“Soʻz lavhi”ga bitilgan moʻjiza

Ustozni xotirlab

 

Xotira… Olis-olislarga chorlaydi nogoh… Yaxshi odamlarni esga solar u. Xayolimda charx urib, tanish chehralar, sogʻinchdan oʻkinar armonli koʻngil…

Umrini, qalb-qoʻrini, borini adabiyotshunoslikka, xususan, Navoiy ijodiga baxshida qilgan mehribon ustozimiz Botirxon Akramov xotirasi mangu.

Navoiyshunos olim 1932 yilda Oʻsh shahrida dunyoga keladi. 1951 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirda universitet)ga oʻqishga kiradi. Oliygohni tugatib, OʻzRFA Til va adabiyot institutida aspiranturada oʻqishini davom ettiradi, 1967 yilda filologiya fanlari doktori, professor Hamid Sulaymon rahbarligida “Navoiy ijodida lirik qahramon muammosi” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1990 yilda “Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida poetik obraz muammosi” (1960–1980 yillar) mavzuida doktorlikni yoqlaydi. Olimning sheʼriyat, xususan, Navoiy ijodi haqida bir qator ilmiy maqolalari, monografiya va risolalari chop etilgan. “Sheʼriyat gavhari”, “Olamning butunligi”, “Fasohat mulkining sohibqironi” (Navoiyning 550 yillik yubileyiga bagʻishlab yozilgan), “Navoiy shohbaytlari”, “Navoiy tojbaytlari” (nashr etilish arafasida) singari risolalari shular jumlasidandir.

Adabiyot insonni poklikka, komillikka, ezgulikka, olijanoblikka, ruhan tozarishga yetaklovchi vosita hisoblanadi. Botirxon Akramov shunday darajaga erisha olgan ustozlardan biri edilar… Kamtarin, saxovatpesha, diyonatli, sabr-qanoatli, oliyhimmat, zahmatkash navoiyshunos olimni butun umri faoliyatida toʻgʻri va halol mehnat qilgan aziz inson sifatida xotirlaymiz. Ustozning yuksak axloqiy fazilatlari bizga namuna, oʻrnak boʻlishi kerak, albatta. Adabiyotning vazifasi ham ana shunda. Inson ruhiyatini tarbiyalashdek murakkab vazifani oʻz oldiga qoʻygan adabiyot zamirida, aslida, kechinmalar yashaydi. Ustoz nazarlaridagi samimiylik, adabiyotga boʻlgan muhabbat, shijoat nimalarnidir taʼkidlamoqchidek tuyuladi. Tuyuladi-yu, birdan ular sabogʻi, fasohat mulkining sohibqironi Navoiyning shohbaytlari xayoldan kechadi:

 

Yorur xoling xayolidin oqargʻon koʻzlarim, goʻyo:

Qoʻyubtur kilki Sunʼ ul nuqtani koʻzlar qarosidin.

 

Soʻzimiz yakunida, ushbu maqolani tayyorlashda yaqindan yordam bergan olimning kenja qizi – Surayyo Akramovaga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shogirdlarini ham oʻz farzandlaridek ardoqlagan samimiy inson, pok vijdonli olim, navoiyshunos ustozimiz Botirxon Akramovning ruhlari doimo shod boʻlsin!

Poshshojon KENJAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi


 

Turkiy tildagi birinchi rubobiy-lirik kulliyot “Xazoyin ul-maoniy”ning ikkinchi devoni “Navodir ush-shabob” tarkibidagi 457 raqamli, anʼanaviy unvon-sarlavha ostida: “Nun” harfining nozaninlarining nozi – “Navodir”din…” muxtasar taʼrifi berilgan “hazaji musammani maqsur” (“mafoiloʻn mafoiloʻn mafoiloʻn mafoil”) bahrida yaratilgan shohbayt sharhi-talqini:

 

Yorur xoling xayolidin oqargʻon koʻzlarim, goʻyo:

Qoʻyubtur kilki Sunʼ ul nuqtani koʻzlar qarosidin…

 

  1. Mumtoz adabiyotshunoslik fani namoyandalaridan biri, professor Hamid Sulaymonning davomli ilmiy izlanishlari samari sifatida bunyod etilgan – ilmiy-tanqidiy matn asosida nashrga tayyorlangan, toʻrt jildlik juda salmoqdor sheʼriy majmua – “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi 2600dan ziyod gʻazallardan baʼzilari turli sabablar bilan bir devondan boshqasiga oʻtib qolgan.

