Shosh.uz veb-saytining Islom rukni kanali o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi


Post Views:
112

Aziz o‘quvchi, inson uchun dunyodagi eng qimmatli narsa aqiyda, iymon e’tiqod ekanini ta’kidlab o‘tishning hojati yo‘q. Bu ulkan haqiqatligini juda yaxshi bilamiz. Chunki insonning ikki dunyodagi saodati aynan uning aqiydasiga bog‘liqdir. Agar aqiyda to‘g‘ri bo‘lsa yo‘li to‘g‘ri bo‘ladi, qilgan amallari qabul bo‘ladi va bandalik bilan sodir etgan ba’zi gunohlari afv etiladi.

Aqiyda masalasi o‘ta muhim bo‘lgani uchun ham bu ilm kechagina paydo bo‘lmagan balki Odam Atodan boshlab, oxirgi Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha Alloh taoloning O‘zi ko‘rsatib bergan, barcha davrlarda aqiyda masalasi bir xil bo‘lib kelgan.

Alloh taolo bandalarga sof aqiyda yo‘lini O‘z payg‘ambari orqali bayon qilib bergan bo‘lsa, payg‘ambar vafot etgach, vaqt o‘tishi bilan odamlar asta sekin sof aqiydani buzishgan, tuni turli bid’at xurofotlar bilan aralashtirib yuborishgan. Vaqti soati kelganda esa Alloh taolo yana yangi payg‘ambar yuborib, kishilar aqiydasini qaytadan sof holga keltirgan, ularni to‘g‘ri yo‘lga solgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam oxirgi Payg‘ambar etib yuborilishlaridan oldin ham jahonda buzuq aqiyda hukm surar edi. Kishilar Alloh taolo haqida, Uning sherigi bor, xotini bor, bolasi bor kabi shunga o‘xshash u Zotga umuman to‘g‘ri kelmaydigan sifatlarga ishonib amal qilib borishar edi. Shuningdek, payg‘ambar, ilohiy kitob, qiyomat kuni, qayta tirilish, jazo yoki mukofot olish, farishtalar xususidagi masalalarda ham o‘ta buzuq aqiydada edilar.

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni O‘zining oxirgi Payg‘ambari etib tanlab, u zotga O‘zining oxirgi kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni nozil qilishni boshlagan ondan boshlab insoniyat aqiydasini poklashga alohida ahamiyat berdi. Deyarli o‘n uch yil davomida kishilar “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rosululloh” aqiydasiga va ushbu aqiydaga ega bo‘lgan insonning sifatiga ega bo‘lishga chaqirildi.

Keyinchalik aqida bobida ko‘zga ko‘ringan ulamolar yetishib chiqdilar, mazhablar paydo bo‘ldi, kitoblar bitildi.

Ana o‘sha mazhablar ichida asl islomiy aqiydani mahkam tutganlarga “Ahli sunna val jamoa” degan nom berildi. Chunki bu mazhabni tutganlar o‘z mazhablarini Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida olib borgan bo‘lib, musulmon ommasining asosiy jamoasini tashkil etar edilar. Alloh taoloning inoyati bilan Ahli sunna val jamoa mazhabi to‘g‘ri yo‘lni mahkam tutib keldi. Boshqa turli firqalar esa vaqt o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib bordi. Ba’zi vaqtlarda turli sabablarga ko‘ra yangi har xil firqalar paydo bo‘lib, yana yo‘qolib ketmoqda.

Aziz yurtimiz Movarounnahrda sof Islomiy aqiydasi hukm surgan paytda xalqimiz dunyo xalqlarining peshqadami bo‘lgan. Hayotning turli sohalarida ajoyib taraqqiyotga erishgan. Boshqa turli ilmlar qatori, aqiyda ilmida ham butun dunyoga dong taratgan ulug‘ ulamolarni yetishtirib chiqargan.

O‘sha buyuk vatandoshlarimizdan birlari Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlariga Islom ummati haqli ravishda Ahli sunna val jamoa aqiydasini tuzatuvchi degan laqab bergan. Ahli sunna val jamoa mazhabidagi bosh yo‘nalishlardan biri ukishining nomlari bilan “Moturidiya” deb ataladi.

“Ahli sunna val jamoa” aqiydasini tuzatuvchi Imom Moturidiyning kelajak avlodlari Islom aqiydasi nima ekanini unutib qo‘ydilar. Natijada ko‘pchilik bu sohada savodsiz bo‘lib qoldi. O‘zicha ustoz ko‘rmay harakat qilgan shogirdlar ichidan esa qo‘liga tushgan turli kitoblarni o‘qish oqibatida to‘g‘ri yo‘ldan ozishlar vujudga keldi. Turli mavzularda talashib tortishuvlar paydo bo‘ldi. Yurtimiz odamlari ichida Islom nomidan gapiradigan turli botil mazhablarga, hatto nasroniylik, buddizm, krishnanizm kabi boshqa dinlarga ergashadiganlar ham chiqdi. Bu esa yurtimiz musulmonlari uchun katta musibat edi.

Buning islohi yo‘lida har bir ilm ahli oldida ulkan mas’uliyat turadi. Mana shu mas’uliyatning bir chetini yelkaga olish hissi bizning ham burchimiz ekanligini qalbimizga yaratgan Robbim solib qo‘yishining o‘zi ham biz uchun ulkan sharaf. Bu yo‘lda xormay tolmay xizmat qilishimizda Robbimning madadiga, siz azizlarning esa duolaringizga muxtojmiz.

Shu kunga qadar sizlar bilan aqiydada iymonga taalluqli masalalarning iymon shartlari bobidagi yetti shartdan beshtasi haqida fikrlashdik. Davomini ham baxoli qudrat yetkazib boramiz. Kanalimizda imkon qadar ilmiy ma’lumotlarni berib borish va ortiqcha rasm yoki video roliklari kabi chalg‘ituvchi shov shuvlardan uzoqlashgan holda olib boriladi. Faqatgina rasmiy O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yuborilgan tezislar asosida olib borilgan juma maruzalari bundan mustasno.

Maqsadimiz: Alloh qodir qilgunicha islom arkonlariga taalluqli masalalarning barchasini “Ahli sunna val jamoa” mazhabi asosida pok aqiyda bilan Islom diniga amal qilishimiz uchun bor ilmimiz va imkoniyatimizni ishga solib, oz bo‘lsada bu yo‘lda bilganlarimizni siz azizlar bilan birga baham ko‘rish. Yaratgan Robbimiz sizu bizlarni O‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin. Vassalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh.

Madaliyev Ilhomjon Umarjon o‘g‘li,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani “Mo‘yi Muborak” “Ukkosha” jome’ masjidi imom xatibi

Telegram tarmog‘ida @shoshuz kanaliga ulanish uchun quyidagi ushbu havola orqali kirib “JOIN” tugmasini bosing

https://shosh.uz/uz/shosh-uz-veb-saytining-islom-rukni-kanali-o-z-oldiga-qo-ygan-maqsadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x