Taʼlim va taraqqiyot yoxud faxriy pedagogning oʻy-mulohazalari

TAHRIRIYATDAN: Barcha sohalar kabi bugun mamlakatimiz taʼlim tizimida ham yangilanishlar jarayoni kechmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda har bir fuqaro, birinchi galda, tajribali oʻqituvchi-pedagoglar oʻz fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishni istaydi. Faxriy ustoz, pedagogika fanlari doktori Omiljon Ahmadjonovning katta samimiyat va kuyunchaklik bilan yozgan maqolasini shu maʼnoda chop etishga qaror qildik. Ochigʻi, maqola hajman ancha salmoqli edi – jurnalimiz imkoniyatlaridan kelib chiqib qisqartirdik. Maqola soʻngidagi takliflarni esa yakuniy xulosa emas, fikrlashga turtki sifatida qabul qilishingizni soʻraymiz. Maqsadimiz – mavzu boʻyicha keng jamoatchilikda fikr-mulohaza uygʻotish, hamyurtlarimizni muhokamaga chorlash. Fikr almashinuv jarayonida bundan-da joʻyali taklif va tashabbuslar paydo boʻlsa, maqola muallifi faqat va faqat xursand boʻlishini bildirdi.

 

Bir umrlik mehnat faoliyatim taʼlim tizimi bilan chambarchas kechmoqda. Shu bois sohaga oid mulohazalarimni yarim asr davomidagi hayotiy kuzatuvlarimga asoslanib sharhlashga harakat qilaman. Men maktabni tugatgan vaqtda (1956 yil) respublikamizdagi maktablarning bitiruvchilari (abituriyentlar) oliy oʻquv yurtlarining qabul rejasidan ozgina ziyodroq edi. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yildan-yilga koʻproq oʻgʻil-qizlar bitirib chiqa boshladi va oʻz-oʻzidan institut-universitetga oʻqishga kirolmaganlar, yaʼni konkursdan oʻtolmaganlar soni ham ortib boraverdi. Bu esa farzandlari oliy maʼlumotli mutaxassis boʻlishini xohlaydigan ota-onalarning faollashuviga turtki berdi. Natijada tinib-tinchimagan odamlar qalovini topib, qorni ham yondirishga yeng shimardilar. Oʻsha paytdagi ibora bilan aytganda, tunnel qazish illati kuchayib boraverdi. Bolalarini gʻayriqonuniy yoʻllar bilan oliy oʻquv yurtiga kiritolgan ota-onalar oʻz xatti-harakatlaridan uyalmaydigan, hatto buni uddaburonlikka yoʻyib maqtanadigan boʻlishdi. Jamiyat bunga koʻnikdi, zurriyotlarining kelajagini taʼminlayotgan epchillarga havas qiluvchilar ham koʻpayib boraverdi.

Orzu-havaslar girdobiga gʻarq boʻlayotgan baʼzi amaldoru puldorlar orasida urfga aylanayotgan, lekin jamiyatimiz taraqqiyoti uchun oʻta zararli boʻlgan bu illat yoshlarga ham yuqa boshladi. Hamon esimda: oʻsha yillari bashang kiyingan yigitcha ogʻaynisining “Qaysi institutga kirmoqchisan?” degan savoliga dona-dona qilib “KPUga!” deb javob qaytargandi. Yoʻlimda davom etayotib oʻylandim: “Agar U harfi universitet soʻzining bosh harfi boʻlsa, K va P harflari-chi? ToshDU va SamDUni bilaman. KPU qayerda ekan?”. Keyinchalik eshitsam, KPU ruscha “kuda papa ustroyet” birikmasining qisqartmasi ekan. Ha, yigitcha uchun qaysi institut, qanday mutaxassislikda tahsil olishining ahamiyati yoʻq, otasi kirgizib qoʻysa boʻldi-da. Bunday achinarli dunyoqarash bilan zaharlangan yoshlar soni ortib borardi. Brejnev epoxasi deb nom olgan davrda shunday illat urchib ketdi va lavozimi yoxud jamgʻarmasi katta boʻlgan odamning harakati tufayli oliy oʻquv yurtlarining eshiklari ochiladi, bilimning ahamiyati yoʻq mazmunidagi fikr yoshu qarilar orasida keng tarqaldi. Oliy oʻquv yurtlari pedagoglarining bir qismi bunday noxush holatning odatiy tus olmasligiga harakat qilardilar, lekin barcha saʼy-harakatlari qariyb besamar edi. Ikkinchi qismi – shaxsiy manfaatini jamiyat manfaatlaridan ustun qoʻyadigan epchillar esa davr kelsa, ur begim, davron ketsa, sur begim maqolini oʻzlariga mos tarzda tavsif etib, vaziyatdan unumli foydalanardilar.

