“Shovqin”ning shov-shuvlari…

Erkin Aʼzam adabiyot maydoniga 70-yillarda kirib keldi. Usmon Azim, Muhammad Rahmon, Nodir Normatov singari tengdoshlari qatorida oʻz ovozi, oʻz uslubiga ega nosir boʻlib yetishdi. Yozuvchining 44 yillik ijodiy tajribasi bor. Bu orada Erkin Aʼzam adabiy shaxsiyati shakllanib, prozaning qissa, hikoya, kinoqissa, drama, badiiy-publitsistika janrlarida barakali ijod etdi. Adib oʻnlab nasriy kitoblar muallifidir. Inson qalbini chuqur tadqiq etishni maqsad etgan Erkin Aʼzam katta ijodiy tajribalar toʻplab, yaqinda yangi roman yaratishga muvaffaq boʻldi:”Shovqin”,

Adibning bu romani bir qarashda murakkab, ammo jiddiy siyosiy-ijtimoiy ramzlarga ishora beruvchi, kuchli adabiy parodiyaga toʻliq asar sanaladi. Roman qahramonlari kino olamining odamlari, yaʼni, kinoyulduzlar, kinodramaturglar, kinorejissyorlar, kinotanqidchilar, kinoijodkorlarning xulqi, feʼli, betartib, yengil-yelpi hayoti haqida yozilgandek taassurot qoldiradi. Asarda Farhod Ramazonning quloqdosh yozuvchi doʻstining sharhi asarning oʻzak mohiyatini topishimizda kalit boʻlib xizmat etadi. Unda shunday deyiladi: “Mavzuma-mavzu sakrab, hamkorlikda ssenariy yozadigan boʻldik. Dard bor-u, darmon yoʻq deganlaridek, hali mazmuni, mohiyati notayin asarga nom tanlab, sarxushlikda bir soatcha talashibmiz. “Shum v ushax i vovne” (“Botiniy va zohiriy shovqin” – zoʻr!) deydi Farhod oʻrischa jarangiga mahliyo boʻlib. Men Folknerning “Shum i yarost” romanini roʻkach qilib eʼtiroz bildiraman. “Nu i chto, boʻlaversin!”

Nihoyat, oʻrischasi Farhod taklif etgandek, oʻzbekcha nomi esa dangaliga “Shovqin” deb atalishiga kelishib oldik.

Boshida shovqin-suronimiz ana shunday dunyoni buzgulik edi-yu, ammo hamkorligimiz roʻyobga chiqmay qolib ketdi. Bunga kaminaning qulogʻida va tevaragida kuchaygan (botiniy va zohiriy) shovqin sabab boʻldi-yov”.

Demak, qahramon ochiq-oshkor eʼtirof etganidek, bu asar nafaqat ikki quloqdosh doʻstning jismi, quloq aʼzosidagi shovqin, balki jamiyatdagi olatasir, shovqin-suronli, qaltis bir davr, zamon haqida hikoya qiladi. Shovqin – ramziy obrazini, umuman tiriklik, jamiyatdagi siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlar, inson botinida kechayotgan yangilanishlar, dunyoqarashdagi silkinishlarga ishora deya izohlasak mohiyat anchayin oydinlashadi. Yanada aniqrogʻi, adib romanda ilgari surgan badiiy-falsafalardan biri inson yashar ekan, tiriklik ramzi sanalgan shovqinlar, tovushlar orasidan oʻziga uygʻun ohangni tanlay bilishi kerak. Bu ohang aslida insonning hayot mazmuni, eʼtiqodi, aʼmolini tashkil etadi. Romanda tilga olingan asosiy voqealar zamon va makon jihatdan sobiq SSSRning parchalanib ketishi arafasidagi bir tizimdan ikkinchi yangi davrga oʻtish arafasini qamrab olgan. Asarda sanʼat, adabiyot, tarix, hatto folklor ijoddagi, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi mashhur shaxslar nomi tez-tez tilga olinadi. Jumladan, V. I. Lenin, M. Gorbachev, Yelsin, Alla Pugachyova, Ivan Grozniy, Allen Delon, Diana, Platon, Suqrot, Fidel Kastro, Xoʻja Nasriddin, Shayx Sanʼon kabi. Adib atay yuqorida nomlari tilga olingan mashhur real va adabiy qahramonlarga taqlidan roman qahramonlari ismini adabiy parodiya sifatida yaratadi. Ularning baʼzilari tashqi jihatdan, baʼzilari esa zamondosh yoki tengdoshlari tomonidan, baʼzisi ota-onasining zamona zayli bilan atagan ismlari sanaladi. Xususan, asarning yetakchi qahramonlaridan biri kinodramaturg Farhodning asl ismi – Fidel. Bu ismni unga otasi qoʻygan. Sabab – oʻz davrining mashhur qahramoni milliy ozodlik harakatining boshchisi Fidel Kastroning faoliyati, otashin inqilobiy nutqlari otani toʻlqinlantirgan. Shu bois u oʻgʻliga mashhur siyosiy arbobning ismini beradi. Ammo qahramon yillar davomida oʻz ismidan uyalib yuradi. Romanda adib ayovsiz ravishda zamonaparastlik, soxta qahramonlik, baynalminallik, millati nomaʼlum duragaylik, milliy genning buzilishi, maʼnaviy buzuqlik, qarsakbozlik, balandparvozlik kabi ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy illatlarni shafqatsiz realist boʻlib tasvirlaydi va ularni tanqid ostiga oladi. Adib tasviridagi millati nomaʼlum, qonida polyak, rus, oʻzbek, gruzin, eroniy va yana allaqancha millatning qoni aralash boʻlganligi sababli duragay odam oʻzining kimligini ham bilmaydi, deydi. Darhaqiqat, inson millati tayinsiz ekan, u qanday qilib milliy qadriyatlarni, milliy tuygʻuni, milliy anʼanalarni his etsin yoki unga amal qilsin. Yozuvchi Lenin asos solgan kommunistik hayotda millat, din, til ham birlashib, yoʻq boʻlib ketadigan zamonga talpingan duragay kishilarning ham genetik, ham maʼnaviy-ruhiy jihatdan ulkan fojialarga giriftor boʻlganligini romandagi koʻplab qahramonlar taqdiri orqali koʻrsatib beradi.

