“Tarix unutmaydi…”

Adabiyotning dargohi keng. Hammaga joy yetadi. Ammo shunday paytlar ham boʻladiki‚ ana shu keng maydonda turish qandaydir uqubatlarga yoʻliqtiradi.

Shoʻro adabiyotshunosligida oʻtmishdagi biron adibning ijodini oʻrganish, ommalashtirish uchun uni oʻsha zamonda yashagan boshqa bir ijodkorga qarshi qoʻyish urf boʻlgan edi; bunisi – progressiv, unisi – qoraguruhchi, saroy shoiri… Dushmani yoʻq odam unchalik maqbul koʻrilmas edi. Bordi-yu, progressiv tarixiy shaxsning yovi topilmay qolsa, biron badiiy asardagi toʻqima obraz unga qarshi qoʻyilardi. Shu zayilda, Mirzo Ulugʻbek Xoʻja Ahrorga qarshi, Navoiy Majididdinga yov, Hamza Choʻlponga kekli qilib koʻrsatildi. Aslida, ular real hayotda oʻzaro raqib emasdi. Nima boʻlganda ham, oqibat, ulugʻ shaxslarning ruhi koʻp bor chirqirab qolgan.

Ijtimoiy hayot tasviri-ku, tamom yakrang edi: universal sxemaga koʻra, ijobiy qahramon, albatta, kambagʻal, ammo haqgoʻy va aqlli, boylarga qarshi, boy-biylar esa, shubhasiz, zolim, axloqsiz va nodon qilib tasvirlanardi…

…Darigʻki, oʻzaro yaqin – kasb-kori, fikr-eʼtiqodi va eʼtimodlari uyqash boʻlgan kishilar orasida nizo koʻproq yuz berarkan. Aynan bir yoʻldagi odamlar orasida kelishmovchilik yuzaga kelsa, raqiblardan biri ikkinchisini yoʻqotishga harakat qiladi. Otashnafas shoir Mashrab bilan diyonati pok Soʻfi Olloyor orasidagi munoqasha va uning oqibatlari bunga misol boʻlsa, ajab emas…

… Mashrab Soʻfi Olloyorga uchrashib suhbatlashish uchun Kattaqoʻrgʻonga ikki marta kelgan, ammo qay sababdandir, koʻrishish nasib boʻlmagan. Gʻafur Gʻulom ham Samarqand olimlari bilan Obirahmat boʻyidagi bir suhbatda: “Soʻfi Olloyor haqida bir narsa yozib koʻringlar, – degan ekan. – U zoʻr boʻlmasa, Mashrab Soʻfi Olloyorni uch marta izlab, uning yoniga kelarmidi?” (Inoyatulla Suvonqulov. Mashrab va Soʻfi Ollohyor. “Sharq yulduzi” jurnali, 2007,1-son, 129-bet. )

Soʻfi Olloyor bilan koʻrishish orzusidagi Mashrab uchinchi marotaba kelganida, uning Hisor tomonga koʻchib ketganini eshitadi (va deydiki):

 

Topmasak Soʻfi izin Kattaqoʻrgʻona yurib,

Xoʻsh Olloh yor deb, azmi Hisor istar koʻngul

 

Nihoyat Mashrab Soʻfi Olloyor bilan Qabodiyonda yuz koʻrishadi… (Baʼzi mualliflar Mashrab bilan Soʻfi Olloyor uch bora koʻrishib suhbatlashgan, degan fikrni aytishadi. Bizningcha, ular faqat bir marta koʻrishgan.)

Xoʻsh, bunga qadar Mashrab uchrashish uchun uni qidirib ikki bor Kattaqoʻrgʻonga borganini Soʻfi Olloyor bilmaganmikin? Shubhasiz, xabardor boʻlgan, ammo muloqotga negadir ragʻbat qilmagan. Xoʻsh, nima uchun?

