Kattayu kichikka manzur sheʼriyat

Shoir Anvar Obidjonning nomi adabiy jamoatchilikka yaxshi tanish. Yaqinda Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida shoirning “Ketmagil” nomli kitobchasi, OʻzKP MK nashriyotida esa “Bezgakshamol” asari chop etildi. Bu ikki kitobning umumiy mundarijasini belgilaydigan bir xususiyat shundaki, ularga kirgan sheʼrlar yosh kitobxonlarga ham, kattalar uchun ham birday qiziqarlidir. Boshqacha aytganda, sheʼrlarda tasvirlangan hayot bola nigohiga ham, kattalarning salmoqli fikr-oʻylariga ham yetarli maʼnaviy ozuqa beradi.

“Ketmagil” kitobining mavzu diapazoni katta. Unda shoirning ona-Vatan haqidagi, doʻstlik va ezgulik, yaxshilik va samimiyat, sevgi va vafo toʻgʻrisidagi poetik oʻylari jamlangan. Mazkur sheʼrlarning xarakterli belgisi shundaki, ularda shoir narsa va hodisalar haqida oʻychan, maʼyus soʻzlayotgandek tuyulsa ham, biroq ular haqida fikrlashga, munozaralarga undaydi.

Anvar Obidjon befarq holda qalam tebratmaydi, har bir sheʼrida hayotimizda uchrab turadigan qaysidir xatti-harakat yoki holat sinchikov nazar bilan tahlil etiladi va baholanadi. Kitobda “Uchchanoqlar” sarlavhasi bilan 200 dan ortiq uchlik – jajji sheʼrlar eʼlon qilingan. Oʻzbek sheʼr sistemasi uchun yangilik boʻlgan bu shaklda shoir sezilarli yutuqqa erishgan. Masalan:

 

Hissiyotga berilmay,

Odamlarga koʻrinmay

Yashash ham bir isteʼdod.

Yoki:

Koʻpdir amalning turi,

Amaldorning eng zoʻri

Faqat alik oladi.

 

Koʻrinib turganidek, nihoyatda siqiq – muxtasar misralarda tanqidiy pafos yaqqol koʻrinib turadi va uchlikning kuchli xulosasini hosil qiladi.

“Bezgakshamol” – “Mushtum kutubxonasi” seriyasida eʼlon qilindi. Bu kitobcha Anvar Obidjonning satirik mahorat egasi ekanini yaqqol koʻrsatdi. Devon kabi tartib berilgan (“devon” deb nomlanishi shartli, albatta) bu asarning bosh qahramoni – Usta Gulmat. Kitobga soʻzboshi yozgan Said Ahmad tili bilan aytganda, “Usta Gulmat baʼzan juda quv, baʼzan oʻtaketgan darajada landavur, baʼzan sodda mugʻombir… Undagi mana shu “xislat”lar hajv uchun juda qoʻl kelgan. Shoir Usta Gulmat sarguzashtlarini tasvirlashda bizga maʼlum va mashhur boʻlgan gʻazal shakllari va taniqli ohanglardan ustalik bilan foydalanadi. Shuningdek, hozirgi tilimiz uchun arxaik hisoblangan eski oʻzbek tiligi xos uslub ham shoirga qoʻl kelgan. Chunonchi, bozor taʼrifiga bagʻishlangan muxammasini eslaylik:

 

Rasta tiqin, shovqini jon olgʻuchi erdi,

Bunda birov kissaga qoʻl solgʻuchi erdi,

Anqov kishi hamyonisiz qolgʻuchi erdi,

Bir nashavand chetda dutor cholgʻuchi erdi,

Qopni ochib nayni hazin pufladi morboz.

 

“Ketmagil”, “Bezgakshamol” asarlari sizga manzur boʻlib, kitob javoningizdan oʻz oʻrnini topadi deb oʻylaymiz.

 

Nabijon SOLIYEV,

adabiyotshunos

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kattayu-kichikka-manzur-sheriyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x