Andrey VOZNESENSKIY
SAHAR TURMOQ YOKI ShABNAM SAYLI
Binafshalar, boʻtakoʻzlar,
Kapalaklar gulin izlar.
Bir ranglarga koʻmilgaymiz,
Biz shambnamga choʻmilgaymiz.
Tong chogʻi bu – kavsar havo,
Asal havo, gʻazal havo.
Toza navo, tiniq safo,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Salom boʻlsin qoʻngʻizlarga,
Oromijon angʻizlarga.
Siz choʻmiling dengizlarga,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Sizda baland koshonalar,
Yomgʻir koʻrmas toshoynalar.
Biz – gullarga hamxonalar,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Muhabbat bir sayhon erur,
Nayson erur, nayson erur,
Ayvonimiz osmon erur,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Jimjimador hovuzingiz,
Kezar nozli tovusingiz.
Yoqut sizning hovuchingiz,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Bir shom choʻkar xotirlarga,
Yillar – gʻadir-budirlarga.
Siz qatnaysiz doʻxtirlarga,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Hozir sizga bari birday,
Hali bir kun, qarilikda
Siz gʻamlarga koʻmilgaysiz,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
Biz dil ochib samolarga,
Giyohlarga termulgaymiz.
Siz choʻmiling tillolarga,
Biz shabnamga choʻmilgaymiz.
OVOZ
(“Mangu rizq” dostonidan)
Oʻzingizni sarf eting,
baxsh etib yo kechirib,
bir soʻmingiz boʻlsa ham,
boshqaga ming soʻm bering!
To abad bulgʻanmagay
maʼsum quduqlarda suv.
Qancha koʻp yulsang dildan,
dilda qolar shuncha koʻp.
Koʻp bolali ona ham
yot yetimni oladi,
Qancha koʻp yulsang dildan,
dilda shuncha qoladi.
Rossiya kengliklaring!
Poyezdlaring yeladi –
qancha koʻp berdik oʻzdan,
yana qancha qoladi!
Nechogʻli tiriklik bor
pichanzor havosida,
dil zarbiday, ayniqsa,
mozorlar tepasida.
Sen jar uzra yashaysan,
sartaroshdan ham xorroq,
Uygʻoq diling boshqalarni
Hayotga chorlar biroq…
Xalq deb kuyingan odam,
tarqat noyob pullarni,
Yasharganday boʻlasan,
Koʻngling birdan gullaydi.
Abadiyat, jon Faust,
oddiy gapdir azaldan –
dildan qancha koʻp yulsang,
shuncha koʻproq yashaysan.
ROSTA quli1yo Yesenin
shunchaki oʻlgan emas,
oʻlimlari – tiriklikday,
xudbinlarga bergay dars.
Gadoga bari birdir.
Qaygʻu, baxt – opa-singil.
Dildan qancha koʻp yulsang,
shuncha koʻp qiynalar dil.
BALLADA
Men bugun kelaman,
sekin aytaman:
Yigirmanchi asr tugadi.
Kuydiraman kitoblarimni,
sening narsalaring taxlayman,
“Biz ozodmiz, – deyman, – yetadi…”
Toʻxtab qoladi suv,
yonadi yulduz,
sen oʻzingni unutasan oʻz raqslaringda –
baliqlarning ogʻzi singari
damba-dam yutishar havoni ochkoʻz
tirsaklarning uchburchaklari.
Qorongʻulik bagʻrida besas
sirgʻaladi chandiq misoli
badaningni qisgan kamaring.
Men koʻraman, koʻraman noxos –
bu asrda, boshqa asrda
sen turibsan yarim va yarim.
Qayrilaman mehmonlar sari –
Mehmonlar ham – yarim va yarim.
Stol kesib turar bellarin.
Har biri oʻz asrida,
Biz bel bilan yashaymiz,
Oʻzga niyatdamiz – stol tagida.
“Bor edimi bu asr, nahot…”
Sen jilmayib bergaysan javob.
Oʻyin-kulgi, diskoteka qullari, hayhot,
polni tepib jazavada takror, botma-bot
eslatishar bizga qaytadan:
XX asr barhayot.