Oʻtmish oʻzbek adabiyotining ikki ulugʻ namoyandasi Mashrab bilan Soʻfi Olloyor uchrashuvi tafsiloti xususida Isʼhoq Bogʻistoniy oʻzining “Tazkirai qalandaron” asarida shunday yozadi: “Vaqtiki Shoh Mashrab birla hamkorlikda Qabodiyonga doxil oʻldik… Shoh va yana yetti qalandar va faqir Qabodiyonning takyaxonasiga qoʻndik. Shoh Mashrabning Qabodiyonga doxil oʻlmishlari oz fursatda el orasida mashhur boʻlmish. Andak fursatdan soʻng maʼlum oʻldiki, eshoni Soʻfi Olloyor munda erkanlar, oradan bir muddat oʻtib erdiki, eshoni Soʻfining muridlaridan ikki nafari kelib, Shohga qulluq adosidin soʻng dedilarki, yo shoh qalandar, pirimiz eshoni Soʻfi siz azizni oʻz kulbalariga chorlaydurlar. Shoh Mashrab alar javobida dedilarki, maʼqul, erta namozi jumʼadin soʻng eshon Soʻfi hazratlariga qulluq adosin qilgʻaymiz”.

Algʻaraz, erta namozi jumʼa adosidin soʻng shoh Mashrab faqir va qalandarlar hamrohligʻinda eshoni Soʻfi qoʻnoqlarigʻa hozir oʻlindi. Anda katta jamoat oʻlubtur. Qabodiyon qozisi, oqsoqol va bisyor kadxudolar anda jamʼ boʻlmishlar erdi.

Salom-alik adosidin soʻng Soʻfi Olloyor Shoh Mashrabga yuzlanib demishlarki: “Yo Mashrabi devona, shoirlik shuhratingiz olamni tutadur. Sizni birla muloqot orzusida erdim, ersa tangri taolo bu orzumni yetkazdi. Xush kelibsiz, safo kelibsiz!”

Eʼtibor qilsak, Mashrab uni yoʻqlab Qabodiyonga ham kelganini eshitgan Soʻfi Olloyor, mezbon maqomida boʻlaturib, Mashrab qoʻngan takyaxonaga oʻzi bormay, odam joʻnatadi. “Qulluq adosini qilish” uchun kelgan ulugʻ shoirni… “Yo Mashrabi devona…” degan xitob bilan kutib olib, “Sizni birla muloqot orzusida erdim, ersa tangri taolo bu orzumni yetkazdi”, deb aytadi. Ammo Mashrab Soʻfi Olloyordan iltifot va manzirat tilab kelmagan edi, u tasavvufiy mavzuda bahs ochib, Soʻfi Olloyorning maslagini aniqlashga intiladi: “Andin soʻng Shoh va eshoni Soʻfi oralarinda ajib suhbat boʻlib oʻtmish,deb davom etadi Isʼhoq Bogʻistoniy.Gap orasinda Shoh Mashrab dedilarki: “Yo Soʻfim, siz butun umringiz mobaynida pulisirotga xushomad qilmishsiz. Huzuriy degani esa doʻzaxga xushomad etmish. Yo Soʻfim, insof birla tafakkur qilinsa, doʻzax va pulisirot shu yorugʻ dunyoning oʻzida mavjud emasmu? Farzandi odam umrining ibtidosidin to intihosiga qadar bosib oʻtmish yoʻlining oʻzi – qil ustida turmoqlik; gardun va zolimlar aning boshigʻa yogʻdirmish azobu uqubatlar, sonsiz falokatlar doʻzax azobidin kammu? Yo Soʻfim, oyoqlaringiz ostigʻa bir nazar tashlang – pulisirot va doʻzax anda mavjuddir”.

Mashrab Soʻfi Olloyorga yuzlanib, bu gʻazalni oʻqidilar:

 

Angla bu soʻzni ey sanam, oshiqi muddao oʻzum,

Aslo yurakda bagʻri yoʻq, dunyoda bedavo oʻzum.

 

Koshki yuzingni shamʼiga boʻlmagʻay erdim intizor,

Rahm eta koʻr bu holima, oshiqi beqaror oʻzum.

 

Qatrai may toturmasang, ol bu jonimni qiynamay,

Sensiz agar bu dunyada, oʻlmakima rizo oʻzum.

 

Ul arosat, doʻzaxiga yakka oʻzum bir kiray,

Yurdimu koʻrdum hamani – dunyoda purgunoh oʻzum…

 

Parda koʻratgil ey sanam, rozi dilimni aytayin,

Barcha payambar oldida ilgari doxoh oʻzum.

