Soʻz izlayman tasavvurdan keng…

Bashorat

“SEN” deyman uni,

“SIZ” deydi u mayin tovushda.

Va bilamanki bir kuni,

Bu ikki soʻz qovushgay.

Shunda meni burdalab tashlar

“SENSIZ” degan ulkan ajdaho…

 

* * *

Sening qalbing haqiqiy olmos,

Ichki dunyong naqadar oydin.

Mening koʻnglim koʻngildir, xolos,

Yoʻq, shunchaki bir siqim loydil.

Oʻzgarmaydi chiroying – archa,

Xazon sen-la kelmas roʻbaroʻ.

Yuragimni olmadek archib,

Qoʻllaringa tutqazdim, gulroʻ.

Muhabbat bu aslida qimor,

Desam, kimlar yigʻladi… Kuldi.

Mendan oldin visolingni, yor,

Oʻzga yutib olmasa boʻldi.

 

* * *

Soʻz izlayman bardoshdan ulkan,

Soʻz izlayman tasavvurdan keng.

Tegmaydigan biror koʻngilga,

Eng ogʻriqli, eng pokiza, eng…

Goʻdak kulgusidek jarangdor,

Gʻarq pishgan uzumdek bir shingil,

Pikasso suratidek rangdor,

Tamaki dudidek yengil.

Qaygʻudan ming karra qaygʻuli,

Tutqun er boʻgʻzidagi erk.

Dahshatga soluvchi ohuni,

Och arslonning boʻkirigʻidek

Soʻz izlayman.

Soʻz…

 

* * *

Togʻlarga chiq, holini soʻra,

Har bir maysa, har bitta toshni.

Erkalatgin: dagarim, toʻram,

Yelkangga mindirib qoʻyoshni.

Pastda qolsin choʻqqilar, shamol,

Puflab uchir yulduz uyurin.

Mirrixga bosh koʻyib orom ol,

Yuragingni erkin qoʻyirib.

Ortiq seni choʻchitmas soya,

Axir shuni istarding mudom.

Qara, qanday mukammal gʻoya,

Togʻ! Cheksizlik! Inson va Xudo!

Endi qoʻrqmay yashashing mumkin,

Singib ketdi ruhingga viqor.

Oʻlimga tik boqasan,

Chunki

Yelkangda qoʻyoshning izi bor!

 

Kun botdi

Kun botdi. Kaytmoqda poda,

Choʻpon kelar oʻynatib zarang.

Yomgʻirga chayilgan havodan,

Toʻyib-toʻyib nafas olar chang.

Yulduzlarni shikorga chorlab,

Samoda oy uyushtirar ov.

Mizgʻir zulmat kuchogʻi – gʻorda,

Tuyoqlardan horigan yaylov.

Kun botdi. Yengildi quyosh,

Jonsarak yaproqlar titrar…

Uvlab chiqar koʻzlarida yosh,

Erksiragan zanjirband itlar.

 

* * *

Koʻzyoshingni art,

Boshingni koʻtar!

Qaltiratma tizzalaringni.

Choʻchima (qattiqroq yoʻtal!),

Boʻronlarga boʻshatib ber

Yurak qaʼringni.

Ojizliging sezmasin birov,

Yoʻqsa, joning qolar xatarda.

Zarbalarga berolmasang dov,

Chiqarib tashlashar qatordan.

Har lahzani mardona yasha,

Tekkunicha oʻlim qamchisi.

Kuchsizman deb qilma xarxasha,

Tugʻuldingmi, demak,

Jangchisan!

 

Qachondir

Chovushar ishq-la junun,

Mum tishlagay farosat.

“Ayo, Haq” deb ming Majnun,

Tarqab ketar sarosar.

Maysalar yetar koʻkka,

Soyasin qirga tashlab.

Dordan dunyoni soʻka,

Sakrab tushar shoh Mashrab.

Izlab asl botirin,

Zaminga qoʻnar Semurgʻ.

Qabatida Qodiriy,

Sovutin kiyar Temur.

Tulporlarin nafasi

Havoni qilib falaj.

Iblisning aravasi

Ado etib qaytar haj.

Togʻlar chayqalar karaxt,

Chaqmoq oyga tortar mil.

Oyoq chiqarar daraxt,

Quduqlarga bitar til.

Mushtdek izidan otning

Yetmish ming shahid nishlar.

Boltasida jallodning

Soqol olar darveshlar.

Yomgʻurmas yogʻar yulduz,

Sir qolmagay samoda.

Xudo bilan yuzma-yuz

Turib soʻzlashgay odam…

 

* * *

Boshlab kirar tunni qishloqqa

Bezovta itlarning hurishi.

Borliqni boʻyagan qish oqqa,

Tutzor mudrar afti burishib.

Choponlar, paltolar kezar koʻchada,

Tezak hidin burqsitar oʻchoq.

(Hali zamon chiroq oʻchadi)

Joy toʻshaydi erinchoq charchoq.

Zerikkanmi, betus osmonda,

Dafʼatan oy bir sovuq porlar.

Huv yuksalgan togʻlar tomonda

Oy nurida eriydi qorlar…

 

* * *

Tun sep yoyar. Kunduz qaridi,

Yoʻgʻonlashar zaif tovushlar.

Yoritay deb osmon qaʼrini,

… Yulduz sochar hovuch-hovuchlab.

Yomgʻir… koʻcha tomogʻin hoʻllab,

Yumshoq yuzi aylanar loyga.

Simyogʻochlar – pichilgan qullar,

Tikilishar yalangʻoch oyga.

Iymon oʻqib qaytgach xuftonni,

Soat oʻngga urganida bong;

Biz uchrashgan hu-uv xiyobonni,

Xotiramda qilgayman mehmon.

Axir, bilsang, senga tegishli

Yoshligimning katta boʻlagi.

… Chak-chakillab qoʻzgʻaydi gʻashliq

Tarnovlarning muzdek soʻlagi.

Uyqu bermas ertaklar xasis,

Tun. Xayolga oʻtmish quyilar.

U ham meni oʻylar, shubhasiz,

Balki menga shunday tuyular…

 

 

JONTEMIR

 

1994 yili tugʻilgan.

Toshkent davlat texnika universitetining

elektronika va avtomatika fakulteti talabasi.

Sheʼrlari matbuotda eʼlon qilingan.

 

 

“Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/nazm/soz-izlayman-tasavvurdan-keng/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x