Pedagoglarning aksariyat qismi har doimdagidek befarqlik bilan kundalik vazifalarini ado etardilar. Oliy oʻquv yurtlari faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga masʼul yuqori tashkilotlarning mutasaddilari esa noxush vaziyatni yoʻqotishga harakat qilayotgandek boʻlardilar-u, lekin oʻzlari qabul komissiyasi rahbarlariga talaba boʻlishi shart abituriyentlar roʻyxatini norasmiy tarzda tutqazardilar. Oʻquv yili boshlangach, muammolar tagʻin qatorlashardi. Tunnelchi talabalar oʻquv materialini oʻzlashtirolmasdilar va birinchi imtihon sessiyadayoq bir necha fandan qarzdor boʻlib qolardilar. Shirin farzandlarining oʻqishini davom ettirtirish uchun ota-onalar bellarini yangitdan bogʻlab, yana harakatga tushardilar. Avval oʻgʻil-qizlarini “tunnelda yetaklagan” xaloskorlarga murojaat qilardilar. Xaloskorlarning baʼzilari shatakka olishni davom ettirardilar, boshqalari esa ahdlashuvdagi vazifasi bajarib boʻlinganini bildirardilar. Bu holda yangi xaloskor izlanar va koʻpincha shu oliy oʻquv dargohi pedagoglari orasidan topilardi. Ular oʻqishi oʻngmagan talabaning jonkuyar togʻasi tarzida xaloskorlik harakatini amalga oshirardi. “Nima uchun togʻa? Amaki emas?” deb ajablanishingiz mumkin. Gap shundaki, omadsiz talaba va uning rostakam (haqiqiy) amakisining familiyalari bir xil, togʻa va jiyanniki esa oʻzgacha boʻladi. Bundan tashqari, anʼanalarimizga koʻra, togʻa amakiga nisbatan mehribonroq keladi. Amaki dangasaligi uchun talabani jazolashi (hatto qulogʻining tagida shavla qaynatishi) mumkin. Togʻa esa jiyanining boshini silab yupatadi va jiyanimning muammosi – men uchun ham muammo, uni hal etish – mening burchim degan fikrni dasturilamal qilib olgan holda astoydil ishga kirishadi. Aks holda, kechqurun bechora opasi pochchasidan “Lapashang ukang yordam qilmabdi-ku!” degan dashnom eshitishi mumkin-da. Shuning uchun jonkuyar togʻa jiyanini ergashtirib, qayta imtihon oladigan oʻqituvchini izlab topadi va omadi vaqtincha chopmagan jiyantoyiga ozgina yordamlashib yuborishni, yaʼni bitta ozgʻingina uch qoʻyib berishni yolvorib iltimos qiladi. Erkatoy talabalar oʻz muvaffaqiyatsizligidan zarracha xijolat chekmaydilar, oʻzaro suhbatlarda jonkuyar togʻalarini tank deb ataydilar, oʻzlarini esa imtihon oladigan oʻqituvchi istehkomini majaqlab bergan tank ortidan gʻalaba bayrogʻini (yaʼni sinov daftarchasini) mardonavor koʻtarib borayotgan askarga qiyos qiladilar.

Togʻalarning nozik iltimoslarini aksariyat oʻqituvchilar yoʻq demay bajarishardi. Buning birinchi sababi – hamkasbining yuzidan oʻtolmaslik. Ikkinchi sabab – oliy oʻquv yurtlarida hukm surayotgan asabiy vaziyat: masʼul rahbarlar imtihondan oʻtolmagan talabalar soni koʻpayib ketsa, oʻqituvchiga barcha yigʻinlarda dashnom beraverishardi. Ular mahorati past pedagoglar dars oʻtgan guruhlardagina oʻzlashtirish ham past boʻladi, degan haqoratomuz tanbehni takrorlayverishardi. Shu bois tank oʻqituvchi qayta imtihon olayotgan oʻqituvchidan iltimos qilishni “Oʻzlashtirishni koʻtarishga yordam berish uchun keldim” qabilidagi hazil ibora bilan boshlardi.

Iltimos yoxud masʼul rahbarlar dashnomini eʼtiborga olmaydigan qaysar oʻqituvchilar ham boʻlardi. Ularni tiz choʻktirish uchun turli choralar koʻrardilar, hatto fitna ham uyushtirardilar. Gʻirrom olishuvlardan butun chiqqanlar esa juda oz qolardi.

