Kortasarning romannavislik mahorati

Munaqqidlar, odatda, Xulio Kortasarning “Sopolak oʻyini” romanini Jeyms Joysning “Uliss” va German Gessening “Marjonlar oʻyini” romanlari bilan bir qatorga qoʻyishadi. Va bu bejiz emas, albatta. Negaki, bu roman Lotin Amerikasi “sehrli realizm”ining oʻziga xos namunasi tarzida maydonga chiqdi.

Tan olish kerak, Kortasarning “Sopolak oʻyini” romani xususida yozish ancha qiyin. Romanni oʻqib, koʻp narsa haqida gapirishga tayyor turasan-u, lekin nimadan boshlashni bilmay gangib qolasan. Romanning gohida tugallanmagan fikr, chala qolib ketgan jumla, gohida mavhum va pala-partish chizilgan lavhalar shaklida namoyon boʻluvchi epizodlari noanʼanaviy tarzda voqealar izchil almashinuvidagi umumiy oqimda goʻzal soʻzanaga tikilgan oltin ipdek serjilo ranglarda uygʻunlashib ketadi. Kitobxon yana andak sabr qilsa, navbatdagi bob oʻz sirini ochib berayotgandek tuyuladi. Fasohatli jumlalarning ohangrabo, serjilo parda ortida yashirilgan, qadrli mehmondek kutilgan javob, aniqrogʻi, asarning asosiy gʻoyasini, bosh tugunining oʻta aniq hal etilishini koʻrsatib berayotgandek boʻladi. Lekin oxirigacha anglanmagan, qoʻqqisdan paydo boʻluvchi majoziy maʼnolarning labirinti oʻquvchini boshqa epizodlarga ergashtirib ketadi. Ustiga ustak, adibning oʻsha dongʻi chiqqan “fikr tolalari”ning tuguni yanada chigallashib boradi va shu yoʻsinda davom etaveradi. Demak, biz xuddi romanning bosh qahramoni – Orasio Oliveyra kabi mubham, shakl-shamoyili yoʻq narsaning alohida qismlarini oʻzaro bogʻlashga, tartibga solishga, tasniflashga harakat qilarkanmiz, markazga, boshlangʻich nuqtaga intilamiz, biroq biz matn parchalari bilan oʻynaymiz, Orasio Oliveyraning oʻyini esa – uning HAYOTI, oʻrtaga uning BAXTI tikilgan. Shu tariqa shakl maksimal darajada mazmunga mos keladi. Har bir epizod – ajralmas qism, yerda chizilgan katakchalardan biridir: oʻquvchi katakchalardan katakchalarga “sakraydi”. Adib uslubi romanning asosiy gʻoyasini, yaʼni obʼyektiv voqelikning tartibsizligiyu palapartishligini, insonning hayot maʼnosini abadiy axtarishga mahkum etilganligini, odatga aylangan hayot, koʻnikib ketilgan yashash tarzining absurdligini alohida taʼkidlaydi. Mubhamlik, aniq ifodalanmaganlik va ixtiyoriy talqin yana bir muhim fikrni ramziy maʼnoda bizgacha yetkazadi. Bu fikr asosida murakkab syujet quriladi, yaʼni voqelik subʼyektiv tarzda idrok qilinadi. Romanning yakuniy qismi – xotimasi ochiq, natijada oʻquvchi konflikt hal etilishining aniq formulasini topolmaydi. Oxirgi soʻzni aytish, oxirgi nuqtani qoʻyish kitobxon zimmasiga yuklangan.