OʻXSHASHI YOʻQ EZGULIK
(“Xandaq” dostonidan parchalar)
KOʻL
Tunda uygʻondim men. Kimdir bemahal
aytdi: “Oʻlik dengiz – muqaddas Baykal.”
Bir koʻz boqar edi kuydirib etim,
Goʻyo men u koʻlning qotili edim.
Koʻraman – Rasputin uxlolmay chiqar,
Ajdodi tirilib kelar. U chekar.
Sen betob boʻlsang gar bizlar ham gʻarib,
Baykal – mamlakatning billur jigari.
Kimdir nido berdi oʻrtab jonini:
“Baykal – mamlakatning qoʻriq vijdoni.”
Qayiqda suzdim men Baykal boʻylab jim:
Suvda shom nurlarin nolasin koʻrdim.
Yastangan koʻziga boqib Baykalning
Nahotki ilmu fan uni aldadi?
Nahotki biz bir kun tarixga (oʻlib)
kirgaymiz Baykalning qotili boʻlib?
Baliq, tyulenlarning sogʻligʻi haqda
Xabar berish kerak har kuni xalqqa.
Suv sof boʻlsin uchun, avval ishoning,
toza boʻlmogʻi shart elning imoni.
Mana, nima uchun yonib qalblari
Kurashar kamolot prorablari.
Toki qoʻriqxona boʻlsin koʻl, inson,
Toki bulgʻanmasin suvi hech qachon.
Toki gapirmasin hech kim hech mahal:
“Oʻlik dengiz – muqaddas Baykal.”
NUQTA
Mitti, boʻm-boʻsh bosh chanoqlar – sayyoralarning
orasida bittasining vujudida jon.
Milyon yillar jilmayadi, fikrlaydi, tayyorlanadi,
Motsart kuyin yod etadi, izlaydi imkon.
Bu – yam-yashil boshi erur Zaminning, inson.
Tugmacha bosiladi. Qolmagay nomu nishon.
TARVUZ BOZORIDA
Moskvada tarvuzlar toʻkin
Poyoni yoʻq bir erk anqiydi
Va sotuvchi qizlarning joʻshqin
Vujudidan shiddat balqiydi.
Chodirlar va qizlar roʻmoli.
Gʻala-gʻovur tutgan koʻchani.
Xitoblar: “Kes. Totib koʻr olib”.
“Ushla, parvo qilma, xoʻjayin!”
Kimga qovun? Hozir yorilar!
Xuddi shunday totli va shirin
Tuyuladi devor, soʻrilar,
Ketayotganlar – ushlab bir-birin.
Xuddi shunday shodmon, bearmon,
Oʻshal tansiq tarvuzlar yangligʻ –
Zamin
silkinadi
toʻrxaltasida
meridian va kengliklarning!
***
Erkak yelkasida qizchasi bilan
bugʻdoyzordan oʻtib boradi.
Boshqa yuklar ogʻirlik qilar,
buni – koʻkka choʻza oladi.
Mamlakatni koʻtargandi u,
Ular borar shunday bearmon.
Koʻzlarida – shimol yogʻdusi,
Koʻzlarida porlaydi osmon.
Uning ochiq boʻynini sharfday
oʻrab olgan mitti oyoqlar.
Dala uzra qizchani sharday
olib oʻtar, chorlar yiroqlar.
Qayonlarga uni eltgaysan?
Yangi asr kelar bunyodga.
Qizim, yolgʻiz uchib ketgaysan,
Kim asraydi seni dunyoda?!
***
Koʻp oʻtdimi ozmi yo –
Yana tumandan sado:
“Men bilganimda edi!
Men bilganimda edi!”
Qaysidir shaharlarda,
Bir dilgir mahallarda –
“Men juda ham yosh edim,
Eh, bilganimda edi?!”
Koʻr qudratmi – suyilgan,
Qissa boʻlib tuyulgan –
“Bir marta dil berdim men,
Esizki, kech bildim men”.
Samolyotlar uchdilar,
Poyezdlar yoʻl quchdilar.