Quyida biz sharhi-talqinini bermoqchi boʻlgan shohbayt olingan gʻazal ham, ayni shu qismatni kechirgan: “Favoyid ul-kibar”dan “Navodir ush-shabob”ga “koʻchib” oʻtgan (bu – gʻazaliyotning xronologik-davriy tasnifiga doxil bitta misol, xolos). Hazratning oʻzlari “Debocha”da yozadi: “Toʻrtinchi devonikim, umrning oxirlarida yuzlangan ishq dardu ranji foydalarikim, jonsoʻz oh urmoq va jon topshirmoqdurkim, kishining adam (fano) yoʻliga kirib, zamon ahli bila xayrbod qilishidur, aning duosida “Favoyid ul-kibar” bila nihoyatqa yetkazdum…”

“Naziri yoʻq” (Bobur) ulugʻ bobomizning bunday dilxohu uzrxoh soʻzlari bois, zahmatkash va jafokash ustozimizni yodga olib, kichik bir chekinish qilish joiz deb oʻylayman (faqat oʻquvchilar maʼzur tutsalar, bas). Eh, nohaqdan nohaq jabr tortgan – vahshatangez badargʻa balosidan alloh oʻz panohida asrab, eson-omon ona yurti Oʻzbekistonga, Toshkentga qaytgach, avval, yaxshiroq davolanish lozimligini ham oʻylamasdan, juda katta, bagʻoyat savobli ishga butun vujudi bilan kirishib, goʻyo oʻljaga qolgan “umri aziz” yillari, oylari va kunlarini gʻanimat bilib, tortgan dardu alamlari jarohatiga faqat betinim ilmiy tadqiqotlar, faqat shu soha zahmatkashlari oʻzi biladigan mehnatdan darmon va malham izlab, ulkan tashkiliy tadbirlar ustiga, yaqinu olis demay, tom maʼnoda, millatparvar, vatanparvarlik safarlari – ilmiy ekspeditsiyalarga mahkam bel bogʻlab (aziz ustozimiz, sohibqiron Amir Temur ardoqlagan hadismonand daʼvat: “Sano bazabon, kamar dar miyon” kalimasi – haq yoʻlida kamarbasta insonlar shiorini bizga ham tez-tez eslatib oʻtardi), har bir safardan qaytgach, yana bardavom izlanishlaru yangi kuzatishlar, talqinlar: sahifama-sahifa, soʻzma-soʻz, hatto harfma-harf qiyosiy tahlil jarayonlari natijasi – kutilgandan ortiq samaralar oʻlaroq, jamiki qoʻlyozma, toshbosma manbalar, boshqa tansiqdan-tansiq – nodir topilmalar… Birgina misolning oʻzi kifoya qiladi: nashr etilajak tanqidiy matnlar uchun eng moʻtabar va musallam (ortiq eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan) besh redaksiya: (1) Ilk devonlar; (2) “Badoyeʼ ul-bidoya”; (3) “Navodir un-nihoya”; (4) toʻrt katta jildli “Xazoyin ul-maoniy”; (5) Navoiy vafotidan soʻng turli toifa-tabaqotga mansub ixlosmand-muhiblar tuzgan terma devonlar…

