Sulola. Dolimovlar shajarasi. “Muallimlar jamiyati”


Post Views:
69

1916 yil o‘rtalarida Munavvaqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy hamda aka-uka Komilbek va Karimbek Norbekovlar hamkorlikda “Muallimlar jamiyati”ni tashkil etadilar. Jamiyatning asosiy maqsadi iqtidorli yoshlarni taraqqiy etgan chet el oliy o‘quv yurtlariga yuborish, Vatanimizda kelgusida ochilajak oliy o‘quv yurti uchun zamonaviy oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassis pedagoglar tayyorlash, jadid maktablari tashkil etish va ular uchun darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar nashr etish edi. Bu jamiyat shunday ulug‘ maqsadlarga bag‘ishlab bir necha majlislar o‘tkazadi. “Turk eli” gazetasi yozishicha, mana shunday yig‘inlarning eng e’tiborlisi 1917 yilning 24 sentyabrida yakshanba kuni kechqurun Munavvarqori Abdurashidxonov mehmonxonasida o‘tkaziladi. U o‘z uyida uyushtirgan “milliy ziyofat”ga yuz kishini maxsus da’vatnoma bilan taklif etadi, unga 60 kishi chamasi “da’vatga ijobat qilib”, ziyofatga tashrif buyuradilar. Ziyofatda Ozarbayjondan kelgan atoqli pedagog, ma’rifatparvar Muhammadamin Afandizoda ham qatnashib, nutq so‘zlaydi: “Men bu ziyofatni “Muallimlar jamiyati” qanday maqsad ila yasag‘onligining avvalidan xabardor emasman, lekin bu jamiyat tuzulishidin olib, muqaddas xidmatlar ishlab kelg‘onligidan va minba’d ham shunday xidmatlar ila mashg‘ul bo‘lmog‘iga tamom qanoat hosil qilg‘onligimdan siz – muhtaram ag‘niyolarimiz va ahli himmatlarimizni shul jamiyatga yordam qo‘llaringizni cho‘zmoqg‘a taklif qilaman. Yashasun fidokor muallimlar va yashasun ularg‘a yordam qilmoqni lozim bilgan musulmon qardoshlar!”

Bu “Milliy ziyofat”ni tashkil qilganlar ham, unda ishtirok etganlar ham nafaqat Toshkand shahrining, balki butun Turkiston o‘lkasining ulug‘ hurmat va e’tiborga loyiq kishilari, Millat, Vatan, ma’rifat fidoyilari edilar. Ular millatning porloq kelajagi uchun mollarinigina emas, jonlarini ham fido qilgan shaxslar edi, ularning barchasi sho‘ro qatag‘onlarining qurboni bo‘ldilar. Hozir xalqimiz ularning ko‘plarini bilmaydi, lekin ularning biz uchun, kelgusi avlodlar uchun muqaddas ismi shariflarini bo‘lsa ham yozib qoldirishga burchlimiz: “Munavvarqori janoblaridan so‘ngra oning so‘zini taqviya qilib, bir necha kishilar tarafidin nutqlar so‘ylandi. Bundan so‘ng iona qilmoqni xohlag‘an kishilarni ro‘yxat qilindi. Hurmatlular:

Beshog‘och daha qozisi Mulla To‘raxo‘ja Eshon maxdum .. 200 so‘m (rubl).
Shayxovand Tahur daha qozisi Mulla Abdulvohidqori hoji … 100.
Mulla Ashrafxon Eshon qozi … 50.
Mulla Xayriddinxon Eshon va Mulla Nusratxon Eshon … 100.
Said Muhammad Aminbek Xudoyorxonof … 25.
Shahar boshlug‘i janob Said Islombek Xudoyorxonof … 100.
Said Shahobiddinxon Tojiddinxon Eshon o‘g‘li … 300.
Mulla Koshifxon domla Orifxon Eshon o‘g‘li … 200.
Mulla Siddiq Oxund … 100.
Boboxon to‘ra … 100.
Abduvali hoji Abdulmalikboy o‘g‘li … 400.
Mulla Xo‘ja Ahmad Sherahmad o‘g‘li … 600.
Mulla Oxundjon Abdurahmon o‘g‘li … 100.
Abdurasulhoji Abdumavlon qori o‘g‘li … 200.
Odilhoji Karimboy o‘g‘li (chimkentlik) … 100.
Mulla Normuhammadxon to‘ra Muhammad o‘g‘li … 300.
Mirmahmud hoji Mirrajabboy o‘g‘li … 100.
Shoh Abdumavlonqori Nabixon o‘g‘li … 100.
Toshhoji Tuyoqboy o‘g‘li … 50.
Mulla Mirmaqsud Mirhodiboy o‘g‘li … 300.
Said Ahmadxo‘ja hoji Sulaymonxo‘ja o‘g‘li … 50.
Tojixo‘ja Eshon … 50.
Nuriddinbek Xudoyorxonof … 100.
Mulla Muhammad Tohirjon Shokirjon o‘g‘li … 200.
Shayxovand Tahur daha boshlug‘i Kattaxo‘ja Eshon … 50.
Mulla Ilhomjon In’omjon o‘g‘li … 100.
Mulla Komilbek Norbekof … 100.
Mulla In’omjon Ahmadjon o‘g‘li … 100.
Mulla Karimbek Norbekof … 100.
Mulla Ibrohimjon birodaron Mirhidoyatoflar … 200.
Mulla Nu’mon Akramhoji o‘g‘li … 200.
Mirtohirhoji va Mirabdulla Mirsharofoflar … 200.
Abduxalil va Tursun Muhammad Abdulhakim o‘g‘illari … 200.
Mulla Tohirjon afandi … 100.
Mulla Abulqosim Ziyomuhammad o‘g‘li … 100.
Mulla Otajon Nazirxon o‘g‘li … 100.
Mulla Said Akram Mulla Sulton o‘g‘li … 25.
Mulla Said Abdulla Saidkarimboyef … 100.
Mulla G‘anixon Homidxon Eshon o‘g‘li … 25.
Nizomiddin Asomiddin xo‘ja o‘g‘li … 10.
Bashirulloxon Asadullaxo‘ja o‘g‘li … 25.
Mirkamol hoji Mirali hoji o‘g‘li … 25.
Mulla To‘xtajon afandi … 25.
Foziljon Validof … 25.
Mulla Yunus Tuyoqboy o‘g‘li … 25.
Mulla Abduvohid Abdurasul hoji o‘g‘li … 25.
Yakun: 5585 so‘m (rubl).

Bu afandilardan muhtaram Komilbek va Karimbek Norbekof afandilar tezda o‘z xonalarida shunday bir “milliy ziyofat” yasab, iona yig‘ib bermoqg‘a va’da qildilar”.

Munavvarqori o‘z nutqida shaharning e’tiborli kishilarini, ma’rifatli boylarini millat, Vatan istiqboli uchun “Muallimlar jamiyati”ga moddiy yordam ko‘rsatishga da’vat etdi. Shundan so‘ng yuqorida ismi shariflari tilga olingan 46 kishi ko‘ngildan chiqarib, imkoniyatlari darajasida bunday xayrli ish uchun jamiyat foydasiga pul berdilar. Gazeta tahririyati katta hurmat va ehtirom bilan ularni nom-banom tilga olgan. Bular orasida sho‘ro qatag‘oni qurbonlari Komilbek va Karimbek Norbekovlar ham bor edilar. Aslini olganda, yuqorida ismi shariflari tilga olingan millat fidoyilarining hammasi qatag‘onga uchragan edi.

Bu yig‘inda jamiyat uchun iona qilingan 5585 so‘m (rubl) mablag‘ asosan iqtidorli yoshlarni chet el oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga sarf etilajagi ta’kidlanadi. Munavvarqori ibn Abdurashidxon yakunlovchi nutqida bu mablag‘ “Muallimlar jamiyati” ehtiyojlariga, usuli jadid maktablari uchun darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari nashr etish va boshqa ehtiyojlariga ham ajratilishi kerakligini aytib o‘tadi. Gazetaning yozishicha, Toshkentning ma’rifatli boylaridan Mulla Tohirjon Shokirjon o‘g‘li “Oliy bir maktab” ham qurib berajagini aytadi. Jamiyat bunday ulug‘ maqsadlarga bag‘ishlab bir necha majlislar o‘tkazishni rejalashtirdi. Tilga olingan maqolada aytib o‘tilganidek, keyingi “milliy ziyofat” Komilbek va Karimbek Norbekovlar rahbarligida ularning Sag‘bondagi mehmonxonalarida o‘tishi kerak edi, kuni ham belgilangan, da’vatnomalar ham tayyorlangan edi. Afsuski, bir-bir yarim oydan keyin sodir bo‘lgan inqilob deb atalmish ur-yiqitlar, vahshiyliklar tufayli millat istiqboli uchun bunday xayrli ishlarni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmadi, nafaqat Norbekovlar, barcha millat va ma’rifat fidoyilari ham qattiq ta’qib ostiga olindilar.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-muallimlar-jamiyati-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x