 

Oshiq erursan ey rafiq, qoʻrqma bu jonni vahmidin,

Qilsa madad oʻzi, vale, jurmima ham shifo oʻzum.

 

Kuydi yurogim oʻrtanib, javri sitam ham etmagil,

Ohima jovidon kuyar, otashi tobdor oʻzum.

 

Eshoni Soʻfi va ahli ulamo Shoh Mashrab javoblaridin tagʻyir tortib, istigʻfor kelturmishlar. Eshoni Soʻfi Shoh Mashrabgʻa yuzlanib dedilarki: “Yo Mashrabi majzub, gunohga botmang. Alloh taolo behisht va doʻzaxni solih va kofir bandalari uchun yaratmish. Gʻofil bandalarni bu haqiqatdan ogoh qilmoq siz va biz uchun ham farz, ham qarzdir”. Anda Shoh Mashrab dedilarki: “Yo Soʻfim, agar haqiqat qilingʻusi boʻlsa, doʻzax aro barcha gunohkorlar toʻlib-toshub, anda oyoq bosargʻa joy qolmas, azob maloikalari ersa oʻz yumushlarining uhdasidan chiqolmagʻaylar. Behisht ersa boʻsh qolur. Keling, to tanda jon mavjud ekan, shu yorugʻ dunyo tashvishlari borasinda justijoʻ qilmogʻimiz maʼqulroqdir…”

Chamasi, ana shu gaplardan soʻng irfoniy suhbatning qoʻri sovugan koʻrinadi. Soʻfi Olloyor gap oʻzanini boshqa yoqqa burib, Mashrabni oʻz uyida mehmon boʻlishga chorlaydi: “Yo Mashrabi majzub, takyaxonada istiqomat etmishsiz. Anda xaloyiq avomdir. Dilingiz ozor topgʻusidir. Faqirning kulbasi ixtiyoringizda, muridlar ersa xizmatingizda boʻlgʻay”.

“Shoh Mashrab eshoni Soʻfi javoblarinda dedilarki: “Yo Soʻfim, iltifotingizga arzimasmen. Takyaxona men uchun boyonlar qasridan ortugʻdir. Anda jonim rohatda, fisqu fujurdin xoli boʻlgʻay”.

“… Shu tariqa Qabodiyonda bir oydin ortiqroq muddat istiqomat qilindi, – deb yozadi Isʼhoq Bogʻistoniy. – Avomu annos Shoh Mashrabgʻa bagʻoyat izzatu ehtirom koʻrsatmish”.

Eʼtibor qilsak, “Qaydasan, Soʻfim?” deb shuncha qidirgan va, nihoyat, topgan Mashrabda Soʻfi Olloyor bilan suhbat qurishga ortiq ishtiyoq qolmagani ayon boʻladi. Uning uyini esa boyonlar uyiga mengzab, bu yerda fisqu fujur bor deb ochiq aytadi va takyaxonadagi hamrohlari yoniga qaytib ketadi. Shu “bir oydan ortiqroq muddat” mobaynida Mashrab bilan Soʻfi Olloyor ikkovi bir joy – Qabodiyonda yashab turib, boshqa yuz koʻrishmaydi. Soʻfi Olloyor ham uni qaytib soʻramagan (yoʻqlaganida Isʼhoq Bogʻistoniy buni qayd qilgan boʻlardi). Ammo “avomu annos”ning Mashrabni “bagʻoyat izzatu ehtirom” qilayotganidan ham bexabar qolmagan, albatta.

Bu uchrashuv aynan Isʼhoq Bogʻistoniy bayon qilgan ravishda kechganini boshqa bir manba – “Qissai Mashrab” kitobi ham tasdiqlaydi. Unda ham Mashrabning Soʻfi Olloyorni qidirib Qabodiyonga kelgani, darhol bahsga kirishgani, Huzuriyning qiyomat va Soʻfi Olloyorning pulisirot haqidagi vahshatangiz abyoti, Allohni topgan bandalar uchun doʻzaxning vahmi hech ekanini aytgani bu kitobda ham tafsillab koʻrsatilgan.

