Sulola. Dolimovlar shajarasi. 6-qism. Norbekovlar matbaasi


Post Views:
27

O‘tgan asrning 10-yillaridan boshlab, oilalari kattalashib qolgan uch aka-uka Dolimbek, Komilbek va Karimbeklar otalari Muhammadaminbek hoji maslahati bilan Sag‘bondagi joylarini alohida-alohida uch hovliga bo‘lib, butunlay yangitdan imoratlar qurdiradilar. Karimbek va Komilbek hovlilaridagi yangi uylarni o‘sha vaqtda mashhur bo‘lgan Toshkentning sinchkor ustalaridan Nabi usta quradi. Katta gulzor hovli ichkari va tashqari qismlardan iborat bo‘lib, alohida mehmonxonalar bino qiladilar, maxsus xonalarni yevropacha mebel bilan jihozlaydilar. Ikkala oila uchun qurilgan hovli-bino bir xilda edi. Bulardan tashqari, Karimbek va Komilbekning Toshkentning Yangi shahar – o‘rislar yashaydigan qismida ham qo‘ralari bo‘lgan. Ko‘p hollarda Moskva, Peterburg va chet ellardan kelgan sheriklari, mijozlari va hamkorlarini, asosan, shu yerda kutib olishar va ularga bir necha kun bemalol ishlashlari va yashashlari uchun yaxshi sharoit yaratib berishar edi. Shaharning ruslar yashaydigan qismida bunday qo‘ralar hamma o‘zbek yirik boylarida bo‘lgan (Oybekning “Qutlug‘ qon”, CHo‘lponning “Kecha va kunduz” romanlarini eslang).

Muhammadaminbek hojining birinchi xotini Marziyadan bo‘lgan, nisbatan kambag‘alroq o‘g‘li Dolimbek qo‘li kaltaligi tufayli ukalari bilan barobar qurilish boshlay olmadi. Oilasi ancha kattalashib qolgani uchun otasi uni bo‘lak qilib qo‘ygan edi. Har holda, katta boylikka ega bo‘lgan aka-uka Komilbek va Karimbeklar nisbatan kambag‘alroq bo‘lgan o‘gay akalari Dolimbekni o‘z ishlariga ko‘pda aralashtirmaganlar. Muhammadaminbek hojining 1892 yilda tug‘ilgan kenja farzandi Abdurahmonbek esa jisman zaifroq bo‘lib, ota-onasi bilan birga yashar edi. Uni akalari uzoq muddat Qrimdagi eng e’tiborli sanatoriylarda davolatishgan, hatto Istanbulda o‘qitishgan, ammo uning o‘qishga ham u darajada iqtidori bo‘lmagan, ko‘rinadi: o‘qishni tashlab kelgan.

