Sulola. Dolimovlar shajarasi. Uzoq moziyga bir nazar (Haytabek va Norbek). 2-qism


Post Views:
59

davomi…avvalgi qism

1864 yilda general Chernyayev Avliyoota (1938 yildan e’tiboran Jambul nomi bilan atalgan) va Chimkent shaharlarida erishgan g‘alabalaridan mast bo‘lib, to‘xtovsiz 1864 yilning sentyabr oyida, qish kelguncha shaharni egallash maqsadida, Toshkentga yurish boshladi. Bu vaqtda Norbekning yigirma besh yoshlarga borib qolgan jisman nihoyatda baquvvat, barvasta, navqiron o‘g‘li Komilbek Ko‘kaldosh madrasasida o‘qir edi. Shaharning boshqa madrasalarida bo‘lgani kabi Ko‘kaldosh madrasasining bosh mudarrisi Solihbek Oxund dodxoh talaba-yoshlarni Vatan, xalq himoyasiga, g‘azavotga chorlovchi otashin nutq so‘zlaydi, uning so‘zlari talaba-yoshlarni larzaga soladi. Haytabek o‘g‘li Norbek Vatan himoyasiga otlangan to‘ng‘ich o‘g‘li Komilbekka oq fotiha berdi. Komilbek yuzdan ortiq talaba yigitlar bilan shaharning Qo‘qon darvozasida Vatan himoyachilariga qo‘shildilar va bosqinchilarni chekinishga majbur qildilar. Qo‘qondan amirlashkar Alimquli boshchiligidagi katta lashkar Toshkentga yetib kelgach, Komilbek va uning hamrohlari shaharning navqiron yigitlaridan tuzilgan lashkar bilan birlashdi. Amirlashkar Alimquli Qo‘qon va Toshkentning vatanparvar yigitlaridan 12 ming kishilik sara yangi lashkar tuzib, ularga jasoratli yigitlardan boshliqlar belgilaydi. Toshkent himoyasida o‘z jasorati bilan amirlashkar e’tiborini qozongan, butun qiyofasidan milliy g‘urur, iftixor ufurib turgan Komilbek Norbek o‘g‘lini yuz kishilik sarbozlar guruhiga yuzboshi etib tayinlaydi. Vatan himoyachilari general Chernyayev lashkariga katta talofat yetkazadilar, qahraton qish mavsumida Iqon qishlog‘igacha bosqinchilarni quvib, qirib, yanchib boradilar. Qolgan-qutgan askarlari bilan Chernyayevni Chimkentga chekinishga majbur qiladilar. Shunday qilib, bosqinchilarning Toshkent shahriga qilgan birinchi yurishi himoyachilarning katta g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu g‘alaba himoyachi-vatanparvarlarni ancha ruhlantirb yubordi.

Chernyayev qish faslini o‘tkazib, 1865 yilning bahorida – dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik ishlari avj pallasida Toshkentga ikkinchi marta – bu safar katta harbiy tayyorgarlik bilan, hufiyalarni, o‘rislarga xayrixoh bo‘lgan sotqinlarni ishga solgan holda yurish boshladi. U Toshkent tepasidagi harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan Niyozbek qal’asini egallib, shaharni obi hayot bilan ta’minlovchi asosiy anxorga suv o‘tkazmay qo‘ydi. Bu ishda ancha vaqtdan beri Rusiya bilan savdo-sotiq ishlarida yaqindan aloqada bo‘lgan Abdurahmonbek Shodmonbek o‘g‘li (asli shahrisabzlik), Saidazimboy Saidmuhammadboy o‘g‘li (asli qorateginlik) kabi sotqinlar katta faoliyat ko‘rsatdilar. Buning ustiga, zamonaviy harbiy texnika bilan qurollangan bosqinchilar Vatan, xalq himoyachilarining qattiq qarshiliklarini yengib, Kamolon darvozasini buzib, shaharga bostirib kirdilar. Vatanparvarlar har bir ko‘cha, har bir uy, har bir chorraha uchun dushmanga qarshi jon olib-jon berib jang qildilar. Buxoro amirligi bilan Qo‘qon va Xiva xonliklari o‘rtasidagi adovat hamda ichki ziddiyatlar ham general Chernyayevga qo‘l keldi, bulardan ustalik bilan foydalandi. Saidazimboy va Abdurahmonbekning bu xoinligi “Rusiya imperiyasining faxriy fuqarosi” hamda “Avliyo Anna” nishoni bilan taqdirlanadi. Bu jangda ko‘plab Vatan, Millat fidoyilari qatorida Komilbek Norbek o‘g‘li ham shahid bo‘ldi. Uni Chig‘atoy qabristoniga dafn etdilar. Hali uylanishga ham ulgurmagan navqiron Komilbekning o‘limi Norbek Haytabek o‘g‘lini qattiq iztirobga soldi, uni tez qaritdi.

