“Ey nasimi subh”

Ey nasimi subh, ahvolim diloromimgʻa ayt,           

Zulfi sunbul, yuzi gul, sarvi gulandomimgʻa ayt.

 

Buki laʼli hasratidin qon yutarmen dam badam,

Bazmi aysh ichra labo-lab bodaoshomimga ayt.

 

Kom talxu boda zahru ashk rangin boʻlganin,  

Laʼli shirin, lafzi rangin, shoʻxi xudkomimgʻa ayt.

 

Shomi hijron roʻzgoring tiyra nechun qildi, deb        

Soʻrmagʻil mendin bu soʻzni, subhi yoʻq shomimgʻa ayt.

 

Ul pari hajrida nangu nomkim tark ayladim,   

Koʻngil otligʻ hajr vodiysida badnomimgʻa ayt.

 

Ey karomatgoʻy, ishim ogʻozi xud isyon edi,         

Shamʼi rahmat partavi yetaymu anjomimgʻa ayt.

 

Yoʻq Navoiy bedil oromi gʻam ichra, ey rafiq,          

Holini, zinhorkim, koʻrsang diloromimgʻa ayt.

 

     

Gʻazalning inglizcha tarjimasi

 

O breeze of dawn, go and describe my state to the one who is joy of my heart,

Tell my beauty whose curls are black and whose face is tender as a flower.

 

My yearning for her ruby lips caused me infinite pain,

Tell the one with whom I drank of the cup of joy about all this.

 

Tell my playful selfish darling whose every word is wisdom

That my spirits are low and that the wine I drink is bitter and my tears have

                                                 turned to blood.

 

Do not ask me why the night of parting has turned my life into darkness

But recount all this to the night which will never end with the dawn.

 

Having preferred the love of this peri I have forgotten my name and all shame,

Tell of this to that creature that shames me and is called my heart.

Ah fortune-teller, I was ever a rebel, now tell me

Will the light of blessing shine on my end?

 

No, Navoiy, sadness destroys when one’s sweetheart is gone,

Describe my state to the heartless one who is the joy of my heart.

 

L.Kmetyuk tarjimasi

 

Ey nasimi subh, ahvolim diloromimgʻa ayt,

Zulfi sunbul, yuzi gul, sarvi gulandomimgʻa ayt.

 

Gʻazalning matlasida Alisher Navoiy tonggi shamolga murojaat qilib yorga intiluvchining, yaʼni oʻzining nochor holi haqidagi xabarni koʻngilga orom beruvchi, guldek yuzini qora va shikangajaklar berkitib turgan, qaddi chechaklarga burkangan, gul iforli, sarv daraxtidek tik va nozikqomat boʻlgan mahbubasiga yetkazishni istamoqda. Shamol jonsiz narsa, biroq sheʼrning badiiy kuchini, taʼsirini oshirish maqsadida shoir unga huddi insondek murojaat qilmoqda. Navoiy oʻz sheʼrlarida jonsiz narsalarga ham inson xususiyatlarini koʻchirib, ularga tirik mavjudotga munosabatda boʻlgandek muomala qiladiki, bunday sanʼat tashxis deyiladi. Mazkur gʻazalda maʼshuqa vasliga erishishdagi muammolardan azoblanayotgan oshiqning holi va uning yorini bu koʻrguliklardan xabardor qilishga boʻlgan intilishlari aks etish bilan birga shoirning qadimgi gʻarb va sharq ilmi negizida hosil boʻlgan olam va odam haqidagi falsafiy qarashlari oʻz inʼikosini topmoqda.

Bayt shoirning “Hayrat ul abror” dostonida “Soʻz taʼrifida”gi dunyoning yaralishiga oid fikrlariga hamohangdir. Har ikki holatda ham nasim shunchaki oddiy shamol emas, u turli moʻjizalar ijodkori, xabarchisi. Dostonda azaldan esgan nasim ilohiy amr (“Kun” – “Yaral”) mazmunida keltirilgan, u sababli borliq yaralgan, ishq, oshiq va maʼshuq kabi tushunchalar paydo boʻlgan.