Bas, aziz nomi soʻnmas ulugʻ jafokash va chin maʼnoda jahongashta inson, “naziri yoʻq” (Bobur) fidoyi olim, “mehri-yu qahri” vobasta, suvrati siyratiga yarashgan ustozimiz Hamid Sulaymon… Amir Nizomiddin Alisher Navoiyning, ehtimol, jahonda tengi topilmas kulliyotining lirik devonlarida qalam va barcha qalam ahlining maʼbudi atorud nazari tushgan ustoz xattot-kotiblar, moniysifat naqqoshlar – husnixat va kitobat sanʼatining barkamol, zarif namoyandalari tartib bergan aksariyat sheʼrlaridan to turli sabablar bilan (ehtimol, koʻchirilgan ayrim nusxalarda) boshqa jildga “koʻchib” oʻtgan yo tushib qolgan, qisqasi, turli darajada shikastlangan satrlar ustoz oʻzlari bosh boʻlgan, sabr-bardoshu sinchkovlik bobida “tengi kam” (Mirtemir), zukko bobolarimizning ifodali tili bilan aytganda, “temir tirnoq” tahririyat jamoasi nazaridan oʻtganligi, shak-shubhasiz, albatta.

  1. Yuqorida keltirilgan shohbayt chindan-da, sirli-sehrlidir: oʻzingiz tasavvur etib koʻring-a: bir umr yechilmas, ilojsiz tuyuladigan muammo (“oqargʻon koʻzlar”) – ojizlikdan achchiq qismatga allaqachon koʻnikkan bechora oshiq uchun kutilmagan tarzda, gʻayrishuuriy bir hol sodir boʻladi, masʼud kayfiyatni kechiradi – birdaniga koʻz oldida dunyo qorongʻuligi tarqalib, borliq yana yorishib ketadi… Xoʻsh, bu ilohiy moʻjiza qanday yuz berdi ekan? Birinchi misrada oʻz ifodasini topgan xayrli mujda (Yorur xoling xayolidin…”), buning sababi ikkinchi misrada asta ayon boʻladi; falsafa tili bilan aytganda, zohiran mushkuldan – mushkul koʻringan sababiyat ilohiy moʻjiza qudrati-la baxayr, ayni dilxoh oqibatga aylanadi… Voajab! Bu – “Navoiyvor” (hazratning oʻz tashbehi) soʻz dahosining noyob kashfiyoti (“xoling xayolidin”) bor-yoʻgʻi ikki kalima – sheʼriy nisbatning mantiqiy-badiiy tafakkur taqozosi-la oʻzaro vobastaligi bois, mazkur shohbayt silsilasining shu qadar nuktadonu betakror halqasiga aylanadi… Ana endi baholi imkon ojizona sharh-tahlilimizdan kuzatilgan asl “muddao” – “Alisheriy” “xosa maʼni”ning nozik nuqtasi: timsoli mujassami – ajabdan bulʼajab “soʻz guhari” birikmasi: “Qoʻyubtur kilki Sunʼ ul nuqtani koʻzlar qarosidin”, shohmisradan anglashilgan gʻaroyib hol-ilohiy “vazʼ”iyat zamiridagi haqiqat… asli, bu “mutaffakirlar mutafakkiri, shoirlar shoiri, valilar valisi” idrok etgan boqiy muhabbatning faqat allohga va hazratning oʻziga ayon sirru sinoati emasmikin?!. “Qoʻyubtur kilki Sunʼ”… bu – ilohiy qalamning moʻjizakor kashfi, oʻsha sirli haqiqat tahqiqi ekanini rosmona maqomda faqat Mustaqillik yillari ilmiy mushohada-mubohasa jarayonlarida bilib oldik (avvalroq, “iliq nasim”, soʻngra, “qayta qurish” tamoyillari bois, bu anchayin umumiy-notamom tarzda koʻrina boshlagan edi). Xususan, “ul nuqta”ni “koʻzlar qarosidin” kabi ajib sirli-jozib kalimalarni qanday tushunmoq kerak? “Ul nuqta”ku shohbayt tagmatnidan mahbuba xoliga nisbat sifatida olinganini bilsa boʻladi. “Koʻzlar qarosi”chi? Bu ikki tashbehdan yaratilgan, avval boshda anchayin pinhoniy-sirli koʻringan umumlashma-mujassam maqom olgan badiiy timsol nafaqat oʻzining keyingi, ortiq achinarli holati (“oqargʻon koʻzlar”) bilan mazmunan va shaklan qarama-qarshi qutblar ifodasiga aylanishi (yaʼni, koʻz qorachigʻi-gavhari oʻrnida oq parda paydo boʻlgani), balki har qanday qiynoqlar, azobli mahrumliklarga (koʻzlar nuri-yorugʻlik ziyosi oʻrniga nurafshonu goʻzal nazargoh tomoshasidin bebahra zulmat dahshatiga) mardona dosh bergan muhabbat dardi, shavq-ragʻbati oʻsha jafokash va balokash oshiq qalbiga kutilmaganda umid, najot, ruhiyatiga quvvatu madad, xayoliga qanot baxsh etmasa, oʻzining nolavor-hazin ahvoli ziddiga, “ikki jahon”ga berguvsiz – “jonu jahoni” boʻlmish mahbubining xolini xayol qilarmidi?! Ana, tom maʼnoda, “majoziy” (zohiran dunyoviy, hayotiy) ishqning “ilohiy ishq” martabasiga koʻtarilishi! Zotan, bu – Navoiy orzu qilgan, shaxsiy-oilaviy saodat chirogʻini ham “taxayyul mulki sultoni”ning boqiy nashida-sururlar maskaniga sadqa etgan fidoyi oshiqning afsonaviy Hotam Toy himmatidan ziyod jasorati! Ulugʻ mutafakkir shoirimiz bir shohbaytida bor falsafiy teranligi, ramziy-istioraviy umumlashma fasohati-la talqin etganiday, eʼtiqod maqomidagi komil muhabbatning boqiylik sirru sinoati shundaki: “Gar sen idrok aylasang – ayni haqiqatdir majoz”. Ayni shu boisdan boʻlsa ajab emishki: ulugʻ Navoiy xayolidagi oshiq yigit koʻngli “istasa-da topilmas” oʻsha pariruh mahbuba “xoli… xayolidin…” uning koʻzlari shunchalar yorishib ketadiki, tortgan hamma ranju alamlari evazi – badaliga “tengri ehsoni” – inoyati sifatida oʻsha “xol” nisbati: “ul nuqta” yana oshiq “koʻzlari qarosi” gavhariga aylanadi! Alqissa: mazkur shohbayt moʻjizu nuktadon hikmati va butun fasohati-la alal-oqibat ajab umidbaxsh va “navobaxsh” (murodbaxsh) ruhda intiho topadi…

