Solihbek oxund


Post Views:
19

SOLIHBEK OXUND (to‘liq ismi Mulla Solih oxund) (1813- 1868) – davlat arbobi, ulamo, mudarris, chor Rossiyasi qo‘shinlariga qarshi Toshkent mudofaasining rahbari. Otasi – Qo‘qon xonligining eng nufuzli kishilaridan biri bo‘lgan, unga dodxoh unvoni berilgan; Toshkent shahrida amalga oshiriladigan ishlarda uning maslahati muhim ahamiyat kasb etgan.

Solihbek oxund dastlab Toshkent maktab-madrasalarida, so‘ng Buxoroda (1832-42) tahsil olib, oxund ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. Sheralixon (1832-44) tomonidan yuborilgan «Muboraknoma»ga muvofiq xon saroyida maslahatchi vazifasini bajaradi, ko‘p o‘tmay Toshkentga qozi va rais hamda Xoja Ahror Valiy, Ko‘kaldosh madrasalariga bosh mudarris lavozimiga tayinlanadi.

Xudoyorxon (1845-58) davrida ham uning mavqei ko‘tariladi. Mallaxon taxtga kelgach (1858-62), Solihbek oxundni Qo‘qonga chaqirtirib «Qozilik va boshqa amallarga» yorliq beradi. Sulton Sayidxon (1863-65) davrida ham xonning yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan. Alimqul shahid bo‘lgach, yakka o‘zi Toshkent mudofaasini boshqaradi. Barcha mablag‘ini shahar muhofazasi uchun sarflaydi. General M.Chernyayev bilan o‘rtada tuzilgan shartnoma ahdlarini tuzishda faollik ko‘rsatgan. Bu shartnoma qabul qilinib, o‘rtada «Ahdnoma» bitilgach, kutilmaganda Chernyayev shartnomani buzib, o‘z xohishiga mos keladigan 2-shartnomani tuzadi. Solihbek oxund unga imzo chekishdan bosh tortadi. Shu sababli 9 nafar sherigi bilan sudsiz Tomsk shahriga surgun qilinadi.

Toshkent shahrining 37 nafar nufuzli kishilari Solihbek oxundni surgundan qaytarish uchun imperatorga «Iltimosnoma» (1867) yuboradilar. Unga qaytish uchun ruxsat berilganligini eshitgan raqiblari odam yollab Solihbek oxundni zaharlab o‘ldirganlar.

Manbalarda Solihbek oxund Xoja Ahror Valiy madrasasini o‘z mablag‘i hisobidan tuzattirgani, Ko‘kaldosh madrasasini ham ta’mirlab, 3 oshiyonlik hujralarini ganch suvoq qildirgani ma’lum. Solihbek oxund ulamo bo‘lish bilan birga kuchli tib olimi va qasidanavis shoir ham bo‘lgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/solihbek-oxund/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x