Kortasar ijodi xususida umumiy manzarani toʻldirish maqsadida bevosita roman problematikasiga taalluqli jihatlarga eʼtibor qarataylik. Ishonchimiz komilki, hayot parchalanib, vayronaga aylanib, barbod boʻlib borayotgan bir paytda vahima va sarosimaga tushish, oʻzini yoʻqotib qoʻyish va ovoz chiqarmay yigʻlash, ichki norozilik bildirish barchaga barobar darajada tanishdir. Shubhasiz, reallikda emas, balki vaqtinchalik ranj-alam, gʻazab va shunga oʻxshash salbiy his-tuygʻular chulgʻab olgan ongimizda qiyomat-qoyim boshlanadi. Ammo biz bor kuchimizni jamlab, sekin-asta yoki shu zahotiyoq oʻzimizning tabiiy holatimizga, aqli raso, es-hushi joyida odam qiyofasiga qaytamiz. “Sopolak oʻyini” romani bosh qahramoni esa, tabiiy holatini allaqachon yoʻqotgan, hayot va tabiatni muvozanatda saqlaguvchi har qanday meʼyor, mezon, tamoyillarni inkor etuvchi shaxs sifatida gavdalanadi. U dunyo va kishilik jamiyatini boshqarib turuvchi qonuniyatlarni mutlaqo qabul qilmaydi. Orasio Oliveyra mashʼum xatoga qachon yoʻl qoʻygan? Uni muqarrar halokat jari yoqasiga olib kelgan sahv-xatosini endi toʻgʻrilab boʻladimi? Uni qayta-qayta xato qilishga kim yoki nima majbur etdi?

Orasio Oliveyra jamiyat tartib-qoidalarini nazar-pisand qilmaydi. U atrofdagi kishilarning es-hushini, fahmu farosatini, bir soʻz bilan aytganda, butun qalbini egallagan (ezgu yoki yovuz) intilishlarida illyuziya, azaliy va abadiy sarob, aldash va aldanishlarni koʻradi. U har qanday faoliyatdan qochadi, hattoki elementar yumushlarni bajarishdan ham bosh tortadi. Uning fikricha, bunday tutilgan yoʻl, yaʼni “ortiqcha” narsalarni miyadan chiqarib yuborib, behuda urinishlarni unutib, asl mohiyat, orzu qilingan “markaz”, “ibtido nuqtasi”gacha yetib borish mumkin. Bu – Oliveyraning “hayot kemasidan irgʻitib tashlanishi”, “toʻxtovsiz oqayotgan hayot daryosining qirgʻogʻida qolishi”ning asosiy sababidir. U mahbubasi Magani qoʻyib yuboradi, birgalikda tinch-totuv yashash tashabbusini qoʻldan boy beradi, Maga muhabbatini sezmaydi. Hayotini toʻgʻrilash uchun aniq baxtga eltuvchi toʻgʻri yoʻldan yurolmay, Maganing najotbaxsh maslahatlarini, qiyinchiliklardan xalos etuvchi intilishlar tizginini qoʻldan chiqarib yuboradi. Umuman olganda, taqdir unga kulib boqqanda va odamlar unga mehr koʻzi bilan qaragan bir paytda qulay fursatdan foydalana olmaydi. U gurkirab yashnayotgan goʻzallikni, toʻlib-toshib oqayotgan rang-barang va xilma-xil hayotni, reallik va yuksak orzuni, bir soʻz bilan aytganda, har bir hodisada va har bir lahzada yashiringan voqelik sirini qoʻldan boy beradi. Shuning uchun ham u astoydil axtargan, orzumand boʻlgan javob, qanchalik “tovlanib turgan naqshinkor” katakchalardan sakrab oʻtmasin, yetishib boʻlmas maqsadga aylanib qolaveradi.

Orasio Oliveyra – yolgʻiz. Bu yolgʻizlik fojiali vaziyat hisobiga emas, halokat jari yoqasida turgani uchun emas, uni sevikli ayoli, yaqin doʻstlari, sodiq oʻrtoqlaridan judo qilgan sabablar hisobiga ham emas. Hamma gap – uning oʻzida. Mehribon va shirinsoʻz Maga bilan Parijda yashaganida ham, begona boʻlib koʻringan, nosogʻlom tasavvurida adovatli boʻlib tuyulgan, sovuq shamollar esayotgan bu dunyoda u oʻziga joy topolmadi. Hattoki, doʻsti Travellerning begʻaraz koʻmagini, har qanday vaziyatda yordam qoʻlini choʻzishga tayyor ekanligini, samimiy xayrixohligini seza turib ham, ruhan ezilib, azob-uqubat chekadi. U butun borliqdan oʻzini olib qochadi. Romanning oxirgi bobida muallif xuddi shaxmat taxtachasida donalarni terib chiqqandek, pozitsiyalarni aniq qoʻyib chiqadi – Orasio Oliveyra eng yaqin doʻsti va sevgilisiga ishonmay qoʻyadi, kichkina xonasining eshigini ichkaridan zanjirlab oladi, buzib boʻlmas gʻov-toʻsiq oʻrnatadi. Eng dahshatlisi, xonasida turli qalinlikda, turli ranglarda, har xil uzunlikdagi iplarni osib tashlaydi, xuddi ipak qurti pilla oʻragandek, oʻziga qobiq yasaydi va unda yashirinib oladi. Ramziy maʼnoda iplar bu – yechilmas darajada chigallashib ketgan qoʻrquvlari, dahshatli tasavvuri, shubha va gumonlaridan hosil boʻlgan “fikrlardan toʻqilgan toʻrlar”dir. Uning “hududi” va oʻzga odamlar “hududi” yoki “qora sharpa hududi” oʻrtasida aloqa ham, BIRLIK ham, hamjihatlik ham yoʻq.

