Sitsiliyada Buxoriy qishlog‘i


Post Views:
83

Tarix fanlari doktori, professor Robert Landa Sitsiliya oroliga qilgan sayohati chog‘ida bu yerdagi Bukkeri qishlog‘iga qo‘ndi va, tabiiyki, olimlarga xos qiziquvchanligi tufayli qishloqning tarixi bilan qiziqdi. Ma’lum bo‘lishicha, «Bukkeri» degani «buxoriy» so‘zining buzib aytilgan shakli bo‘lib, to‘qqizinchi-o‘ninchi asrlarda Buxorodan kelgan bir jamoa orolni maskan tutgan ekan. Buxoriylar olis Italiyadagi bu orolga qanday borib qolishgan? Tarixdan ma’lumki, milodiy sakkizinchi asrda musulmonlar Sitsiliyani fath etishdi va 1091 yilgacha bu yerda hukmronlik qilishdi. Fotihlar orasida arablar, barbarlar, zanji afriqoliklar va boshqa Islom mamlakatlarining vakillari bo‘lgan. Italiya sharqshunosi Mikele Amarning hisobiga ko‘ra, hozir orolda bir vaqtlar musulmonlar barpo etgan yoki egallagan shahar va mavzelarning arabcha 328 nomi hamon saqlanib qolgan.

Musulmonlarning kemalari Sitsiliyadagi istehkomlari yordamida Italiya, Fransiya, Ispaniya sohillariga Islom da’vati bilan yetib bordi. Ayni paytda orolda musulmonlar hukmronligi o‘rnatilganidan keyin qishloq xo‘jaligi gullab-yashnadi, sun’iy sug‘orish keng qo‘llanila boshladi. O‘sha paytda butun Ovrupaga notanish bo‘lgan pilla, paxta, shakarqamish, sholi, po‘rtahol, limon, xurmo yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda navshatir olishdi, yirik temir koni ochildi. Musulmon Sitsiliyasi qo‘shni o‘lkalarni oziq-ovqat, gazlama, qurilish yog‘och-taxtasi bilan ta’minlay boshladi. Orolning arab tojirlari Neapol, Salerno, Amalfo va Italiya janubidagi boshqa savdo shaharlarida muqim joylashib olishdi. Shoir va sayyohlar Sitsiliya bog‘lari, daryolari, favvoralarini, bu yerda o‘tkaziladigan musulmon bayramlarining jozibasini basma-basiga kuylashardi.

1061—1091 yillarda orolning tinchi buzildi. Italiya janubida o‘rnasha boshlagan normanlarga qarshi qattiq kurash olib borishga to‘g‘ri keldi. Normanlar oxiri orolni bosib olishdi. Biroq Sitsiliyadagi arab-Islom madaniyatining kuchi va uning bosqinchilarga ta’siri shunchalik katta ediki, hokimiyat almashuvi ham hech narsani o‘zgartira olmadi. Shaharlik musulmonlarning anchagina qismi orolni tark etib, Misr va Mag‘rib o‘lkalariga ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, normanlar davlatida arab tili va madaniyati gullab-yashnayverdi. Musulmonlar hamon muhim vazifalarni egallab turishardi. Arab hunarmandlari va tojirlari o‘z imtiyozlarini, shu jumladan, Islom diniga e’tiqod qilish erkinligini saqlab qolishdi. Ular yashayotgan mahallalarda masjidlar hamon ko‘kka bo‘y cho‘zib turardi. Normanlar o‘z armiyalarida musulmon jangchilar va arab muhandislaridan foydalanishardi.

Normanlar hukmronligi davrida (1091-1194) Sitsiliyada musulmon kiyimlari, arab tilidagi yozishmalar, musulmon taqvimi sanalari va Qur’on oyatlari zarb qilingan tangalar keng tarqalgan edi. Saroyda arab mudarrislari va so‘z ustalari xizmat qilishardi.

O‘n ikkinchi asrda qirol Rojer Ikkinchi saroyida ulug‘ arab olimi Abu Abdulloh al-Idrisiy istiqomat tutgan edi. Mag‘ribda tug‘ilgan, xulafoi roshiddining to‘rtinchisi hazrati Ali (roziyallohu anhu)dan tarqagan idrisiylar vakili bo‘lmish bu olimni keyinchalik Islom dunyosida “Ash-sharif as-saqoliy” (sharafli Sitsiliyalik) deb ataydigan bo‘lishdi. Uning qalamiga mansub “Hayratga tushgan sayyohning turli o‘lkalardagi mashg‘ulotlari” nomli kitob o‘sha paytdagi jug‘rofiy asarlarning eng mo‘’tabar va ishonchlisi bo‘lib, uzoq asrlar mobaynida musulmon va nasroniy olimlar orasida ilmiy qimmatini yo‘qotmay turdi.

Sitsiliyadagi arab-Islom madaniyati o‘n ikkinchi-o‘n uchinchi asrlarda, ayniqsa, bir paytning o‘zida Olmoniya imperatori va Quddusi sharif qiroli bo‘lgan Fridrix Ikkinchi davrida gullab-yashnadi. Uning saroyida arab she’riyati, musiqasi, urf-odatlari hukmron edi. Qirol bir qancha musulmon olimlari va faylasuflariga homiylik qildi, o‘zi chin muxlisi bo‘lgan Ibn Sino va Ibn Rushd asarlarini arabchadan lotin tiliga o‘girishga farmon berdi.

O‘n beshinchi asrga kelib Sitsiliyada arab tili yo‘qolib ketsa-da, arab-Islom hazorasining oroldagi ta’siri uzoq vaqt muhrlanib qoldi. Uning izlari aholi maskanlari nomlarida, til lahjalarida, ayrim urf-odatlarda, orolning hozirgi fuqarolari tarixiy xotirasida saqlanib qolgan. Oroldagi Buxoriy qishlog‘i ana shu olis tarixning bir shu’lasidir.

Ahmad TURSUN

https://shosh.uz/uz/sitsiliyada-buxoriy-qishlog-i/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x