TABIIY GEOGRAFIK MINTAQALAR — geografik qobiqning eng yirik zonal tabiiy geografik boʻlimi. Har bir Tabiiy geografik mintaqalar issikdik va namlikning alohida rejimi, havo massalari, ularning sirkulyatsiyasi, biogeokimyoviy va geomorfologik jarayonlarning ketma-ketligi, oʻsimliklarning vegetatsiya davri, xayvonlar migratsiyasi, moddalarning aylanma harakati va b. xususiyatlari bilan farq qiladi. Iklim omillari, asosan, issiklik va namlikka bogʻliq ravishda har bir Tabiiy geografik mintaqalar ichida tabiiy geografik zonalar ajratiladi. Mintakalar ekvatordan qutblarga va tof etaklaridan choʻqqilarga tomon, shuningdek, past atmosfera bosimli statsionar seryogʻin oblastlardan arid landshaftli, obhavoning antitsiklon holatdagi yuqori bosimli oblastlari tomon oʻzgarib boradi.
Quruqlikda 1 ekvatorial va 2 tadan subekvatorial, tropik, subtropik, moʻtadil, subqutbiy (subarktika va subantarktika), qutbiy (arktika va antarktika) mintaqalar ajratiladi. Quruqlikdagi Tabiiy geografik mintaqalarga oʻxshash mintaqalar Dunyo okeanida ham kuzatiladi. Ularning joylashgan oʻrni radiatsiya balansi oqibatida kelib chiqadigan issiqlik, bugʻlanish, bulutlilik, suvning shoʻrligi va zichligi bilan, esadigan shamollar va dengiz oqimlari, suvning vertikal sirkulyatsiyasi, tarkibidagi kislorod, plankton va organizmlar mikdori bilan belgilanadi. Odatda, bu sharoitlar kengliklar boʻyicha astasekin oʻzgaradi, dengiz oqimlari esa Koriolis kuchiga muvofiq tarzda oʻz mintaqa chegarasidan chiqib boshqa mintaqa xususiyatlariga ham sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun, okeanlarning geografik mintaqalarini belgilashda asosiy suv massalarining konvergensiya chizigʻi, qutbiy oʻlkalarga yaqin oblastlardagi koʻp yillik va mavsumiy muzlar va shu kabi tabiiy chegaralar muhim ahamiyatga ega. Yana mintaqalar toʻgʻrisida alohida maqolalarga q. (Antarktika mintakasi, Arktika mintaqasi va h. k.).