Tanho qayiq yoxud devonaning orzusi

Orol bobodan dramatik rivoyat

 

Bahodir Yoʻldoshevning turtkisi bilan,

Bahodir Yoʻldoshevga atab yozilgan

 

RIVOYATDA NAQL ETILMISHLAR

 

Orol bobo

Amet

Jumaboy

Tilovbergan

Genjamurod

Oʻtagan maxsum

Qalimbet

Gulxadicha

Rohat Sobirovna

 

Birinchi qism

 

1

 

Atrofi qamish chiy bilan oʻralgan, dov-daraxtsiz yaydoq hovli. Bir yonda bahaybat duradgorlik dastgohi, tegishli asbob-anjom; yerda eski imoratlardan chiqqan uzun-qisqa taxtayu tunuka qirqimlari, nam latta oʻrab simga tortilgan egma-qayishqoq tol novdalariyu yirik-yirik mum palaxsalari va qirindi-payraxalar aralash-quralash boʻlib yotibdi.

Ish chala, chala ishlar…

Qarshi tarafda tayyor mahsulot – katta-kichik qayigʻu qayiqchalar qator qilib chetanga suyab qoʻyilgan. Biri qoramoyga boʻyalgan, biri qizil, biri kumushrang; chetroqdagilari hali boʻyoq koʻrmagan – ajralib turibdi.

Hovlining toʻrida – roʻparada gʻaribgina, pasqam bir kulba. Eshigi nimochiq, derazalari lang. Zehn solib qaralsa, eshik ham, deraza qasnoqlari ham qayiqqa mengzab ketadi, allanechuk qayiqsimon namoyishda. Uyning chap tomonida boʻgʻotga tirab qoʻyilgan narvon ham shunday; aslida-ku u eski bir qayiq boʻlib, toʻnkarilganu orqasiga taxta qoqib zina yasalgan, xolos.

Tom boshida ham bir qayiq! Ammo u xiyla haybatdor, hashamatli, ikki uchida baliqsimon bezaklari ham bor.

Ana shu qayiqning qoq belida kontoparlar kiyadigan soyaboni serbar allaqanday movut qalpoq choʻqqayib koʻrinadi. Suvda qalqib turgan kabi u goh baralla koʻzga tashlanadi, goh “choʻkib” ketadi…

Tong boʻzara boshlagan palla. Bir maromdagi xurrak tovushi.

Tom ustidagi qayiqqa jon kirib dafʼatan chayqalib ketadiyu undan soch-soqoli oʻsiq, yoshini bilib boʻlmaydigan bir qariya bosh koʻtaradi. U koʻkragida yotgan qalpoqni hafsalasizgina boshiga qoʻndirib, tevarak-atrofga vazmin alanglab nazar soladi.

Orol bobomiz mana shu kishi.

 

Orol bobo (tashvishmand gʻudranib). Qum, qum… Yeru osmon qum-a, tavba! (Tikila-tikila, birdan yuzi yorishadi.) Yoʻ-oʻq, suv bu, suv! Qara, oftobda shishaday yalt-yult qilyapti jonivor!.. Orol qaytib kelibdi! Orolim! Bir kechada suvga toʻlibdi, yashasin, dod! Ana – mavjlari! Ana – toʻlqinlar! Vah, qayiqlar ham suzib yuribdi!.. (U huvillab qolgan ovul tomlaridagi uzoq-yaqin qayiqlarni oʻzicha sanay ketadi.) Bir, ikki, uch… yetti, sakkiz, toʻqqiz… Ie, shoshma, suv nega buncha sargʻish? Ana, mavjlari ham, toʻlqinlar ham sap-sariq!.. Ha-a, boʻldi, boʻldi – loyqalangan. Loyqalanib-loyqalanib toʻladi-da suv! Ammo… xuddiki qum deysan, qumning oʻzginasi-ya!.. Koʻzingni yiribroq qarasang-chi, kallavaram, qum boʻlmay nima u axir?! Orol suvga toʻlganmish! Suvlari mavjlanib yotganmish! Sen yasagan qayiqlar suzib yurganmish!.. Har erta shu ahvol-a! Tushingni ana – qumga, qumliklarga ayt! He, esini yegan telba chol! Oroling seni tashlab ketganiga necha zamonlar boʻldi-ku! Endi qaytmaydi u, ey nodon! Sen esa bir ovulda bir oʻzing soʻppayib oʻtiribsan. Qoʻni-qoʻshni ovuldoshlaring allaqachon koʻch-koʻronini koʻtargan, hovli-joylari boyoʻgʻliga makon boʻlib yotibdi, ana! Lekin – har birining tomida bittadan qayiq. Sen yasagan qayiqlar, shogirdlaring yasagan qayiq. Suvga tashna, suvga ilhaq. Suzadigan suv boʻlmasa, mavju toʻlqinlar boʻlmasa, yasagan qayigʻing kimga kerak?! (Qariya ruhsiz, qayiqning ikki yonidan ushlab, eran-qaran joyidan qoʻzgʻaladi. Yotoq-qayiq uzra ajab bir qiyofada qad rostlab, osmonga boqadi.) Quyosh! Bugun ham chiqibdi. Har kuni chiqadi. Charchamaydi, erinmaydi. Qarimasmikan shu? Qariydi, qariydi. Qishga borib bu ham qariydi. Senga oʻxshab qoladi – harsillab, qarashlari xira tortib… Ammo koʻklam kelganda tagʻin charaqlab ketadi-da. Yasharib… Sen-chi, sen ham qaytib yashararmikansan? Tavba de, tavba de! Oʻzingni quyoshga teng koʻrding-a, manglayi qora! Yoshlik chogʻlaring, Orol boʻylarida Oykumushning belidan quchganlaring yodingdan chiqibdi-da, noshukur?! Ha-a, esingni tanib, koʻrgan-bilganing – Orol boʻldi. Koʻm-koʻk mavjlararo otang qayiqda eshkak eshib borayotir, sen uning qoʻynida… Shundan oting “Orolbola” boʻlib ketdi. Keyin-keyin – Orolboy, endilikda – Orol bobo. Oʻzingning oting-chi, oʻzingning chin oting nima edi? E, kimning esida bor deysiz! “Orol” boʻlsa kerak-da… Ishqilib, yoshingni yashading, oshingni oshading endi, birodar… Uff! Nechaga kirdim oʻzi? Xuddi ming yildan buyon bormanu yana ming yil oʻlmaydigandekman-a! Yoʻ-oʻq, Orolboy, hozirlikni koʻravering, bugun boʻlmasa, ertaga… Yoshligingiz ham, umringiz ham Orol bilan ketgan, qaytmaydi endi u! Uff!.. (Qariya engashib, qayiq ichida qarmoqqa ilashib yotgan kattakon baliqni dumidan koʻtaradi, u yon-bu yon aylantirib qaraydi.) Yirikkina! Xudoyim bu kecha ham siylabdi. Qulluq, qulluq!

 

Qariya bir qoʻlida qalpogʻi, bir qoʻlida baliqni osiltirib tom qirgʻogʻiga keladi va avaylabgina qayiq-narvondan hovliga tushadi. Yonboshdagi oʻchoq taraf yurib, baliqni qozonga soladi-da, ustunga iligʻliq sochigʻini yelkasiga tashlab uy orqasiga oʻtib ketadi.

 

2

 

Duradgorlik dastgohining bir chetida tushlik dasturxon: non boʻlaklari, uch-toʻrt dona oqqand, qora qumgʻonda choy. Orol boboning shogirdlari – oʻspirin yigitlar Jumaboy, Tilovbergan, Genjamurod – birovi dastgoh qirrasiga suyanib non kavshamoqda, birovi yerga choʻnqayib sopol kosadan xoʻrillatib choy ichayotir, kalta-kulta taxtadan qoʻlbola kursi yasab olgan yana biri bekorchilikdan hushtak chalib oʻtiribdi. Yagona buklama brezent oʻrindiqda Orol boboning oʻzi, ensasini qashlab oʻy suradi.

 

Orol bobo (hushtakchi Genjamurodga). Ha, shaytonni chaqiryapsanmi?

Genjamurod (anqayib). Shaytonni? Nega?..

Orol bobo. Hushtak chalish – shaytonni chaqirish bilan barobar. Shunday gap bor, eshitmaganmisan?

Genjamurod. Hamma chaladi-ku hushtakni…

Orol bobo. Bilib-bilmay chalsa kerak-da. Senga oʻxshab.

Jumaboy (iljayib). Ovulingizda shayton qoptimi, Orol bobo, hammasi har yoqqa toʻzib ketgan-ku!

Orol bobo. Shayton degani hamma joyda bor, hamma joydan topiladi. Odamzodning ichida boʻladi-da u. Sezdirmaygina kirib, in qurib oladi…

Tilovbergan. Bizning-chi, bizning ham ichimizda bormi?

Orol bobo (miyigʻida kulimsirab). Qaydam deysan… Ichida borini har kim oʻzi biladi.

Genjamurod. Masalan, mening ichimda shayton-payton… hech narsa yoʻq.

Tilovbergan (qiqirlab). Shuning uchun hushtak chalib uni chaqirayotgandirsan-da. A, bobo?

Orol bobo. Sizlarda shayton nima qilsin, bolam! Badniyat koʻngilda boʻladi u. Sizlarning dillaring oqchorloqning toʻshidek begʻubor! Yoʻqsa, menga oʻxshagan bir devonaga qoʻshilib, bekordan-bekor qayiq yasab oʻtirarmidilaring!.. Hatto qoʻl chaygali bir koʻlmak topilmasa, Orolimiz huv olislarga ketib qolgan boʻlsa…

Tilovbergan. Bir kuni qaytib keladi, deysiz-ku oʻzingiz doim?

