Soʻzning bobosi, momosi… va nevaralari

Bundan ming yillar oldin momolarimiz hozirgidan ancha qulay va mukammal bolalar tagligi — pampersdan foydalanishgan degan gapga ishonasizmi? Mahmud Koshgʻariyning oʻziga xos soyabon — zontigi boʻlganiga-chi? Navoiyning neft haqidagi fikrlariga nima deysiz?  

Bunday fikrlar insonning tafakkur sarhadlarini kengaytirib yuboradi. Oʻylashga va izlanishga undaydi. Har bir soʻzning tub ildiziga yetish, tushunchalarning mohiyati haqida mushohada yuritishga chorlaydi. Yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Ijod» jamoat fondi tomonidan «Adib va jamiyat» turkumida chop etilgan «Bobo soʻz izidan» kitobini oʻqib chiqqach, men shunday xulosaga keldim.

Kitob muallifi isteʼdodli shoir ogʻamiz Eshqobil Shukur soʻzlar haqida  uzoq yillar davomida olib borgan kuzatish va tadqiqotlari, fikr-mulohazalarini oʻziga xos tarzda bayon qilgan. Kitobni oʻqiyotib, oʻzimiz biladigan, har kuni bir necha bor ishlatib yurgan soʻzlarimizdan qanchalik olisda qolib ketganimizni tushunib yetamiz. Oʻzimiz tanigan-bilgan soʻzlarning qaʼrida ne-ne maʼnolar javohiri borligidan hayratga tushamiz. Ajnabiy yo kelgindi deb biladiganimiz «magazin» yo «konfet» soʻzlari aslida bizga u qadar uzoq emasligiga, oʻzimizniki deb yurganimiz «shakar» yoki «baxshi» soʻzlarining biri hindcha, ikkinchisi sanskritcha ekanini oʻqigach, hayratlanmay ilojingiz yoʻq.

Kitobning har bir sahifasi oʻquvchini nodir maʼlumotlar bilan tanishtirish barobarida maroq va hayrat baxsh etadi. «Bobo soʻz izidan» kitobidan keltirilgan quyidagi parchalarni oʻqish asnosida bunga oʻzingiz amin boʻlasiz.            

«Hoʻkizni yegan qumursqa»

Turkiylar azaldan katta narsalarning halokatini mayda-chuydalardan deb bilganlar. «Irq bitigi»da «Bir qari hoʻkizning belini kichik qumursqalar yeyishibdi», degan jumla bor. Men bu jumlani oʻqiganimda, Gabriel Markesning «Yolgʻizlikning yuz yili» romanida butun bir sulola taqdiri haqida aytilgan gap, yaʼni «Avlodning soʻnggi vakili qumursqalarga yem boʻladi», degan gap esimga tushdi. IX asr boshlarida yaratilgan turkiy yodnomadagi qumursqalar haqidagi gap XX asr adibining gaplari bilan naqadar hamohang.    

Mahmud Koshgʻariyning eski zontigi

«Zontik» gollandcha soʻz boʻlib, «Quyoshdan himoyalanish vositasi» degan maʼnoni anglatadi. Xoʻsh, zontik soʻzining sof turkiychasi bormi?

Toki dunyoda quyosh va yogʻingarchilik bor ekan, demak, hamma joyda ulardan himoyalanish vositasi boʻlgan. Unda hamma tillarda bu narsani ifodalaydigan soʻz ham boʻlgan. Faqat bu soʻzlar unutilgan boʻlishi mumkin.

Mahmud Koshgʻariy «Devoni lugʻotit-turk»da «jaңalduruq» soʻzini yomgʻirdan, quyosh issigʻidan boshni saqlash uchun vosita ekanini izohlab ketgan. U namatdan tikilgan ekan. Bu narsa yomgʻirpoʻsh yo oddiy yopinchiq emas, chunki yopinchiq qadimgi turkiy tilda «jugʻurqan» soʻzi bilan ifodalangan.

Qozoqlarda zontikni «qoʻlchodir» deyishar ekan.

Xeminguey toshni chaynardi

Mahmud Koshgʻariy «Devoni lugʻotit-turk»da bir maqolni keltirgan: «Toshni chaynashga qodir boʻlmagan odam uni oʻpishi kerak…» Bu maqol ishni oson bitirish uchun aytilgan. Biroq nima boʻlgandayam, odam istasa, toshni chaynashga oʻzida kuch topa oladi. Xeminguey aytgan-ku: «Odamni oʻldirish mumkin, lekin uni yengib boʻlmaydi» deb. Xeminguey hech qachon toshni oʻpib oʻtirmas edi, uni chaynab tashlardi.

 

Kamoliddin ShAMS

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/sozning-bobosi-momosi-va-nevaralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x