Soʻz qadri va soʻzlamoq masʼuliyati haqida

Oʻzbekiston xalq artisti Abdumoʻmin Oʻtbosarov bilan suhbat

 

– “Oʻz ishini topa olgan odam saodatlidir; u boshqa saodatni axtarmay qoʻyaqolsin. Uning qiladigan ishi va yashashdan maqsadi bor”, degan ekan ingliz yozuvchisi Tomas Karleyl. Ushbu hikmatli soʻzlar sizning hayotingizda qanchalik ahamiyatga ega?

– Nazarimda, agar nokamtarlikka yoʻymasangiz, bu purmaʼno soʻzlar xuddi men haqimda aytilgandek his qildim. Lekin bolalik orzularimda kelajagimni suxandonlik bilan bogʻlamaganman. Men havaskor ijodkor sifatida avvalo fotografiya, kino sohasi bilan shugʻullanardim. Harbiy xizmatda yurganimda harbiy gazetada fotomuxbir boʻlib ishladim. Xizmat muddati tugashiga yarim yil qolganida harbiy kinostudiya ochildi. Men tajribali fotomuxbir sifatida ana shu studiyada kinooperatorlik faoliyatimni boshladim. Jamoa bilan hamkorlikda harbiylar faoliyatini yorituvchi mavzuda oq-qora tasvirda uch-toʻrtta hujjatli film ham yaratdik. Fotomuxbirlik faoliyatimda suratlarga izoh, keyinchalik fotolavhalarga matnlar yozardim. Asta-sekin fotoreportaj, reportaj va maqolalar yoza boshladim. Bu qiziqish meni Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetiga yetakladi. Oʻqishga kirish imtihonlari oldidan gazeta sahifalarida chop etilgan foto, fotolavha va turli mavzulardagi maqolalardan 80 tadan ziyod tanlangan ijodiy ishimni kirish imtihonlari boʻyicha hakamlar hayʼatiga topshirganman.

Harbiy xizmatni oʻtayotganimda otam dunyodan oʻtib qoldi. Bu albatta oilamiz uchun katta yoʻqotish edi. Oiladagi toʻrt nafar farzandning ikkinchisi edim. Shuning uchun boʻlsa kerak oʻz-oʻzidan oila masʼuliyatini his etganim uchun ham universitetning kechgi boʻlimida oʻqiganman. 1980 yilda kunduzi Oʻzteleradiokompaniyaning “Adabiy-dramatik koʻrsatuvlar tahririyati”da ish faoliyatimni boshlaganman. Diplom ishim ham “Televizion filmlarning televideniyeda tutgan oʻrni” mavzusida edi. U davrlarda koʻrsatuvlar toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilardi. Shuning uchun masʼuliyat ham nihoyatda katta boʻlgan.

 

– Sizni kasbidan kamol topgan insonlar toifasidan deb bilamiz. Suxandonlik faoliyatingiz qachon boshlangan? Ustozlarning qay bir oʻgiti siz uchun hayot falsafasiga aylangan?

– Tahririyatimizda “Oʻn daqiqa nazm”, “Adabiy kompozitsiya” deb nomlangan koʻrsatuvlar efirga uzatilardi. Bir kuni ana shu koʻrsatuvda gʻazal oʻqishi kerak boʻlgan ishtirokchi uzrli sabablarga koʻra kelmay qoldi. Gʻazal oʻqish masʼuliyati menga yuklandi. Shu-shu bunday voqealar tez-tez takrorlanadigan boʻldi. Oʻsha paytda ustozimiz Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oʻktam Jobirov mening gʻazal oʻqishimni kuzatib, diktorlar guruhiga taklif qilgandi. Shunday qilib diktorlik faoliyatimni 1985 yilda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan koʻrsatuvdan boshlaganman. Ikki yil diktor-amaliyotchi boʻlib ishlaganimdan keyin ustozlarimiz Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Oʻktam Jobirov hamda Galina Melnikovalar meni III toifali diktorlik lavozimiga qabul qildilar.

