Shukur Xolmirzayev (1940–2005)

Shukur Xolmirzayev 1940 yil Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tavallud topdi. Toshkent davlat universitetida tahsil oldi. Shukur Xolmirzayevning “Oq otli” deb nomlangan ilk qissasi togʻ bolalari hayotidan hikoya qiladi. Talabalik yillarida yozilgan “Toʻlqinlar” (1963), “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?” (1965) qissalari oʻz avlodi ‒ tengqurlari hayotiga bagʻishlangan.

Shundan keyin adibning “Olis yulduzlar ostida”, “Hayot abadiy”, “Ogʻir tosh koʻchsa…”, “Bodom qishda gulladi” (1968), “Soʻnmas olov” (1985), “Togʻlarga qor tushdi” (1987) kabi hikoyalar toʻplamlari, “Soʻnggi bekat”, “Qil koʻprik”, “Yoʻlovchi”, “Olaboʻji” romanlari chop etildi. Shukur Xolmirzayev oʻzbek hikoyachiligini ustoz Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga koʻtargan yozuvchilardan biridir. Uning hikoya, qissa va romanlari tesha tegmagan voqealarga bagʻishlanganligi, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.

Sanʼatkor dramaturgiyaga ham qoʻl urib, “Qora kamar” pyesasini yozgan, unda oʻtgan asrning 20-yillari boshlaridagi milliy ozodlik harakati, mustaqillikka erishish yoʻlida olib borilgan ziddiyatli kurashlar aks ettiriladi.

Sh. Xolmirzayevning soʻnggi romani “Dinozavr”dir. Muallifning aytishicha: “Kuchlilar yengadi, kuchsizlar yengiladi, deyilgan nazariya notoʻgʻri! Agar kuchlilar yengish qobiliyatiga ega boʻlganlarida, avvalo, dinozavr yenggan boʻlardi. Yoʻq, u oʻladi. Sabab? U shakllanib boʻlgan. Shundoq-da: koʻp mardlar maydonga kiradilar. Ular oʻlimlarini bilishadi. Ammo ular uchun orqaga yoʻl yoʻq. Qoʻrqoqlar-chi? Oʻshandayoq kavaklariga kirib olishganlar…”

Bunday qarash qanchalik munozarali boʻlmasin, muallifning bugungi kunni ‒ yangi davrni qabul qilishdagi ziyolilar fojiasi va iztiroblarini aks ettirishda oʻziga xos bir yoʻl tutgani sezilib turadi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/shukur-xolmirzayev-1940-2005/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x