Bu voqealarga hozir uch yuz yildan oshdi. Isʼhoq Bogʻistoniy uni sharhlamaydi, munosabatini bildirmaydi, xabar berib oʻtadi, xolos. Ammo bizga tazkirada ikki ulugʻ shoirning suhbati tafsiloti, uning shiddati bir oz susaytirib bayon qilinganday (kimsan Soʻfi Olloyor, axir), qoʻlyozma asarni oʻqib, xotirasiga joylagan Muhsin Zokirov ham 1990 yilda asarni qayta tiklashda ayrim oʻrinlarini yumshatganday tuyiladi.

Qadimda fozillarning munoqashalari oddiy hol edi va bahs oʻrni – ulamolar majlisi boʻlgan. Binobarin, Mashrabning Soʻfi Olloyor bilan bahsu munozarasi ham mutlaqo tabiiy, hatto kutilgan hol edi. Yodingizda boʻlsa, Jaloliddin Rumiy bilan Shams Tabriziyning uchrashuvlari ham savol-javob, bahs asnosida boshlangan.

Rumiy bilan Tabriziy uchrashuvi… Oʻsha uzoq oʻtmishdagi bu diydorlashuvni yulduzlarning baxtli qironiga qiyoslash mumkin. Tabriziy bamisoli buloq koʻzini bosib yotgan xarsangni olib tashlagani, Rumiy ijodi shu uchrashuvdan keyin barq urib yashnab ketgani maʼlum.

Mashrab Rumiy ijodidan yaxshi xabardor edi. Boshqa tafsilotlarni qoʻyaturib, birgina faktni keltiraylik: Fitratning shahodat berishicha, u “Mabdai nur” asarini Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy”sidan taʼsirlanib, matnida Rumiy asaridan koʻp parchalar keltirib yozgan. (Moʻmin Hoshimxonov. Mashrabi moʻtabar oʻzum. 3-kitob. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, Toshkent, 2008,87-89-betlar.) Kuzatsak, Mashrab ijodi bir qancha jihatlari bilan, jumladan, badeha yoʻsinida ijod qilishi ham Rumiy ijodiyoti ruhiga muvofiq ekanini koʻramiz. Rumiyning Sharqda naqllarga aylanib ketgan hayoti, ayniqsa, Tabriziy bilan uchrashuvi tafsilotidan Mashrabning ayricha taʼsirlangani tabiiy. Hatto uni oʻziga ulgi qilib olmoq, tarixni takrorlatmoq orzusida boʻlgani, Soʻfi Olloyor bilan uchrashuvdan Rumiy bilan Tabriziy uchrashuvi natijasi kabi xayrli bir oqibatni, shu kabi natijani kutgani ehtimol. Afsus, Mashrab va Soʻfi Olloyor orasida bu roʻy bermadi.

Mashrabning ham, Soʻfi Olloyorning ham tugʻilgan va oʻlgan sanasi aniq emas, bir-biri bilan qachon koʻrishgani ham nomaʼlum, manbalarda bu toʻgʻrida har xil raqamlar keltiriladi. Chunonchi, “Maslakul muttaqin” kitobi soʻzboshisida Soʻfi Olloyor “1630–1650 yillarda tugʻilib, 1721 yilda oʻlgan” deb koʻrsatilsa, “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”da u 1644 yilda Kattaqoʻrgʻonda tugʻilib, 1724 yilda Denovda oʻlgan, deyiladi. Shu manbada Mashrab 1640 yilda Namangonda tugʻilib, 1711 yilda Balxda dorga osilgan deyilsa, undan avval chop etilgan “OʻzSE”da Mashrab hayoti sanalari 1657–1711 qilib koʻrsatilgan. “OʻzSE”ning 10-jildidagi “Soʻfi Olloyor” maqolasida shoir “17-asrda yashab oʻtgan”, deyiladi.

Koʻramizki, koʻp raqamlar bahsli. Ammo ular shu bilan barham topmaydi. Mashrab haqida tadqiqot yaratgan Moʻmin Hoshimxonov yuqorida qayd etilgan “Mashrabi moʻtabar oʻzum” kitobida Soʻfi Olloyorni 1634 yilda Kattaqoʻrgʻonda tugʻilib, 1724 yilda Misrning Iskandariya shahrida toʻqson yoshida oʻlgan, deydi. Boz, bu asarda Mashrab 1653 yilda Namangonda tugʻilib, 1711 yilda Balxda emas, Qunduzda dorga tortilgani aytiladi. Koʻramizki, Mashrab goho 57 yoshda, goho 58, goho esa 71 yoshda qatl etilgan, deb koʻrsatilsa, Soʻfi Olloyor esa hali 90 yoshida, hali esa 71 yoshda oʻlganiga shohidlik beriladi. Bir manbada Soʻfi Olloyor Mashrabdan yoshi ulugʻ, boshqasida esa kichik qilib koʻrsatiladi.

