“Shpana”

“Ozod domlaning beozor hazillari” turkumidan

 

Dorilfununni yangi bitirgan kezlarim edi. “Odamlar nima derkin” degan qissam kitob boʻlib chiqqan… Ozod Sharafiddinov, Subutoy Dolimov, Umarali Normatov, namanganlik qadrdonimiz Nuriddin Boboxoʻjayev va yana bir-ikki mezbonlar Sarichelakka bordik. Togʻ ustidagi koʻl boʻyida yotib dam oldik. Kun boʻyi choʻmilamiz, osh-ovqatni oʻzimiz qilamiz. Butun olamdan ajralib, bir hafta radio eshitmaslikka, soqol olmaslikka, xullas “yovvoyi” boʻlib yurishga qaror qilganmiz… Oʻn kunlardan keyin yuk mashinasida togʻdan qaytib tushdik. Soch-soqollar oʻsgan, kiyimlar aftodahol.

Yangiqoʻrgʻon markazida toʻxtab tamaddi qiladigan boʻldik. Yoʻl-yoʻlakay allaqanday sanoat magaziniga kirdik. Chiroyli qiz peshtaxta ortida kitob oʻqib oʻtirgan ekan. Ozod aka odatdagi “qitmirlik” bilan soʻradi:

– Singlim, nima kitob oʻqiyapsiz?

Qiz gʻashi kelibroq boshini koʻtardi. Indamay kitobning muqovasini koʻrsatdi. Bu – mening kitobim edi. Yosh yozuvchi bunaqa paytda qanday ahvolga tushishini bilasiz. Xursandman. Nuqul iljayaman.

– Bunaqa bemaʼni kitoblarni oʻqimang, – dedi Ozod aka “shumlik” qilib.

Qizning jahli chiqib ketdi.

– Oʻzingiz bemaʼni! Kitobni tushunmasangiz, gapirib nima qilasiz! – dedi jerkib.

Bizning ogʻiz – quloqda.

Ozod aka menga qarab kuldi.

– Koʻrdingmi, muxlislaring koʻpayib qopti. – Keyin qizga tushuntirdi. – Qoʻlingizdagi kitobni mana shu bola yozgan. Bering, dastxat yozib beradi.

Qiz menga boshdan-oyoq qarab chiqdi-da, jahl bilan bijilladi:

– E, yoʻqol, shpana!

Dovdirab qoldim. Qiyqiriq, kulgi… Ayniqsa, keksa Subutoy domla tizzasiga urib-urib kuladi.

Yoʻq, Ozod aka amallab qizni ishontirdi. Qoʻlidan kitobni olib, “Hurmatli falonchixonga…” deb endi dastxat yoza boshlaganimda ichkaridan bashang kiyingan, tilla tishli kishi chiqdi (magazin mudiri boʻlsa kerak).

– Xoʻsh, nima shovqin? – dedi qovogʻini solib.

Ozod aka nima gapligini tushuntirdi. Mudir hammamizga birma-bir qarab chiqdi-da, mendan soʻradi:

– Hujjating bormi?

– Obke pasportingni! – dedi Ozod aka jahli chiqqan boʻlib.

Mashina kabinasida qolgan pasportimni olib kelishga majbur boʻldim. Mudir oldin pasportga, keyin menga, undan keyin kitob muqovasiga qaradi. Uzoq oʻylanib qoldi.

– Familiyasi oʻxshaydi, – dedi salmoqlab, – surati ham oʻxshaydi, ammo koʻrinishi yozuvchiga oʻxshamaydi.

– Ana! – Subutoy domla tantana bilan koʻrsatkich barmogʻini osmonga bigiz qildi. – Ana! Odam tanishni bilarkansan-ku, oʻgʻlim. Yozgan dastxatini koʻrgin! Yozuvchiyam shunaqa xunuk yozadimi? Aftini qara, aftini!.. Toshkanning xuligani-ku bu! Ha, qizim-a, sodda qizim-a! Shuning gapiga ishondingmi?!

Sotuvchi qiz jahl bilan men dastxat yozgan varaqni yirtdi-da, gʻijimlab yerga uloqtirdi…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/shpana/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x