AJINIYOZ
Ellarim bordir
Soʻrasang elimni, Qojban[1], bizlardan,
Qalpogʻi qozonday ellarim bordir.
Xato chiqsa, kechiringlar soʻzlardan,
Xitoy, qoʻngʻirot otli ellarim bordir.
Yaylovim keng, Urganch, shimoli – dengiz,
Yagʻrini qopqoqday mollari semiz,
Ruxsatsiz biron-bir yerga bosmas iz,
Birikkan qoʻngʻirot ellarim bordir.
Ne izlasang, topiladi keragi,
Koʻlida bor qashqaldogʻi, oʻrdagi,
Quvlari, gʻozlarin butun yuragi,
Jonvorlarga makon koʻllarim bordir.
Yolgʻon soʻzni ishontirib aytmagan,
Toʻgʻri yoʻldan bosh ketsa ham qaytmagan,
Nomahramni sira yoʻldosh tutmagan,
Nomi qoraqalpoq ellarim bordir.
Soʻylaganda bol aylaydi soʻzingni,
Koʻrganingda lol aylaydi oʻzingni,
Navbahori toʻydiradi koʻzingni,
Layli, Zulayhoday qizlari bordir.
Otga mingan ochamayli-qiyotda,
Qoʻldovli-miytanu bor qoʻngʻirotda,
Xitoy, qipchoq, kenagasu mangʻitda
Ot koʻtarmas belli beklari bordir.
Gudari belbogʻi tizzaga tushgan,
Boʻyi oq terakni oralab oʻsgan,
Gʻanim koʻrsa qaynab, daryoday toshgan
Qoʻngʻirotning orli polvoni bordir.
Yodga tushsa, koʻnglim togʻ kabi oʻsgan,
Koʻzim koʻrmaguncha koʻkayim kesgan,
Yilda meva tugib, uch bora pishgan
Oti sutilmakday yemishim bordir.
Sarhovuz boʻyida soyali terak,
Tilni tars yorguvchi polizu palak,
Qirlarda qizarib pishadi gurvak,
Qovunday mazali taomim bordir.
Mol egasin topar, soʻz topsa vafo,
Giyohida shifo, qushida safo,
Dengiz etagida havo musaffo,
Bularning barchasi elimda bordir.
Jilva aylab har ne borin soz etgan,
Yigitlarning koʻnglin bahor-yoz etgan,
Qoshin kerib, ishva bilan noz etgan,
Bogʻlarning ichinda qizlari bordir.
Bu yerda yuribman, yuragim oʻrtar,
El-yurtni koʻrmagan jabrini tortar,
Yuragimda gʻamu hasratim ortar,
Aytsam ado boʻlmas dardlarim bordir.
Nasib aylab sizning ellarga kelgan,
Kim yaxshi, kim yomon farqini bilgan,
Har ne borin sizga bayon aylagan
Qalpoqning kamina Zevari bordir.
Boʻlur
Qoratogʻning baland boshi
Qorli boʻlur, qorsiz boʻlur.
Bir er yigit yot ellarda
Molli boʻlur, molsiz boʻlur.
Bahor oʻtib, kelsa yozlar,
Sollanishar sarvinozlar,
“Quv-quv”lagan oqqush-gʻozlar
Koʻlli boʻlur, koʻlsiz boʻlur.
Xorazmda qoldi joylar,
Chekar boʻldim ohu voylar,
Togʻ boshidan oqqan soylar
Selli boʻlur, selsiz boʻlur.
Karvonlar kechar choʻllarda,
Suqsurlar uchar koʻllarda,
Bir er yigit yot ellarda
Tilli boʻlur, tilsiz boʻlur.
Yot ellarda er yigitlar
Yuragiga solur dardlar,
Boʻyni gajak tulpor otlar
Yolli boʻlur, yolsiz boʻlur.
Kimga aytay arzi holim,
Koʻngilda koʻp qiylu qolim,
Oʻtgan umr – zahru bolim
Totli boʻlur, totsiz boʻlur.
Gʻarib Zevar har kun yigʻlar,
Yuragimda koʻpdir dogʻlar,
Rang-barang ochilgan bogʻlar
Gulli boʻlur, gulsiz boʻlur.
Qoraqalpoq tilidan Rustam MUSURMON tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2014–5
[1] Qojban – shaxs nomi.
https://saviya.uz/ijod/nazm/suqsurlar-uchar-kollarda/