1940-yillarning oxirlarida rahmatli Dolimbek otam (bizni, barcha nevaralarni, Dolimbek, Komilbek, Karimbek buvalarimiz bilan “ota” deb muomala qilishga o‘rgatishgan, nazarimda, bu so‘z “doda”, “buva” so‘zlariga nisbatan ko‘ngilga yaqinroq bo‘lsa kerak) bilan Chimboydagi bog‘imizga borishda va Sag‘bondagi shahar hovlimizga qaytishda, asosan, Chig‘atoy qabristoni ichidan Qo‘rg‘ontegi mahallasiga o‘tar edik (40-yillarda ham Toshkent qo‘rg‘onining Chig‘atoy darvozasi atrofidagi ba’zi bir qoldiqlari saqlanib qolgan edi – U.D.). Otam qabristonda alohida xilxona qilib ajratilgan qabrlar yoniga cho‘qqayib o‘tirib, baland ovoz bilan Qur’on tilovat qilar va ularning ruhiga bag‘ishlar edilar. Otam qabrdagilarni katta hurmat va g‘urur bilan nom-banom tilga olib: “Begim, sen hech qachon unutma! Mana bu qabr bobom Xaytabek o‘g‘li Norbekniki, mana bunisi men tug‘ilmasimdan 3 – 4 yil oldin o‘rislar bilan bo‘lgan qattiq jangda shahid bo‘lgan eng katta amakim Komilbek Norbek o‘g‘liniki. U o‘z Vatanini, o‘zbekni jon-dilidan avlo ko‘rgan. Uni dafn qilish marosimida Toshkandni bosqinchilardan himoya qilishga bosh bo‘lgan Solihbek Oxund dodxoh va Sharifxo‘ja qozi Poshshoxo‘ja o‘g‘li ham ishtirok etganini aytishardi. Mana bu qabr otam Muhammadaminbek hojiniki, bunisi amakim Rustambek hojiniki, bunisi eng kichik amakim Yo‘ldoshbekniki, mana bunisi esa oyim Marziyaniki. Bularning hammasi iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza insonlar edi, ularni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Ular sening ham ulug‘ bobolaring, momolaringdir. Vaqti yetib, Alloh omonatini olsa, meni ham xuddi shu yerga dafn qilasizlar”, – degan gaplari hamon yodimda.

Tasavvurimda, otam Dolimbek jussasining pishiqligi va bo‘ydorligi, mustahkam irodaliligi, o‘tkir nigohdorligi, jasoratliligi va cho‘rtkesarligi bilan katta amakisi – bobokalonimiz Komilbek Norbek o‘g‘lini eslatar edi.