Romanda ramziylik, majoziylik, mistifikatsiya, ong oqimi tasviri, xotira-xayol elementlari, maktub, kinoyaviy modus, yengil yumor, badiiy psixologizmning turli xil vosita va usullari mujassamlashgan. Asar oʻzbek romanchiligida sinalmagan, aytilmagan yangi uslubda yaratilgan. Mafkuraviy kurashlar maydonida ikkiga ajralgan “Etiklilar” va “Koʻzoynaklilar” romanda ramziy ijtimoiy-siyosiy guruhlarga ishora etib turibdi. Erkin Aʼzam bu guruhbozlar nomini oddiygina soʻzlar bilan atab qoʻya qolgan. Uning magʻzini chaqish, kosa tagidagi nimkosani topish esa kitobxon zimmasiga yuklatiladi. Etiklilar asarda shunday taʼriflanadi: “Etiklilar kolxoz turmushidan olingan, gʻira-shira oqshom tasvirlariyu quvnoq “chastushka”larga boy, ichakdek choʻzma-saqich kinoromanlari bilan shuhrat qozongan edi. Koʻzoynaklilar esa – dafʼatan tushunilishi qiyin, diqqinafas holatlaru mavhumotga toʻla jumboqnamo asarlar yaratib, olislarga talpingani talpingan”. Ramziy maʼnodagi etiklilar va koʻzoynaklilar nafaqat siyosiy maydonda, umuman sanʼat va adabiyotdagi ikki guruhni anglatadi. Binobarin, etiklilar – sobiq shoʻro davridagi ishchi-dehqonlar sinfining tarafdorlari, sanʼat va adabiyotda anʼanaviychilar, koʻzoynaklilar esa maʼlum maʼnoda yangicha dunyoqarashga ega intellegensiya, sanʼat va adabiyotda xos adabiyot, xos sanʼat yaratishni bayroq qilgan, yangilik tarafdorlari, noanʼanaviychilardir.

“Shovqin”da sobiq shoʻro mafkurasi bilan qurollangan keksa avlod bilan bu tuzumning chiriganligini tushunib yetgan yosh avlod qarama-qarshi qoʻyiladi. Binobarin, bu baynalminalchibobo Sobirjon Mansurovich bilan Farhod Ramazon obrazi misolida kuzatiladi. Cholning fojiasi shundaki, u mustaqil fikrlashdan mahrum, yod olingan soxta nazariyalar, mafkuralar qurboniga aylangan, toʻtiqushga aylangan muteʼ bir odam. Farhod keksa avlod vakillaridan farqli oʻlaroq, ularning kamchilik va nuqsonlarini mustaqil fikrli inson oʻlaroq tahlil eta biladi, ulardan ijirgʻanadi. Romanda duragay obrazlar Vika (kinoaktrisa), onasi Gulya Lagutina (kinoshunos), Elmira Kamolova (kinoshunos, kinokelin – Ustozning kelini), Salmonova Tarona Samed qizi (beva xotin), Gugushidze (gruzin, fors, eroniy qoni aralash) va shuningdek, keksa kommunist Sobirjon Mansurovich, Ravshan Akobirov, Farhod Ramazonlarning betartib, darveshona hayoti hikoya etilar ekan, yozuvchi maishiy, maʼnaviy-axloqiy buzuqliklar va milliy gen, milliy mentalitetning aynishini koʻzgu misoli aniq-tiniq va shaffof holda koʻrsatib beradi. Asarda yana bir eʼtiborli jihat koʻplab qahramonlarning ismi mashhur sanʼatkorlar, tarixiy shaxslar, taniqli siyosiy arboblarning nomlari bilan atalishidir. Binobarin, “Gorbachyov” – Mosvada ilmiy faoliyat olib borayotgan asli oʻzbek xodim (uning tashqi koʻrinishi Mixail Gorbachyovni eslatadi), Platon Sokratovich (demokrat, siyosatchi – faylasuf Platon nomiga adabiy parodiya), Adham Delon (mashhur aktyor Allen Delon nomiga adabiy parodiya) sifatida yaratilgan. Shuningdek, asarda Mirzo Ramazon, Sobirjon Mansurovich – zamonaparastlar obrazi. Tabiiy, har birimiz oʻz zamonamiz farzandimiz. Har bir davrning oʻz mafkurasi, oʻz qahramonlari, oʻz ideallari bor. Zamondan oʻzib ketish oson emas, bu juda mushkul. Ammo mavjud tuzum nogʻorasiga koʻr-koʻrona ergashish, fikrsizlik, milliy oʻzlikni unutish romanda eng katta fojia sifatida talqin etilgan.