Orol bobo (jonlanib, komil ishonch bilan). Albatta qaytadi! Men koʻrolmasam, sizlar koʻrasizlar oʻsha kunni, xudo xohlasa! Bu yasagan qayiqlaring nima uchun axir!..

Jumaboy (tamshanib). Baliq yeb bunaqa totlisini koʻrmaganman, rosti!

Orol bobo. Ha-a, baliqdan baliqni ajrata bilasan, sen bola! Qulboy qarmoqning nevarasisan-da, iliging baliq moyiga toʻla. Oʻsha bobong men yasagan qayiqlarni minib ov ovlagan…

Jumaboy. Eshitganman. Otam aytgan. Lekin siz har kuni bunaqasini qayoqdan olasiz-a, Orol bobo?

Orol bobo (ajab bir ixlosu qanoat bilan). Xudo beradi, bolam, Xudo!

Tilovbergan (ajablanib). Xudo?! Oʻz-oʻzidan beraveradimi, bekordan-bekor?.. Bu qum sahroda qayoqdan toparkan u?

Orol bobo. Ollohimning karomati beadad, oʻgʻlim! Kerak boʻlsa, mana shu qumingni zarga aylantiradi. Kerak boʻlsa…

Tilovbergan. Nimaga boʻlmasa Orolni toʻldirmayapti?

Genjamurod. Ha, nega quritib qoʻydi uni?

Orol bobo. Tavba deb gapiringlar, bolalarim. Xudo emas, sen bilan menga oʻxshaganlar boshiga yetdi Orolning. (Shogirdlarining savolchan nazariga javoban.) Gʻazabini qoʻzgʻadik-da. Hali aytdim-ku, shayton oraladi ichimizga, vasvasa soldi. Ana shuni quvsang, ana shundan xalos boʻlsang, bir kun qarabsanki, Oroling suvga limmo-lim toʻlib turibdi-da! (Bir lahza tin olib.) Qani, yigitlar, qoʻzgʻaldik! Bekorchidan xudo bezor… Omin, Orolimiz suvga toʻlsin, suvlari baliqqa toʻlsin, Ollohi akbar! (Qariya yuziga fotiha tortib, kaftini tizzalariga tiragancha, inqillay-sinqillay oʻrnidan turadi.) Men peshinimni oʻqib olay, sizlar… Tilov, sen bola boʻyogʻingni oxiriga yetkaz, xoʻpmi? Sen, Jumaboy, anovi oʻlchab qoʻyilgan taxtalarni arralab turasan. Genja qarashar… (Tashvishmand alanglab.) Amet… Ametimizdan bugun ham darak yoʻgʻ-a? Nima boʻldi ekan? Keyingi vaqtda mashqi pastroq koʻrinadi oʻzi shu bolaning…

Jumaboy. Kim bilsin, har erta orqalaringdan yetib boraman, deydi-yu, keyin esa…

Xuddi shu choq chetan eshik ochilib, sheriklaridan tikroq, dadilroq yigit – Ametning oʻzi koʻrinadi.

Orol bobo (chehrasi yorishib). Xizrni yoʻqlasak boʻlarkan… Kel, Ametboy, tinchlikmi?

Amet (xomushroq). Assalomalaykum. Uyda yumush koʻpayib ketdi, oqsoqol…

Orol bobo. Mayli, bularingga bosh-qosh boʻlib tur-chi, gaplasharmiz.

Genjamurod. Buningizning ichiga hali siz aytgan shayton kirib olgan boʻlmasin tagʻin, Orol bobo!

Orol bobo (unga oʻqraygandek). Tilingni tiy, bola! Alhazar!

 

Chol oʻchoq ogʻzida turgan sopol oftobasini olib, uyning panasiga gʻoyib boʻladi. Shogirdlar topshirilgan yumushlarga unnab ketishadi. Tilovbergan boʻyoq chelagini koʻtarib, chetanga suyab qoʻyilgan qayiqlar tomon yuradi. Jumaboy bilan Genjamurod bir chetga uyilgan taxtalarni saralamoqqa kirishadi. Birgina Amet hovli oʻrtasida bekor qaqqayib turibdi. Oʻychan, allanechuk taraddudda.

 

Genjamurod (oʻgirilib). Ha, shayton, sen-chi?..

Amet (unga beparvo). Bu yoqqa kelinglar-da. Gap bor!

 

U bolalarni girdiga yigʻib, qoʻlida uzun bir kaltak, yerga aji-buji shakllar chizgan boʻlib allanimalarni uqtira boshlaydi…

 

Jumaboy (axiyri jigʻibiyron boʻlib). Kallang joyidami, Amet, shuncha shishani qayoqdan olasan axir?!

Genjamurod. Xomxayol, xomxayol! Uch kun uyda oʻtirib, topib kelgan gapini qara buning! Nima, shisha zovuting bormidiki… Yongʻoq-pongʻoqning ostida yotmaganmiding ishqilib?..

Amet. Ana – ovulni shisha bosib yotibdi! Hech kimga keragi yoʻq, egasiz! Asta koʻchirib olaverasan-da…

Jumaboy. Xoʻp, koʻndik, sen aytganday boʻlaqolsin, mayli. Lekin bu bepoyon sahroni bir ovulginadan chiqqan shisha bilan qanday toʻldirasan, shunisidan gapir!

Amet. Sidirgʻasiga shisha toʻshab chiqish shart emas, oshna, tushunsang-chi. Har-har joyga tashlab ketilsa kifoya, koʻzni qamashtirib, suvday yaltirab yotaveradi. Keyin, chor tarafni shishaga toʻldirasan deyayotganim yoʻq-ku, axir. Faqat Orol tomoni boʻlsa bas…

Genjamurod. Umuman, shu masxarabozchilik kimga kerak oʻzi?! Shoʻrlik cholni aldab, laqillatganday boʻlib…

Amet. Hech kim uni aldamoqchi, laqillatmoqchi emas, joʻra, oʻylab soʻzla! Koʻngil ovlash deydilar buni, bilsang! Mana, senu menga shuncha hunar oʻrgatdi, ustozimiz, koʻrib koʻzi bir quvnasin, armonda ketmasin degan niyatda edim-da, xolos…

Jumaboy. Bilamiz, bilamiz, cholning senga mehri boʻlakcha, shogirdlarining zoʻrisan. Lekin erta-indin oʻzing huv bir yoqlarga chogʻlanib turibsan-ku, bu yogʻi necha puldan tushdi?..

Amet. Men hech qayoqqa bormayman! (Keyin sal boʻshashganroq koʻyda.) Ketar boʻlsam ham… Mayli, senlar qoʻshilmasang qoʻshilma, shu ishni bir oʻzim bajarmasam, nomard sananglar meni!

Genjamurod. Katta ketmang, katta ketmang, Ametboy! Yolgʻiz oʻzingiz…

Amet. Ana koʻrasizlar! Men sizlarni oshna, ogʻayni deb yursam!..

Orol bobo (namozini tugatib qaytgan, hovli boshida toʻxtab). Yigitlar deyman… mana, Ametboyimiz kelib, saflaring toʻldi. Qoʻsh-qoʻsh boʻlib anovi ikki qayiqni tomga qoʻndirib kelsalaring-chi, a?

Jumaboy. Toʻgʻri, toʻgʻri. Qurib yotganiga necha kun boʻldi!

Orol bobo. Shunday qilinglar, chirogʻlarim.

 

Xuddi shu farmoyishni kutib turgandek, aslida xufiya maslahatlari chala qolganidan norozi shogirdlar darhol qanot chiqarib, chetanga suyab qoʻyilgan tayyor qayiqlar sari yurishadi.

 

Jumaboy (cholga oʻgirilib). Kimnikiga eltamiz, bobo?

Orol bobo (oʻylangan boʻlib). Qizgʻishini-i…

Jumaboy (yalingannamo). Pirnazar eshkakning tomiga qoʻyaylik shuni…

Orol bobo (shahodat barmogʻini tahdidli oʻqtab). Pirnazar – togʻa qavming-da, a? Qay goʻrga koʻch koʻtargan oʻzi shu?

Jumaboy (hamon ilinj bilan). Nukusga. Baland uylarga. Katta oʻgʻli oʻsha yoqda-ku, amaldor!

Orol bobo (choʻrt kesib). Yoʻq! Eshkakka xiyonat qilib juftak rostlaganga qayiq yoʻq! Buni Najim muallimning tomiga oʻrnatasan. Uqdingmi?

Tilovbergan. Qorasini-chi, qorasini? Oʻzim boʻyaganman… Toʻqliboy polvonnikiga olib boraylik? Xiyonat qilmagan u!

Orol bobo. Ota-bobosining ovulini tashlab Xorazm tomonlarga qochgan bachchagʻarni aytasanmi? Hah, mugʻambir! Otaginangning oshnasi edi-da u, shundaymi?

Tilovbergan. Bir serkaning ustidan otam u bilan rosa urishganlar, oʻzim koʻrganman!

Orol bobo. Qoʻy, qoʻy… Biri u yoqqa tortadi, biri bu yoqqa… He, gʻir-romlar! Gʻirrom ustaning qoʻlidan chiqqan qayiqqa suv kiradi, bilib qoʻyinglar!

Tilovbergan (norozilangan kabi). Suv deysiz, suvning oʻzi qani?!

Orol bobo (er ostidan unga oʻtkir tikilib). Suv – boʻladi! Suv – keladi!.. Kelmaydigan boʻlsa nega qayiq yasab oʻtiribsan, xoʻsh? Ol, koʻtar! Eltib buni huv ovuldan chiqaverishdagi Jangʻil momoning kulbasiga tiklab kelasanlar. Gap shu!

Genjamurod. Jangʻil momo deysizmi? Uning oʻlib ketganiga ming yil boʻldi-ku!..

Orol bobo (shashtidan qaytmay). Yana ming yil boʻlsin! Jannati kampir edi. Boyoqishning choli Orolga choʻkib ketgan… Ming yil emish! Oʻzlari nechaga kirdilar, yigit?