Oliy oʻquv yurtlarida chalasavod talabalar bilan parallel ravishda chalasavod pedagoglar ham koʻpayib borayotgandi. Sababi – yuqorida bayon etilgan xizmatlari evaziga yigʻilgan inʼomlarni baʼzi mutaxassislar ilmiy darajani tasdiqlovchi diplomlarni qoʻlga kiritishga sarflayotgandilar. Shunday dissertantlardan biri “himoya spektakli” tugagach, ilmiy rahbariga minnatdorlik bildiradi va: “Barcha savollarga javobni boplab tashladim-a!” deb qoʻshib qoʻyadi. Ilmiy rahbar: “Durust, lekin uchinchi savolga toʻrtinchi savol javobini va, aksincha, toʻrtinchi savolga uchinchi savol javobini gapirib yubording”, deb fikrini tugallamasidanoq dissertant tutoqib: “Bu ahmoqlar savol berish tartibini adashtirib yuborgan boʻlsa, men aybdor emasman-ku!” deydi. Ha, bechora dissertant qiynalib ketgan-da! Gʻaroyib voqeadan xabardor hamkasblar uni uzoqdan koʻrib qolishganida bir-biriga maʼnodor boqib miyigʻida kulib qoʻyishardi, lekin yaqin kelganida qoʻlini siqib odatiy salomlashaverardilar. Bundaylarning nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasi gʻaroyib tarzda paydo boʻlgani, baʼzilarini oʻz ixtisosligi boʻyicha hatto oliy maʼlumotli deb ham hisoblash bahstalab ekani toʻgʻrisida shivir-shivirlar boʻlardi-yu, biror mardum ovoz chiqarib gʻing etmasdi.

Avvaliga yasama olimchalar qingʻir qilmishlarini nihoyatda yashirishardi, keyinchalik uyalmaydigan, hatto pul boʻlsa, changalda shoʻrva deya maqtanib yuradigan boʻlishdi. Achinarlisi shundaki, bunaqalarning aksariyati oʻzi dars oʻtadigan fanning asoslaridan talabalarga beriladigan hajmdagi bilimga ham ega emasdilar. Bu esa astoydil oʻqish ishtiyoqidagi talabalarning tahsil olishi yoʻlidagi jiddiy toʻsiq edi. Barcha sohalar kabi taʼlim tizimidagi koʻzboʻyamachilik, qingʻirlik va adolatsizliklar oqibatida shoʻro saltanati inqirozga yuz tutdi.

Mustaqil mamlakatimizda eski tuzumdan meros muammolarga barham berish, taʼlim sohasini jahon standartlariga koʻtarish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirila boshlandi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Taʼlim tizimining strukturasi oʻzgartirildi. Majburiy taʼlim muddati – 12 yil etib belgilandi, shundan 9 yili umumtaʼlim maktablarida, 3 yili esa akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida oʻtaladigan boʻldi. Oliy taʼlim ikki bosqichdan – toʻrt yillik bakalavriat va ikki yillik magistraturadan tashkil topdi. Ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Qarorlar amaliyotga joriy etildi. Xoʻsh, natijalardan qoniqish hosil qilyapmizmi? Litsey va kollej bitiruvchilarining bilim darajasi qanday? Oliy oʻquv yurtlari tayyorlayotgan bakalavr va magistrlarning malakasi bugungi kun talabiga toʻla javob beryaptimi? Savollar koʻp.

Har bir millatning har bir davrga mos dunyoqarashi boʻladi. Xususan, shoʻro davrida barcha muassasa va korxonalar davlat tasarrufida edi, markazlashtirilgan boshqaruv amalda edi. Kadrlar boʻlimi asosan xizmatchining lavozimi uning maʼlumotiga, yaʼni diplomiga (oʻrtami, oliymi… mutaxassisligi, ixtisosligiga) monand boʻlishiga eʼtibor qilardi. Masalan, injener lavozimiga tayinlanish uchun oliy texnikaviy maʼlumotga egaligi haqidagi diplom, kattaroq doʻkon rahbari boʻlish uchun esa savdo yoki iqtisod institutini tugatganligi haqida diplom lozim edi. Yanada yuqoriroq lavozimni egallaganlar orasida fan doktorlari koʻpayib borayotgandi. Qisqasi, odamlar zehniyatida durustroq lavozimga erishish uchun diplom kerak, farzandingiz kelajagini taʼminlash uchun unga diplom olib berishingiz shart, degan tushuncha oʻrnashib qolgandi.