Albatta bugungi kunda men uchun qadrli boʻlgan kasbimdan kamol topishim, oʻz oʻrnimga ega boʻlishimda avvalambor “Adabiy-dramatik koʻrsatuvlar tahririyati”ning zabardast rejissyorlari Meli Mahkamov, Maqsud Yunusov, Haybatulla Aliyev, Gʻayrat Ubaydullayev, Hamid Qahramonovlardan olgan saboqlarimning ahamiyati nihoyatda katta deb bilaman. Ish faoliyatimda menga “Axborot” informatsion koʻrsatuvi tajriba maydoni boʻldi, desam adashmayman. Chunki, har bir koʻrsatuvning oʻziga xos talablari bor. Nafaqat suxandon, balki har bir inson qutlugʻ neʼmat – soʻz qadri va soʻzlamoq masʼuliyatini his qilishi lozim. Men turli koʻrsatuvlar, davlat tadbirlaridan Navroʻz, Mustaqillik bayramlari, turli kasb bayramlari, hattoki “Oqshom ertaklari”ni ham masʼuliyat bilan olib borishga harakat qilardim. Keyinchalik mustaqillik yillarida mamlakatimizda sportga, ayniqsa, bolalar sportiga katta ahamiyat berila boshlandi. “Universiada”, “Barkamol avlod”, “Umid nihollari” kabi sport tadbirlari anʼanaviy tarzda oʻtkazila boshlandi. Ana shu sport tadbirlarining doimiy boshlovchisi boʻlganim bois yoshlardagi shijoatni koʻrib, ularga havas qilaman.

Shu kasbim bois nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda oʻtkaziladigan nufuzli tadbirlarni olib borish nasib etdi. Ilk bor “Toshkentning 2200 yilligi”ga bagʻishlangan tantanali konsert tadbiri Fransiya poytaxti Parijda, YUNYeSKO sahnasida oʻtkazildi. 2012 yilda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida oʻrnatilgan diplomatik aloqalarning 20 yilligiga bagʻishlangan tadbir, ikki marotaba Shanxay hamkorlik tashkiloti qatnashchilari uchun oʻtkazilgan konsert dasturlarini olib bordim. Kasbim taqozosi bilan dunyo koʻrdim, koʻplab doʻstlar orttirdim. Tajribam oshdi. Bunday davralarda Vatanimiz taraqqiyoti, erishilayotgan yutuqlar haqida soʻz aytish menga nihoyatda faxr va gʻurur baxsh etadi. Endilikda ustozlar oʻgiti va tajribamdan kelib chiqqan holda shu kasbga mehr qoʻygan yoshlarga zarur maslahatlar berib kelmoqdaman.

 

– Salomatligingizni mustahkamlash maqsadida sport bilan shugʻullanasizmi? Bolalar tarbiyasida ota-onaning masʼuliyati, oilaviy muhitning oʻrni borasida sizning fikringiz.

– Sport bilan shugʻullanaman desam, mubolagʻa boʻladi. Lekin koʻproq piyoda yurishga harakat qilaman. Oʻzim uchun jismoniy mashqlarni bajarib turaman. Chunki, oʻzini anglagan har bir kishi salomatligini mustahkamlash maqsadida gimnastika bilan shugʻullanishi zarur, deb hisoblayman. Ishimiz kech tugaydi. Talabalik davrimda ham oʻqishdan kech qaytardim. Onam (rahmatlik) har doim kelishimni poylardi. Harbiy xizmatdaligimda otam dunyodan oʻtgandan keyin onam koʻproq menga suyanib qolgandi. Onam bilan doʻst edik…

Har bir inson oʻz farzandlarini adolatli, bilimli, olijanob va insonparvar boʻlishini istaydi. Bolalar aslida taqlidchi boʻlishadi. Shu bois biz ularga hayotda har tomonlama oʻrnak boʻlishimiz kerak. Shuning oʻzi tarbiya. Turmush oʻrtogʻim bilan munosabatlarimizda bir-birimizga hurmat, eʼtibor bilan qaraymiz. Toʻngʻich oʻgʻlimiz Jamshidjon Toshkent davlat moliya institutining magistraturasini, Nozimjon esa Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetini tugatyapti. Biz oilada toʻrt nafar farzand edik. Ota-onamiz bizga qanday tarbiya bergan boʻlsalar, oʻz navbatida turmush oʻrtogʻim bilan farzandlarimizga ham shunday tarbiya beryapmiz.

 

Inson manfaatlari oliy qadriyat sanaladigan va uning halol mehnati eʼzozlanadigan yurtimizda bu kamtarin, shu bilan birga samimiy soʻz ustasining koʻp yillik mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. 2002 yilda u Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi degan sharafli nomga sazovor boʻldi. Oʻtgan 2014 yilda esa Abdumoʻmin Oʻtbosarov Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻldi. Bu eʼtiroflar uning mehnatiga berilgan munosib bahodir. Shuningdek, uning oʻz kasbiga boʻlgan sadoqati va butun qalbini shu sohaga baxsh eta olganidadir.

 

Muhabbat XOʻJAMURODOVA

 

2015

 

“Sogʻlom avlod” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/soz-qadri-va-sozlamoq-masuliyati-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x