermatov va munaqqid Adhambek Alimbekovlarning “Oʻz. AS” gazetasida, “Badiiy tarjima: amaliyot, nazariya va tanqid” toʻplamlarida eʼlon qilgan maqolalari asliyat matnini soxtalashtirish oqibatlarini dalillar bilan ochib berishi ibratlidir.
Umrini, iqtidor va zakovatini badiiy tarjimaning oʻta murakkab ishiga baxshida qilgan tarjimon ijodkorlarimiz haqidagi maqola, portret va esselar 2015 yilning eng yorqin kuzatishlari boʻldi desak mubolagʻa boʻlmas. Ustoz Ibrohim Gʻafurovning Amir Fayzulla ijodiy portretiga chizgilari, Xurshid Doʻstmuhammadning Ibrohim Gʻafurov haqidagi “Qalb hamisha oʻrtada” essesi, S. Saydaliyevning tarjimon Mirzaali Akbarovga bagʻishlangan “Maʼnaviyat koʻprigi” nomli maqolalari, Xurram Rahimov va Mirzaali Akbarovning suhbatlari, tarjimon shaxsini intellektual individi, ijodiy usullarini tadqiq etishning yoʻriqlarini aks ettirishi bilan betakrordir. Xurshid Doʻstmuhammadning ustozga bagʻishlangan essesi ifoda samimiyligi, ijodkorga boʻlgan ixlos va mehrning tabiiyligi, topib aytilgan tashbehlarga boyligi bilan oʻquvchini rom etadi.
Shavkat KARIMOV
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tasavvurga-komaklashgan-tarjima/