Eskidan bozor munosabatlari hukmron jamiyatlardagi ahvolga nazar tashlaylik. Ularda ishlab chiqarish korxonalariga yoxud xizmat koʻrsatish muassasalariga ayrim shaxslar yoki bir guruh shaxslar – aksiyadorlar egalik qiladi. Biror mahsulot ishlab chiqarish (yoxud xizmat koʻrsatish) tanho bitta korxona (yoki muassasa) tasarrufida boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Boshqacha aytganda, raqobat ragʻbatlantiriladi. Kuchli raqobat tufayli raqobatchilar sifatliroq va arzonroq mahsulot ishlab chiqarishga, xizmat koʻrsatish muassasalari esa raqobatchilariga nisbatan yuqoriroq saviyada xizmat koʻrsatishga intiladi. Shuning uchun bilimdon va yuqori mahoratli mutaxassislar qadrlanadi, yoshlar oʻquv maskanlariga ushbu taʼlim dargohini bitirganligi haqida beriladigan diplomga egalik qilish ishtiyoqida emas, balki soha sirlarini egallash uchun kiradilar va chuqurroq bilim olishga tirishadilar. Taʼlim muassasalarining nufuzi esa bitiruvchilarining bilimdonligi, oʻz malakasini texnik va texnologik taraqqiyotga moslashtira olishi bilan aniqlanadi. Shunday fazilatli mutaxassislar korxonani modernizatsiyalashga, natijada raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, kattaroq foyda olishga koʻproq hissa qoʻshadilar-da! Shuning uchun yirik aksiyadorlar ham chalasavodroq zurriyotlaridan koʻra begona bilimdonlarni ishlatishni afzal koʻradilar.

Xulosa shuki, bozoriy munosabatlar hukmron boʻlgan jamiyatlarda diplom egalari bilimlariga monand ravishda qadrlanadi va obroʻ topadi, degan tushuncha boy va oligarxlarning ham, oddiy fuqarolarning ham zehniyatiga singib ketgan. Tantanali sanalarda yaqinlariga eng zamonaviy avtomashina yoxud yaxta hadya etadigan milliarder farzandi osonroq yoʻl bilan diplom olishiga koʻmaklashmaydi, bunday harakatni oʻgʻil-qizining ham, oʻzining ham oyogʻiga ataylab bolta urish deb tushunadi. Haqiqatan, barcha sohalarda kuchli raqobat mavjud jamiyatda chalasavod farzand otasidan meros qolgan mulkni koʻpaytira olmaydi, hatto uni saqlab qolishga ham qodir boʻlmaydi-da!

Endi tabiiy ravishda tugʻiladigan “Nima uchun hanuzgacha baʼzi yoshlar va ota-onalarining gʻayriqonuniy usullar vositasida diplomga intilishi toʻxtamayapti?” mazmunidagi savolga javob axtaraylik.

Mustaqillik tufayli yurtimizda tadbirkorlikka keng yoʻl ochildi, fuqarolar orasida mulkdorlar paydo boʻldi. Lekin bizning bu boylarimiz bilan kommunistik mafkura taʼsiriga uchramagan mamlakatlarning boylari orasida farq bor. Ular biror muammo vujudga kelganda “Nima uchun shunday boʻldi? Kelajakda yana takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak?” qabilidagi savollar ustida bosh qotiradilar. Biznikilar esa qisqagina tarzda: “Qancha bilan hal boʻlarkan?” deyishadi. U boylarning farzandlari taʼlim maskanlarida oʻqish haqini toʻlash uchun darsdan boʻsh vaqtlarida turli yumushlar bajarib (uyalmasdan!) pul jamgʻarishadi. Bizning boylarimizning ham, farzandlarining ham dunyoqarashi oʻzgacha. Baʼzi boyvachchalar: “Bitta ogʻaynim institutga yangi “inomarka” mashina minib kelyapti, men esa hanuzgacha “Neksiya”daman”, deb oʻksinadi. Mehribongina onasi kechqurun butun vujudi bilan achinish alomatini namoyish etgan holda: “Oʻgʻlingiz anavi ogʻaynisidan kammi? Hech boʻlmasa, oʻzingizning obroʻngizni oʻylang-da…” deb erlarini yoʻlga solish jarayonida samarali natija beradigan usullarni qoʻllaydi. Boy ota taslim boʻladi. Axir, obroʻ kerak-da! Shavla ketsa ketsin, obroʻ ketmasin, degan maqol bor-ku! Bu faylasuflarning turmush ongni belgilaydi iborasining amaldagi tasdigʻi. Achinishga molik mazkur holat ana shu kimsalar maʼnaviyati qay darajada ekanini namoyish etadi.