Jumaboy (er suzib). Bu yil oʻn toʻqqizga toʻlaman.

Orol bobo. Barakalla, oʻn toʻqqizga toʻladigan azamatning gapini qarang! Boʻl! Narigi boshidan ol-chi, qani!

Genjamurod (Jumaboy bilan sheriklashib qayiqni yelkasiga qoʻndirarkan). Ovulingizning tomlari qayiqmozor boʻlib ketdi-ku, Orol bobo!

Orol bobo (nogahon qahrdan boʻkirib). Oʻv-oʻv! Men senlarga necha bor aytdim, manglayi qora! Qoʻltigʻingga ol axir, qoʻltigʻingga! Nima bu, Orol bobongning tobutimidiki boshingga qoʻyib olding?! Shayton uribdi senlarni, shayton! He!..

 

Shogirdlar qayiqni apil-tapil qoʻltiqlab olishadi-da, chetan eshik sari yurishadi. Hovli oʻrtasida Orol bobo yolgʻiz. Titrab turibdi.

 

Orol bobo. Nima jin urdi-ya bularni, tavba! (Soʻng ohista yerga choʻkib.) Toʻgʻri-da axir, sen qariyaga-ku Xudoyim gʻoyibdan rizq yetkazib turibdi, buginalar nima qiladi ertaga? Nima yeb, nima ichadi? He, xudbin, noinsof chol!

 

3

 

Kechki payt. Hovli kimsasiz.

Ota-oʻgʻil – qoʻlida “diplomat” portfel, bashang kiyingan Qalimbet, uning ortidan kundalik engil-boshda Orol bobo kirib keladi.

 

Orol bobo (qoʻl siltab). Qoʻy, Qalimbet, qarigan chogʻimda sarson qilib yurma odamni. Oʻz uyim – oʻlan toʻshagim debdilar…

Qalimbet (oʻzini eshitmaganga solib). Hamma jihozi muhayyo! Mehmonxonayu oshxonalarini koʻrdingiz… Bir boshga yana nima kerak, toʻgʻrimi? (“Diplomat”ini dastgoh ustiga tashlab.) Kichikroq boʻlsayam obodgina hovli. Yozlarda karavotni qoʻyib olib…

Orol bobo. Kimniki oʻzi u?

Qalimbet. Sizniki-da, ota, sizniki! Sizga deb olindi.

Orol bobo (hang-mang). Meniki?! Sotib oldingmi? Kimdan, qanchaga?

Qalimbet. Uzumini yeng-u, bogʻini soʻramang. Hukumat bobo qurgan uni! Puli toʻlansa bas, qurib beraveradi. Qarigan chogʻingizda bir suyuntiraylik dedik-da sizni. Oʻtiring bunday, oʻtiring… (U mehribonlik bilan kiftidan tutib otasini hovli oʻrtasidagi buklama oʻrindiqqa oʻtqizadi, oʻzi shunga yondosh qoʻlbola kursidan joy oladi.) Yurasizmi endi bu choʻlu biyobonda! El-ulus bizni ayb qilyapti-ku, shundoq oʻgʻil-qizlari shaharlarda davron surib yuribdi-yu, otalari huv bir ovloqda qarovsiz qolib ketgan, deb…

Orol bobo (hasratomuz). Choʻlu yobon deysan… Onang mana shu yerda yotibdi, bobo-momolaring shu yerda… Ularni tashlab men qayoqqa ketardim, oʻgʻlim, oʻylab gapiryapsanmi? Onangning mozorini ziyorat qilmagan kunim dunyo koʻzimga qorongʻi… Bu yoqda qayiqlarim, Orol…

Qalimbet. Eski ashula! Orol, Orol! Oʻzingiz bilasiz-ku, ota, u endi hech qachon oʻzaniga qaytmaydi, toʻlmaydi. Qayiqlaringiz ham birovga keraksiz…

Orol bobo (shasht bilan bosh koʻtarib, joʻshib). Nima?! Qaytmaydi, toʻlmaydi… Siz qayoqdan bilibsiz, Xudomisiz?! Ha, toʻlmaydi! Toʻldirolmaysan uni! Hech biring! Olimu ulamong ham, boshqang ham! Chunki baring foydani koʻzlaysan! Orol gʻirrom emas, senlar gʻirrom, ha! Xudo senlarga insof bergan kuni u oʻz-oʻzidan suvga toʻladi! Xudoyim toʻldiradi uni, bilib qoʻy! (Ogʻir xoʻrsinib.) Oʻsha kunni koʻrib oʻlsam armonim qolmasdi…

Qalimbet. Mayli, mayli, otajon, qattiqroq ketibman, tavba qildim. Lekin gapning bori ham shu-da, axir. Odam ertasini oʻylab ish tutgani yaxshi. Xudo koʻrsatmasin-u, ertaga bir kun… Biz sharmanda boʻlib qolmaylik deyman-da.

Orol bobo. Gap bu yoqda degin? Sharmanda boʻlmaysan, qoʻrqma… (Bir zum oʻyga tolib.) Mana, oʻzing boshlading, oʻgʻlim. Mabodo bir kun ajalim yetib, suv kelganini koʻrmay ketar boʻlsam, aytib qoʻyay, jasadimni qayiqqa solib, Orolga eltib tashlaysan! Mayli, baliqlarga yem boʻlay! Mayli…

Qalimbet (sapchib tushgudek). Ie-iye, ota, bu nima deganingiz?! Axir, musulmonchiligimiz qayoqda qoladi unda?

Orol bobo (boyagi shashtidan tushmay, birmuncha muloyim, ammo qatʼiy yoʻsinda). Bir musulmon boʻlsa menchalik boʻlar, Qalimbet! Oʻgʻlimmisan, mana shu aytganimni bajarasan, gap tamom! Vasiyat bu, Xudoyim ham kechirar…

Qalimbet (yasama bir koʻtarinkilik bilan). E, otaboy, qoʻying halitdan shu sovuq gaplarni! Siz hali koʻp yashaysiz, koʻp! Yangi uylarda davron qilib, a!.. Qalay, maʼqul keldimi oʻzi sizga?

Orol bobo (boʻshashibroq, sovuqqina). Yaxshi, yaxshi… Lekin… (Qoʻl siltab.) Hay, oʻzingdan gapir. Ishlar jilyaptimi axir?

Qalimbet (jiddiy tortib). Ishlarim yomonmas, ota. Yomonmas-u, shu keyingi vaqtda unchalik yaxshiyam emas. Orqaga ketgandayroq. Bir xizrsifat odam maslahat berib qoldi deng. Borib otangizning koʻnglini obdon ovlab, duosini olib kelsangiz, bari yurishib ketadi, deydi…

Orol bobo. Shunday dedimi oʻsha xizrsifating? Boʻpti, mana, duosi bizdan: iloyim, ishlaring birdan yurishib ketsin! (U yuziga fotiha tortib qoʻyadi.) Shunga keldim de?

Qalimbet (norozilanib). Bunaqa duo emas-da, ota!

Orol bobo. Qanaqasidan boʻlsin, ayt?.. Qulogʻingga quyib olgin, bola: chinakam gʻayrat bilan, toza koʻngil bilan qilingan ish hech qachon orqaga ketmaydi – duosi oʻzi bilan boʻladi uning!

 

Bir damlik sukut.

 

Qalimbet. Ha, aytganday, eshitdingizmi – Gulxadichamiz deputat boʻlmoqchi!

Orol bobo. Deputat? Qanday deputat?

Qalimbet. Joʻqorgʻi Kengesga!

Orol bobo. Uniyam duo qilib qoʻyish kerakmi? Nima deb? Joʻqorgʻi Kengesga oʻtsin debmi, undan narigami?..

Qalimbet. Oʻzimizdan chiqqani yaxshi-da, ota. Foydasi tegib turadi: sizga ham, menga ham, oʻziga ham…

Orol bobo. Menga?! Nima, Orolni toʻldirib beradimi?

Qalimbet. Toʻldirib berar… (kulib) gap bilan! Qizingiz mahmadana-ku, shuning uchun saylanyapti-da.

Orol bobo. Navzanbilloh, navzanbilloh… (Dafʼatan yumshab.) Qoʻzi-qoʻchqorlaring yaxshi yuribdimi? Bir olib ham kelmaysan, nevaralarimni koʻrmaganimga necha zamon boʻldi…

Qalimbet. Hozir, hozir… (U shosha-pisha turib, dastgoh ustida yotgan “diplomat”idan allanarsa – planshetini oladi-da, tugmachalarini bosa-bosa otasining boshiga keladi.) Mana, koʻring… Qani, toping-chi, manovi kim?

Orol bobo (sinchiklab-suqlanib). Kamolingmi? Voy-boʻ-oʻ, arslondek boʻlib ketibdi-ku! (Yuzini chetga olib.) Tuf-tuf, yomon koʻzlardan asragaysan iloyim! (Soʻng jurʼatsizgina engashib, planshetga lab tegizib qoʻyadi – oʻpgan boʻladi.) Shuginani qavatimga qoʻyib ketmading-da, Qalimbet. Toʻngʻich nevara – bobosiniki degan udumlar boʻlgich edi…

Qalimbet. Nima, ovulma-ovul tezak terib yursinmidi!..

Orol bobo (orzumandona). Qayiqsoz qilardim. Zoʻr qayiqsoz usta!

Qalimbet (eshitmaganga olib). Bunisini taniyapsizmi? Kim?.. (Chol tikila-tikila topolmagach.) Gulzira-ku, Gulzira! Yaxshilab qarang…

Orol bobo. Qiz maxluqning shaytoni boʻlarmish, qulogʻidan tortib oʻstiraverarmish… Choʻzilib qolibdi qizing. Omon boʻlsin, omon boʻlsin.