Norbek Xaytabek o‘g‘lining Komilbekdan keyingi ikkinchi farzandi – mening katta bobom Muhammadaminbek hoji, oyim Rojiabonu so‘zlariga qaraganda (oyim va adamning ham buvasi – U.D.), 1933 yili 90 yoshlarida vafot etgan ekanlar. Shunga ko‘ra, ularning tug‘ilgan vaqti taxminan 1841 – 1842 yillarga to‘g‘ri keladi. Uchinchi o‘g‘li Rustambek hoji 1845 yilda, to‘rtinchi o‘g‘li Yo‘ldoshbek Norbek o‘g‘li esa taxminan 1848 – 50-yillarda tug‘ilgan. Muhammadaminbek ancha yaxshi ta’lim olgan, Xo‘ja Ahror Valiy madrasasida tahsil ko‘rgan. Bu davrda – Toshkent o‘rislar tomonidan bosib olingandan keyin mazkur madrasada yirik olim, yangicha ma’rifatparvarlik oqimining rahbari Shayxovand Tahur daha qozisi Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li bosh mudarris edi. Toshkentning, hatto o‘lkaning ilg‘or ziyolilari, siyosiy arboblari uning ta’sirida faoliyat ko‘rsatishgan. Muhammadaminbek tirikchilik tashvishlari tufayli madrasa ta’limini oxirigacha yetkaza olmagan bo‘lsa-da, bu o‘quv dargohida Sharifxo‘ja qozi Poshshoxo‘ja o‘g‘li, Muhiddinxo‘ja qozi Hakimxo‘ja qozikalon o‘g‘li, Toshkent eski shahar oqsoqoli In’omxo‘ja Umriyoxo‘ja o‘g‘li, Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li (General Jo‘rabek), Sattorxon Abdug‘afforov va boshqa ilg‘or ziyolilar ta’sirida vujudga kelgan siyosiy-ma’naviy muhit, zamonaviy ilm-ma’rifatga intilish unda hayotga, zamon kishisiga yangicha munosabatni shakllantirdi. Bu hol Muhammadaminbekning keyinchalik o‘g‘illarini tarbiyalashda, ularning jadidchilik harakatining yirik namoyandalari va iqtisodiy rahnamolari bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘ldi.

Ilm olish uchun katta mablag‘, boylik kerakligini yaxshi tushungan Muhammadaminbek (uni qisqaroq “Ma’dambek” deb atashgan) ham o‘qidi, ham ishladi. Sag‘bon mahallasining Qo‘shtut guzarida kichikroq bir do‘kon ochib, savdo-sotiq ishlari bilan oila tebratishda kambag‘allashib qolgan otasi yamoqchi-kosib Norbekka yordam beradi. O‘zi ham savdo-sotiq ishlari bilan Turkistonning Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Qo‘qon, Andijon, Namangan shaharlaridan tashqari, o‘zbek savdogarlari qatnab turadigan G‘ulja, Yorkent shaharlariga tez-tez borib turdi. Darhaqiqat, Muhammadaminbek aqlli, xushtabiatli, oilani tebratishda ota-onasiga qayishadigan, shu bilan birga, ancha bardam-baquvvat, xushro‘y yigitlardan bo‘lib yetishdi, kattalarning ham e’tiborini qozondi. Kunlardan bir kun Ko‘kcha dahasining, hatto Toshkent shahrining eng yirik boylaridan bo‘lmish Mo‘minboy To‘ychiboy o‘g‘li (1817-1896) ham ulfati, ham qudasi Iso zargarga ko‘nglini ochadi:

– Isoboy, sizga ko‘nglimdagi nozik bir gapni aytmoqchi edim, qanday bo‘larkin?

– O‘zbekning “maslahatli to‘y tarqamas” degan yaxshi maqoli bor, qani, oldin eshitaylik-chi, – deydi Isoboy.

– Norbekning o‘g‘li Muhammadaminbek men bilan savdo-sotiq ishlari yuzasidan aloqada bo‘lib, ko‘pincha mendan ko‘taraga mol olib turadi, ancha aqlli, qobiliyatli yigit bo‘libdi, o‘zi ham turli shaharlarga qatnab turadi, tijorat ishlarida ancha pokiza, harom-xarish ish qilmaydi. Uni kuyov qilish niyatida edim, siz Norbekka yotig‘ida aytsangiz.

– Quda, yaxshi o‘ylabsiz. Norbek ham iymonli, diyonatli, tegli-taxtli odam, lekin bir nozik tomoni bor-da.

– Qanday nozik tomoni bo‘lishi mumkin?

– Ochig‘ini aytay. Siz shahrimizning yurt so‘ragan katta boylaridansiz. Norbek bo‘lsa, o‘z oilasini bir amallab tebratib turgan o‘rta hol odam. “Men Mo‘minboy bilan bellasha olarmidim” deb albatta aytadi.

– Bu tomondan Norbekning ko‘ngli to‘q bo‘lsin. Men Ma’dambekni o‘z farzandimdek ko‘raman. To‘y ham, Xudo xohlasa, me’yorida bo‘ladi. Asasa-dabdabaning hech bir keragi yo‘q. Har holda siz bularning hammasini Norbekka yotig‘ida tushuntiring.

