Sirojiddin Rauf 1967 yil 26 iyunda Qarshi shahrida tugʻildi. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida (1992), Toshkent davlat yuridik institutida (2002) tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini 1984 yili “Qashqadaryo” viloyat gazetasida musahhihlikdan boshlagan ijodkor keyinchalik “Turkiston”, “Inson va qonun”, “Birja” gazetalarida, “Tafakkur”, “Hayot va qonun” jurnallarida boʻlim muharriri, bosh muharrir oʻrinbosari va bosh muharrir,
“Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasining bosh muharriri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul kotibi vazifalarida xizmat qildi. Hozirda “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari vaqtincha bosh muharriri lavozimida ishlaydi.
Sirojiddin Raufning “Yigʻlayotgan oy” (1994), “Koʻk gumbaz” (2001), “Siz menga keraksiz”, shuningdek, bolalarga bagʻishlangan “Gʻalati musobaqa” (2015) kabi kitoblari nashr etilgan.
Sirojiddin Rauf lirik shoir. Ishq-muhabbat, tabiat mavzularida qalam surarkan, Vatan mavzuidagi jiddiylik latif, oʻynoqi ohanglar bilan almashinadi, ijodiy izlanishlari tasvir koʻlami jihatidan davr manzaralarini esga tushiradi. Xususan, ifoda madaniyati ohorligi bilan eʼtiborli. Shoirning turkum sheʼrlari “XX asr oʻzbek sheʼriyati antologiyasi”dan joy olganligi ham bejiz emas.
Birgina anʼanaviy mavzudagi “Vatan” sheʼrini eslash kifoya:
Oʻtmishning turfa rang qabatlariga
Oʻylarim bosh urib, qaqshaydi yodim:
Yer sharin mana shu sarhadlariga
Ilk bor tugʻ qadagan qaysi ajdodim?
Shoir hammaga tanish iboralar vositasida muqaddas tushunchaning moziydagi ildizlariga nigoh qaratadi, vatanparvarlik mavzusi ufqlarini kengaytiradi.
Uning bir qator taʼsirchan, muayyan masalalar yechimiga bagʻishlangan publitsistik va ilmiy maqolalari el nazariga tushdi.
Shoir tarjimon sifatida taniqli rus shoirlaridan Ivan Bunin va Yevgeniy Yevtushenko sheʼrlaridan namunalarni oʻzbek tiliga oʻgirdi.
Sirojiddin Rauf 2002 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/sirojiddin-rauf-1967/