Qalimbet. Mana bunisi-chi?..

Orol bobo (qaray-qaray, boʻyniga oladi). Buningni taniyolmadim, rosti. Koʻrmagan ekanman. Kenjatoying boʻlsa kerag-a?

Qalimbet. Ha, oti ham Kenjabek.

Orol bobo. Umrini bersin iloyim.

Qalimbet. Keling, endi dunyoga sayohat qilamiz! (U “moʻjiza”sining tugmachalarini bir-bir bosib, izoh bera boshlaydi.) Mana bu yer Arabiston, Saudiya Arabistoni… Kaʼbamiz shu yerda, qarang… Bunisi – Hindiston, bunisi – Pokiston… Mana – Oʻzbekistonimiz! Orolni toping-chi, qani, koʻraylik… (Chol hadeb tikilavergach.) Mana, mana!

Orol bobo (hafsalasi pir boʻlib). Shuginami? Orol shumi? E-e, koʻtar! (U qoʻlining orqasi bilan planshetni nari suradi.)

Qalimbet (kulib). Shugina!.. Sizga qolsa, butun dunyo Oroldan iborat boʻlsin-da, a? Oʻ-oʻrtasida bitta qayiq – yakka, tanho qayiq, unda – siz…

Orol bobo (kufri qoʻzib). Tur, joʻna, uy-puying kerak emas menga!

 

Qalimbet mulzam oʻtira-oʻtira, dastgoh ustidan “diplomat”ini yulqib olib planshetni joylaydiyu otasi tomon bir oʻqrayib, hovlini tark etadi.

 

4

 

Orol boboning hovlisi. Qulogʻiga qalam qistirgan, boʻynida metr oʻlchagich tasma – qariya dastgoh qoshida taxta chamalash bilan mashgʻul. Dastgohning narigi boshida koʻhnadan-koʻhna tranzistor gʻoʻngʻillab turibdi. Tashqaridan otning kishnagani, tepingani eshitiladi. Hayal oʻtmay chetan eshikni gʻiyqillatib, qoʻlida bejama qamchi, gʻoʻddayganroq bir kishi – Ametning otasi Oʻtagan maxsum kiradi.

 

Oʻtagan. Hormang, oqsoqol, hormang! Assalomalaykum.

Orol bobo (taniyolmagan kabi kaftini peshonasiga soyabon qilib). Oʻtaganboyga oʻxshaydimi? Keling, keling, inim.

 

Qoʻshqoʻllashib koʻrishadilar. Orol bobo xos oʻrindigʻidan, Oʻtagan maxsum qoʻlbola kursidan joy oladi.

 

Qani, baxayr?

Oʻtagan. Sizni bi-ir ziyorat etaylik deb…

Orol bobo. Xush kelibsiz, hoji maxsum, xush kelibsiz!

Oʻtagan (ogʻringannamo). Kulyapsiz-da, boboy?

Orol bobo. Kulganim yoʻq, kulganim yoʻq. Ilgari kimsan – mulla Gulboyning oʻgʻli, Oʻtagan maxsum edingiz. Qayta-qayta haj qilib, mana, hoji boʻldingiz. “Ham hoji, ham maxsumman” deb el-ulusga yoygan oʻzingiz-ku, biz nima deylik?!

Oʻtagan. Mayli, mayli… (Har yonga alanglab.) Hammayoqni qayiq qilib yuboribsiz-ku! Zoʻr, zoʻr.

Orol bobo. Bu oʻramlarga qadam izi qilmaganingizga koʻp boʻldimi deyman, maxsum, koʻrmagan ekansiz-da? Ota-bobomizdan qolgan hunar, qoʻlimizdan boshqa ish kelmasa…

Oʻtagan. Bekorchi hunar deng… Zoʻr, zoʻr. Shogirdlar koʻrinmaydi?

Orol bobo. Bir yumushga joʻnatuvdim, hozir kepqolishadi. (Chetan devordagi boʻyogʻi chala qayiqni koʻrsatib.) Huv anovinisini oʻgʻlingiz, Ametboy yasagan. Qarang, qandoq bejirim! Mullazodalardan ham usta chiqarkan, duppa-durust qayiqsoz boʻlib qoldi bola!

Oʻtagan (ensasini ermakka qashlab). Oʻshanga keluvdim, oqsoqol. Men uni Leningradga yubormoqchiman. Akasining oldiga. Toʻgʻri-da, qachongacha tezak bosib, laylak haydab yuradi bu yerda!

Orol bobo (oʻzicha maroqlanib). Laylak haydab deysizmi? Laylak qoptimi, inim! Laylagu gʻozigacha qirilib bitgan…

Oʻtagan. Boyoʻgʻlining makoni deng! Bosh boyoʻgʻli – oʻzlari…

Orol bobo (hazilga burib). Yumronqoziqdan kelsangiz-chi, maxsum!

Oʻtagan (battar achitmoqchidek). Shuni aytaman-da, yumronqozigʻu bitta siz qolgansiz bu biyobonda!

Orol bobo (murosa yoʻliga). Nasiba-da, maxsum, peshonaga yozilgani shu ekan… Leningradga joʻnataman, dedingizmi? Nima qiladi u yerda Amet?

Oʻtagan. Bu yerda nima qiladi?

Orol bobo. Bu yerda… (hovliga alanglab) mana, qayiq yasaydi!

Oʻtagan. Yasagan qayigʻi kimning dardiga shifo, oqsoqol?! Oʻsha yoqlarga borsin, tayinli bir ishning boshini tutsin, pul topsin deyman-da!

Orol bobo (dami ichiga tushib). Tayinli ish… Nima ish ekan, nimaga yubormoqchisiz uni?

Oʻtagan. Salat kesishga.

Orol bobo (rostdan ham tushunmay). Sallat? Nima degani u? Nega kesadi?

Oʻtagan. Sala-at… Shu, oʻt-poʻt-da. Koʻkat deymiz-ku…

Orol bobo (lol qolib). Shoshmang, Amet kelib-kelib oʻt kesadimi? Ametimiz-a?! Qayiq yasaydi-ku u, qayiqsoz usta!

Oʻtagan. Qayigʻingizni yeb boʻlmasa! Salatni esa (u barmogʻini dastgoh qirrasiga urib-urib) toʻgʻrab-toʻgʻrab, maza qilib tushiriladi.

Orol bobo. Shuginani oʻzlari toʻgʻrab yesa boʻlmasmikan, maxsum, nimasi qiyin?

Oʻtagan (qoʻlidagi qamchini tizzasiga urib). Boʻlmaydi, oqsoqol, boʻlmaydi. U yoqlarda birov kesib beradi, birov yeydi. Restoran deganini aytyapman-da.

Orol bobo. Keyin shuni kesgani uchun pul ham oladi?

Oʻtagan. Xuddi shunday! Qayiq yasagani uchun esa shamataloq ham olmaydi!..

Orol bobo (maʼyus tortib). Navzanbilloh, navzanbilloh…

Oʻtagan. Qaytaga, uy-uyidan ul-bul koʻtarib kelib sizni boqadi, shundaymi?

Orol bobo. Unaqa minnatni qoʻying, maxsum. Men shogirdlarim olib kelgan nonning ushogʻiga ham sheriklik qilmayman…

Oʻtagan. Oʻzim yasagan qayiqlarni gʻajib-gʻajib kun koʻryapman desangiz-chi!.. Qoʻying-e, oqsoqol!

Orol bobo. Iya, nega? Xudo bergan rizqim bor, inim! Men baliq goʻshti yeyman, bilsangiz!

Oʻtagan. Opqoching-a, opqoching! Tush-push koʻryapsizmi deyman. Shu dashtu biyobonda baliqni kim berarkan sizga?!

Orol bobo (qoʻllarini baravar osmonga choʻzib). Xudo! Hoji boʻlmasak ham, maxsum boʻlmasak ham – beradi. Kuniga bittadan. Bizniki ana shunday, hoji maxsum, kunbayi!

 

Chetan eshik ochilib, orqama-ketin yigitlar koʻrinadi.

Oʻtagan maxsum qamchinini havoga sermab oʻrnidan turadi-da, Amet tomon bostirib boradi.

 

Oʻtagan (unga qahrli oʻqrayib). Sen bolaga nima degan edim?! Qani, oldimga tush-chi! Qaytib shu yerga qadam bossang!..

Orol bobo (qaltiray-qaltiray qoʻzgʻalib). Hay, hay! Shaytonga hay bering, maxsum!..

Oʻtagan (ijirgʻanib). E-e, aljirama, tentak chol!

 

Amet avval Orol boboga, soʻng sheriklariga oʻkinchli bir nazar tashlaydi-da, sekin burilib otasining izidan chiqadi. Ammo shu zahoti qaytib kiradi. Oʻrtoqlari bilan bir-bir quchoqlashib xoʻshlasha boshlaydi.

 

Jumaboy (taʼna aralash mingʻirlab). E qoʻy-e, Amet, boʻlmading, oshna!

 

Amet koʻcha tarafga imo qilib, gʻamgin yelka qisadi: nachora, otam!..

 

Genjamurod (achitib). Anuv ishni boshlab qoʻyib, endi qochish ekan-da, a?

Amet (chol tomon xavotirli nigoh tashlab olib, pichirlaydi). U yogʻini oʻzlaring…

Jumaboy. Ketaver, ketaver, bir hisobi boʻlar.

Tilovbergan (chapanichasiga qoʻl tashlashib). Yaxshi bor, doʻst!

 

Amet gunohkorona bosh egib, xos oʻrindigʻida xomush qotgan Orol boboning qoshiga keladi. Chol uni boʻynidan quchib, bir muddat soʻzsiz qoladi. Taʼsirli holat!