Ulugʻ ijodkorlar hayotiga oid sanalarni aniqlash faqat ilmiy sarishtalik uchungina zarur emas, shu orqali bir talay muammolar ham oydinlashadi. Hozir bu chalkashliklarni koʻrsatishdan maqsadimiz Soʻfi Olloyor “Maslakul muttaqin”ni qachon yozganini aniqlashdir. Aslida, bu asarning sanasi juda aniq – shoirning oʻzi uni 1112 hijriy yili, (1700–1701 melodiy) muharramning yigirma toʻrtinchisida, dushanba kuni tamomlaganini qayd etgan.

Biroq gap shundaki, manbalarda Mashrab Soʻfi Olloyor bilan Qabodiyonda 1710 yilda uchrashgan deb koʻrsatiladi va Isʼhoq Bogʻistoniyning “Tazkirai qalandaron”ini bunga asos qilib keltiriladi. Ammo tazkira matnida uchrashuv qachon boʻlganiga oid maʼlumot yoʻq.

Biz esa, Mashrab bilan Soʻfi Olloyor 1710 yilda emas, balki undan kamida oʻn yil oldin – “Maslakul muttaqin” yozilmasidan avval, yaʼni, 1700 yil tevaragida uchrashgan, deb bilamiz. Bunga shu asardagi mana bu parchalar asos boʻlgudek: Yana bir toifalar lavandlik (ishyoqmaslik) birla ishlar qilurlar, otlarin “devona” qoʻyub, oʻzlarini mastlardek qilurlar, – deb yozadi Soʻfi Olloyor. – Shariat birla parvolari boʻlmas. Va yana ayturlarki: “Bizlar oshiqdurmiz, bizlarga namoz va roʻza darkor emas”. Alarning ulfati Shaytondur. Bu soʻzlarga bovar qilib, andogʻ gumrohgʻa eʼtiqod qilsa, ul Xudoni(ng) dushmanidur. Na uchunkim, ular Xudoni(ng) oyatiga munkirdur. Har kishi oyatga munkir boʻlsa, beshak kofir boʻlur.

Ana endi bir oʻylab koʻraylik: Soʻfi Olloyorga zamondosh, otini “devona” qoʻygan, oʻzini oshiq deb atagan, Soʻfi Olloyorning qahrini qoʻzgʻab, uningcha, “shariat birla parvosi boʻlmagan” odam kim boʻlishi mumkin edi?

Bunday odam… birgina Boborahim Mashrab edi.

Mashrabni shariat bilan parvosi boʻlmagan, deb ayblash asossiz, illo, u tariqat yoʻlida edi, tariqatning ham allanechuk bir maqomlariga yetishgan ediki, bu maqomda har dam shariatdan dam urish shart emas edi. Ammo X asrda Mansur Xallojni qatl ettirgan, XV asrda Imodiddin Nasimiy terisini shildirgan jaholat hamma zamonda gʻoyat katta kuchga ega boʻladi. Ana shu jaholatparastlik XVII asrda Mashrabni dorga tortdi. Nega? Negaki, Mashrabdan qutulish zamona zoʻrlari uchun kerak edi. Mashrab zamonga sigʻmas, zolimlar bilan murosa qila olmas edi. Mashrabni nima qilib boʻlsa ham daf etish yoʻlini topish davrning sotsial zakaziga aylangan edi va buni Soʻfi Olloyor bajardi: Mashrab asarlaridagi oʻta soʻl soʻfiyona ruh, feʼl-atvoridagi qiziqqonlik, choʻrtkesarlik, riyo va riyokorona taqvoning yoʻqligi gʻoyat qoʻl keldi va Mashrab va mashrabtabiat qalandarlar “kofir” deb eʼlon qilindi.