Endi, shohbayt sayqali – badiiy ziynati uchun xizmat qilgan usul-vositalar sharhiga oʻtamiz. Baytda maʼni (mazmun) va ifoda (shakl) tanosibi va butunligini taʼmin etgan dastlabki asos: maxsus badiiy unsurlarni, oʻquvchi yaxshiroq anglasin uchun, shartli ravishda maʼlum guruhlarga boʻlib tahlil qilsak, shunday manzara paydo boʻladi: (1) “oqargʻon koʻzlar” – “koʻzlar qarosi”. Bu sheʼriy nisbatlarning oʻrin almashuvi tarzida yuz bergan “tardi aks” sanʼati; bunda zohiran tazod usuli mavjud boʻlsa, mohiyatda goʻyoki oshiqning anchayin mushkul-baxtsiz qismati: koʻziga oq parda tushib, dunyo qorongʻu zimistonga aylangani-yu, gʻoyibdan, lahzalik moʻjiza bois, kutilmagan baxt – safobaxsh kayfiyat band etadi… (2) “xol” va “ul nuqta” (koʻzlar qorachigʻi), bu – tashbeh sanʼatining, zohiran anʼanaviydek tuyulsa-da, ruhan chin maʼnoda moʻjiz, umumbaxsh vaziyatning ilk xayrli mujdasi… (3) “Yorur xoling xayolidin…”… Bu ajabdan bulʼajab sirli-jozib lavha baytga oʻzgacha umidbaxsh ruh olib keladi. Ehtimol, bundan avvalgi sogʻinchmi, ilinjmi, oʻkinchmi, balkim, navmid alam-iztirob, chorasiz-pinhoniy isyon soʻnggida uygʻongan, gʻoyibona-najotkor taxayyul xabarchisi olib kelgan mujda (“xol xayoli”) bois, nasib etmish masʼud lahzalar shukuhi, shukronasi… Va, nihoyat, (4) shohbayt ruhiga singdirilgan “ishq sirri” nima ekanini bir qadar anglab olish uchun ikkinchi misrani qayta koʻchirish taqozo etiladi: “Qoʻyubtur kilki Sunʼ ul nuqtani koʻzlar qarosidin…”. Zotan, hazrat Navoiy anglagan va shavqu ragʻbat, hasratu iftixor ila talqin etgan muhabbat qismatining faqat bizlar uchun anchayin murakkabligi, hatto ziddiyatli haqiqat sir-sinoatini tadqiq etish imkon qadar chuqurroq talqin qilish uchun ayrim bayt yo butun bir gʻazal sharhi kifoya qilmasa kerak. Negaki, Navoiy soʻz dahosi haqida, uning ulugʻ ijodxonasi unsurlari, cheksiz manbalari, ruhiy-ilohiy ildizlari, xosu oʻzgacha jarayonlari, keng maʼnoda, qomusiy maʼrifat mutafakkiri, ustoz murabbiy, tengsiz saxovatpesha, taxayyul mulki… Oʻz tasarrufoti-la ne chogʻliq mavjvar, qatlamba-qatlam, silsilama-silsila “soʻz guhari” timsollari samoviy burjlari, zaminiy iqlimlari-la, “ikki jahon”ga sigʻmas, “olti jihat”ga barobar meʼyorlari, “havosi hamisa” (besh botiniy sezgi) mezonlari andozasi-la yondashganda: (a) xoh: “Qoʻyubtur kilki Sunʼ” qudrati va imkoniyatlari, (b) xoh: “ul nuqtani koʻzlar qarosidin…” sirli-jozib nisbatlari zamiridagi maʼnolar, nuktadonliklar mohiyati va sababiyatini, loaqal, bir qadar anglay olganday boʻlamiz va hayratdan, yana-da, chuqurroq taammul qilishga intilamiz, chogʻlanamiz… Bas, hamono, shu mushkul ishga jurʼat etgan ekanmiz, keling, aziz kitobxon, ushbu shohbaytning “jon rishtasi”, “dil (koʻngil) bandi”, “bahr (jigar) porasi-yu” tomir-tomiri-la vobasta oʻsha ikkinchi misra zimnidagi “maʼni” javharini birgalashib, bahamjihat talqinu iloji boʻlsa, chuqurroq tahlil qilishga urinib koʻraylik.