 

Orol bobo (nihoyat tilga kirib). U yoqlarda faqat oʻt kesish bilan boʻlib yuraverma, bola. Yaxshi-yomonni koʻr, bil, xoʻpmi? (Soʻng birdan oʻpkasi toʻlib, koʻzlari yoshlangandek.) Bizlarni unutsang unut, Orolni esdan chiqarma, Orolimizni!..

 

Tashqaridan Oʻtagan maxsumning dagʻdagʻali ovozi eshitiladi: “Ame-yet!..”

Amet tagʻin barchaga bir-bir xomush bosh silkib chiqadi-da, shalvirabgina chetan eshik tomon yuradi. Orol bobo oʻrindigʻiga choʻkkancha mungʻayib qolgan. Yigitlar ham parishonhol serrayib turibdi. Tashqarida otning kishnashi, tepingani, qamchi tovushi…

 

Orol bobo (hasratomuz). Borib-borib huv doʻzaxiy pirga oʻxshab bir oʻzim shoʻppayib qolmasam deng…

 

Shogirdlar tushunmay unga anqayib qaraydi.

 

Orol bobo (rivoyatga kirishib). Pirning qirq muridi bor ekan. Sizlarga oʻxshagan shogirdi. Qirq yil ichida kamaya-kamaya, oxiri shulardan bittaginasi qolibdi. Ameting misoli birin-sirin tashlab ketgan-da. Pir oʻsha qolgan murididan soʻrabdi: “Bularing nega bunday qildi ekan?” Murid chaynala-chaynala aytibdi: “Ular sizning taʼlimingiz bilan Mangu kitobni oʻqiydigan maqomga yetdi. U kitobda esa…” “Gapir-gapir”, deb qistabdi pir. “U kitob sizni doʻzaxiy deb yozgan ekan, ustoz…” “Bilaman, – debdi pir. – Haqrost, shunday yozilgan. Ammo men jannatdan ham ulugʻrogʻini koʻzlaganman-da… Ular-ku jannat ilinjida ketibdi, xoʻsh, sen nega qolding?” “Chunki oʻsha kitobni oʻqishni sizdan oʻrganganman-da, pirim”, debdi murid. Qarang, qanday oqibatli ekan-a shogirdi!..

 

Yigitlar rivoyatdan taʼsirlangandek oʻyga toladi.

 

Genjamurod. Bobo-o, jannatdan ham zoʻr deyapsiz, qanaqa joy u?

Orol bobo. Bor, oʻgʻlim, shunday joy bor. Haq, Haqning dargohi deydilar uni. Bandasi umidvor-da. Mana, bobong ham umid bilan yashayapti-ku!..

 

Ikkinchi qism

 

5

 

Oʻsha hovli. Tun. Osmonda yulduzlar charaqlaydi, erinibgina oy suzadi. Shamolning bir maromda uvullashi; olislardan chiyaboʻrilarning “hi-hi, hi-hi”lagan tovushi sado beradi.

Boshiga serbar oq qalpoq ilgan bir koʻlanka harsillay-harsillay kulba biqinidagi qayiq-narvonga tirmashib, tomga chiqib borayotir.

Orol bobomiz!

Tom ustiga chiqib olgach, u bir muddat nari-beri borib keladi. Osmonlarga qaraydi, oyu yulduzlarni tomosha qilgan boʻladi. Soʻng asta kelib qayigʻiga oʻrnashib oʻtiradi-da, tevarak-atrofni yana bir qur koʻzdan kechirgach, ikki yondagi eshkaklarni qoʻlga oladi. Eshkak esha boshlaydi. Avvaliga sustroq, bir maromda, keyin esa navqiron bir gʻayrat bilan. Shamol uvullashiyu chiyaboʻrilarning “hi-hi”lashi nogahon suv shovqiniga – mavju toʻlqinlar sasiga aylanib-qorishib ketadi. Shalop-shulup, shalop-shulup… Oy yogʻdusida charx etayotgan dengiz qushlari – chagʻalayu oqchorloqlarning suvga toʻsh urib uchishlari, kumush qanotlari nimqorongʻilikda yalt-yult akslanib koʻzga chalinadi… Chol bir zamon eshkak eshishdan tinib, timirskilay-timirskilay qayiq ichidan uzun allanimani oladiyu uzoqni chamalab uni havoga – “suv”ga uloqtiradi. Shalop-shulup… “Baliqchi” kaftlarini quloqpana qilib pastga engashgan – nimadir sasni eshitmoqchi…

Sukunat, sukunat…

Bir payt qayiq chetida koʻndalang yotgan egma xoda qimirlab ketib, shalop-shulup tovush chiqaradi. “Baliqchi” shosha-pisha xodani “suv”dan koʻtaradi. Naqd tumshugʻidan ilingan laqqa oy yorugʻida bilanglab turibdi!..

 

Orol bobo (uni zavq bilan aylantirib tomosha qilarkan, shodon). Berganingga shukr! Berganingga shukr, tangrim!..

 

Soʻngra u baliqni qarmoqdan uzib, qayiq ichiga tashlaydi. Ov ashyolariyu eshkaklarni joy-joyiga qoʻyib saranjomlagach, qayiq boʻylab ohista choʻziladi.

Koʻksi uzra tanish oq qalpoq!..

 

Orol bobo (horgʻin, uyquli ovoz). Berganingga shukr, egam! Berganingga shukr!..

 

Tun. Koʻkda yulduzlar charaqlaydi, erinibgina oy suzadi. Shamolning bir maromda uvullashi, olislarda och chiyaboʻrilar sasi…

 

6

 

Hovli. Kunduz kuni. Uch shogird – Jumaboy, Tilovbergan va Genjamurod qayiq yasash yumushlari bilan band. Oʻchoq ustidagi yarmi kesilgan bochka idishdan qoramtir dud koʻtariladi – mum eritilmoqda.

Shoshib-hovliqib Qalimbet kirib keladi. Odatdagidek, qoʻlida “diplomat”.

 

Qalimbet (alang-jalang qilib). Otam qani?.. (Yigitlarga qarab.) Hoʻv ukalar! Qani, yuguringlar! Ovulning ogʻziginasida moshinamiz qumga botib qoldi, chiqarishivoringlar. Ha, barakalla!.. (Kulba eshigida bir uchi choʻmichsimon uzun kosov koʻtargan Orol boboni koʻrgach.) “Jip” deng tagʻin! Shunday moshinaki botib qolganidan keyin ahvolni bilaver-da!

 

Orol bobo amriga mahtal shogirdlariga “mayli, borib qarashinglar” degandek ishora qiladi. Usti-boshini qoqa-qoqa, ular hovlidan chiqib ketishadi. Cholning oʻzi indamay oʻchoqboshi tarafga yuradi.

 

Orol bobo (qoʻlidagi anjom bilan “qozon” kavlamoqqa tusharkan). Ke, Qalimbet, shovqin solib yuribsan?..

Qalimbet (“diplomat”ini tizzasiga qoʻyib kursiga oʻrnasharkan, yasama xushnudlik bilan). Bir oʻynab berasiz endi, otaboy, zoʻr syurprizimiz bor sizga! (Sinovchan sukutdan soʻng, shirin qilib.) Bi-ir hajga borib kelsangiz-chi, a? Hamma bizni izza qilyapti-ku: shundoq puldoru badavlat oʻgʻillari, qizlari boʻlaturib, otalarini hajga joʻnatmayapti, deb.

Orol bobo (ishidan chalgʻimay). Buniyam huv anovi xizrsifat maslahatgoʻying aytgandir?

Qalimbet. Topdingiz, u ham shunday degan edi.

Orol bobo. Qulluq, qulluq. Lekin otang hech qayoqqa bormaydi, ovora boʻlma.

Qalimbet. Ie, iye! Hajga ham-a? Hajdan boʻyin tovlagan moʻminni endi koʻrishim! Ota, oʻylab gapiryapsizmi oʻzi? Axir, haji muborak har bir musulmonga…

Orol bobo. Bilamiz, bilamiz – farz.

Qalimbet. Bilsangiz, nega bunday oyoq tirayapsiz? Baʼzilar hatto ot minib, pul koʻtarib chopib yursa-yu, siz boʻlsangiz…

 

Chol qoʻlidagi kosovni “qozon” chetiga qoʻyib, oʻrindigʻiga kelib joylashadi.

 

Orol bobo. Hajga qilgan-kechgan gunohlaridan tavba etmoqqa borilardi chogʻi, shundaymi axir?

Qalimbet. Ie, albatta, buning uchun ham…

Orol bobo. Unda otang qaysi gunohini yuvgali borsin, xoʻsh?

Qalimbet. E, e, Orol bobo, kufr ketgandaysiz, begunoh banda bor ekanmi bu dunyoda?!

Orol bobo. Shoshma, ogʻzimga urmay tur… Yolgʻon gapirganimni yo birovga firib berib ish bitirganimni bilasanmi? (Qalimbet yelka qisadi.) Gapir, gapir, eshitganmisan hech?

Qalimbet. Yoʻq…

Orol bobo. Birovning haqiga xiyonat qilgan joyim bormi, ayt?

Qalimbet. Ota…

Orol bobo. Kimsaning moli yo jufti haloliga koʻz olaytirganimni-chi? Quloq-pulogʻingga chalingan chiqar?..

Qalimbet. E, ota, izzaga qoʻymang-da odamni. Faqat shular uchungina haj qilinmas…

Orol bobo. Ha, nima uchun borilar ekan boʻlmasa? Shunchaki sayru tomoshagami? Yo nomchiqarargami? Toʻgʻri, unaqalarini ham bilamiz. Ana – oʻzimizning Oʻtagan maxsum. Yil sayin qatnaydi. Nima, avliyo boʻlib qoptimi u? Oʻsha-oʻsha, kelib tagʻin gunohga botgani botgan… Yoʻq, oʻgʻlim, haj ziyoratining shartlari, qonun-qoidalari bor. U yerga obdon hozirlik koʻrib, riyozatu mashaqqatlar chekib boriladi!