Shu bilan birga, shaxsiy munosabatlar hech qachon ikkinchi darajali boʻlib qolgan emas. Mashrabning juda yuksak soʻfiyona darajada ekanligi ham bunda muayyan rol oʻynagan boʻlsa, ajab emas. Chunonchi, Majzub Namangoniy “Tazkiratul avliyo” asari muqaddimasida Mashrabning Qarshidagi hayotiga bogʻliq quyidagi maʼlumotni keltiradi: “Devonai Mashrab suluk tahsilini Ofoqxojadan oldi. Kichik xalifalardan edi. Ammo Qarshiga kelib toʻrt yil turdi. Gʻolibo, uning suluki Xoʻjam Poshsho suhbatidan batafsil boʻldi. Bir kuni Xoʻjam Poshshodan soʻrashdi: “Ilmi Soʻfi Olloyor afzalmi yo ilmi Devonai Mashrab?” Xoʻjam Poshsho aytdiki: “Ilmi Soʻfi Olloyor shunday ilmki, uni madrasalarda toliblarga oʻrgatsa boʻlur. Ilmi Devonai Mashrab – asror ilmidirki, goh-gohida avliyoulloh suhbatidan baʼzilarigagina muyassar boʻlur”. Mashrabning tasavvufiy maqomi darajasiga oid bu taʼrifni tavsiflash shart emasdir, deb oʻylaymiz.

“Shoh Mashrab Qabodiyon fuqarosi ahvoli borasinda ushbu abyotni bitmishlar erdi”, deb yozadi Isʼhoq Bogʻistoniy “Tazkirai qalandaron”da:

 

Qaddi mehnat togʻidin xam boʻlgan ey bechoralar,

Bagʻri vahshat tigʻidin yuz pora ham yuz yoralar.

 

Koʻrmagan umri ichinda bir dami bir yaxshi kun,

Tiyra gʻamdin dilda dogʻ, ham koʻzlari giryonalar.

 

Bul Qabodiyon aro koʻrdim necha gʻamxorani,

Rangi zahil, koʻngli sinigʻ, bir jon uchun koʻp zoralar.

 

Gar shikoyat qilsa zolim zulmidin miskin gʻarib,

Kufr qilding deb urib, taqdir qalam deb yozalar.

 

Qozidin soʻrdim esa: “Bu na uchun bedodligʻ?”

Qozi der: “Amri xudodur, boʻlmagʻil kufforalar

 

Mashrabo, amri xudo nechun bu yangʻligʻdur qaro,

Yo magar amri xudoni bad qalamla yozalar?!

 

Yaʼni, zulmdan dod deganlar ham, buncha bedodligʻ (adolatsizlik) nima uchun deb savol berganlar ham Qabodiyonda kofir sanalgan. Kofir esa, shubhasiz, jazoga mustahiq. Bu gʻazal yozilgan paytda, Qabodiyonda shariatning peshvosi, xosu omning piri murshidi – Soʻfi Olloyor edi.

Boz, Mashrab haqida bitilgan barcha asarlarga koʻra, u feʼl-atvori ochiq, samimiy boʻlgan, hayotning soʻfiyona maʼnosini inkishof etgan kishilar bilan tanishish, ular ilmini egallashga jon-jahdi bilan intilgan. Ammo… garchi tazkira va manqabalarda bu toʻgʻrida ravshan koʻrsatilgan boʻlmasa-da (u davr uslubiga hozirgiday ochiq yozish anʼanasi xos emas edi), hech bir pir yo ulamo, hech bir amaldor otashnafas Mashrabning talabiga javob bera olmagan, yaʼni, u hech kimda oʻzi qidirgan shaxsni topa olgan emas. Bu gap uning ilk piri Mulla Bozor oxundga ham, Ofoqxojaga ham, Soʻfi Olloyorga ham taalluqli. Garchi hozirgi tadqiqotchilar uning Ofoqxoja bilan oʻzaro munosabatini ancha iliqlashtirib talqin etishlariga qaramay, Mashrab u bilan ham, qay oʻlkaga borsa, oʻsha yerdagi ulamoyu amaldorlar bilan ham chiqisha olmagan, buni ularning yuziga ochiq aytgan va biron-bir qilmishi yuzasidan hech kimdan – Soʻfi Olloyordan ham, Ofoqxojadan ham, uni qatl etishga hukm qilgan Balx podshohi Mahmud qatagʻondan ham – uzr soʻrashni xayoliga keltirmagan, tavba qilishni talab etganlarida qatʼiy rad qilgan.