Sheʼrda keltirilgan nasim aynan tongda esgan. U qorongʻu tun tugab, borliq yorishayotgan fayzli va zalvorli damlarning elchisi, oshiqning murojaati, xabarlarini yetkazish uchun eng qulay vosita.

Baytda kechaning kunduz bilan almashishi, yorugʻlikning zulmat ustidan hukm yurgizishi, azaldan borliqning yaralishi va uning markazida hazrati insonning tutgan oʻrni kabi omuxta qarashlar namoyon boʻlmoqda. Keltirilgan yorning zulfi yuzi, qaddi kabi tushunchalar tashbeh mazmunida ham anglashilib, “zulf” insonning maqsadiga, yaʼni ilohiy asrorga erishishdagi parda, toʻsiq vazifasini anglatadi. Chunki u yor yuzini, shuningdek, oshiq taqdirini belgilaydigan soʻzlar, ilohiy kalom manbai, Kavsar bulogʻi mazmunini ham anglatuvchi labni yashiradi, oshiq xayolini chalgʻitadi.

 

O breeze of dawn, go and describe my state to the one who is joy of my heart,

Tell my beauty whose curls are black and whose face is tender as a flower.

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

O tonggi shamol, bor va mening ahvolimni tasvirlab ber, mening yuragimga quvonch beruvchiga zulflari qora va yuzi guldek nozik goʻzalimga ayt.

Birinchi misra tarjimasidagi breeze of dawn tonggi shabbodadan kuchliroq ekvivalent bu – zephyr sababi ilohiy nasimga xos xususiyatlar aynan zephyr da mavjud.

Bu soʻzning zamirida yoqimli shamol, mayin shamol va havo mujassam. Mazkur soʻz ingliz mumtoz adabiyotida koʻproq uchraydi. Shu sababdan “Boburnoma”ning ingliz tiliga Leyden-Erskin tarjimalarida – Bobur tomonidan qoʻllangan nasim, sabo kabi soʻzlar zephyr deb tarjima qilingan. Tarjimonning yutugʻi shundaki, shamolga jonli mavjudotdek murojaat qilinishini inglizcha tarjimaga koʻchira olgan.

Inglizcha tilida garchi baytning maʼnosi aniq ochib berilsa-da, sheʼriy sanʼatlarni uzatish masalasida biroz chalkashlik yuzaga kelgan.

Bu tarjimada tashbih sanʼatini uzatishda ikki xatolikka yoʻl qoʻyilgan:

1.

Tell my beauty whose curls are black

-sochlari qora boʻlgan goʻzalimga ayt. Bu tashbih emas, oddiy sifatlash, yaʼni, sochlari qora goʻzalimga ayt. Nega baytda Navoiy sochi sunbul emas, aynan zulfi sunbul demoqda? Zulfning tasavvufiy asrorlari ammo shoir yaratayotgan holatni dunyoviy nigoh bilan tasavvur qiladigan boʻlsak, esayotgan tonggi yoqimli nasim mahbubaning sochlarini toʻzgʻiydigan darajada kuchli emas. U qora sunbuldek zulflarni mayin erkalab, oshiq qalb iztiroblarini yor quloqlariga yetkazishi mumkin. Shu sababdan shoir shamolga aynan zulf haqida soʻzlamoqda. Bu oʻrinda sunbulga oʻxshatishni ingliz tilidagi toʻlqinga oʻxshatish wave bilan almashtirilganda, soch – hair oʻrnida, curl – zulf, gajak ishlatilganda maqsadga muvofiq boʻlardi. Tashbih juvzlari miqdori ham ingliz tilida qayta yaratilar edi.

2.

whose face is tender as a flower.