1914 yilning 4 aprelidan Toshkentda Turkiston ziyolilarining eng sevimli nashrlaridan bo‘lmish “Sadoyi Turkiston” gazetasi Karimbek Norbekovning yaqin do‘sti, birinchi o‘zbek zamonaviy yuristi Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (1885 – 1938) muharrirligida Norbekovlar matbaasida nashr etila boshlandi. Gazetani tashkil qilish, uni iqtisodiy jihatdan: katta hajmda qog‘oz, bo‘yoq, harflar va boshqa anjomlar bilan ta’minlash Komilbek va Karimbek Norbekovlar zimmasida bo‘lgan, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan maqolalari bilan gazeta sahifalarida qatnashib turganlar. Karimbek o‘zining “Bizim yoshlarga milliy tarbiya” maqolasida yoshlar tarbiyasiga millat va milliyat masalasi nuqtai nazardan qaraydi. Muallif qalbini ezgan narsa millatdoshlarining xoru zalolatda, faqirlikda yashashlari milliy iftixor-g‘ururning yo‘qligida, haq-huquqlarini bilmasliklarida va ayniqsa ularning ilm-ma’rifatdan mahrum etilganliklarida edi. Mana, uning mazkur maqolasidagi dil so‘zlari: “Qarindoshlar! Bu tarbiya esa bolalarimizni millatimizning sha’n va sharafin saqlaydurgon darajada qilib o‘qutmakdur. Shar’i sharafimizning buyurishiga binoan bolalarimizni o‘qutmoq barcha musulmon qardoshlarga farzdur. Bolalarin o‘qutmay qoldirgani uchun ota-onalar ayblidurlar. Islom shariatida o‘qushdan qaytmoq uchun hech bir uzr yo‘qdur. Shunday bo‘lsa, barchalarimiz bolalarimizni yoshlikdan o‘qutib, kelajakda nomusli, tarbiyali va millatni suyuvchi bir inson bo‘lishlariga harakat qilayluk! Ey qarindoshlar! O‘ylab ko‘ringiz; o‘qumagan bolalar tavfiqsiz bo‘lurlar, ota-onaning qadrini bilmaslar, ulug‘larga ta’zim va kichiklarga shafqat qilmaslar, so‘ngra yomon ishlarga kirib, ichkilik, qimor va shunga o‘xshagan harom ishlardan qaytmaydurg‘on bo‘lub, bora-bora o‘zlarining islom dinida yashaganlarin ham bilmay boshlarlar. Hurmatlularim! Ibrat ko‘zlaringizni ochib qarasangiz, shoyad, ko‘zlaringizdan mildirab yoshlar to‘kilur. Chunki tirikchilik jihatidan qarag‘anda, bizim musulmonlar yig‘lanadurg‘on va achinadurg‘on bir holdadurlar. Masalan, qorovulchi, oyliqchi, yilliqchi, tashishkachi, hammolchi va boshqa shunday oz oqcha va qattig‘ mehnat ila ko‘blari umr o‘tkaradurlar. Qisqasi, qaydag‘ina qarasangiz, bizning musulmonlarning yosh va qarilari boshqalarning quli manzilasida bo‘lub xizmat etmoqdadurlar. Ushbularning hammasin bosh sababi o‘qumag‘onliq va milliy tarbiyasizlikdur. Qarindoshlarim! Yana sof ko‘ngillaringiz ila bizim yoshlarga qarangiz. Bizim yoshlar yoz va qish demay, doim samovarchilikda qolib, bekorchilik va safsata sotishdan bo‘shamaydilar. Hurmatlu ota-onalar! Joningizdan aziz farzandlaringizni shunday bo‘lishlariga ko‘ngillaringiz aslo rozi bo‘lmasa kerak, balki har qaysingiz yaxshi bo‘lishlarini xohlaysiz. Bularni yaxshi qilish yangi maktabda o‘qush ilagina bo‘ladur. Hurmatli qarindoshlar! Hollarimizga tushunib qarayluk. YAqinda kamina bir ishim bo‘lub, Toshkand “Okrujnoy sud” mahkamasiga borib edim. Kattaqo‘rg‘onlik musulmon savdogarlarning bir katta janjallari ko‘rilur ekan. Mazkur shahardan kelgan yigirma nafarga yaqin guvohlarning har qaysilariga sudlar: “So‘zlagan so‘zlaringiz uchun qo‘l qo‘yingizlar” deganlarida, ul janoblar: “Qo‘limiz yo‘q, yoza bilmaydurgon avommiz”, deb javob berdilar. Bu janoblarning boshlarida katta salla va ustlarida olabayroq choponlar bo‘la turub, o‘z ismlarini ham yoza bilmaganlariga nihoyatda qattiq uyolduk. Shariatimiz jihatidan qarag‘anda, bu ish juda or va nomusdur. Chunki islom shariatida bo‘lg‘on musulmon er ham xotunlarning bilimli va ma’rifatli bo‘lishlari lozimdur. Shunday bo‘lsa, har qaysimiz dinimizning ustimizga yuklagan farzini ado qilganlardan bo‘laylik desak, hech shubhasiz, bukundan boshlab jonimizdan aziz bo‘lgan farzandlarimizni o‘qutaylik. Dunyoda baxtli va oxiratda yuzlarimiz oq bo‘lub, janob Haqning rizolig‘ig‘a yetushmakni xohlasak, bolalarimizni o‘qutaylik, o‘qutaylik va o‘qutaylik!”

Karimbek Norbekov maqolalarida maktab va matbuotga millatni millat qiluvchi, uni taraqqiy etgan xalqlar bilan hamqadam qiluvchi, uning sharafini ulug‘lovchi asosiy vosita deb qaradi. Shuning uchun ham uning ko‘proq amaliy faoliyatida usuli jadid maktablari ochish, matbuotni xalq hayoti bilan bog‘lash hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-6-qism-norbekovlar-matbaasi-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x