ONAJON
Bolalik chogʻim oʻtgan kulbamga kirib borsam,
Sogʻinchlardan sargʻaygan gullarga nazar solsam,
Xayollarga erk berib, bir nafas oʻyga tolsam,
Koʻnglim uyi nogahon buziladi, onajon,
Sizni qoʻmsab yuragim eziladi, onajon!
Bizga jannat edi-ku – Siz yurgan chang koʻchalar,
Qani endi Siz yopgan tabarruk non, kulchalar,
Diydoringiz sogʻinib uyqu kelmas kechalar,
Koʻzyoshlarim marjondek tiziladi, onajon,
Sizni qoʻmsab yuragim eziladi, onajon!
E voh, nechun buncha ham tez oʻtdi oʻshal damlar,
Siz bilan bu hayotda bilinmas edi kamlar,
Sizsiz bugun qalbimni oʻrtab achchiq alamlar,
Peshonamga ajinlar chiziladi, onajon,
Sizni qoʻmsab yuragim eziladi, onajon!
Opam yuzida koʻrgum oy kabi yuzingizni,
Singlimda-chi, qora qosh, nur toʻla koʻzingizni,
Lek, izlab topolmasman, mushfiqim, oʻzingizni,
Xayollarim darbadar kezinadi, onajon,
Sizni qoʻmsab yuragim eziladi, onajon!
Keng hovlida toʻy boʻlar, men-chi oʻyga tolurman,
Bedor kezgan ruhingiz nogoh sezib qolurman,
Odamlardan pinhona yigʻlab-yigʻlab olurman,
Ich-ichimda nimadir uziladi, onajon,
Sizni qoʻmsab yuragim eziladi, onajon!
ONAM EKKAN RAYHONLAR
Hovlimizda har bahor,
Onam rayhon ekardi.
Tongda turib har sahar
Hovliga sev separdi.
Shunda goʻyo olamni
Rayhon hidi tutardi.
Dumoqlarni chogʻ qilib,
Dillarni shod etardi.
Evoh, endi onam yoʻq,
Oʻzim rayhon ekarman.
Volidamni sogʻinib,
Duv-duv koʻz yosh toʻkarman.
Onam ekkan rayhonlar
Jannatlar boʻyi kelar.
Qalbimdagi armondan
Ayriliq kuyi kelar.
Men uchun oʻz hovlimning
Bahorlari oʻzgacha.
Onam ekkan rayhonning
Iforlari oʻzgacha.
Bu olamda Sogʻinch koʻp,
Ayriliq koʻp, armon koʻp,
Ammo onam diydorin
Xumorlari oʻzgacha.
Dilimdagi qalamdan
Uchar anduh, armonlar
Gar men oʻtsam olamdan
Bolam ekar rayhonlar.
ONAM YODI
Toʻlin oy-la soʻzlashdim tunda,
Nigohlarim samoda qoldi.
Oy oqshomlar ertaklar aytgan –
Onajonim yodimga soldi.
Koʻkka qoʻlim choʻzdim-u boʻzlab,
Ikki qoʻlim havoda qoldi.
Oydan onam siymosin izlab,
Qalbim ohu nidoda qoldi.
Quloq tutmay ohlarimga oy –
Qaylargadir asta yoʻl oldi.
Evoh, mening holim boʻlib voy,
Koʻzyoshlarim aftoda qoldi.
Esga olib yoshlik sehrini
Koʻzlarimdan uyqu yoʻqoldi,
Dildan kuylab onam mehrini,
Sogʻinchlarim sadoda qoldi.
Toʻlin oy-la soʻzlashdim tunda…
Zikrilla NEʼMAT
https://saviya.uz/ijod/nazm/sizni-qomsab-yuragim-eziladi-onajon/