“Sizga sheʼr oʻqimayman tinglang, oyijon…”

Sizga sheʼr oʻqimayman tinglang, oyijon,

Avvalgidek birdan hapqirib, toshib.

Oʻzingni tutgin, deb imlang oyijon,

Oʻtirmay soʻzimdan tagʻin adashib.

Iliqlik ilinji tinchitmas meni,

Uyimga kirsam ham, chiqsam ham tishga

Entikib kutaman har gal bahorni,

Junjikib kiraman qahraton qishga.

Sabrli boʻlay deb olaman sabot,

Qorni yorib chiqqan mitti koʻkatdan.

Naqadar umidli ekan bu hayot,

Nechun qidiraman sizni xilqatdan.

Ishonib qolaman baʼzan ajabo,

Moʻjiza, sehrga, tushga, xayolga.

Kecha-chi oʻxshatdim sizni nogahon,

Uzoqdan koʻringan munis ayolga.

Uning oq sochlari chambarak edi,

Uning qadamlari oʻxsharkan sizga.

Xayolim chorladi meni u sari,

Xayolim toʻxtatib qaytardi izga.

Tiniqligingizni koʻrdim buloqdan,

Yurak harorati mehr koʻzingiz.

Mayliga gohida, mayli yiroqdan,

Koʻrinib turingiz shundogʻ, oʻzingiz.

Mayli tomchi boʻlib tushing osmondan,

Shoʻx kuyga aylanib xonam toʻldiring,

Sheʼrim bir nuqtadan jilmasa agar,

Yoniq ilhom boʻlib uni boʻldiring.

Jajji goʻdakkinam oyoqqa kirib,

Men tomon intilsa yozib qulochin.

Iliq tabassumga aylanib kiring,

Qoʻmsab ketganimda ona quvonchin.

Qahraton qishlarda iliq shabboda,

Issiq garmselni menga yeldiring,

Qorongʻu tunlarda oyning shuʼlasin,

Yulduzlar yogʻdusin terib keltiring.

Shunda sheʼr oʻqiyman sizga, oyijon.

Qalbimni eng iliq hisga botira.

Siz esa jimgina tinglang, oyijon,

Oʻtgan kunlarimdan yorugʻ xotira.

 

Kavsar TURDIYEVA

https://saviya.uz/ijod/nazm/sizga-sher-oqimayman-tinglang-oyijon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x