Iso zargar Mo‘minboyning maqsadini Norbekka aytganda, u:

– Mo‘minboy qaydayu, men qayda. Mening u o‘ylaganidek imkoniyatlarim yo‘q, o‘rtamizda noxushlik, sovuqlik paydo bo‘lmasin, har holda, bir necha yillardan beri birga bir ulfatdamiz, bir-birimizga hurmatimiz bor.

– Norbek, men bu gaplarni Mo‘minga aytganman. U astoyidil sizning o‘g‘lingizni yoqtirib qolgan. Ular o‘rtasida savdo-sotiq munosabatlari ham bor ekan. Har holda o‘zingiz ham juda yaxshi bilasiz: u hech qachon boyligi bilan keriladigan, dimog‘dor odamlardan emas-ku. Uning orzu-istagini yerda qoldirmang, bir umrli do‘stimiz. Axir, u ham qizi va kuyovining baxtli bo‘lishini o‘ylaydi-da. Siz ham ikki yoshning baxtli-saodatli bo‘lishini o‘ylang. Hammasi sizning ko‘nglingizdagidek bo‘ladi, o‘ylab ko‘ring, uydagilar bilan maslahatlashing. Muhammadaminning ham uylanadigan vaqti bo‘ldi, umrini behuda o‘tkazmang, do‘stim.

Norbek avvaliga unamaydi. Qistovlardan keyin esa “bir gap bo‘lar” deb, ayolini sovchilikka yuboradi. Mo‘minboyning xotini boyvuchcha ayol Humorbibining chunonam achchig‘i kelib, bu haqda eriga yozg‘iradi. Boy esa:

– Xotin, sen ko‘p narsalarni bilmaysan, Norbekning otasi Haytabek yurt so‘ragan odamlardan, Umarxonning eng yaqin beklaridan bo‘lgan. Norbek – iymon-e’tiqodli, diyonatli odam. Eng muhimi – o‘g‘li Muhammadaminbekni juda yaxshi bilaman: aqlli bola. Oq o‘ratib yubor, – deydi Mo‘minboy bamaylixotir.

Har holda, o‘tgan zamonlarda qizlarni vaqtida turmushga berish, o‘g‘illarni uylantirish ishlarida mahalla-ko‘y erkaklari, otaning do‘stlari ham faol aralashgan. Masala erkaklar tomonidan uzil-kesil hal qilingach, rasm-rusumga binoan ayollar tomonidan sovchi yuborilgan va rasmiy jihatlari hal qilingan. Erkaklarning bunday faolligi yosh oilalarning mustahkam bo‘lishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan, to‘ylarda bo‘ladigan ortiqcha orzu-havaslarga, isrofgarchiliklarga chek qo‘ygan.

Shunday qilib, 1866 yili Norbek to‘ng‘ich o‘g‘li Komilbekning yillik ta’ziya marosimlarini o‘tkazib, Muhammadaminbekni shaharning ko‘zga ko‘ringan boylaridan Mo‘minboyning Marziyabibi ismli qiziga uylantirish taraddudini boshlaydi.

Dolimbekning ona tomonidan buvasi Mo‘minboy To‘ychiboy o‘g‘li alpqomat, birso‘zli, tavakkalchi, odil va saxiy boylardan bo‘lgan ekan. Uning bunday fazilatlarini qarindosh-urug‘lari, do‘stlari yaxshi bilishgan va hurmat qilishgan. Ularning nasli-nasabi Turkistondan bo‘lib, “Sunoq” eliga mansub bo‘lishgan. Mo‘minboyning shajaraviy ajdodlari haqida ba’zi bir ma’lumotlar yetib kelgan: Boltaboy (1602 – 1673), O‘roqboy (1643 – 1715), Darxonboy (1680 – 1761), Qurbonboy (1712 – 1786), Bozorboy (1750 – 1822), To‘ychiboy (1785 – 1861), Mo‘minboy (1817 – 1896). Mo‘minboy asosan qo‘y, qoramol savdosi bilan mashg‘ul bo‘lgan, shu bilan birga, Toshkentning to‘rtala dahasida bir qancha do‘konlari va gumashtalari bo‘lgan, og‘ir ishdan hech vaqt qochmagan. U har yili Toldiqo‘rg‘on, Shamay (Semipalatinsk)dan mingdan ortiq qo‘y, 10 – 15 ta otni chorvadorlar bilan kelishib, haydab kelar, Toshkentga bahor faslida 1200 – 1300 bo‘lib kirib kelar ekan. Mo‘minboyning qo‘y olib kelganini eshitgan shahar qassoblari, atrof mahallalar ahli baholi qudrat beshtadan, o‘ntadan sotib olishar ekan. Naqd puli bo‘lmaganlarga qo‘ylarning pulini kuzda – qo‘ylarni semirtirib sotganidan keyin berish sharti bilan nasiyaga ham berar ekan. Odamlar bir-birlariga shu darajada ishonar ekanlarki, na guvoh, na tilxat bo‘lar ekan, birovning haqidan hazar qilar ekanlar. Shunday bo‘lsa-da, Mo‘minboy albatta, nasiyaga olganlarni maxsus daftarga yozib qo‘yar ekan.

