Somon yoʻlday toqqa osildi soʻqmoq

 AYOL ZAHMATI

 

– Dol bukib qaddingni, tashiysan pichan,

Ter tomar, poyinga, bilmaysan tinim.

Ruxsat ber onajon, yordamlashay men!

– Bu erkak ishimas, jon qoqindigʻim.

 

Issiq yoz kunlari, kuzak kunlari,

Yogʻilganda qishning oppoq kukuni.

Qishloq ayollari kunu tunlari,

Tashirlar yelkada abad yukini.

 

– Uzatgil paqirni, darvozani och,

Oʻzim suv tashigum erta azondan!

– Yoʻgʻ-e, deydi opam, yonga tashlab soch,

Bu erkak ishimas, azal zamondan.

 

Somon yoʻlday toqqa osildi soʻqmoq,

Osmon nafasidan – jazirama tush.

– Onasi, qizchamni koʻtaray, ozroq.

– Yoʻgʻ-e, yarashmas-ov, erkakka bu ish?

 

Tarqoq bulut aro osmon gumbazi

Oʻz soyasin solgan yonbagʻirlarda,

Qiyindir hammavaqt ayol zahmati –

Sevgi qiynogʻi-yu, tiriklik gʻami.

 

* * *

Qizilcha qoplagan adirdan soʻrdim:

– Qay yoʻsin oʻlchanar erkak qimmati?

– Ayolga ehtirom-la, degandi osmon!

 

– Ne bilan oʻlchanar er qalbidagi

Jasorat, – soʻrdim men qadim dostondan.

– Ayolga ehtirom-la, soʻz qotdi doston.

 

– Qay yoʻsin oʻlchanar, dilda sevgisi

Mardu maydonlarning, er oʻgʻlonlarning?

– Ayolga ehtirom-la, avvalu hamon!

 

* * *

– Aytgil-a, yoshlikda qay olov ichra

Yonmogʻinga roziyding, ogʻa?

– Ayol ishqida!

 

– Andak chap berolmay, qaysi oʻt ichra

Yonmoqdasan, aytgil, hozircha?

– Ayol ishqida!

 

– Soʻyla,

Bundan keyin qay bir oʻt ichra

Yonmoqchisan, umring boricha?

– Ayol ishqida!

– Sen neni shuhratu mukofotdan ham,

Oʻta aziz sanaysan, boʻtam?

– Ayol ishqini!

 

– Nega sen suv kabi quyilding shar-shar,

Nechun boshdan balanddir xanjar?

– Ayol ishqida!

 

– Taqdirga tan bermay, yana ne ila,

Qilgung ishqni abad hilila?

– Ayol ishqi-la!

 

– Rostin ayt, aqlini yoʻqotgan inson,

Yitarsan, ne bilan beomon?

– Ayol ishqi-la!

 

 

ShUNDAY BOʻLGʻUSI

 

O, tenggi yoʻq ayol, seni dafʼatan

Tashlab ketishsalar doʻsti chin, nochin,

Eshitgan hamonoq qoshingga yelgum,

Gʻamu hasratinga sherik boʻlish-chun –

Xizmating qarzdori ham ixlosmanding.

Nur sochding sevgidan, oʻz asrimizda,

Sendan fidoyisi yoʻqdir aslida.

Gʻamginmanmi yoxud quvnoq paytimda,

Koʻrgizib iltifot, berib maslahat,

Koʻproq tushungansan meni oʻzgadan.

Mabodo, boshlansa bu umrim boshdan,

Tushgay izlarimga izlaring yana.

Mening taqdirimda sensan yagona,

Ha, shunday boʻlgʻusi, toki tirikman.

 

 

EZGULIK DEBON

 

Ne-ne bedovlarni uyurdan ushlab,

Egar bostirdim.

Soʻngra uzangiga oyogʻim tirab,

Ona yurtim uzra ot solib yeldim,

Lek, mohir chavandoz boʻla olmadim.

 

Bitdim koʻp ming satr Kavkazda faqat,

Oʻzim madh aylagan, suygan zaminim.

Haqiqiy shoir-ku – paygʻambar sifat,

Zamon soʻylagusi, men shoirmidim!

 

Togʻli erlar bilgan oydin kechada,

Ogʻushi jon olar ayollar borin…

Biroq men shundayin uchratmadim-da,

Ular sehrin aytmoq menga yoʻl boʻlsin!

 

Bir vaqtlar jasorat sanardim oʻzga,

Oʻynoqi satrlar bitmoqni har kun.

Toki sado bersin qoyalar uzra,

Xuddi pishqirganday, koʻpirgan oqin.

 

Endi-chi,

Ehtimol, ezgulik debon,

Yashirmay zamondan nomu daragim.

Koʻpincha qoʻlimga qalam olmayman,

Aslicha qoldirib qogʻoz varagʻin.

 

* * *

Arkadiy RAYKINga

 

Tik turmadi bedov orqa oyoqda,

Chidamay suvliqni chaynamadi ham.

U faqat kulardi tishin oqida,

Vazmin kallasini engashtiribon.

 

Yoli salkam yerga tekkuday, biram,

Toʻriq juda gijing – olovning oʻzi.

Koʻrdimu, oʻy keldi, vallohi alam,

Inson kulgandayin kulardi oʻzi.

 

Kimni oʻyga solmas bundayin holat,

Nazar solmoq boʻldim yaqindan otga.

Koʻrdim.

Yigʻlamoqda.

Kulmasdi ul, ot,

Inson yangligʻ boshin engashtirgancha.

 

Koʻzlari choʻziqroq, misoli yaproq,

Ichi tuman yangligʻ namiqqan edi…

“Agar kularimni istasang, koʻrmoq,

Yaqin kel yoqimtoy, diqqat qil”, dedi.

 

Egamberdi MUSTOFOYEV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/somon-yolday-toqqa-osildi-soqmoq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x