Buning ustiga, Soʻfi Olloyor ancha qattiqqoʻl shaxs edi. Soliqchilik qilib yurgan paytida bir ayol “zolim koʻrib qolmasin”, deya qoʻrqqanidan koʻprik ostiga kirib berkinib, vahima ichida homilasini chala tashlagani, bundan xabardor boʻlgan Soʻfi Olloyor tavba qilib tariqat yoʻliga oʻtgani, yoki shayx Habibulloning boj toʻlamay Buxoroga mol olib kelayotgan bir muridini Soʻfi Olloyor qattiq kaltaklagani manoqabalardan maʼlum.

Shaxsiy xarakter va dunyoqarashni qoʻyaturib, soʻfiyona maqomlariga toʻxtaladigan boʻlsak, har qanday ijtimoiy voqelik singari tasavvuf ham oʻziga xos oʻng va soʻl jihatlarga ega ediki, oʻzi yashagan davr shariat ahkomlarini mahkam tutgan, undan bir qarich ham chetlashmagan oʻng oqimning eng qatʼiyatli vakili Soʻfi Olloyor edi. “Arshining kungurasin ustiga qoʻydum oyogʻim, Boʻlmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?” deb bong urib, haqqa yetishish istagida dunyoni charx urib kezgan, jununvashlikka qadar borib yetgan soʻl oqimning eng nomdor namoyandasi Mashrab boʻlgan.

Toʻgʻri, davr oʻtib, yo biron hodisa tufayli kishining dunyoqarashi oʻzgarishi mumkin, biroq fitrati, feʼli oʻzgarmaydi. Garchi keyin amaldorlikdan voz kechib, irfoniy hayot yoʻliga kirgan boʻlsa ham, qatʼiylik, shafqatsizlik Soʻfi Olloyorda doim saqlanib qolgan koʻrinadi.

“Maslakul muttaqin”da ham ana shu shiddat sezilib turadi. Har bir holni sinchiklab oʻrganib, xulosa chiqarish oʻrniga: “Har kim andogʻ gumrohni etagin ushlasa, rasuli xudoning dinidan tashqaridadur”, “… andogʻ gumrohga eʼtiqod qilsa, ul xudoni dushmanidur”, “… kofir boʻlur”, kabi keskin taʼriflar ancha. “Sabotul ojizin”dagi iboralar ham shunga monand.

1711 yilda Balx shayxulislomi va boshqa ulamolar: “Mashrab va hamrohlari xaloyiqni gumrohlikka undar, shariat va tariqatdin ozdirur, ashʼoridin kufr isi kelur…”, deb, dorga tortishga fatvo bergani “Tazkirai qalandaron”da bitilgan. Ammo yodingizda boʻlsa, undan xiyla avval, ismini keltirmagan holda, Mashrab va uning muridlarini aynan Soʻfi Olloyor kufrda ayblagan edi. Mashrabni kofir deb eʼlon qilish, yaʼni, uni mahv etishga hukm aslida Qabodiyonda chiqarilgan edi…

…Ehtimol, adabiyotimiz tarixidagi bunday lavhalarning yoritilishi uncha maqbul emasdir. Mashrab bilan Soʻfi Olloyorning diniy-ilohiy qarashlari oʻrtasidagi farq va shu negizda yuzaga kelgan ixtilofni ham tadqiq etish joiz emasdir… Ammo oʻtmishdagi hamma narsa “yopigʻliq qozon” boʻlib qolaversa yoxud oʻzimiz bilittifoq yopib qoʻya qolsak, unda qachon, nimadan ibrat olamiz? Shu borada, Gʻafur Gʻulom maqolalaridan birida yozilgan mazkur fikr yodga tushadi: “Tarix unutmaydi ham, kechirmaydi ham”.

Shoirning bu soʻzlariga eʼtibor qaratmay boʻladimi?

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

https://saviya.uz/hayot/nigoh/tarix-unutmaydi/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x