Asar qahramonlari asli zaranglik Ravshan Akobirov va Farhod Ramazonlar kino sohasida dunyoga chiqishadi. Roman muqaddimasidagi maktubda eʼtirof etilganidek, Farhod Ramazon ssenariysi “Hollivud” kinokompaniyasini qiziqtirib qoladi. Shu haqdagi xushxabar, undagi dunyo bilan boʻylashayotgan oʻzbek va oʻzbeklarning bugungi hayotini namoyish etib turibdi.

Yozuvchi “kino” soʻzi vositasida bir oʻzakdan yangi maʼnoli qoʻshma soʻzlarni paydo qiladi. Bexos oʻzbek tilida “kino” oʻzakli shunchalik koʻp soʻz yasalganligiga va bunda soʻz ustasi yozuvchi Erkin Aʼzamning xizmatlari tahsinga sazovor boʻlajagini his etamiz. Jumladan, romanda “kino” oʻzakli 40 ga yaqin soʻz istifoda etilgan. Bular: kinobobo, kinoxonim, kinomomo, kinodargʻa, kinoarbob, kinosafar, kinohujjatchi, kinojonon, kinousul, kinoqiliq, kinoqichiq, kinoafsona, kinokatta, kinoboy, kinoqul, kinoulfat, kinogʻurbat, kinoshoʻrlik, kinokelin.

Romanda maqolada tilga olingan va tilga olinmagan 40 dan ziyod qahramonlar ishtirok etadi, asar badiiy kompozitsion jihatdan pishiq tuzilgan. Eʼtirozli jihati – asarda sharq kitobxonlarining koʻzi koʻnikkan ideal yetakchi qahramonni topa olmaysiz. Albatta, tanqidchining yozuvchiga “Sen asarni falon mavzuda yoz, falonday ideal obraz yaratishing shart” – deya buyruq berishga haqqi yoʻq. Qolaversa, badiiy adabiyotda xunuklik kategoriyasi orqasida goʻzallik kategoriyasi ham mavjudligini esdan chiqarmasligimiz kerak.

Shu maʼnoda Erkin Aʼzamning “Shovqin” romani hozirgi oʻzbek romanchiligida yangicha tasvir uslubi bilan shov-shuvlarga sababchi boʻladi. Asar ommaviy ravishda qabul etilishi biroz mushkul. Intellektual jihatdan yuqori saviyali kitobxonlar uchun tushunarli, kuchli ijtimoiy-siyosiy ramzlarga burkangan yangicha asar sifatida eʼtibor qozonishiga shubhamiz yoʻq. Albatta, Erkin Aʼzamda “Shovqin” romaniga asos boʻlgan voqealar, tilsimli ramzlar yillar davomida shakllanib, dunyoga kelgan. 1972 yilda jurnalistika fakultetini tugallagan Erkin Aʼzamning respublika radiosida diktor, adabiy eshittirishlar tahririyatida muharrir, soʻngra “Guliston”, “Yoshlik” jurnallari nasr boʻlimida, 1992 yildan Oʻzbekiston axborot mahkamasida masʼul xodim, 1994 yildan “Tafakkur” jurnalida bosh muharrir lavozimida faoliyat koʻrsatib kelishi, kinoqissalar yaratishi mazkur romanning yaratilishiga zamin va asos boʻlib xizmat etganligiga shubha yoʻq. Qolaversa, oʻzbek va jahon romanchiligida sinalgan tajribalar, xususan, gʻarb romannavislari U. Folkner, E. Xeminguey kabi XX asr amerika adabiyotining yetuk vakillari ijodi ham turtki berganligiga ishonamiz. Hayotda har bir inson oʻziga tegishli, oʻziga uygʻun, oʻziga mos ohang, tovush topa bilishi – bular ramziy maʼnoda mazmun, maqsad bilan yashashi lozim, degan badiiy falsafa romanning qavat-qavatlarini nurlantirib turganligi bizni qoniqtirdi.

 

Marhabo QOʻChQOROVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/shovqin-ning-shov-shuvlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x