Buning oʻrniga qatʼiyatli norizolik, voqelikni uzil-kesil qabul qilolmaslik, “nazokatli” erkparvarlikka intilish, taqdirga boʻysunishdan koʻra, oxirigacha kurashishga tayyor turish kabi fazilatlarni kuchli iroda va bukilmas ruh sohibining olijanob isyonkorligi deb boʻladimi? Bizningcha, yoʻq. Adolatsiz boʻlib koʻringan voqelikka qarshi chiqmoqchimisan – harakat qil, fidoyi boʻl.

Orasio Oliveyra esa, koʻrinib turganidek, oʻzini oʻzi “qurish”, mukammallikka intilish, oʻzining feʼl-atvorida mustahkam iroda, yagona maqsadga erishishni, erkinlikka talpinish, eng muhimi, sevish va sevilish hissiyotini sabot hamda matonat bilan tarbiyalash oʻrniga oʻzini telbalikka solishni afzal koʻradi. Orasio Oliveyra atrofdagilarga izzat-ikrom koʻrsatishga shoshilmaydi, yaqin kishilarining raʼyini qaytarmaslik, ularning fikriga quloq solish, ularning hurmatini joyiga qoʻyish haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Qolaversa, insoniyat ming yillar davomida toʻplab kelgan tajribani ham u xato, yanglish deb hisoblaydi, boshqa odamlarning hayotiy tajribasini hisobga olish, oʻziga oʻrnak deb bilishni xohlamaydi. Vaholanki, odam jamiyatda yashaydi, faqat jamiyatda shakllanadi, takomillashadi. Oʻzining subʼyektiv bahosiga emas, balki hamma uchun yagona boʻlgan mustahkam poydevorga tayanib ijod qiladi va yangiliklarni kashf etadi.

Tan olish kerak, Orasio Oliveyra oʻqimishli, ayniqsa, sanʼat sohasida uning bilimi yuqori darajada. Ammo shu bilan birga, u oʻzining keng bilimlarini mos keluvchi oqimga yoʻnaltira olmaydi. Egallagan bilimlari unga xalal berayotgandek, ortiqcha yuk boʻlib uni toliqtirib qoʻyayotgandek tuyuladi. Orasio Oliveyraning armonlari, ezgu istak-xohishlari, orzu-umidlari noaniq, xuddi tumandek toʻrt tomonga yoyilib ketganga oʻxshaydi. Shunday boʻlsa ham, u ushbu tartibsizlik, palapartishlikdan va qayerdandir sirtdan, tashqaridan yangi, mukammal, benuqson sistema tugʻiladi, deb ishonadi. Garchand uzoq kutilgan va qimmatga tushgan mutlaq haqiqat, butun mavjudotning azaliy va abadiy oʻzgarmas birlamchi asosi boʻlmish ruh, yuksak gʻoya obʼyektiv voqelikda muayyan meʼyor yoki mezon emas, balki bizlarning sadoimiz, shaffof billurdek toza koʻzgudagi aksimizdir. Taʼbir joiz boʻlsa, hissiy, aqliy va maʼnaviy-axloqiy tajribamizning magʻzi, ajdodlarimiz va zamondoshlarimiz qoʻlga kiritgan yuksak muvaffaqiyatlar hosilasidir.

