Aslida, bo’yalgan sochlarni maxsus fen yordamida quritish mumkin emas. Negaki sochlar bo’yalganda ko’proq namlantirishga muhtoj bo’ladi. Agar siz muntazam ravishda sochingizni fen bilan quritsangiz, unda sochlar sinuvchan va tez to’kiladigan bo’lib qoladi.
Bo’yalgan sochlarni doim maxsus konditsioner bilan yuvishga odatlaning. Bu sochlardagi rangning uzoq saqlanishiga ko’mak beribgina qolmay, balki jilolanishini oshiradi va soch ildizini mustaxkamlaydi. Bundan tashqari, bo’yalgan sochlarni yuvib bo’lgandan keyin darrov tarashga tushmang. Bu bilan siz sochlaringizga jarohat etkazasiz. Bo’yalgan sochlarni faqat yog’lilik sezilganda yuvish tavsiya etiladi. Agar siz tez-tez sochingizni yuvib tursangiz, unda rang umrini qisqartirib qo’yasiz.
Bo’yalgan sochlar parvarishiga alohida yondashish lozim. Mutaxassislar soch bo’yalganidan 3 kun o’tib, boshni yuvish mumkin deb ta’kidlaydilar. Shuningdek, endi siz faqat bo’yalgan sochlar uchun mo’ljallangan vositalarni ishlatishingiz zarur. Sochlar to’kilmasligi va ortiqcha jarohatlanmasligi uchun bitta firma maxsulotlarini tanlab, yaqin orada uni o’zgartirmang. Yana bir narsa, bo’yalgan sochlar uchun mo’ljallangan vositalarni tanlashda pulingizni tejamang. Agar o’sha mahsulot tarkibida E vitamini bor bo’lsa, bu nur ustiga a’lo nur bo’lar edi. Shu bilan birga bo’yalgan sochlarga haftada bir marta uy sharoitida tayyorlangan ushbu mustahkamlovchi niqob surting:
2 dona tuxum sarig’ini yarim stakan iliq suv bilan aralashtiring. Suv issiq bo’lmasligi kerak, aks holda tuxum sarig’i suv bilan aralashmaydi. So’ngra issiq suv bilan boshingizni ho’llab tayyorlangan niqobni soch ildiziga uqalovchi harakatlar bilan surtib chiqing. 5 daqiqadan keyin uy haroratidagi suv bilan yuvib tashlang. Bu niqobdan haftada bir marta foydalaning.
Ba’zan soch bo’yoqlari nafaqat sochga, balki boshga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Buning natijasida boshda qazg’oq va qichishish paydo bo’ladi. Ushbu muammoga barham berish va oldini olish uchun limon, sarimsoq piyoz suvlari hamda zaytun moyi yaqindan yordam beradi. Buning uchun nomi keltirilgan mahsulotlar suvini bir xil miqdorda olib aralashtiriladi va 20-30 daqiqaga boshga surtib qo’yiladi. Belgilangan vaqtdan keyin boshni iliq suv bilan yuvib tashlang.
loading…