Qalimbet. Eski zamonlarning gapini qoʻysangiz-chi, ota. Mashaqqat chekib nima foyda? Hozir tap-tayyor samolyot, oppa-osongina borib kelinaveradi. Bu ham tangrining marhamati-da, axir!

Orol bobo. Qulluq, qulluq. Ammo… tavba qildim, tavba qildim, koʻnglida bir toza niyatu chin ixlosi bormi-yoʻqmi, duch kelgan odam haj ekan deb joʻnayversa… Xuddi toʻyga otlanganday… Ziyorati qabul boʻlarmikan?.. Axir, bandasi poklanib, tozalanib bormaydimi unaqa joylarga?!

Qalimbet. Men ham shuni aytyapman-da, ota! Haligina oʻzingiz isbotlab berdingiz: birovga yomonlik qilmagansiz, xiyonat qilmagansiz, koʻz olaytirmagansiz… Siz bormay kim borsin hajga?!

Orol bobo (erib ketib). Rosti, bir-ikki dafʼa chogʻlanib ham koʻrganman. Yurak dov bermadi-da: oʻzing kim boʻpsan-u, hajni orzu qilsang deganday. Biz-ku bir xashaki banda, haj ziyorati nasib etmagan ne-ne ulugʻ zotlar oʻtgan, oʻgʻlim! Lekin ichimdagi bir sirni senga aytsam: baʼzan xuddiki borib kelganga oʻxshayman! Niyati bilan-da…

Qalimbet (jonlanib). Ana endi chinakamiga borib kelasiz, otaboy! Mana, hamma hujjatingiz tayyor! (U shosha-pisha “diplomat”ini ochib, bir dasta qogʻoz chiqaradi.) Mana…

Orol bobo (ogʻzi ochilib). Iya, bir ogʻiz soʻramading-ku, Qalimbet, mensiz qanday qilib?..

Qalimbet. U yogʻi bilan ishingiz boʻlmasin, otaboy. Biz kirishdikmi, bitmaydigan ish yoʻq!

Orol bobo. Baribir oldimdan bir oʻtishing kerak edi-da, axir…

Qalimbet. Oʻtsam-oʻtmasam, endi masala hal! Azza-bazza bittasining oʻrniga gaplashganman-a!..

Orol bobo. Nima? Birovning oʻrniga?! (U balodan qochgan kabi, ikki qoʻli oldinda, tislanib.) Yoʻq-yoʻq, bormayman! Minbaʼd! Birovning oʻrnini tortib olib hajga joʻnash!.. Oʻylab qildingmi shu ishni, Qalimbet? Gunoh-ku bu axir, gunohi azim!

Qalimbet (suv yuqtirmay). He, koʻchadagi bittasi borgandan koʻra – siz, mening otam borgani yaxshi emasmi?!

Orol bobo (qatʼiy turib). Yoʻq dedimmi, yoʻq! Kimning oʻrnini olgan boʻlsang, oʻshaning oʻziga eltib topshirasan, gap tamom! Xudoyim oʻzi kechirar, otangning sigʻinadigan Kaʼbasi ham, ziyoratgohu ibodatgohi ham mana shu oʻzi tugʻilib oʻsgan tashlandiq ovulu bugun qurib qolgan boʻlsayam, umrini bergani – Orol! Shundan oʻzga hech narsa kerak emas unga, bilib ol, bola!

Qalimbet. Orol, Orol… Hah, Orol otaginamdan! (U quvlik bilan yaltoqlanib cholning yelkasidan quchadi.) Ishni buzdingiz-ku, boboy, endi nima qildig-a?..

 

Talay zamon mum tishlab qoladilar.

Bu orada chol oʻchoqboshiga borib, olovini tortib keladi.

 

Orol bobo (kufridan tushgan; iltijoli ohangda). Qalimbet, huv birda koʻrsatgan matohingni menga tashlab ketsang-chi, a? Nevaralarimni sogʻinganda tomosha qilib oʻtirardim. Mayli, anovi uy ham, haj safari ham seniki, oʻzingga siylov…

Qalimbet (mugʻambirona bosh chayqab). Yoʻ-oʻq, boboy…

Orol bobo (qalpogʻini qoʻlida gʻijimlab oʻrnidan turadi). Boʻpti, men ketdim unda.

Qalimbet. Iya, qayoqqa?

Orol bobo. Onangning oldiga, mozorga. Ertalab xabar ololmagan edim…

Qalimbet (boʻgʻilib). Mendan nima gunoh oʻtdi, ota? Aybim – sizni hajga joʻnatmoqchi boʻlganimu yangi uy tortiq qilganimmi?!

Orol bobo. Beayb – parvardigor, mening ham bir gunohim bor bu dunyoda. Nimaligini aytaymi? Seni, sendaylarni dunyoga keltirganim!..

Qalimbet (alam-iztirob ila). Ota-a!..

 

Orol bobo qalpogʻini boshiga bosib, hovlidan chiqib ketadi.

 

Qalimbet (bir lahza sukutdan soʻng, ijirgʻanib). Miyasi aynib qopti bu cholning… (U yonidan telefonchasini olib, qoʻngʻiroq qila boshlaydi.) Gul, oʻzingmisan? Hech gapga unamayapti-ku bu qaysaring. Shahar yaqinidan yap-yangi hovli olib berdim, mana, hajga toʻgʻrilab qogʻozlarini keltirib oʻtiribman – qani, koʻnsa! Oʻzing bir yoʻlini topmasang boʻlmaydi, singil. Senga mehri boʻlakcha, yaxshi koʻradi…

 

7

 

Oqshom. Orol bobo odatdagi oʻrindigʻida; horgʻin, behafsala koʻrinadi. Yonboshdagi qoʻlbola kursida omonatgina boʻlib qizi Gulxadicha oʻtiribdi; tizzasida sumkachasi, oʻta zamonaviy kiyingan.

Shogirdlar ish bilan mashgʻul. Ora-orada ota-bola tomon qarab qoʻyishadi.

 

Orol bobo. Deputatlikka chogʻlanganmishsan, shu rostmi? Ering boshingda, bu yoqda jujuqlaring – nima keragi bor edi, qizim?

Gulxadicha. Ha, Joʻqorgʻi Kengesga. Boʻlasanchi boʻlasan deb qoʻyishmadi-da, ota… (Birdan tumshayib.) Lekin boshim qotib qolgan. Ustimdan yoza-yoz!

Orol bobo. Iya! Nima deb yozadi, kim?

Gulxadicha (koʻzlarini yoshlab). Oʻlgur raqiblarim-da, dushmanlarim!

Orol bobo. Senda dushman nima qilsin? Ajab gaplarni gapirasan-a!

Gulxadicha. Birga ot surib yurganlar dushman boʻlmay nima? Bari oʻzim deputat boʻlay, bu qolib ketsin deydi, yaramaslar!

Orol bobo. Qanday aybing bor ekan, xoʻsh?

Gulxadicha (barmoq uchi bilan qovoqlarini artib, arazlagan singari). E-e, sizni aytib yozadi-da!..

Orol bobo (yoqasini juftlab). Meni?! Men nima qipman ularga? Birortasini tanimasam, bilmasam…

Gulxadicha. “Tuqqan otasini bir goʻrlarga tashlab qoʻygan, qaramaydi, borib holidan xabar olmaydi! Shunday oqpadar inson deputat boʻlishi mumkinmi?” va hokazo. Ishqilib, oyogʻimdan chalsa, badnom qilsa boʻldi ularga!

Orol bobo (xijolatga tushib). Men hech kimga arz qilganim yoʻq-ku, jonim qizim… Senlardan biror narsa kerak emas, oʻz holiga qoʻysalaring… iya, tinchgina yursa kifoya otalaringga. Shunday-shunday gap deb, toʻgʻrisini tushuntirmaysanmi oʻshalarga?

Gulxadicha. Kimga tushuntiraman? Saylovchilargami? Xalqqami? Xalqingiz tushunmaydi baribir! Ishonmaydi-da…

Orol bobo. Shuginani tushuntirolmasang, shunga ishontirolmasang, deputat boʻlib nima qilasan, qizim?!

Gulxadicha. E-e, siz ham tushunmayapsiz, ota. Qoʻymayapti-da axir! Oʻzimga qolsa-ku, allaqachon tuf deb yuborardim. Bezorim chiqib boʻldi oʻzi!

Orol bobo (ajablanib). Kim qoʻymayapti, kim? Oʻsha saylovchilarmi?

Gulxadicha. Ular ham… Kuyovingiz, kuyovingiz! Bu yoqda ogʻam – Qalimbet. Bizneslariga yordam boʻlarmish…

Orol bobo. Obbo-o! Erkakman deb beliga kamar boylagan azamatlar bir zaifani oʻrtaga solib, shuning soyasida… Suf-e senlarga!.. Hay, meni yoʻqlab qolibsan? Shu gapni aytgani keldingmi yo?

Gulxadicha (kuyingan kabi aftini burushtirib). Rang-roʻyingizni qarang, otajon, koʻrgan kishining rahmi keladi-ya!

Orol bobo (sarosimada qolib). Rangimga nima qipti, Gulxadicha? Soppa-sogʻman, hech bir joyim ogʻrimasa…

Gulxadicha. Shunday boʻlsayam bir-ikki kun dam olib kelsangizmi devdim. Zoʻr bir joyga olib borsam sizni… Vuy, bogʻlarini koʻrsangiz – gulu gulzor!..

Orol bobo. Qanaqa joy ekan u? Toʻppa-toʻgʻri jannat boʻlmasin tagʻin!..

Gulxadicha. Undan ham zoʻr! Hozir… (U dik etib oʻrnidan turadi-da, bir kaftini ogʻziga karnay qilib koʻcha tomon ovoz soladi.) Rohat Sobirovna! Rohat Sobirovna!