 – qismidagi kimningki, va – dek sifat muqoyasasini bildiruvchi as soʻzining qoʻllanishi asliyatdagi tashbihi muyaqqadni, tashbihi mufassalga aylantirmoqda. Maʼlumki, vositai shabih va vajhi tashbih tushib qolgan tashbihi muyaqqad, tashbihi mufassalga qaraganda oʻxshatish belgisining kuchliligi bilan ajralib turadi. Tashbih juzvlari muvofiqligini ingliz tilida quyidagicha qayta yaratish mumkin edi:

Tell my wavy black hair, tender flower face andcypress height beauty.

 Soʻzma-soʻz tarjimasi: Toʻlqin sochli, gul yuzli, sarv qomatli goʻzalimga ayt.

 

Buki laʼli hasratidin qon yutarmen dam-badam,

Bazmi aysh ichra labo-lab bodaoshomimga ayt.

 

Mazkur baytda oʻxshatish, mubolagʻa sanʼatlaridan ustalik bilan foydalanilgan. Laʼl – qirmiz rangli tovlanuvchi tosh. U aynan shu jihati bilan qadr topgan. Navoiy uch baytda ket-ket yor labini laʼlga oʻxshatmoqda. Tarixdan maʼlumki, bunday qimmatbaho toshlar koʻplab odamlarning joniga zomin boʻlgan. Bu holat uning qizilligi qon chaqirishga, toʻkilishiga sabab sifatida talqin qilingan. Baytda tasvirlanishicha, oshiq yorning laʼl labi ishtiyoqida nihoyatda qiynalgan, bu azoblar oqibatida u surunkali ravishda labdek qizil qon yutish azobiga mubtalo boʻlgan, bu holatidan yorni ogoh qilish zarur. Biroq yor oshigʻi bilan ishi yoʻqdek. U tunlari aysh-ishrat bazmida may quyilgan limmo-lim qadahlarni ichish bilan mashgʻul.

 

My yearning for her ruby lips caused me infinite pain,

Tell the one with whom I drank of the cup of joy about all this.

 

Soʻzma-soʻz:

Uning yoqut lablarini sogʻinish meni cheksiz ogʻriqqa duchor etdi,

Kim bilan quvonch kosa (piyolasidan) ichgan boʻlsam, oʻshanga hammasi haqida ayt.

Koʻrinib turganidek, ikkinchi misradagi maʼno asliyatga muvofiq emas. Yaʼni asliyatda ilohiy qahramon – Navoiy maʼshuqasi vasliga yetmagan, uning hajrida azob chekib turgan bir holatida, yorning tunlari aysh-ishrat bazmida may quyilgan qadahlarni ichish bilan mashgʻulligidan ginalansa, tarjimadagi ilohiy qahramon qachonlardir maʼshuqa bilan baxt mayini sipqorganligidan xabar bermoqda. Navoiy gʻazallarida ilohiy qahramon asosan visol lazzatidan bahramand boʻlmagan, hajr azobiga giriftor oshiq siymosida namoyon boʻladi. Tarjimonning Navoiy yaratgan oshiq obrazi haqidagi tasavvuri biroz torligi sababli, bayt maʼnosini teranroq anglab yetmagan. Natijada tarjima ham shunga yarasha chiqqan.

 

Kom talxu boda zahru ashk rangin boʻlgʻanin,

Laʼli shirin, lafzi rangin, shoʻxi xudkomimgʻa ayt.

 

Agar sheʼrda talx, shirin kabi bir-biriga qarama-qarshi maʼnoli soʻzlar ishlatilsa, tazod sanʼati qoʻllanilgan boʻladi. Baytdagi boshqa sifatlar ham aynan antonim boʻlishi shart emas, mazmunda ziddiyatning mavjud boʻlishi ham bu sanʼatni hosil qilaveradi.

Oshiqning roʻzgʻori izdan chiqqan. Totlik taʼmini talx tutgan. Hijron azobi zoʻrayib, odatiy koʻz yoshlar alvon may tusini olgan. Biroq bu holatdan shirin labli, turfa vaʼdalar berib, soʻng ulardan tonuvchi, oʻziga bino qoʻygan xudbin yor bexabar degan oshiq nasimga unga bu holni yetkazishni iltijo qilmoqda. Tarjimada esa badiiy tasvir biroz siyqalashib, men ichayotgan sharobning achchiqligidan, koʻz yoshim qonga aylandi deyiladi:

 

Tell my playful selfish darling whose every word is wisdom

That my spirits are low and that the wine I drink is bitter and my tears

                                             have turned to blood.

