Mamlakatda birlashma[1] tuzumi oyoqqa turgunicha bir shirkat tuzilib, bir buzilib, bir artel tashkil topib, bir barbod boʻlib; el-ulus ne qilarini bilmay gangib qolgan yillari qoʻsh hoʻkizi yo qirchangʻi choʻviri bor kishilarning peshonasiga boy tamgʻasi bosilib, mudarris tugul, “Haftiyak”ni oʻqib-oʻqiy olmaydigan “savodxon”larning boʻyniga laʼnat tamgʻasi osilib turgan kezlari shoir boʻyinbogʻ taqqan bir qizil ayaqdan[2] soʻrabdi:
– Men tushuna olmay turibban. Nima boʻlajatir oʻzi?
– Yaxshi boʻlayapti, shoir bobo. Boylarni sinf sifatida tugatmoqchimiz.
– Bu nima deganing?
– Boyman deganning mol-mulki talon qilinib, oʻzi…
– Ha, hammani birday kambagʻal qilmoqchimiz degin?
– Xuddi shunday.
– Oʻqimishli kishilarning qismati nima boʻladi?
– Ularning ham kallasini salla-pallasi bilan qoʻshib…
– Nima qilmoqchisizlar?
– Qamaymiz. Sibirga surgun qilamiz.
– Meni hammi? (Shoirning oʻzi ham ulamo boʻlgan)
– Yoʻq. Siz shoirsiz. Hali bizga, shoirlar ham qatliom qilinsin, degan buyruq kelganicha yoʻq.
– Mullosiz, mudarrissiz mamlakatning hayvonot olamidan nima farqi bor?
– Unisini bilmadim, shoir bobo.
– Bilasan, bilasan. Hammasini bilasan. Undan koʻra, barchani birday koʻr-savodsiz qilmoqchimiz, desang-chi?
– Albatta shunday qilamiz.
Shoirning nafasi ichiga tushgandan-tushib, tana-toʻshida qonlari uyushib, oʻzini xoʻrlanganday, haqoratlanganday sezib, bu bezkaltak bilan gaplashishdan bezib qochgani joy topolmay qolibdi. Soʻngra:
– Aytganday, men sendan yana bir narsani soʻramoqchi edim. Endi chiporon qilish ham qatagʻon qilinadi deb eshitdim. Shu tuvrima?
– Toʻgʻri, shoir bobo, toʻgʻri.
– Nimasi toʻgʻri?
– Bolakaylarning qoʻlini halollash ham dindorlarning ishi.
– Ishtonning ichidagi narsaga aralashgan siyosatni birinchi bor eshitib, birinchi bor koʻrib turganimiz. Bu siyosat – siyosat emas. Bu – satang xotinlarning ishi. Satang xotinlar esa birgina oʻsma-surmaminan, yasama yasan-tusanminan, soxtalikminan tirik.
Kuygandan kulli balo chiqadi, deganlariday raiyatning qiyindan-qiyin, mushkuldan-mushkul bir ahvolda qolganidan, mamlakatdan qut-barakaning koʻtarilganidan diltang boʻlgan shoirning soxta siyosatga til tagizib, tupurib turgani:
Ne uchundirkim bu elda
saodat soxtadin soxta,
Xiyonat avjida, yorab,
diyonat soxtadin soxta.
Izzat-ikrom, hayo, mehru
oqibat soxtadin soxta.
Iltijolar ijobatsiz
ibodat soxtadin soxta.
Soʻfiylari soʻgʻon yerlar
tariqat soxtadin soxta.
Tabib riyo, hakim badnafs
tabobat soxtadin soxta.
Oʻzin bilmas xotin-qizda
nazokat soxtadin soxta.
Halol – abgor, harom – gʻolib
tarovat soxtadin soxta.
Onang puldir, otang puldir
tijorat soxtadin soxta.
Fozil ham tamagir banda
kitobat soxtadin soxta.
Qalam ahli riyozatda
hikoyat soxtadin soxta.
Jafokash dehqondin oʻzga
tumonat soxtadin soxta.
Qozi fatvosi, shoh hukmi
nihoyat soxtadin soxta.
Taxtiyu toji, tugʻrosi,
saltanat soxtadin soxta.
Toʻra SULAYMON
“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.
[1] Kolxoz.
[2] Aktiv.
https://saviya.uz/ijod/nazm/soxtadin-soxta/