Tasavvur qilaylik, bir ota tanish-bilishlariga iltimos qilib, farzandini oliy oʻquv yurtiga kiritdi. Oʻgʻli xursand, oʻzi ham osuda hayotini davom ettiraveradi, chunki uning fikricha, oʻgʻirlik, aldamchilik, muttahamlik, xiyonatkorlik, riyokorlik… kabi illatlardan nafratlanib, ijobiy fazilatlarni eʼzozlab hayot kechiryapti-da! Iltimos – illatmi yoki fazilat? Bu savolga mehribon ota joʻyali javob bera olmaydi, chunki u tanishidan “Oʻgʻlimga yordam berib yuboring”, deb qilgan iltimosining oqibati boshqa abituriyentlar hayotiga qanday taʼsir etishini oʻylab ham koʻrmagan-da. Balki uning zehniyatida mazkur iltimos “Ogʻirroq buyumni avtomashinam yukxonasiga joylashga yordam berib yuboring”, deb yaqinidan oʻtib ketayotgan yoʻlovchidan koʻmak soʻrashga oʻxshashi mumkin.

Tabiat va jamiyatdagi hodisa va voqealarni yetarlicha chuqur idrok etishga odatlangan boshqa ota esa quyidagicha fikr yuritadi: “Oʻgʻlimning institutga kirishiga yordam bering”, degan iltimosimni bajaruvchilar farzandimning bilimini haqiqiysidan yuqoriroq aks ettirish yoʻllarini (noqonuniy tarzda) qoʻllaydilar. Natijada oʻgʻlimning familiyasi imtihon javoblari roʻyxatida haqiqiysidan balandroq qatordan joy oladi. Iltimos qilinmagan abituriyentlar familiyalari esa bir satr pastroqqa tushadi. Menga oʻxshagan iltimoschilar koʻpaygan sari oʻz bilimiga ishonib ariza topshirgan oddiy abituriyentlar familiyalari yanada quyilab ketaveradi. Keyin, oʻgʻlim ikkimiz oʻgʻirlik qilgan boʻlamiz. Ha, birovning hamyonini urgan odamni oʻgʻri deymiz. Bizning amalimiz esa kissavurnikidan besh battar illatdir, buni muttahamlik deb atash joiz. Pulini oldirib qoʻygan insonning hamyoni keyinchalik toʻldirilishi mumkin. Iltimos qilinmagan bechora abituriyentning taqdiri-chi? Ular ham menga oʻxshash otalarning sevimli farzandi-ku! Farqi shuki, ularning otalari iltimos qilishning uddasidan chiqa olmaganlar, xolos. Bundan tashqari, kissavur faqat bitta odamga, yaʼni hamyon egasiga ziyon yetkazadi. Iltimos tufayli talabalik martabasiga erishgan yigit oliy oʻquv yurtini bitirganligi haqida diplom olgach, chalasavod mutaxassis sifatida jamiyatimizga, yurtimiz taraqqiyotiga zarar yetkazishi ehtimolini unutmaslik kerak…”

1992 yil bahori. Koʻchat bozorida bir qariya menga tikilib turdi-da: “Inim, kechirasiz, Siz televideniye orqali dars olib borardingiz-a?” deb soʻradi. Tasdiq javobini olgach, biroz gurunglashib qoldik. Suhbatdoshim teran fikrlaydigan, chuqur mantiqiy mushohada yurgizadigan xushmuomala inson ekan. U kishining fikr-mulohazalarini umumlashtirib qisqacha bayon etaman: “Bir yarim asrlik istibdoddan soʻng bizga ham ozodlik nasib etdi. Endi mustaqillikni mustahkamlashga har birimiz baholi qudrat hissa qoʻshishimiz kerak. Faqat shundagina Vatanimiz taraqqiy etadi. Umuman, mamlakat taraqqiyotini parvoz qilayotgan aeroplanga qiyos qilsak, uning bir qanotini fuqarolar sogʻligʻini saqlash, ikkinchi qanotini esa millatdoshlarimiz savodxonligini oshirish deb hisoblash lozim. Siz oʻqituvchilar sovet davridan qolgan salbiy meros – oʻquv dargohlaridagi poraxoʻrlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga chek qoʻyishdek maʼsuliyatli vazifangizni unutmasligingiz kerak…”

Kuyunchak qariya bilan mazmunli suhbatimizni hanuzgacha xotirlab turaman va quyidagi fikrga kelaman: hanuzgacha oʻquv maskanlarida sodir boʻlayotgan salbiy xatti-harakatlarni tugatishning eng samarali usuli – fuqarolarimiz zehniyatida bunday noxushliklarga nisbatan jirkanish koʻnikmasini shakllantirishdir. Darhaqiqat, koʻpchilik ichadigan suv oqib turgan ariqqa axlat tashlash, ota-onasiga baqirish, birovning omonatiga xiyonat qilish, boylik orttirish ilinjida sotqinlikkacha borish kabi amallar nomaqbul ekanligi asrlar davomida millatdoshlarimiz zehniyatiga singib ketgani bois bunday xatti-harakatga yoʻl qoʻyganlardan hazar qilish hissiyoti vujudga kelgan-ku! Oʻquv maskanlarida baʼzan sodir boʻlayotgan qoidabuzarliklar esa ulardan ham tubanroq-ku!

Yurtimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida abituriyentlarni saralab olish test asosida amalga oshirila boshlangani mazkur jarayonda adolatni taʼminlash darajasini oshirdi. Birinchi yili barcha abituriyentlar bitta variant topshiriq bilan sinaldi. Boʻlmadi, sababi – abituriyentlarning yonidagilar bilan maslahatlashib gaplashishlari va koʻchirmakashlik. Shuning uchun ikki variantli, keyinchalik esa koʻp variantli testga oʻtildi, yaʼni guruhdagi har bir abituriyentga alohida topshiriq beriladigan boʻldi… Shuncha saʼy-harakatlarga qaramay, ming afsuski, xalq orasida, bilimi yetarli boʻlmasa-da, “kerakli” abituriyentlar talabalikka qabul etilyapti, degan gaplarni eshitamiz. Bunga eʼtiroz bildiruvchilar: “Baʼzan anglashilmovchiliklar boʻlyapti, abituriyent javoblardan birini tavakkaliga belgilasa ham, tasodifan toʻgʻri chiqib qolishi mumkin”, deyishadi.

Mazkur bahsga oid shaxsiy fikrlarimni bayon etaman. Abituriyent erishishi mumkin boʻlgan eng yuqori ball (yaʼni uchala fan boʻyicha berilgan 36 tadan topshiriqning barchasida toʻgʻri javob belgilansa), 36 x 3,1 +36 x 2,1 + 36 x 1,1 = 226,8 boʻladi. Har bir test savoliga toʻrttadan javob varianti berilishini hisobga olsak, tavakkalchi abituriyent topshiriqlarning bir qismini, masalan, choragini tasodifan toʻgʻri belgilab qoʻyishi ehtimoli mavjud. Bu esa atigi 60 ball deganidir. Yaʼni, abituriyent oliy oʻquv yurtiga kira olmaydi. Shu paytgacha harbiy imtiyoz uchun, qoidaga koʻra, 61,24 ball qoʻshib berilsa, 120 dan yuqori ball bilan biror institutga ilinishi mumkin edi. Yaqinda amalga oshirilgan oʻzgarish – harbiy imtiyozga ega abituriyentga oʻzi toʻplagan balning yarimini qoʻshimcha tarzda qoʻshib berish tartibi mazkur jarayonda adolatni taʼminlash darajasini oshirdi. Shu oʻrinda bir mulohaza: namunali xizmat qilgan askar yigitga faqat Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi kabi tizimlar tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalariga kirishda imtiyoz berilsa, yanada toʻgʻriroq boʻlardi, deb oʻylayman.

Test haqidagi bahslar davom etyapti. Shu asnoda bir tanishim, aniqrogʻi, oʻspirinlik davri Beshyogʻochda oʻtgan chapani maktabdoshimning dashnomlarini xotirlayman: “Omil, seni fizika oʻqitish sohasidagi uslubiyotchi pedagog deb aytishadi. Koʻpchilik taniydigan bir fizik 1 soat davomida abituriyentlarga berilgan variantdagi fizikaga oid 36 topshiriqdan atigi 11 tasini yecha oldi. Uning aytishicha, topshiriqlar juda murakkab ekan. Test markazidagilar ataylab qiyin topshiriqlar tanlashidan maqsadlari – ota-onalarni yalintirishdir. Bu sovet davrida savdo sohasidagi rahbarlarning xaridorgir tovarlar tanqisligini sunʼiy tarzda vujudga keltirishini eslatyapti-da! Kunimiz shunga qoldimi?”

