Sogʻinganing sehrli bir un

* * *

 

MEN SENI

shaffof zarralarda koʻramanmi, deb,

sohilga bordim.

yurak qiynalardi gʻam yutib,

gʻussa egallagan vujudni.

Qumli sohil kimsasiz, izsiz,

oyogʻimni oʻpdi toʻlqinlar –

men oʻzimni yoʻqotib qoʻydim,

dengiz choʻkdi koʻngil tubiga.

 

* * *

 

TOʻLGʻONIB suv keldi, bahra oldi yer.

Undagi urugʻlar qarang, nima der?

 

Yashil soʻzlarini yashirmay aytar,

Bu yashillik mening koʻzimga botar.

 

Toʻlgʻonib suv keldi, sogʻinib keldi.

Buni, hatto, sovuq toshlar-da bildi.

 

Urugʻning nishidan sitilib ketdi.

Koʻpga bormadi u titilib ketdi.

 

* * *

 

KOʻChALARDA yurgan sigʻindi,

tilab-tilab oldi, yigʻindi.

Ketar chogʻi lol boʻldi tamom,

qaysi boru qaysi yoʻq endi?

Faqat suvrat boshqa hech narsa,

na-da boʻshliq va na-da borliq.

Ogʻrindi va yomon sogʻindi,

koʻchalarda yurgan sigʻindi.

 

* * *

 

ChIRKIN uvadani yirtdim va otdim,

Shodlik va baxt haqida soʻzim.

Olis safarlardan hozircha qaytdim,

Mana koʻring, dunyoda u va men – oʻzim.

 

Koʻnglim pishdi. Kuzdagiday hil-hil.

Nurli yorliq. Qalbdan iborat damlar.

Sukunatni buzdi. Qalqdi ul gʻofil.

Qayda qoldi ular – gʻamlar, odamlar?

 

Ogʻzingdan gullama, deyman, oʻzimga,

Boʻgʻzingdan chiqmasin besamar havo.

Oxiri koʻrinyaptimi koʻzimga,

Eshitilyaptiku u – qalandar navo?!

 

Bu hali oxiri emas, ey otliq,

Sening sogʻinganing sehrli bir un.

Shodlik va baxt soʻzi bunchalar totliq,

Qalbimda barq urib ochilding gulgun.

 

* * *

 

ShARQDA quyosh chiqdi yarqirab,

Qoʻshildi zulmatda yurganlar.

Koʻz koʻrdi. Bor borliq tirqirab –

Olov, olov, dedi, turganlar.

 

Janubda koʻkardi gullar, tikanlar,

Ranglar koʻpaydi-da, raqs-jang boʻldi.

Bir taʼmni sezdilar qizigan tanlar –

Suvsiz qaqshaganning holi tang boʻldi.

 

Gʻarbga botdi quyosh. Nurini kertib,

Bir zumda boridan ayirdi.

Quloqlar ostida tanburni chertib,

Ulkan daraxtlarni shamol qayirdi.

 

Shimolda muzladi koʻringan borliq,

Sal bir harakatga chirs-chirs boʻlindi.

Ajib bir gul ochildi, hidi yoʻq.

Faqat tuproq, faqat jim endi.

 

Bahorda yozildi bu yam-yashil sheʼr,

Yozning qizil boʻlishini his qilib.

Bir doʻst sariq kuzni hikmat der,

Qaytish safarini oppoq qish bilib.

 

* * *

 

BUNCHA intiq boʻlib kimni kutganding,

Koʻzingga sanchildi sariq savollar?

Gʻoʻr bolaning yoshidan oʻtganding,

Suhbatdoshing edi bolalar, chollar.

 

Bori avvalgidek, bori oʻshadir,

Takror eshitsangda, eshitging kelar.

Dunyo dunyo ekan haddan oshadir,

Voz kechsangda, unga boz yetging kelar.

 

Usiz tasavvur yoʻq, usiz rohat yoʻq,

Usiz na visol bor, na-da ayriliq.

Har narsa bor, ammo istirohat yoʻq,

Yurak tinchimaydi, ay, qonga toʻliq.

 

Cheksiz koinotni kim ham ilgʻaydi,

Vujudingga hikmat, sezgini soldi.

Yaproq nurga toʻydi, tamom sargʻaydi,

Quyoshning rangini oʻziga oldi.

 

* * *

 

ChIZIQLAR tortaman senga bagʻishlab,

Qora va qip-qizil lolalar kabi.

Qarshimdan chiqadi koʻkka irgʻishlab,

Sen bosgan maysalar bolalar kabi.

 

Bir zum toʻxtamayman, seni izlayman –

Darbadar kezaman bul zamin – yerda.

Biroq, yurak ogʻrir, sen deb, boʻzlayman,

Makoning qayerda, vasling qayerda?

 

Chiziqlar tortaman, uyqashib ketdi,

Chiziqlar ustida yurolmay qoldim.

Bir tuygʻu meni-da shodumon etdi,

Osmonga boqdimu xayolga toldim.

 

Bepoyon va soʻngsiz uzoq oʻlkada

Bir yulduz sargardon kezib yurardi.

Xuddi mahzundayin bir tor yoʻlkada

Bir odam gullardan uzib yurardi.

 

Koʻp oʻtmay yoʻqlikka singib ketdi u,

Oʻyladim, sengami borib yetdi u.

 

Bepoyon va soʻngsiz uzoq oʻlkada…

 

Furqat MELI

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/soginganing-sehrli-bir-un/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x