Mo‘minboyning shahardan tashqarida, hozirgi Chimboy mahallasiga tutash 25 – 30 tanob yeri bo‘lib, 10 – 15 tanobiga beda ekilar ekan, mingdan ortiq qo‘y va qoramol sig‘adigan qo‘ralari bo‘lgan ekan. Beda besh-olti oy davomida uzluksiz o‘rilar va sotilar, bir oy davomida beda o‘rish oxiriga yetguncha, o‘rilgan joylar yana o‘rimga tayyor bo‘lib borar ekan. Bir kunda sotilgan bedaning puliga o‘sha vaqtda yaxshi ikkita sog‘im sigir berar ekan. Bedani bog‘-bog‘ qilib, Qo‘qon aravaga bosib, shaharga olib borib sotilar, ko‘p hollarda bozorga yetguncha yo‘l-yo‘lakay yarimidan ko‘prog‘i sotilib bo‘lar ekan. Albatta, bunday ishlarni xizmatkorlar, korandalar bajarishar ekan. Shu bilan birga, Sag‘bondagi ichkari va tashqari hovlilarida ham cho‘rilar, xizmatkorlar bo‘lgan. Ammo Mo‘minboyning yetti nafar o‘g‘li Abdurasul, Abduqodir, Abdusaid, Abdujalil, Abdumavlon, Abdurahim va Abduqayum ham ular bilan baravar ishlashar ekan. Shu tariqa, Mo‘minboy farzandlarini ham har qanday og‘ir mehnatga layoqatli qilib tarbiyalagan ekan. Mo‘minboy To‘ychiboy o‘g‘li shajarasini yozgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti Shavkat Mavlonov bobokalonlari – Mo‘minboy ota farzandlarining ishbilarmonligi, mehnatsevarligi, og‘ir mehnatdan qaytmasligi haqidagi bir voqyeani shunday hikoya qiladi: “Mo‘minboyning o‘g‘illari – mening buvalarim Abdurasul va Abdumavlon yangi o‘rilgan bedani bog‘-bog‘ qilib, Qo‘qon aravaga ortib ketayotganlarida aravaning g‘ildiragi g‘ichirlab qoladi. Bunday ketaversa, uzoqqa bormay g‘ildirakning o‘qi sinishi mumkin. Shunda Abdurasul buvam ukalari Abdumavlon buvamga: “Mavlon, kir aravaning tagiga”, – der ekanlar. Mavlon buvam aravaning tagiga kirib, aravani shotisi bilan yelkalarida ko‘tarib turar, Abdurasul buvam esa g‘ildirakni sug‘urib olib, o‘qini maylab, yana joyigi qo‘yar ekan. Arava bilan ho‘l bedaning og‘irligi 450 – 500 kg.dan kam bo‘lmas ekan. Ular xizmatkorlar bilan baravar ishlashar, 10 tanob yerdagi bedani birga o‘rishar ekan”.

Humorbibi Mo‘minboyning bosh xotini (Mo‘minboyning uch nafar xotini bo‘lgan) darajasida yetti o‘g‘il, uch qizning onasi bo‘lib, keyingi kundoshlariga nisbatan uning e’tibori baland bo‘lgan, 109 yil umr ko‘rgan ekan. Humorbibi o‘qimishli, ancha ma’rifatli, duogo‘y, savodxon ayol bo‘lib, badiiy zavqi nihoyatda nozik, Ahmad Yassaviy hikmatlarini yoddan bilar, Navoiy, Fuzuliy, So‘fi Olloyor she’rlarini muntazam o‘qir ekan.