 

Chetan eshik ochilib, qoʻlida yaltiroq qutisi, yasan-tusanda Gulxadichadan qolishmaydigan oq xalatli juvon – Rohat Sobirovna kiradi.

 

Rohat Sobirovna (hovliga alanglab, atay xushhollik bilan). Voy-boʻ-oʻ, hammayoq qayiq-ku! Suvimiz qani, suv?.. Assalomalaykum, otaxon, bormisiz? Shundoq pustinyada bir oʻzingiz-a! Ne ponimayu, ne ponimayu. (Dashnom ohangida.) Gulyaxon, adangizni bir oz charchatib qoʻyibsizmi deyman-a, oʻrtoq?(U qutisini tagiga qoʻyib roʻbaroʻ oʻtiradi-da, goʻyoki sehrlamoqchidek, Orol boboga qattiq tikiladi. Chol xijolat, koʻzini qayoqqa yashirishni bilmaydi.) Qani, boshladikmi? Tilingizni koʻrsating-chi, otaxon…

Orol bobo. Tilimni?.. (Dovdirab Gulxadichaga qaraydi.) Birovga ogʻzingni ochib tilingni koʻrsatish noqulay-ku, qizim? Mazax qilganday gap-da bu.

Gulxadicha. Koʻrsating, koʻrsatavering, ada, bu kishi doʻxtir-ku! (Kulib.) Sugʻurib olmaydilar, qoʻrqmang.

Orol bobo (taajjub aralash). Nima? Nima deding? Bir soʻz aytganday boʻlding…

 

Gulxadicha “jim oʻtiring endi” degan kabi uni sekingina turtib qoʻyadi. Chol battar mulzam, tishsiz milklari orasidan arang tilining uchini chiqaradi…

Doʻxtir qutisidan olgan ignayu bolgʻachalarini ishga solib, bemorni obdon tekshirib koʻrgach, savolga tutadi.

 

Rohat Sobirovna. Koʻp tush koʻrasizmi, otaxon? Masalan, nimalar kiradi tushingizga?

Orol bobo. Ha, unda-bunda koʻrib turamiz. Har xil tush-da, qizim… Koʻpincha rahmatli kampirim kiradi tushimga, mana buning onasi.

Rohat Sobirovna (Gulxadichaga yuzlanib, shunchaki). Oyingizlarmi?

Gulxadicha (eshitilar-eshitilmas). Oyim, oyim, Rohat Sobirovna.

Rohat Sobirovna. Otaxon, ayting-chi, tushlaringizda baliq ham tutasizmi?

Orol bobo (ensasi qotib). Nega endi tushimda ekan? Tushimda emas, oʻngimda tutaman baliqni. Har kecha!

Rohat Sobirovna. Har kecha deysizmi? Zoʻr-u! Qayerdan ovlaysiz uni, suvdanmi?

Orol bobo (toqati toq boʻlib). Suvdan boʻlmay qumdan ovlanarmidi u jonivor?! Suvdan-da, albatta. Orol suvlaridan!

Rohat Sobirovna (Gulxadicha bilan oʻgʻrincha maʼnodor koʻz urishtirib olib). Orol deganingiz olis-ku, otaxon, juda olisda! Qanaqa qilib borasiz u yerga har kecha?

Orol bobo (doʻxtirga uzoq tikilib). Nima desam ekan sizga? Aytganim bilan baribir ishonmaysiz-da, qizim. Hech kim ishonmaydi bunga… (U alam bilan mungʻayib, boshini solintirib oladi.)

 

Rohat Sobirovna Gulxadichani chetga imlab, uning kiftiga hamdardona qoʻl tashlaydi.

 

Rohat Sobirovna (pichirlab). Vsyo yasno. Simptomiʼ nalitso. Opketamiz, deputatim! Tayyorlang…

Gulxadicha. Ukolmi? Boʻlmasa koʻndirolmaysiz, tochno!

Rohat Sobirovna. Da, ukol!

Gulxadicha (orqadan kelib cholni boʻyni aralash quchadi). Ota… iya, ada… Doʻxtir opa aytyaptilarki, sizni ukol qilmasa boʻlmas ekan. Qoʻrqmang, qoʻrqmang, bilagingizga. Bittagina, xolos. Hecham ogʻrimaydi, mana koʻrasiz…

Orol bobo (vazmin bosh burib). Mening nimamni ukol qilasan, qizim, hech joyim ogʻrimasa…

Gulxadicha (toʻsatdan jazavasi qoʻzib). Ogʻriydi, ogʻriydi! Ana – aftingizga qarang! Gapirib oʻtirgan gaplaringiz-chi!.. Ey-y, hammang jonimga tegding! Birovi “Deputat boʻlsang – boʻlganing, yoʻqsa, toʻrt tomoning qibla” deb shart qoʻysa! Unisi “Deputatlikka chiqmasang, senday singlim yoʻq” deb siyosat qilib tursa!.. Nima qilay? Nima qilay axir, ayti-ing?! (U alamidan yigʻlamsiragan boʻladi.)

Orol bobo. Mayli, mayli, senga shu kerak boʻlsa, ma, qilaqol ukolingni… (U hafsalasiz qoʻlini uzatadi.)

 

Gulxadicha otasining bilagidan tutib turadi, Rohat Sobirovna abjirlik bilan ignasini sanchadi. Hayal oʻtmay Orol bobo oʻrindiqqa choʻzilib qoladi.

Bolalar hangu mang, tashvishga tushib qolgan, oʻzaro pichir-pichir.

 

Jumaboy. Hoʻ opa, bobomizni nima qildingiz?

 

Gulxadicha oʻgirilib ham qaramay, “e, ishingni qil” degan kabi ular tomon jahl bilan qoʻl siltaydi.

 

Rohat Sobirovna. Chaqiravering.

Gulxadicha (koʻcha tomon chinqirib). Ogʻa-a! Ogʻa-a! Boʻldi, tayyor!

 

Qalimbet va haydovchisi paydo boʻlib, cholni qoʻltigʻidan koʻtargancha tashqariga sudraydi. Gulxadicha bilan Rohat Sobirovna bir-birining yelkasiga qoʻl tashlashib ularning ortidan yuradi. Shogirdlar beixtiyor chopib borib yoʻlni toʻsmoqchi boʻladi.

 

Jumaboy. Ie, ogʻa, qayoqqa opketyapsiz bobomizni?!

Qalimbet (zarda bilan). Enangning uyiga!

Tilovbergan (unga tarmashib). Opketmaysiz, yoʻq!

Qalimbet (tizzasi bilan uning quymuchiga bir tepib). Nari tur-e, maymoq!

 

Tilov uchib ketib, bir chetga agʻnab qoladi. Bolalar sarosimada, noiloj tek qotgan.

 

Rohat Sobirovna (yoʻl-yoʻlakay, hovliga yana bir qur koʻz tashlab). Chudak! Nastoyashʼiy chudak!

 

8

 

Namozshom payti. Jumaboy va Genjamurod qayiqsozlik bilan band. Odatdagi yumushlar: oʻlchash, taxta qirqish, yelimlash, boʻyoq-soʻyoq…

 

Jumaboy (tuyqus ishdan bosh koʻtarib). Bobomizni qayoqqa opketdi-ya bular?

Genjamurod. Ota – ularniki, xohlagan joyiga olib ketaveradi-da.

Jumaboy. Soppa-sogʻ odamni ukol qildi-ya, tavba!

Genjamurod (bilagʻonlik koʻrsatib). Qiladi! Kerak boʻlganda qarab oʻtirmaydi. Oʻzim koʻrganman! Japaq amakimni bilarding-a, doʻxtirlar uni mana shunday ukol sanchib, moshinaga bosib ketishgan, esimda.

Jumaboy. Amaking toʻrt tumanga nomi ketgan bir jinni-sangʻi edi-da! Bobomiz axir…

Genjamurod (nafsoniyati qoʻzib). Bobong nima, sogʻ ekanmi? Hamma uni “devona, savdoyi” deb yuradi-ku!..

Jumaboy. Aytib qoʻy, oʻshalaringning oʻzi devona, oʻzi savdoyi! Shuni gap deb koʻtarib yurgan sen ham sogʻ emas, Genjaboy!

Genjamurod. Oʻzing ham shu! Tilovning ham… Boboning girdida yurganlarning barini el-ulus shunaqa deb oʻylaydi, bilsang!

Jumaboy. Oʻylayversin! (Mushtumini doʻlaytirib.) Qani, birortasi kelib oʻzimga shunday deb koʻrsin-chi!..

 

Bir oʻram eski sim koʻtarib hovliga Tilovbergan kiradi.

 

Tilovbergan (qoʻlidagini yerga tashlab). Juma-a, ovulingda shisha degan matoh qolmabdi-yov! Amet bilib aytgan ekan: kecha ertalab bu yoqqa kelayotib, Jangʻil momoning tomiga chiqib qarasam, rostdan ham Orol taraf suvga toʻlganday, oftobda charaqlab koʻzni oladi!

Jumaboy (ishdan bosh koʻtarib). Men ham koʻrdim. Xuddi suvning oʻzi! Shu ish Ametning xayoliga qayoqdan kepqoldi ekan-a?..

Tilovbergan. Bilasan-ku, kitobni koʻp oʻqigan u. Oʻziyam kallali. Oʻtagan maxsumning bolasi-da, mullazoda!

Genjamurod. Mullangning bolasi bugun allaqaylarda salat kesib yuribdi. Kallali emish!..

Jumaboy. Kim nima desa desin, baribir zoʻr ish boʻldi shu. Malades Amet!

Genjamurod. Bobong koʻrmaganidan keyin bu hammasi bir pul, oshnam! Oʻsha kishi uchun qilindi-ku, toʻgʻrimi?