 

Soʻzma-soʻz:

Har bir soʻzi dono, faqat oʻzini sevuvchi nagʻmakash azizimga ayt,

Ruhim choʻkib ketdi, men ichayotgan sharob achchiq va mening koʻz yoshlarim qonga aylandi.

Shuningdek, ogʻzimni talx tutdi maʼnosini beruvchi kom talx umumlashtirilib (generalizatsiya) – ruhim choʻkib ketdi deb berilgan. Nazarimizda, tarjimon sifatsiz taglama bilan ishlagan. Aks holda shu oʻrinda maʼno jihatdan muqobil ekvivalent, ingliz adabiyotida uchrovchi life turned sour – hayotim maʼnosiz (taxir)ga aylandi iborasini qoʻllagan boʻlur edi. Bu holatda ingliz tilida asliyatdagi tazod sanʼati ham qayta yaratilardi. Shu baytni quyidagicha ingliz tiliga oʻgirish mumkin:

 

Tell my playful selfish darling whose lips are sweet,

That my life turned sour, and my tears to wine color how she did.

 

Soʻzma-soʻz tarjimasi:

 

Mening oʻzini sevuvchi nagʻmakash, lablari shirin azizamga ayt,

Hayotim taxirga, koʻzyoshlarim esa sharob rangiga aylandi u tufayli.

 

Ushbu tarjimadagi sweet (shirin) va sour (taxir) soʻzlari asliyatdagi tazod sanʼatini qayta yaratishga xizmat qilmoqda.

Biroq oshiqning ahvolini anglagan nasimning oʻzi ham hayronu lol, oshiqning kundan kun ortib borayotgan azoblari shamolni ham tashvishga solmoqda:

 

Shomi hijron roʻzgoring tiyra nechun qildi, deb

Soʻrmagʻil mendin bu soʻzni, subhi yoʻq shomimgʻa ayt.

 

Shamolning bezovtaligini anglagan oshiq unga yorugʻ kunlarning oʻrnini qorongʻulik egallaganining sababini soʻramaslikni, agar zarurat topilsa, bu masalada tongini shomga aylantirgan yorning oʻziga murojaat qilishni uqtirmoqda. Chunki hamma narsa unga bogʻliq, u istagan narsagina boʻladi. Sabab ham, oqibat ham, vujud ham, mavjud ham, maʼshuq ham, oshiq ham asli udir. Sevuvchini oʻzi istadi, ijod qildi, ishq yaraldi, oshiq qildi, maʼshuq boʻldi. Oshiqning boshiga ne koʻrgulikni solishini faqat u biladi. Shunday ekan, har narsaning sababini uning ijodkoridan soʻramoq toʻgʻridir.

Oshiq eng dastlabki holatiga shukronalik qilmoqda, mahbubasi visolidagi chogʻlar uning xayolida eng yorqin xotiralar sifatida oʻrin olgan. Lekin nima sabab boʻldiki, u yoridan ayrildi. Shundan shavq oʻrnini azoblar, kun oʻrnini tun egalladi. Bunda ham hikmat bor. Muhabbat zavqini toʻliq tuymoq, visolning qadriga yetmoq uchun oshiq firoq oʻtida kuyishi, hijrondan qonli yoshlar toʻkishi shart. Navoiyning bu qarashida olamning shunchaki oʻz-oʻzidan yaralmaganligi, dialektik rivojlanishning va ijtimoiy hayotning bir butunlikda davrli va tizimli taraqqiyotda ekanligi aks etmoqda. Borliq, ibtido va intiho nima, inson kim kabi azaliy savollarga Navoiy majoziy tarzda javob topishga intilmoqda. Biroq bu savollarga eng toʻgʻri javobni Yaratganning oʻzi biladi. Axir u maxzan ul asror-ku.

