Dastxatini yurakdan bitgan shoir

Oʻzbek sheʼriyatining zabardast vakili Muhammad Rahmondan “Muvozanat”, “Yashil daryo”, “Ijobat”, “Yuragimning dastxati” “Asraganim, avaylaganim” kabi sheʼriy toʻplamlar qoldi.

Oʻtgan asrning 70-yillarida sheʼrxonlar eʼtiborini qozongan Muhammad Rahmonning 1979 yili nashr etilgan “Yashil daryo” kitobi tezda tilga tushdi. Ushbu toʻplamdagi sheʼrlar samimiy tilda, tuygʻularning tiniq ifodalanganligi bilan ajralib turardi. Darhaqiqat, shoir sheʼrlarida oʻzlikdan uzilmaslik, tarixdan ibrat olish, kelajakka umid koʻzi bilan qarash boʻy koʻrsatib turadi. U bir sheʼrida shunday deydi:

 

Beklardek yashamoq aʼmoli bekning,

Magarkim holing yoʻq, qad rostla, hollan.

Sharti juda oddiy oʻzbekchilikning:

Amir Temur, Alisher Navoiy bilan qurollan!

 

Shoirning sheʼrlarini oʻqisangiz, u koʻngil va xayol kechinmalarini ayni shu hayrat tili bilan soʻzlaydi, hayrat tili bilan ifoda qiladi. Shu sabablimi, shoir sheʼrlari samimiy, diltortar, tabiiy.

 


 

… Biz oʻzi toʻrtovlon edik, yana bir sherigimiz Muhammad Rahmon. Oramizda eslimiz ham shoir boʻlib, matbuotda erta tanilganimiz ham shu yigit edi. Asli kitoblik, Surxondaryoda katta boʻlgan. Esimda, ikkalamiz bir-birimizni shoironasiga “aziz doʻstim” deb atardik. Xudo rahmat qilsin, koʻp dilsoʻz oʻrtoq, ajab hassos shoir edi – saylanma kitobidan biron sheʼr u yoqda tursin, bir satrini ham olib qoʻyolmaysiz!

Erkin Aʼzam

 

Muhammad Rahmon shaxs sifatida kamtarin, xokisor, lekin shoir sifatida adabiyotda oʻz munosib oʻrni, oʻz sozi, oʻz ovoziga ega boʻlgan zabardast shoir edi. Uning har bir sheʼridan tafakkur shuʼlalaridan bir namuna topish mumkin. Bolalar uchun yozgan sheʼr va dostonlarida ham kattalarning aql vijdoniga xitob qiladigan ishoralar bor.

Mirza Kenjabek

 

Halollik – gʻirromlikning ziddi, insonni hayotligida ham va, ayniqsa, dunyodan oʻtganidan keyin yuksak insoniy martabada xotirlashga bois boʻlguchi fazilat. Inchunun, ijoddagi halollik ijodkor umrini avlodlar silsilasida mudom poydor etguvchi sifat – xususiyat. Kamina nazarda tutayotgan uch shoir – “uch alamkash”, “uch qalandar”, “uch birodar”, “uch navoyi”, “uch vafoyi” – Shavkat Rahmon, Muhammad Rahmon, Matnazar Abdulhakim, nazaran, xuddi shunday ijodkorlar edi.

Shuhrat Rizayev

 

Muhammad Rahmonning sheʼriyati oʻquvchini shunday xulosalarga keltiradiki, buning natijasida unda adabiyotning vazifasi odamda ezgulikni emas, balki noezgu amallarga noqobillikni tarbiyalamoqdir, degan fikr paydo boʻladi. Bunday tarbiya esa oʻz-oʻzidan amaliyotda ezgulikni keltirib chiqaradi, chunki inson oʻz aʼmollarida nimanidir bajara olmay yashashga layoqatli emas.

Matnazar ABDULHAKIM

 

Muhammad Rahmon bu dunyoga favqulodda kelib ketgan chuqur qaygʻu, nozik hayrat shoiri edi. Uning olamida bolalikning yigʻisi, umr soʻqmoqlarining guldurosi aks etib turardi. Yoshligimning oltin damlarida Uning “Yakshanbalar bolalarning kunidir”, “Soqov monologi” sheʼrlarini qayta-qayta oʻqib takrorlab yurardim. Bu menga ichki kayfiyat, anglanmas hislarning joʻshqinligini baxsh etgan, desam, ayni haqiqat. Ustoz ijodini oʻqib, koʻzni yumib vujud xonalarida anglab olish, uni tushunish, albatta, koʻngilni kayhoniy tarbiyalashga xizmat qiladi.

Abduvali QUTBIDDIN

 

Pokiza poetik yuksaklikda shoirlar ikkiga: bevosita va bavosita shoirlarga ajraladilar. Muhammadjon Rahmonov – bevosita shoir. Bu degani, uning yuragi shoir demak. Uning koʻpgina va hal qiluvchi sheʼrlari bevosita sheʼrlar boʻlib, ular sheʼriyatning ona tilida yozilgan.

Bahodir Sodiqov

 

Muhammad Rahmonning salobatli, chin maʼnodagi oʻzbekona ovozi bor edi. U ham men kabi togʻ qishlogʻida tugʻilgani boismikan yaqin qadrdon edik. Menga uning tabiiy feʼli yoqar edi. Uning “Asraganim, avoylaganim” sheʼriy kitobi poetik qiyofasini belgilagan ilk kitobi boʻlgandi. Afsuski, hali Muhammad Rahmon sheʼriyati ilm ahli tomonidan tadqiq qilinmadi, munosib bahosi belgilanmadi.

Azim SUYUN

 

Muhammad Rahmonning sheʼriyatida sehrning choʻgʻi, samimiyatning mehri, tuygʻuning soʻzi, kangluning idroki doimo birday edi.

Ikrom Otamurod

 

 

Fiyosiddin Oʻnarov

tayyorladi.

 

 “Yoshlik”, 2018/1

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/dastxatini-yurakdan-bitgan-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x