Maktabdoshimning achchiq gaplari meni iztirobga soldi va koʻnglimda tugun boʻlib yotgan fikrlarni chapaniga chapanicha javob tarzida quyidagicha ochiqladim: mehnat faoliyating savdo sohasi bilan bogʻliq boʻlgani bois savdoga oid tamoyillar qoningga singib ketgan. Maorif sohasining esa oʻziga xos qoidalari mavjud. Fanlar, xususan, fizika ham davlat taʼlim standartlarida qayd etilgan hajmda oʻqitiladi. Davlat test markazi bankidagi topshiriqlar majmui esa shu talablarga asoslanib tuzilgan. Sen ardoqlayotgan fizikning 36 savoldan faqatgina 11 tasiga toʻgʻri javob bera olganidan hayron qolmayman. Lekin uning test haqidagi safsatasi ishkomdagi uzumga harchand urinsa-da yetolmagan tulkining “Bu meva achchiq, yeb boʻlmaydi”, deyishini eslatyapti. Davlat taʼlim standartlaridan chekinib, imtihon topshiriqlarini chalasavodlarning saviyasiga qadar tushirish mumkin. Bu holda oʻzbegim jahon andozalariga mos bilim olishga qodirmas deb millatimizni haqoratlagan va yoshlar savodxonlik darajasining oʻsishiga bolta urgan boʻlamiz. Unutmaylik, bundan yuz yil muqaddam yozish va oʻqishni biroz oʻzlashtirgan odam savodli deb hisoblanardi. Hozir esa… Seni oʻzing ham hozir eshak arava emas, hashamatli avtomashina minyapsan-ku! Barcha sohalar kabi bilim olishda ham zamon bilan hamqadam boʻlishimiz shart. Afsuski, millatdoshlarimizning senga oʻxshagan toifasi oʻsha fizikka oʻxshagan pedagoglarning kasbiy mahorati pastligini fahmlashni ham xohlamaydilar, chunki sizlar oʻz zurriyotlaringiz bilimini ancha yuqori baholashga ularning koʻmaklashganidan mamnun boʻlasizlar va bu epchil pedagoglarga homiylik hamyoningizni hotamtoylarcha keng ochasizlar. Hamyon zurriyotlar bilimini oshirish yoʻlida ochilsa, foydali va savobli amal boʻlardi. Mening padari buzrukvorim, pul topa bilganga besh baho, pulni samarali xarjlaganga esa oʻn baho, deya koʻp takrorlardilar. Eh, birodari aziz! Senga oʻxshagan beli baquvvat otalarning oʻz farzandlarini bir amallab diplomga erishish yoʻli boʻylab yetaklayotganiga achinaman. Keyinroq bolangizning bilim egallash sohasidagi eng sermahsul davri besamar oʻtganini anglaysiz va afsuslanasiz. Xalqimizning “Keyingi pushaymon – oʻzingga dushman” maqolini unutmang va farzandingizning taʼlim olishiga qanchalik koʻmaklashayotganingizni chuqurroq tahlil qilib koʻring. “Tunnel topa bildimki, oʻgʻlimni oliy oʻquv yurtiga kiritdim, hozirda hojatbaror xaloskorlar yordamida uning sinov daftarchasida imzolar toʻplanyapti, pirovardida nimaga erishamiz-u, nimalar yoʻqotamiz?” degan savolga ham xolisona javob qidiring. Erishadiganingiz – diplom deb ataladigan ikki varaq qogʻoz, yoʻqotadiganingiz-chi? Savolning ikkinchi qismiga obʼyektivroq javob berishingiz uchun 30 kilogramm chamasidagi yukni harchand urinsa-da, avtomashinasining yukxonasi sathigacha koʻtara olmayotgan jismonan zaifgina yigitchani tasavvur eting. Uning 100 kilogramm vaznli yukni bemalol koʻtaradi, degan qogʻozi borligini ham unutmang.

Millatimiz uchun nihoyatda muhim va dolzarb boʻlgan muammo – savodxonlikni koʻtarish uchun yoshlar ham, ularning ota-onalari ham, ustoz va murabbiylar ham asl maqsadni, yaʼni oʻquv dargohlarida yetarlicha chuqur bilim olish kerakligini anglab yetishlari va unga amal qilishlari kerak. Shu maʼnoda hozirgi shart-sharoitni eʼtiborga olib taʼlim sohasiga oʻzgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq, deb oʻylayman. Xususan, oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari mexanizmini yanada takomillashtirish mumkin, nazarimda. Qay tarzda? Shaxsan men ushbu jarayonni quyidagicha tashkil etish tarafdoriman:

Davlat test markazi 16 ta test oʻtkazish zali (jumladan, Toshkentda 3 ta, Samarqandda 2 ta, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida 1 tadan) tashkil etib, har birini 100 tadan kompyuter bilan jihozlaydi.

Taʼlim tizimi rahbarlari esa litsey va kollej bitiruvchilarini test oʻtkazish zaliga olib kelish jadvalini tuzib, uni amalga oshirishni tashkil etadilar.

Oʻquv dargohlarining vakillari, taʼlim tizimi mutasaddilari test oʻtkazish zaliga mutlaqo kiritilmaydi. Zalda tartibni saqlash va boshqarish DTM tomonidan ajratilgan 10-12 nafar mutaxassis-nazoratchi zimmasiga yuklanadi.

Test oʻtkazish zalidagi har bir kompyuter qarshisiga bir nafar bitiruvchi joylashadi va matematika va fizikadan 20 tadan, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, ingliz tili, rus tilidan 10 tadan topshiriqni yechadi.

