Soʻzga xasis adib

Bundan necha yillar oldin Anvar Obidjon ikkovimiz Said Ahmad domlani yoʻqlab uyiga borganimizda, u kishi shunday hazil qilgan edi:

– Biz uch ogʻayni burundoshlarmiz. Jahondagi mamlakatlardan birontasining loaqal ikkitagina burundor yozuvchisi yoʻq. Ana, rus adabiyotida bitta Gogol bor xolos. Shuning uchun u suratida boshini egi-i-b, yerga qarab turadi. Yolgʻizlikdan oʻksiydi-da bechora! Senlar esa boshingni baland koʻtarib yur! Ijod bilan astoydil shugʻullaninglar!

Toshkentda yashayotganidan buyon Anvarjon ukam Said Ahmad akamizning maslahatlariga amal qilib, u kishining topshiriqlarini ikki yuz foyizga bajardi. Fargʻonada yashab, ishlab yurganida hech kimga koʻrsatmay koʻp yozib, taxlab qoʻyaverib, rekord natijaga erishgan ekan, Toshkentga borganidan soʻng koʻp kitob chiqarish boʻyicha tengdoshlari orasida chempion boʻldi. Hozirgacha ellikka yaqin kitobi bosilib chiqdi (sahnalashtirilgan pyesalari, publitsistik maqolalari, ekranlashtirilgan filmlari bu hisobga kirmaydi). Bu yiliga kamida bir yarimtadan kitob chiqardi degani boʻladi. Yoʻq, u oʻz asarlarini eʼlon qilish uchun nashriyotlarni bezovta qilavermaydi. Aksincha, ular ukamning ortidan yurib, yangi yozganlarini soʻrab olishadi. Chunki uning yozganlari bolalar uchun ham, kattalar uchun ham birday qiziqarli, dolzarb va yangi.

Anvarjon Oltiariqda tugʻilib voyaga yetgan yigit. Shundan boʻlsa kerak, uning yozganlari turpdek kuvrak, dirkillagan bodringdek mazali, uzumdek shirali.

Oʻzi aytgani kabi, ijodining eng katta qismini bolalarga atalgan sheʼrlar, dostonlar, hikoyalar, pyesalar tashkil etadi. Ularning barchasi bolalarbop, yoshi, ruhiyati, qiliqlari, soʻzlash tarzi toʻla mos keladi. Toʻgʻrisi, bolalarga atalgan yaxshi kitoblar kamligi, oʻzbek bolalar adabiyoti kattalarnikidan ancha orqadaligi, eng muhimi, bolajontabiat boʻlganligi, ularning psixologiyasini yaxshi bilganligi ukamni shu yoʻlni tanlashga undadi.

Adib taʼkidlaganidek, aslida oʻzbek bolalar sheʼriyatining ildizi ancha chuqur. Nasrda mazmun, nazmda matn yodda qolishini ajdodlarimiz qadim zamonlardayoq yaxshi anglab yetganlar. Shuning uchun maqol, matal, topishmoq va bolalar aytimlarining aksariyatini qofiyadosh qilib aytishgan.

Xalqimizning ana shu bebaho xazinasidan foydalanib, Anvarjon ham bolalarga hazmi yengil, mazmuni chuqur sheʼrlar yozishga kirishdi. Xususan, kichkintoylarga bagʻishlangan sheʼrlarini sodda tilda yozdi, hayvonlar, narsa va buyumlarni oʻz tilidan gapirtirdi. Yana bolalar adabiyotida gʻazal janrini ham tiriltirdiki, bu endi kichkintoylarni quvontirganidan tashqari, mumtoz adabiyotimizning oʻlmas namunalariga mehrini orttirdi, ularni ifodali oʻqishga ham oʻrgatdi. “Bulbulning choʻpchaklari” turkumidagi gʻazalchalar bunga yorqin misoldir.

Anvarjon xayoloti nihoyatda keng, chuqur va uchqur, fantaziyasi gʻoyatda kuchli yozuvchi. U hamma narsada goʻzallik va yaxshilikni koʻradi, narsa-predmetlar, hayvon-u hashoratlar fikrini uqib, undan oʻziga tegishli gʻoya topa oladi va oʻquvchilarga aytib berish yoʻllarini izlaydi. Ukamning dastlab egallagan kasbi moliyachi-buxgalter boʻlganligidan hamma narsaga tejamkorlik bilan qaraydi. Bu tejamkorligini puliga, roʻzgʻoriga emas, asosan ijodga tadbiq qiladi. U, ayniqsa, soʻzga juda xasis! Yozaveradi, oʻchiraveradi, yozaveradi, oʻchiraveradi. Iloji boricha, bitta-ikkita soʻzdan olamjahon maʼnoni anglatadigan asar yaratishni oʻylaydi va buning uddasidan chiqmaguncha tinchimaydi.