 

Do not ask me why the night of parting has turned my life into darkness

But recount all this to the night which will never end with the dawn.

 

Soʻzma-soʻz:

 

Nima uchun ayriliq tuni hayotingni qorongʻulikka aylantirdi deb soʻrama,

Lekin buni hech qachon tong bilan tugamaydigan tunimga ayt.

 

Mazkur bayt ingliz tilida maʼno jihatdan asliyatga yaqin tarjima qilingan. Shoirning nasimga murojaati, oshiqning dardini subhi yoʻq shomga aytish haqidagi iltijosi, ingliz tilida

night which will never end with the dawn

 – hech qachon tong bilan tugamaydigan tun tarzida chiroyli ifodalab berilgan.

 

Ul pari hajrida nangu nomkim tark ayladim,

Koʻngil otligʻ hajr vodiysida badnomimgʻa ayt.

 

Suyukli yor ishqida oshiq bor nomusu nomdan ayrildi. Uning koʻngli hijron vodiysiga aylandi, firoq oʻtidan devona boʻlgan oshiq oqibatda yomon nomga ega boʻldi. Bunday koʻyga tushganligidan uni shunga mubtalo qilganning xabari bormikan.

Navoiy nazarida oshiq nafaqat Farhod kabi yor uchun jahdu jadal qilib kurashadigan, balki Majnun singari savdoyi boʻlishi, insonlar nazarida malomatlarga qolishi, aqldan ozib devonalarcha roʻzgʻor kechirish holatini boshdan oʻtkazishi mumkin ekan.

 

Having preferred the love of this peri I have forgotten my name and all shame,

Tell of this to that creature that shames me and is called my heart.

 

Soʻzma-soʻz:

 

Oʻsha pariga boʻlgan oshiqligim tufayli men oʻz nomimni va bor

                                           uyatni unutdim,

Oʻsha mening yuragim chaqirgan va meni sharmanda qilgan mavjudotga

                                                    ayting.

 

Bu bayt ham ingliz tiliga aniq va badiiyligi saqlangan holda tarjima qilingan. Asliyatdagi nangu nomkim soʻzlari orqali hosil qilingan alliteratsiya inglizcha tarjimadagi

name and all shame

soʻzlari bilan qayta yaratilib, asliyatga fonetik uygʻunlikni hosil qilgan.

 

Ey karomatgoʻy, ishim ogʻozi xud isyon edi,

Shamʼi rahmat partavi yetkaymu anjomimgʻa ayt.

 

Oshiq murojaat qilayotgan nasim keltirganimizdek, oddiy yel emas. U moʻjizaviy qudratga ega, karomat qilish xislati unga yot emas. Oshiq va maʼshuqa oʻrtasida elchi boʻlgan shamol yorning asl niyatidan, oshiq taqdiriga munosabatidan xabardor. Qolaversa, unga bu xususiyatni maʼshuqaning oʻzi inʼom etgan. Bunda maʼshuqaning mahbubaligi ayon boʻlmoqda. Agar u oshigʻiga doʻst boʻlmasa, nasim karomatgoʻy boʻlmas edi, balki yelning oʻzi ham boʻlmas edi. Nasimning mavjud boʻlishi va moʻjizaviy qudrati uni oshiqqa xizmat qildirish nuqtai nazaridan ijod qilingan.

Oshiq oʻz faoliyatini isyon deb baholadi. Ishqini koʻngildagidek bilmadi. Gunohkor boʻldi. Biroq har bir holatda ham u yor rahmatidan, visolda vahdatga erishish orzusidan umidvor. Bundan mosuvo boʻlish naqd falokat, halokat. U yana hamdamu balogardoni boʻlgan shamolga murojaat qilishdan oʻzini tiymayapti. Yorini arzu holidan xabardor qilib, endi qay miqdorda uning rahmati nuriga erishishi mumkinligi bilan qiziqmoqda.

 

Ah fortune-teller, I was ever a rebel, now tell me

Will the light of blessing shine on my end?