Bitiruvchilarning ona tili va adabiyot boʻyicha bilimini test yoxud yozma ish usuli orqali baholashni mutaxassislarga havola qilaylik. Lekin fikrini oʻz ona tilida yozma va ogʻzaki tarzda bayon qila olish koʻnikmasi, mumtoz va zamonaviy adabiyot durdonalaridan boxabarlik darajasi qoniqarli boʻlmagan insonni savodli deb hisoblash bahstalab ekanini unutmaylik.

Agar oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining soʻnggi bosqichida oʻqish Navroʻz bayrami arafasida yakunlansa, 1 apreldan 31 iyulgacha respublika boʻyicha 16 ta test zalida yarim milliondan ortiq litsey va kollej bitiruvchilarini sinovdan oʻtkazish mumkin.

Har bir topshiriq javobini toʻgʻri aniqlagan bitiruvchi 1 ball bilan taqdirlanadi, notoʻgʻri javob esa 0,25 ball bilan jazolanadi. Yigʻilishi mumkin eng yuqori ball 100 ga teng boʻladi (ona tili va adabiyot boʻyicha baholanish bunga kirmaydi). Topshiriqlarni bajarish uchun 2,5 soat beriladi. Shu vaqt tugagach, kompyuter javoblarni qabul qilishni toʻxtatadi, barcha axborotlarni xotirasida saqlab qoladi va bitiruvchi bajargan ishning natijalarini monitorda koʻrsatadi.

Maksimal ballning 50 foizi va undan ortigʻini toʻplagan bitiruvchilarga oliy oʻquv yurtida oʻqish huquqini beradigan attestat yoxud diplom taqdim etiladi.

50 foizdan kam ball toʻplagan bitiruvchilarga esa 3 yil davomida mazkur oʻquv dargohiga qatnaganligi haqida maʼlumotnoma beriladi. Ular mustaqil ravishda bilimini oshirib, 2 yildan soʻng yana sinovdan oʻtish huquqiga ega boʻladilar. Bu sinovlar shu test zalida, lekin 1 oktyabrdan 31 yanvargacha oʻtkazilgani maʼqul.

Demak, taklif etilayotgan islohot tufayli oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bitiruvchilarini davlat attestatsiyasidan oʻtkazish va oliy oʻquv yurtlariga kirish sinovlari bir kunda oʻtadigan bitta imtihonga almashtiriladi. Oxirgi yillarda oliy oʻquv yurtlarida oʻqishga daʼvogarlar soni yarim milliondan oshmoqda, yaʼni 20 ming guruhni tashkil etayotir. Har bir guruhga 2 nafardan nazoratchi kerak. 1 avgust kuni oʻtadigan testlarga faqat nazoratchilardan 40 ming nafari jalb etiladi. Bunday koʻp sonli nazoratchilarning oʻzlarini nazorat qilish amri mahol. Taklif etilayotgan islohot tufayli barcha test oʻtkazish zallarida faoliyat koʻrsatadigan xodimlar 200 nafardan oshmaydi. Bu xodimlar test oʻtkazish zallaridagi barcha jarayonlar xolis va haqqoniy boʻlishini taʼminlashlari lozim, albatta.

Taklif etilayotgan islohotdan koʻzlangan yutuq ikkita. Birinchisi – oliy oʻquv yurtlari talabalarining safi bilimi yuqori boʻlgan yoshlar bilan toʻldiriladi. Ikkinchisi – jamiyatimizda oʻqish-oʻqitish sohasiga munosabat tubdan oʻzgaradi: yoshlar oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun bilim zarurligini anglab yetadilar; ota-onalar farzandlarini astoydil bilim olishga undaydigan chora-tadbirlar koʻradilar, jumladan, oʻqituvchilarning pedagogik mahorati bilan qiziqa boshlaydilar; oʻqituvchilar esa talabga javob bera olish uchun malakalarini oshirishga intiladilar.

Insonning bilish qobiliyati ikki komponentdan iborat. Birinchisi – ajdodlardan avlodlarga oʻtadigan irsiy qism. Ikkinchisi – tashqi sharoit va axborotlar taʼsirida, yaʼni taʼlim tufayli rivojlanib boruvchi qism. Millatdoshlarimizning irsiy bilish qobiliyati havas qilsa arziydigan darajada yuqori. Buning dalili – Turon zaminida dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan allomalarning koʻp yetishib chiqqanidir. Ikkinchi jihatni ijobiy tomon siljitish jamiyatimiz va uning ziyo taratuvchi peshqadam vakillari – pedagoglarning muqaddas burchidir.

 

Omiljon AHMADJONOV,

pedogogika fanlari doktori, professor.

 

“Yoshlik”, 2017–3

https://saviya.uz/hayot/nigoh/talim-va-taraqqiyot-yoxud-faxriy-pedagogning-oy-mulohazalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x