Mo‘minboyning eng yaqin do‘sti, ulfati va qudasi Iso zargar bo‘lib, Sag‘bonning Qo‘shtut guzaridan teparoqda – zargarlar mahallasidan edi. Uning Nuribibi ismli qizi Mo‘minboyning beshinchi o‘g‘li Abdumavlon (Dolimbekning tog‘asi)ning xotini bo‘lgan. Iso zargar ancha badavlat, obro‘-e’tiborli, zargarlik va soatsozlik ilmini mukammal egallagan hunarmandlardan bo‘lgan, shu bilan birga, Norbekning ham ulfati va yaqin do‘sti edi. Dolimbek buvamning aytishlariga qaraganda, Buxoro amiri Muzaffarning katta osma soati buzilib qoladi va uni buxorolik birorta soatsoz usta tuzata olmaydi. Buxoroda ham soatsoz va usta zargar sifatida tanilgan Iso zargarni Amir Muzaffar soatini tuzatishga chaqirtirganlar va bir oy davomida amirning soatini tuzatib bergan. Iso zargar amir saroyida bo‘lganida, Muzaffarxon hashamatli saroyida Buxoro zargarlaridan birining oltindan ishlangan o‘ta noyob ishini unga ko‘rsatadi. Iso zargar amir ko‘rsatgan ancha katta va hashamatli oltin ko‘rani qo‘llariga olganda, birdan qo‘llari tepaga ko‘tarilib ketadi. Bu holatni kuzatib turgan amir hayron bo‘ladi va sababini so‘raganda, Iso zargar bir oz o‘ylab:

– Usta-zargarning bir qoshiq qonidan kechsangiz, buning sababini aytaman, – debdi.

– Kechdim, – debdi amir.

– Men bu kattalikda oltindan ishlangan bunday hashamatli ko‘raning og‘irligini hisobga olib ko‘targan edim. Nazarimda ko‘ra juda og‘ir ko‘ringan edi. Ammo ko‘ra ancha yengil ekan, ya’ni ichi bo‘sh, g‘ovak ekan. Shuning uchun qo‘llarim tepaga ko‘tarilib ketdi, – debdi Iso zargar.

Shu payt amir jahl bilan:

Jallod! – deb baqiribdi.

Iso zargar:

– Amir hazratlari, bundan sal oldin usta zargarning bir qoshiq qonidan kechgan edingiz, – deb uning va’dasini eslatibdi va amir bir oz jahldan tushibdi. – Bu ko‘ra sarf bo‘lgan oltinga nisbatan bir necha barobar qimmat, katta mahorat bilan ishlangan, ustaning noyob san’atiga, did va iste’dodiga tan berish kerak, – debdi Iso zargar.

Iso zargar o‘z kasbini san’at darajasida biladigan, iymon-e’tiqodli, diyonatli boy-badavlat kishilardan bo‘lgan ekan.

Bobokalonimiz Norbek Haytabek o‘g‘li tarixiga qaytaylik.

Nisbatan katta boyga quda bo‘lishning o‘ziga yarasha mas’uliyati, o‘ta nozik tomonlari ham bo‘ladi. Xalqimizda “Qudachilik – mingyilchilik” degan naql bor. Muhammadamin shunday og‘ir vaziyatda qolgan otasi Norbek Haytabek o‘g‘liga yillar davomida jamg‘argan ming tilla pulni topshiradi (bu o‘sha davrda ancha katta mablag‘ edi). Dolimbek buvamning aytishlariga qaraganda, bundan qattiq mutaassir bo‘lgan Norbek o‘g‘li Muhammadaminbek atrofida yetti marta aylanib, Allohdan iltijo qilib, uni duo qilgan ekan. To‘y ham bo‘lib o‘tdi. Muhammadaminbek bu birinchi oilasi Marziyabibidan Dolimbek va Mastura ismli bir o‘g‘il va bir qiz ko‘radi. Amakilarimning aytishiga qaraganda, Masturani keyinchalik Muhammadaminbek O‘g‘iloy singlisining o‘g‘li Toshmuhammadqoriga (qarindoshlar Toshqori pochcha deyishar ekan) uzatadi. Ulardan Mupovvaza, Musbohiddin va Salohiddin ismli bir qiz va ikki o‘g‘il dunyoga keladi.