Chunonchi, kunlardan bir kun Oliveyra yoʻl-yoʻlakay Maga bilan “metafizika daryolari” xususida bahslashib qoladi. Maganing iqror boʻlishicha, u bu daryolarda bemalol suzadi, Oliveyra esa behuda urinadi, nimalarnidir benatija qidiradi. Muallif, bir qarashda, taajjub va mujmal boʻlib koʻringan iboraning maʼnosini batafsil izohlab bermaydi. Bu obrazli iborada romanning asosiy metaforasi mujassam boʻlgan, deb oʻylaymiz. Taxminimizcha, “metafizika daryolari” – bu baxtga olib keluvchi yoki haminqadar, oʻz-oʻzi va odamlar bilan sulh tuzish, murosa yoʻlini koʻrsatuvchi najotbaxsh daryolardir. “Metafizika daryolari” – bu ong oqimi, hayot maʼnosini bilishga yetaklovchi oqim. Bu oqim har bir inson hayotiga maʼno-mazmun bagʻishlaydi, serjilo ranglar bilan uni yarqiratib yuboradi. Bu daryolar Jannat dengiziga, uygʻunlikdagi hayot ummoniga quyilib ketguvchidir.

Teran fikrlab koʻraylik. Orasio Oliveyra qaysi “metafizika daryo”siga tushib qolgan? Umuman, tushib qoladimi, yoʻqmi? Javobni biz berishimiz kerak. Muallif oʻz qahramoniga bunday imkoniyatni beradi. Romanda surbetlarcha munosabat, beadabona xatti-harakat, qoʻpol savol va javoblar toʻlib toshganligiga qaramasdan, yakunlovchi soʻz kutilmaganda insonparvarlik, odamoxunlik ruhi bilan sugʻorilgan boʻlib chiqadi. “Qora sharpa” hududi ezgulik, mehribonlik, saxovat, bir-birini soʻzsiz tushunish, yaqin doʻstlarning begʻaraz yordami va muhabbati orqali Oliveyra hududi bilan yaqinlashib boraveradi.

Tasavvur qiling, asfaltda sopolak oʻyini uchun chizilgan katakchalarga koʻzingiz tushib qolganida miyangizga katta roman yozish haqida fikr tugʻilgan boʻlarmidi? Albatta, yoʻq. Xulio Kortasarga esa shunday fikr kelgan. Ehtimol, ushbu bolalar oʻyinini kuzatganda, uning miyasida “Sopolak oʻyini” romanining gʻoyasi tugʻilgandir. Ustiga ustak, zinhor “bolalar romani” emas, balki “intellektual roman” gʻoyasi kelgandir. Bir qarashda, roman klassitsizm tamoyillari asosida yaratilgandek, bir vaqtning oʻzida unda novatorlik xususiyatlari ham mujassam. Novatorlik deyilganda, eng avvalo, uning strukturasini nazarda tutmoq lozim. Roman nomi nafaqat “katakdan katakka sakrab oʻtish” strukturasini, balki muallifning tasavvuridagi oʻyinga oʻxshash “hayot obrazi”ni ham ifodalaydi. Muallif yaratgan ushbu “hayot obrazi”ni qabul qilarkanmiz, “Yer”dan orzu qilingan “Osmon”gacha “sakrashga” harakat qilamiz. Roman, shaklidan qatʼi nazar, HAYOT haqida boshqa yana qaysi shahar bundan goʻzal, ilhombaxsh makonga aylanganligini fahmlash qiyin emas, nazarimizda.