Ishonmasangiz, bir satrlik “Ignabarg sheʼrlar”, ikki qatordan iborat “Fardlar”, uch misralik “Uchchanoqlar”ni oʻqing! Ularda shoir ishlatgan sanoqli soʻzlar haddan ziyod keng va chuqur maʼno anglatadi. Natijada u badiiy tasvirda hotamtoy, bagʻri keng, soʻzga esa Balzakning Gobseki, Gogolning Plyushkini yoki Qodiriyning Solih mahdumidek xasislik bilan yondashadigan adib boʻlib yetishdi. Uning gʻoyaviy niyatini tushunish, his qilish uchun oʻquvchi ham juda katta bilimga, yuksak saviyaga ega boʻlishi kerak. Masalan, toʻrtta soʻzdan iborat “Qarmoq solsam, kulfat ilindi” degan ignabarg sheʼrini olib koʻraylik. Mabodo, shu mavzu-muammo boshqa bir ijodkorning qoʻliga tushsa, u shubhasiz, “Suvga (yoki hovuzga) qarmoq solsam, Baliq emas, kulfat ilindi” deb yozgan boʻlardi. Ukam esa suvni ham, baliqni ham xayoliga keltirgani yoʻq (aslida qarmoq baliq ovlash quroli sifatida suvga solinishini juda yaxshi bilsa ham). U insonning koʻngliga qarmoq solyapti, undan esa baliqdek tipirchilab turgan hayajon, shodlik emas, ivildiriqlari chirib ketgan qaygʻu-kulfat ilinib chiqyapti. Dod deb yuborasiz!

Xohlasangiz, boshqa ignabarg sheʼrlari, fardlari yoki uchchanoqlaridan ham misollar keltirib, ularning mazmun-mohiyati haqida talay mulohazalar aytishim mumkin. Ammo, ortiqcha vaqt va qogʻoz sarflab oʻtirmay-da, yaxshisi, ularni oʻzingiz oʻqib maza qiling, fikrlang!

Anvarjonning “Ajinasi bor yoʻllar” nomli biografik asarini oʻqib, miyamga “Men ham bolaligim, yoshligim haqida yozsam boʻlarkan” degan fikr keldi. Chunki, Anvarjon bilan deyarli bir davrning odamlarimiz. Hayot yoʻllarimizda uchragan quvonchu tashvish, shodligu anduhlar bir-biriga oʻxshash.

Lekin ularni shunchaki aytib berish bilan badiiy hikoya qilish orasida yer bilan osmoncha farq bor. Voqealarni saralash, ular zimmasiga gʻoyaviy yuk orta bilish – bu endi mendek qalami ojiz bir tanqidchining qoʻlidan kelmasa kerag-ov! Har kim oʻz ishini qilgani yaxshi. Oʻz hayotida boshidan kechirgan katta-kichik, muhim-nomuhim, kerakli-keraksiz voqea-hodisalarni saralash, uchratgan odamlar xarakterining oʻziga xos tomonlarini ajrata olish, soʻz tanlay bilish va badiiy tasvirlay olish haqiqiy sanʼatkor yozuvchining qoʻlidan keladi. Anvarjon ukam bu qiyin ishning uddasidan chiqa olgan. Faqat qoyil deyman!

Xullas, ukamning ijodi haqida soatlab gapirishim mumkin. Lekin, muxtasar qilib aytsam, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Said Ahmad singari buyuk ustozlarni pir tutib, ularning izidan borayotgan, anʼanalarini yangicha tarzda davom ettirayotgan, “Soʻz qolip, fikr uning ichiga quyilgan gʻisht”dek pishiq va sifatli boʻlishi uchun astoydil urinayotgan, Qodiriy domla taʼbiri bilan aytganda, “Soʻz soʻylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha lozim”ligini bilib qalam tebratayotgan isteʼdodli adib Anvar Obidjonga ana shu ustozlarning adabiyotdagi obroʻsi, shon-shuhrati, uchovlarining yoshini qoʻshib hisoblaganimizda hosil boʻladigan umrini tilayman.

Qalamingizning shashti va shiddati hech qachon susaymasin, ukajon! Sizning yutuqlaringizdan quvonib yurish bizga ham koʻp yillar nasib etsin. Omin!

 

Yoʻldosh SOLIJONOV,

professor (FarDU)

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sozga-xasis-adib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x