Ustozning yetmish yoshga toʻlishi nishonlanayotgan kunlar edi. U kishi bilan uchrashib qolib, yangi chop etilgan “Oʻzbegim” kitobini yayrab oʻqiganimni aytsam, meni hadeb maqtayversalaring taltayib ketishim hech gapmas, ora-sira tanqid ham qipturinglar, deb hazillashdi.
– Toʻgʻri, kamchiliklaringiz ham bor, – dedim oʻzimni tersroq tutib. – Eng katta nuqsoningiz shuki… Hm-m…
– Tortinmay gapiravering…
– Ochigʻini aytsam, haddan tashqari qizgʻanchiq shoirsiz, nihoyatda qisqa yozasiz. Oʻqi-i-b boramiz-u, endigina zavqimiz toshayotganida, birdaniga yakun topadi-qoʻyadi. Sheʼringizga toʻymay qolamiz.
Erkin aka nimtabassum ila koʻzimga boqib turgach, koʻkragini silab dedi:
– Umrim bino boʻlib, bunaqa ajabtovur dakkini endi eshitishim. Ayamay gapiravering, men ham tanqidingizga toʻymay turibman.
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/tanqidmisan-tanqid/