Romanning birinchi qismi isyonkorlik ruhi bilan sugʻorilgan, lekin Orasioning isyoni real isyonga qaraganda, taʼbir joiz boʻlsa, estetik va badiiy tafakkur isyonidir. Ruhan, fikran bir-biriga yaqin ijodkorlar guruhi, aksariyat tomonidan itoat qilinadigan meʼyorlarga, yashash tarzini “gʻayriinsoniy meʼyor”larga qiyoslab yashashdan koʻra, aniqrogʻi, katakchadan katakchaga sakrashdan bosh tortarkan, atrofida oʻz qonuniyatlari asosida yashovchi kichkina bir dunyoni yaratadi. Aslida, birinchi qism – bu boshqa matnlarga havola qiluvchi, boshqa matnlardan tap tortmay olingan parcha, oshkor va yashirin iqtibos, reminissensiyalardan iborat koʻlamdor intellektual dialogdir. Ularni hattoki eng aqlli, dono, bilimi beqiyos odam ham payqab olishi amrimahol. Romanning birinchi qismida bosh qahramonlar, oʻzlarining yoshlariga umuman mos kelmovchi xislat, yaʼni oʻziga va atrofdagilarga maksimal talablar qoʻyuvchi yoshlar qiyofasida gavdalanadi. Tabiiyki, ular quyushqondan chiqib ketishadi, es-hushni qamrab olgan his-tuygʻular oxirgi meʼyorgacha boradi. Hayotning boshqa tomonida esa – Buenos-Ayres. Orasio Oliveyra – yuragi yashagan makon – vataniga qaytadi. Argentinada esa vaziyat jiddiy, hamma uchun yagona tartib-qoida oʻrnatilgan. Tartib-intizomga rioya qilmagan har bir fuqaro beshafaqat jazolanishi muqarrar. Orasio bunga koʻnikolmasdan jamoat tartib-intizomini buzadi va jazolanadi. Shu tariqa u, oʻzi sezmagan holda, sopolak oʻyini ishtirokchisidan “sopol toshcha”ga aylanadi. Argentinada sobiq doʻsti va uning xotinini tasodifan uchratib qolarkan, ularni “egizak”, deb ataydi. Treveller va Talita, oʻziga xos tarzda, Orasio va Maganing sehrli aksidir.

“Sopolak oʻyini” romanini bir kunda, umuman, belgili bir muddatda oʻqib chiqish mumkin emas. Bu, Tomas Mann taʼbiri bilan aytanda, intellektual romandir. Uni xuddi Marsel Prustning “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” turkumi, Jeyms Joysning “Uliss”, Tomas Manning “Sehrli togʻ”, German Gessening “Choʻl boʻrisi”, Frans Kafkaning “Jarayon” va “Qoʻrgʻon”, Jan-Pol Sartrning “Behuzurlik”, Jon Faulzning “Fransuz leytenantining ayoli”, Uilyam Folknerning “Yoknapatofa xaqida saga”, Natali Sarrotning “Oltin mevalar”, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”, Paolo Koeloloning “Alkimyogar”, Umberto Ekoning “Atirgul nomi” romanlaridek mutolaa qilish, “magʻzini chaqish” lozim. Bu romanlar osonlikcha tutqich bermaydi. Sababi, ularni tushunish, aniqrogʻi, nima bilan tugallanishini oldindan bashorat qilib boʻlmaydi. Ular sermulohazali, bamaylixotir oʻqishni taqozo etadi. Eng muhimi, roman chuqur va keng bilim sohibi boʻlgan oʻquvchiga baxtli, huzur-halovatga toʻla onlarni hadya etadi.

Aslida, Orasio Oliveyra oʻz ongining imkoniyatlaridan tashqari, oʻzga narsalarga ishonishdan mahrum etilgan. Vatani Argentinadan falak gardishi bilan Parijga borib qolgan ajnabiy Orasio Oliveyra, Buenos-Ayresni sira unutolmaydi. Biroq vataniga qaytgandan keyin ham, hamma narsaga Yevropa oʻlchovi bilan qaraydi. Argentinadagi hayotni Fransiyadagi hayotga taqqoslaydi, goʻyo butun umri Parijda oʻtgandek.

XX asr adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, nafaqat Lotin Amerikasi, balki AQSH (Xeminguey, Dos Passos, Fitsjerald, Paund, Stayn), Angliya (Vulf, Oldington), Irlandiya (Joys, Bekket), Rossiya (Nabokov, Shmelyov, Merejkovskiy)dagi shart-sharoitga moslasha olmagan ijodkorlar aynan Parijda qoʻnim topganini kuzatamiz.

Biroq goʻzal va bagʻrikeng Parij Orasio Oliveyra ishonchini oqlamaydi, orzularini sarobga aylantiradi. Goʻyo amalga oshgandek boʻlib koʻringan orzu, aslida zerikarli va mazmunsiz yakun topgan boʻlib chiqdi. Ammo u orzusiz, maqsadsiz yashay olmaydi. Xayolida shafqatsiz boʻlib koʻringan voqelik, gʻam-hasratga toʻla hayot changalidan Oliveyra qochishga, oldingi hayotiga nuqta qoʻyib, yangicha yashashga harakat qiladi. U va uning kam sonli sodiq doʻstlari hayotni bir alpozda kechishiga koʻnikkan odamlarning yashash tarzidan oʻzlariga himoya qoʻrgʻonini qurishadi, adovatli va vahshiy dunyo taʼsiridan, hayotning bemaʼniligidan saqlaguvchi devor koʻtarishadi. Argentinaga qaytish hech narsani oʻzgartirmasa-da, binobarin Oliveyra va uning yangi doʻstlari olib borgan oʻyin qoidalari oʻzgaradi, xolos.