 

Soʻzma-soʻz:

 

O kelajakni soʻzlovchi, men har doim toʻntarish qilib yurar edim, endi ayt-chi,

Endi soʻngimda rahmat nurlari yoritarmikin?

 

Bu bayt tarjimasida ham asliyatdagi maʼno toʻlaligicha saqlangan. Nasimga murojaatning kulminatsion nuqtasi ingliz tilida ishonarli qayta yaratilgan.

 

Yoʻq Navoiy bedil oromi gʻam ichra, ey rafiq,

Holini, zinhorkim, koʻrsang diloromimgʻa ayt.

 

Oshiq gʻamga mubtalo boʻlib, oromini yoʻqotgan. U yana bir marta shamolga murojaat qilib, dildan gʻuborni koʻtaruvchi yorni xabardor qilishni istamoqda.

Nasim oshiqning doʻsti, hamdardi, elchisi. U ilohiy soʻz, u Jabroil, u Muhammad, u Iso, u Muso, u Pir, u Krishna, u mugʻbacha, u soqiy, u borliqni anglashga qaratilgan dunyoviy bilimlar majmuidir. Navoiy sheʼriyatidagi mazkur siymo va tushunchalarning har birini nasim timsolida talqin qilish va har safar yangi va turfa maʼnolar kashf qilish mumkin. Bu esa Navoiyning buyuk daholigidan dalolat beradi.

 

No, Navoiy, sadness destroys when one’s sweetheart is gone,

Describe my state to the heartless one who is the joy of my heart.

 

Soʻzma-soʻz:

 

Yoʻq, Navoiy yori ketib qolganni gʻam ado qiladi

Mening ahvolimni yuragimning quvonchi boʻlgan yuraksizga

                                    tasvirlab bergin.

 

Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, silsilaviy tarkib topgan mazkur gʻazalda shoir har bir misrada nasimga oʻz ahvolidan soʻzlaydi. Maqtada esa, rafiq xolini koʻrsa yorga tasvirlash kerakligini aytadi. Yaʼni umuman bu holatga tushgan har qanday insonni ham gʻam ado qilishini taʼkidlaydi. Tarjimada bu oʻrinda my state mening ahvolim ishlatilgan. Shu oʻrinda my emas balki, his olmoshi ishlatilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

 

No, Navoiy, sadness destroys when one’s sweetheart is gone,

Describe his state to the heartless one who is the joy of my heart.

 

Alisher Navoiy gʻazallari maʼno va soʻz jilosi asosiga tuzilgan hikmat shodalaridir. Boy maʼno va badiiy zavqni teran tushuna bilish, hazm qilish biroz mushkul. Ammo uni tuygan kishi oʻzida mislsiz zavq va shoir zakosiga ehtirom hissini tuyadi. Navoiy asarlarini chet tillariga tarjima qilishdan maqsad esa ana shu hissiyotni Gʻarb kitobxonida uygʻota bilishdir. Koʻrib turganimizdek, soʻzlar jilvasi va ifoda uslubini yuzaga keltiruvchi mumtoz sheʼriy sanʼatlar Gʻarb tarjimoni uchun biroz qiyinlik qilmoqda. Navoiy asarlarini chet tiliga oʻgirishdan avval dastlab mumtoz sheʼriy sanʼatlarimiz qonuniyatlarini ingliz tiliga tarjima qilish bu ishda samarali natija berishi mumkin. Internet ensiklopedik tarmoqlarida Gʻarb sheʼriyatida keng qoʻllanuvchi sanʼatlar, qofiya turlari haqida batafsil maʼlumot berilgan. Ammo, Sharq adabiyotidan tarjimaga chogʻlangan gʻarblik tarjimonlar uchun bunday qulaylik yoʻq. Biroq, tarjimonlarning bu ishga boʻlgan jurʼatlari hurmatga loyiq. Hazrat Navoiyning ruhlari barchamizga madadkor boʻlsin.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV

filologiya fanlari doktori,

Gulnoza ODILOVA

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ey-nasimi-subh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x