Norbek uyida Mo‘minboyning uyidagidek to‘kin-sochin hayot yo‘q, yeyish-ichish, kiyim-kechak, mehmon-izlom va boshqa tirikchilik zaruriyatlari ham hisob-kitobli edi. Ammo sabr-toqatli Marziyabibi oilasidan, turmushidan biror marta shikoyat qilib yoki nolib uyiga bormadi. Kunlardan bir kun otasi Mo‘minboy Marziya yolg‘iz qolganda:

– Qizim, sog‘liqlaring yaxshimi, oilang tinchmi, tirikchiliklaring qalay? – deb so‘raydi.

– Ada, rahmat, sog‘-salomatman, qayin otam, kuyovingiz yaxshi odamlar, biror marta menga qattiqroq gapirishganini bilmayman. Ammo tirikchilik tashvishlaridan qudangiz ham, kuyovingiz ham juda qiynalib ketdi: topgani boshiga yetsa, oxiriga yetmaydi. Yaxshiyam to‘yimda ko‘proq sarpolar qilgan ekansizlar, o‘shalarni kiyib tugatayapman. Xudoga shukur, opa-singlim, aka-ukalarim ancha badavlat bo‘lib ketishdi, men esa qo‘l uchida tirikchiligimni o‘tkazyapman, – deb ko‘ziga yosh oladi Marziya.

– Bay, bay, bay! Shunday degin, men bilmay yurgan ekanman. O‘zing ham biror marta bu haqda og‘iz ochmading, xafa bo‘lma, qizim, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, – deb tasalli beradi otasi.

Ushbu suhbatdan keyin Mo‘minboy shahar ichidan – Chig‘atoy darvozasiga yaqin Jarariqdan 35 – 40 so‘tikli shinam bog‘ hovli katta imoratlari bilan (bu bog‘ buzilib ketgan, hozirgi metroning “Tinchlik” bekatiga yaqin joyda, sho‘rolar davrida 40 – 50 yil davomida “O‘qituvchilar oromgohi” – dam olish uyi bo‘lgan), Chig‘atoy darvozasiga yaqin Chimboydan – shahar tashqarisidan 5 tanob yer, bolaxonali uy qo‘rg‘oni bilan, shahar ichidan biri Chorsuda, ikkinchisi Eski Jo‘vada joylashgan ikki katta do‘konni mollari bilan bir-ikki oy davomida kuyovi Muhammadaminbekka qonunlashtirib xatlab beradi va Norbek oilasi ham tirikchiligini ancha o‘nglab oladi. Keyinchalik Marziyabibi o‘zi va erining minnatdorligini otasiga izhor etadi. Bu yer-suvlar, bog‘-rog‘lar, do‘konlar uzoq yillar davomida Muhammadaminbek va uning farzandlari ixtiyorida bo‘lgan, hovlilarni ancha obodonlashtirishgan. 1920-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab sho‘ro hukumati ularni birin-ketin tortib oladi, egalarini esa “haqsiz” deb hukm chiqaradi va turli siyosiy ayblovlar hamda bo‘htonlar bilan Rusiyaning eng chekka va sovuq o‘lkasi – Sibirga surgun qiladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, To‘ychiboyning kenja o‘g‘li – Mo‘minboyning ukasi Yo‘lchiboy ham ancha tadbirkor, yangilikka intiluvchi boylardan bo‘lgan ekan. U 1890-yillarning oxirida Amerikaga borib, paxtaning amerika navi chigitlarini yashirin holda olib kelgan va Toshkentdagi seleksiya bazasida mahalliy paxta navi bilan chatishtirib, tolasi nisbatan uzun va ancha sifatli yangi nav yaratgan, o‘zining Damachi, Kelesdagi yerlariga ekib, katta hosil olgan ekan. Yo‘lchiboy To‘ychiboy o‘g‘li 1900-yillar boshida Keles daryosidan Zaxariq kanali chiqarib, Damachi cho‘llarini o‘zlashtirishga bosh bo‘lgan. Yo‘lchiboy 1907 yilning yanvaridan Toshkent shahar II Davlat Dumasiga saylangan va deputat sifatida asosan irrigatsiya, gidrotexnika inshootlarini loyihalash va qurish, yer hamda suvdan oqilona foydalanish, sanoat, moliyaga oid qonunlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-uzoq-moziyga-bir-nazar-haytabek-va-norbek-2-qism-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x