Kortasar, sopolak oʻyini qoidalarini oʻzgartirmasdan, kitobxonni oʻyinga qoʻshilishga undaydi. Aniqrogʻi, muallif va uning noziktaʼb hamda injiq fikrining ayni paytda qay tarafga burilishini, egri-bugri yoʻlda yurishini aniqlashga, oldindan bashorat qilishga “chaqiradi”.

Xorijiy adabiyotshunoslarning yakdil fikricha, Kortasarning “Sopolak oʻyini” – postmodernizm ruhida yozilgan matnning ajoyib namunasi tarzida tan olingan. Matnning quyidagi xususiyatlari bu fikrni toʻliq isbotlaydi: a) roman yopiq doirani hosil etmay, “ochiq” strukturaga ega, yaʼni matnning chek-chegarasi yoʻq, unga son-sanoqsiz mazmun va maʼnolar singdirib yuborilgan, uni talqin qilishning juda koʻp yoʻllari mavjud; b) roman matni “ikkilamchi”dir, yaʼni u koʻplab iqtibos, reminissensiya, havola, boshqa matnlardan olingan butun boshli parchalardan yaratilgan, bu esa, oʻz oʻrnida, matn ichidan “yorib oʻtib”, haqiqiy polifoniya (koʻp ovozlilik)ni hosil etadi; v) matn “oʻzgaruvchan” xususiyatga ega, yaʼni syujet zamirida yotgan voqealar dinamik tarzda bir-birini almashtiradi; bunga oʻquvchi bilan doimiy dialog olib borish va uzluksiz tarzda maʼno hamda mazmunni yaratish orqali erishiladi; g) matn (anʼanaga zid ravishda) muallifga ega emas, matn ustidan “hokimlik” oʻquvchi qoʻlida, aynan u matnni “boshqaradi”, uning roli bevosita faollashadi; d) matn, taʼbir joiz boʻlsa, “ehtiyoj yoki zarurat”, “isteʼmol yoki shaxsiy manfaat” obʼyekti emas, balki huzur-halovat, zavqu shavq obʼyektiga aylanadi, oʻyin birinchi planga chiqadi, oʻquvchi oʻyinga “jalb etiladi”; ye) yozuv (badiiy tasvir usuli) va oʻqish (badiiy idrok qilish) oʻrtasidagi masofa borgan sayin qisqararkan yoki ushbu masofa butunlay yoʻq qilinar ekan, “tejamlanadi”, yaʼni yozuv va oʻqish yaxlit belgilarning semantik tizimiga birlashtiriladi.

Kortasar, romanida anʼanaviy badiiy asar doirasidan chiqib ketishga harakat qilar ekan, oʻz oldiga nafaqat badiiyat yoki estetika nuqtai nazaridan nodir asar yaratish maqsadini qoʻyadi, balki yangi oʻquvchi, maslakdosh, hamfikr oʻquvchi vujudga kelishi uchun zamin hozirlaydi. Qolaversa, passiv emas, shunchalik havaskor oʻquvchini emas, balki faol, ijodkor,”yakunlovchi qism”ni,”eng soʻnggi maʼno”ni qatʼiyan rad etuvchi, oʻzaro teng madaniy tillarning behad keng maydoniga “kirisha oladigan” intellektual oʻquvchi uchun astoydil mehnat qiladi. Kortasar oʻz oʻquvchisiga”buyurtma adabiyot”, ong va tafakkurning bir yoqlama, bir chiziq boʻylab rivojlanish hamda “bir qolip”ga solingan sanʼat asaridan “engib oʻtish” yoʻlini koʻrsatadi. Xullas, yozuvchining asosiy dasturilamali – serqirra mazmun va maʼnoga toʻla dunyoga keng qarash, oʻzining badiiy olamini yaratishdir.

 

Muhammadjon XOLBEKOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kortasarning-romannavislik-mahorati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x