Tilovbergan. Shunday, shunday…

 

Xuddi shu choq chetan eshik gʻiyqillab, Orol bobomizning oʻzi paydo boʻladi! Bir lahza hayratda qotgan shogirdlar guvva borib, talasha-tortisha uning boʻyniga osiladi: “Keldingizmi, bobojon, keldingizmi?”, “Ustoz, ustoz!”, “Sogʻinib ketdik sizni, bobo!..”

 

Orol bobo (ularni baravar bagʻriga bosib, koʻzlari jiqqa yosh). Chirogʻlarim!.. Sherlarim, burgutlarim…

 

Shogirdlari cholni koʻtarib kelib, eʼzoz bilan xos oʻrindigʻiga oʻtqazadilar. Oʻzlari yon-verida choʻnqayib, allanechuk achinish aralash unga koʻz tikadilar.

 

Tilovbergan (yigʻlamsirab). Nima boʻldi sizga, bobojon, buncha qolib ketdingiz?

Orol bobo (qoʻl siltab.) E, soʻramanglar, bolalarim… Qochdim, qochib keldim! Koʻrdilaring, “mazangiz yoʻq, mazangiz yoʻq” deya nima balodir qilib uyiga olib ketdi-yu, qamab qoʻyganday ahvolga soldi-ya meni! Anovi doʻxtir dugonasi kunda ikki mahal ukol qilib ketadi, uxlaganim uxlagan, koʻzlarimni ocholmayman! Deputatligiga kerakmish-da kasofatning… Sizlarni sogʻindimu qoʻygan poyloqchilarini ham dogʻda qoldirib, bugun koʻzni ishqay-ishqay yoʻlga tushdim… Hay, oʻzlaringdan gapiringlar, qani? Ametboyimiz koʻrinmaydi?.. (Shogirdlari yerga qarab qolgach, taassuf ila bosh chayqaydi, ogʻir xoʻrsinadi.) Bola ketibdi-da baribir. Atta-ang, atta-ang. Yaxshigina usta boʻlib qoluvdi-ya, kasofat!

Genjamurod (gʻashi kelib). Kasofatingizning oʻrnini bildirmayapmiz lekin, bobo! Ana, siz yoʻgʻingizda bir emas, ikkita qayiq yasab qoʻyganmiz!

Orol bobo (ruhlanib). Barakalla, chirogʻlarim, barakalla! Xoʻsh, yana nima yangilik?

Tilovbergan. Siz birdan ketib qoldingiz, mana, bugun birdan kelib qoldingiz – yangilik shu!

 

Baravariga kulib yuborishadi.

 

Orol bobo (oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻalib). Asr payti kepqolgandir, men namozimni oʻqib olay endi… bir haftalik qilib!

 

Chol oʻchoqboshidan oftobasini olib, uy orqasiga oʻtadi. Yigitlar qaytib ishga tutinadi. Jumaboy qandaydir taxtani aylantirib koʻzdan kechirayotganida uning bir uchi dastgoh adogʻida turgan tranzistorga tegib ketadiyu shoʻx yalla yangraydi. Qoraqalpoqlarning mashhur “Dembermas”i!.. Ana shu tarona asnosi hovli qorongʻilashib, keyin yana asta yorisha boshlaydi.

Tong! Uzoqlardan kelayotgan dengiz shovqinlari boyagi qoʻshiqqa qorishib, uni bosib ketadi. Ana – toʻlqinlar bir-biriga urilib shaloplashi, jonsarak mavjlar shiviri, eshkaklarning bir maromdagi gʻichir-gʻichiri… Ana – chagʻalaylarning betinim chugʻur-chugʻuriyu suvga toʻsh urib uchayotgan oqchorloqlar sasi… Yeru osmon gʻayrioddiy, gʻayritabiiy bir yogʻdular, charogʻonlik qoʻynida…

Tom boshidagi ona qayiqda Orol bobomiz tik turibdi. Qalpogʻi qoʻlida, quvonchdan koʻzlari chaqnab har yonga alanglayotir. Chetan ortidan shogirdlar sasi eshitiladi: “Koʻrdi! Ana, qaranglar – koʻrdi!”

 

Orol bobo (hayqira-qiyqira). Mana, keldi! Axiyri keldi! Suv, suv!.. Orolimiz suvga toʻldi, odamlar! Yashasin, dod! Shu kunni koʻrdim-a! Endi oʻlsam armonim yoʻq… (Qoʻllarini koʻkka choʻzib.) Omonating ol, egam! Roziman, bariga roziman! Shukr, shukr…

 

Chol shunda bir qalqiydiyu oyoqlari mayishib, boʻshasha-boʻshasha, baayni suvga choʻkayotgan misol, qayiq ichida koʻrinmay ketadi. Atrofni sukunat chulgʻaydi – purhikmat, tantanavor bir sukunat!..

 

9

 

Chol qayiq ichiga “choʻkib” ketgach, andak sukunatdan soʻng, chamasi, chetan ortida bu manzarani – nima boʻlishini kuzatib-poylab turishganmi, birin-ketin shogirdlar kirib keladi. Ular hovli oʻrtasida saf tortib, tomboshiga baqraygancha qotib qolishadi. Bir vaqt chetan eshik ogʻzida yelkasiga safarxalta osgan notanish libosli yigit paydo boʻladi. Amet! U ohista yaqinlashib, uch oʻrtoqni orqasidan birvarakay quchib oladi.

 

Tilovbergan (vahima ichida). Amet! Senmisan? Osmondan tushdingmi, nima balo?..

Amet (aybdorona). Keldim. Koʻnglim bir nimani sezganday boʻlaverdi…

 

Toʻrt oʻrtoq yigʻlamsiragancha quchoqlasha ketadi.

 

Sizlarni… Orolni unutolmadim, joʻralar. Keldim. Bobomiz qani?

Jumaboy (tomboshiga ishora qilib). Yuragi yorilib oʻlib qoldi… Koʻzlariga ishonmagan-da!

Amet (yuzini changallab). Men, hammasiga men aybdor!.. (U jahl bilan yelkasidagi safarxaltani yerga otadi.)

Tilovbergan. Endi nima qildig-a, bolalar, nima qildik?

Jumaboy (sarkorlikka oʻtib). Yuringlar. Olib tushish kerak…

 

Birin-birin qayiq-narvonga tirmashib, tomga chiqa boshlaydilar.

 

Genjamurod (chiqayotib). Aytib edim-ku, bu ishimizning oxiri zil boʻlib chiqadi, deb!..

Jumaboy (tepadan, jerkib). Qoʻy endi sen ham shu paytda!.. Har ne boʻlgandayam murodiga yetdi-ku bobomiz! Suvni koʻrganday boʻlib ketdi…

 

Yigitlar tomda qayiqni qurshab, baravariga unga engashadilar. Amet beixtiyor cholning qalpogʻini olib, boshiga qoʻndiradi.

 

Tilovbergan (izillab). Bobojon, oʻlmang! Koʻzingizni oching…

Amet. Kechiring, ustoz, beoqibat shogirdingizni kechiring…

Jumaboy (oʻqrayib). Boʻldi!.. Qani, oldik!

 

Tomboshida toʻrt oʻgʻlon – toʻrt shogird qayiq-tobutni dast koʻtarib turibdi! Gʻoyibona vidolashuv…

 

Orol bobo (ovozi). Kelganing chinmi, Amet bolam? Bobongning oʻlishini kutib yurganmiding yo?..

Amet (ovozi, titrab). Unday demang, bobojon, unday demang. Keldim, mana. Butunlay keldim.

Orol bobo (ovozi). Bilib qoʻy, Orol chaqirdi seni, Orolimiz! Ishonmasang, ana – atrofga boq, suvning oʻzidan soʻragaysan!

Amet (ovozi). Sizlarni tashlab qayoqqa ham borardim, bobo?!

Orol bobo (ovozi). Ota bolasi emas, Orol boʻlib qaytdim de? Barakalla, chirogʻim! Bobongning vasiyati – anovi qalpoqni hech qachon boshingdan qoʻymagaysan!

Amet (ovozi). Ruhingiz xotirjam boʻlsin, bobo, sizdan meros bu qalpoq hamisha boshimda tugʻ!..

Tilovbergan (ovozi, yigʻi aralash). Bizlarni kechiring, bobojon…

Genjamurod (ovozi). Men sizni bugun bildim, Orol bobo! Oʻzimni ham endi taniyapman. Sarkashroq bolangizning qiliqlaridan oʻtarsiz, bobojon…

Jumaboy (ovozi). Bunday boʻlib chiqishini kim oʻylabdi deysiz, Orol bobo! Biz sizni bir suyuntirmoqchi edik-da…

Orol bobo (ovozi). Bu dunyodan, sizlarning baringizdan rozi boʻlib ketyapman, qaroqlarim, yigʻlamanglar, men uchun koʻzyoshi qilib yurmanglar. Sizlar bor ekansiz, bobongiz oʻlmagan, oʻlmaydi. Sizlar bor ekansiz, Orol oʻlmaydi, Orolimiz tirik! Toabad bor boʻlgay, omin!

 

Qayiq-tobut nogahon bir silkinib, boshlar uzra ohista koʻtarila boshlaydi. Yuksala-yuksala, koʻk dengizi sari suzib ketadi… Toʻrt oʻgʻlon osmonga qoʻl choʻzib, uni goʻyo kuzatib qolgan… Uzoqlardan kelayotgan dengiz shovqinlari tobora kuchayadi. Ana – toʻlqinlar bir-biriga urilib shaloplashi, jonsarak mavjlar shiviri, eshkaklarning bir maromdagi gʻichir-gʻichiri… Ana – chagʻalaylarning betinim chugʻur-chugʻuriyu suvga toʻsh urib uchayotgan oqchorloqlar sasi…

 

Erkin AʼZAM

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/tanho-qayiq-yoxud-devonaning-orzusi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x