Ne ajabki, shunchalar oʻziga jazb etuvchi ushbu shohmisra ruhiga singdirilgan, ahli shuaro orasida faqat va faqat Nizomiddin Alisher Navoiyga musharraf boʻlishi mumkin bir hol, bu – qismat amridirki (uni, balkim, ulugʻ zoti kiromning oʻzligi – shaxsiyati, pokzodu pokdoman xilqati, “jibilli” (Bobur) tiynati, tajarrud (yolgʻizlik) tabʼi mijozi bilan izohlasa toʻgʻri boʻlar), “vasli mumkuni yoʻq” muhabbat qismati… Ayniqsa, bugun, har qalay, mushkul muammo, toʻgʻrirogʻi, faqat, sirli-pinhoniy rishtalar orqali, shartli ravishda talqin etish yoʻli bilan shohbaytning sharhimiz avvalida qayd etilgan, “sadr” deb yuritiladigan: “Yorur…” tashbehi (“… xoling xayolidin”) – soʻz birikmasini takroran keltirish zarurati borki, shoirning lirik qahramoni – oshiq Navoiy mantiqan imkonsizday tuyuladigan vaziyat ziddiga, goʻyo ilohiy moʻjiza bois, gʻoyibdan imkon yaratishga musharraf boʻladi, bu, shubhasiz, tansiq maʼnaviy sanʼatlardan “xosa maʼni”ning kamyob namunasidir.

 

Botirxon AKRAMOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/soz-lavhi-ga-bitilgan-mojiza/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x