Sening quyoshing soʻlda,
Mening quyoshim oʻngda.
“Bir marta dil berdim men,
Esizki, kech bildim men”.
Har ne almashdi, dardim,
Seni almashtirmadim.
Boshimiz uzra yigʻlab
turmagin ayriliqday.
Xudoningmi bu yoki
Tumandagi faryodi?
Seni sevaman, jinni.
Oltin hayotim, chinnim.
Nahotki tushundim men?
Nahotki tushundim men?
ARAZ
Oʻxshamaydi bu hech narsaga!
Sen paltongni toptab tashlaysan.
Quturgan mushukka oʻxshamaysan sen,
Hech narsaga sen oʻxshamaysan.
Sening dilbarliging dilbarlik emas.
Idishlarni ota boshlaysan.
Qoʻlsiz Veneraga oʻxshamaysan sen.
Hech narsaga sen oʻxshamaysan!
Buning uchun begina, besoʻz,
Faqatgina oʻsha uchunmas,
Hayotim, deb seni chorlayman.
Bari hech narsaga oʻxshamas.
Aka oʻxshamaydi akaga,
Oʻxshamaydi kadarga kadar.
Farq qiladi soatdan soat.
U sen bilan farq qilib turar.
Hech narsaga oʻxshamas dengiz,
Yomgʻir ham oʻxshamas panjaralarga.
Sen hali ham… hanuz?.. Xudoyim!
Oʻxshamaysan sen hech narsaga.
Hech narsaga oʻxshamaydi ozodlikning sukuti,
Oʻxshamaydi lovullagan yuzlar terisiga suv.
Yuzlar uzra
oqayotgan
suvga oʻxshamas sochiq,
Tutqunlikka oʻxshamas
hech
eshikka solingan qulf.
AQL
Bulbulning jigarin gar
Yesa Yer ayollari –
Miyalari yorishib,
Koʻpayar aqllari.
Bu gʻalat dunyosida
Zohiru botinlar koʻp.
Bulbullar kam shul sabab,
Aqlli xotinlar koʻp.
ShUKSHINNING OʻLIMI
Shukshinni dafn etdi Moskva,
Sanʼatkorni dafn etdi, yaʼni
Mamlakat insonni dafn etdi va
Dafn etdi faol vijdonni.
Yotardi u gulga koʻmilib,
Endi tamom, kelmagay qaytib.
U oʻzining hayron oʻlimin
Kinosida butun xalqqa oldindan aytdi.
Rossiyaning choyshab-ekranlarida
Yotardi u har bir shaharda.
Kinozal emasdi – har kim shunchaki
kelib oddiygina xayrlashardi.
U – bugungi kunlar ruhidek.
Junjikib tamaki tortganda faqat,
poyezdlar, katlarda xuddi shundayin
junjikib turardi butun mamlakat.
Oqillarcha bildi ona uy, deb u
qayinzor, archazor oʻz diyorini.
Baykalni qoraga oʻrab qoʻysaydik,
Marhum uyidagi oyna singari.
***
Ruhim mening, chavandozim,
Tavba qildim,
yolboraman bir tilanchi singari,
Soʻndirmagil,
Soʻnmayin muhlatimdan ilgari.
Bizlar – bu dunyoga kelgan bandalar,
Oʻzini topolmay yelgan bandalar,
Bizdan na yod qolar va na bir ovoz.
Bizlar – ruhning jismoniy
Soyalarimiz, xolos.
***
“Men seni juda ham…”
Soʻzlagani qoʻymaysan.
Lablar shivirlashar. Sen meni juda ham…
Men senga toʻymayman, sen menga toʻymaysan,
Sen meni juda ham… Men seni juda ham…
Bu shahar uxlaydir, bu shahar – oʻgaydir.
Bahor ham tugaydir, yozu kuz tugaydir.
Bu ishq tugamaydir unda ham, shunda ham:
“Men seni juda ham…”
“Sen meni juda ham…”
Rus tilidan Sirojiddin SAYYID tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/suvda-shom-nurlarin-nolasin-kordim/